Shunga qaramay ishdan bo’shab ketishga majbur bo’lgani yo’q, chunki Savdogar, vaysaqiligiga qaramay, halol va va’dasida turadigan kishi edi: Santyago har bir sotilgan idishdan shirinkoma olar va hatto ozgina pul ham jamg’argandi. Bir kuni ertalab u topgan-tutganini sanab chamaladi, agar hozirgiday ishlab tursa, bir yildan keyingina to’rt-beshta qo’y sotib olishga qurbi yetar ekan.
— Peshtaxtani tashqariga chiqarib, idishlarni shunga terib qo’ysak yaxshi bo’ladi, — dedi u xo’jayinga. — Uni do’konning eshigi oldiga qo’yardik, o’tgan-ketganning ko’zi tushadi.
— Shu paytgacha idishlarni ko’chaga olib chiqqanimiz yo’q, — javob qildi Savdogar. — Birortasi turtib yuborib billurni sindirishi mumkin.
— Qo’y boqib yurganimda ulardan birortasini ilon chaqib nobud qilishi mumkin edi. Biroq, nachora, qo’ylarning, cho’ponlarning ham hayoti shunaqa.
Bu payt Savdogar uchta qadah sotib olayotgan xaridorga xizmat ko’rsatayotgan edi. Xullas, savdo jonlangan, go’yo bir paytlari bo’lgani kabi, do’kon joylashgan bu tor ko’cha tag’in butun shahardan odamlarni o’ziga ohanraboday torta boshlagandi.
— Ishlar yomonmas, — dedi u xaridor chiqib ketgach. — Hozir men yaxshi daromad qilayapman, nasib etsa senga yaqin-orada bir otar qo’y sotib olishingga yetadigan pul beraman. Xo’sh, senga nima yetmaydi o’zi? Boriga qanoat qilmay, besh qo’lni og’izga tiqishga hojat bormi?
— Bor, belgilarga qarab qadam tashlash kerak, — beixtiyor og’zidan chiqib ketdi bo’zbolaning va shu lahzadayoq u aytgan gapiga afsuslandi: axir, bu savdogar sehrli qariyani uchratmagan-ku.
“Buni Xayrli Ibtido deydilar, — qariyaning gapi uning yodiga tushdi. — Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo’ladi. Zero, hayot insonning o’z Taqdiri yo’lidan borishiga xayrixohdir”.
Shu orada xo’jayin Santyago aytgan gapni fahmlab oldi. Ayonki, uning bu do’konga qo’ygan qadami xayru barakadan belgi berdi — pul oqib kela boshladi va Savdogar bu ispan bolani yollaganiga hech ham pushaymon bo’lmadi. Garchi qilayotgan mehnatiga kutganidan ko’ra ko’p daromad olayotgan esa-da, Savdogar ishlari bu qadar yurishib ketishini o’ylamay turib bo’zbolaga binoyiday haq to’lashni taklif qilgandi. Bola yaqin-orada qo’ylariga ketib qoladiganday tuyuldi unga.
— Ehromlar senga nima uchun zarur bo’lib qoldi? — so’radi u mavzuni o’zgartirish maqsadida.
— Menga ular haqida juda ko’p gapirib berishgan, — javob qildi Santyago.
Xazina endi alamli xotiraga aylangani bois, bo’zbola bu haqda o’ylamaslikka harakat qildi, shu bois xo’jayinga ko’rgan tushini aytib o’tirmadi.
— Umrimda birinchi marta ehromlarni o’z ko’zi bilan ko’rish uchun sahroni kezib o’tishga chog’langan odamni uchratishim. Ehrom degani — bu shunchaki bir sangzor-ku. O’zing ham hovlingda buni qursang bo’ladi.
— Bundan chiqdi, sizning tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, — dedi unga javoban Santyago va navbatdagi xaridor tomon yurdi.
Oradan ikki kun o’tib, xo’jayin Santyagoning peshtaxtani do’kon tashqarisiga chiqarish haqidagi taklifini esladi.
— Men har xil yangiliklarga ishqiboz emasman, — dedi u. — Qolaversa, Hasanday boy ham emasman, u xato qilib qo’yishdan qo’rqmaydi, chunki bu unga qimmatga tushmaydi. Sen bilan men esa o’z xatolarimiz uchun umr bo’yi jabr chekamiz.
“To’g’ri aytadi”, — o’yladi bo’zbola.
— Qani, menga ayt-chi, peshtaxtani ko’chaga chiqarib, idishlarni terib qo’yishning senga nima nafi bor? — davom etdi xo’jayin.
— Men qo’ylarimning oldiga tezroq qaytishni xohlayman. Ishimiz o’ngidan kelib turganda fursatni boy bermaylik, omadimizdan foydalanib qolaylik. Buni Xayrli Ibtido, deyishadi. Yangi ish boshlaganlarga omad yor bo’ladi.
Qariya biroz sukut saqlab, javob qildi:
— Payg’ambarimiz bizlarga Qur’onni berdi va zimmamizga besh farzni qo’ydi, ularni biz umrimiz mobaynida ado etmog’imiz lozim. Eng muhimi — Ollohning borligi va birligi — shuni yodda tutib yashamoq. Qolgan to’rtta shart — bir kunda besh vaqt namoz o’qish, Ramazon oyida ro’za tutmoq, beva-bechoralarga xayr-ehson qilmoq…
U yana jimib qoldi. Payg’ambarni tilga olayotib uning ko’zlari namlandi, garchi u foniy dunyoda yashayotgan, betoqat va qiziqqon banda esa-da, baribir musulmonchilikning qonun-qoidalariga, payg’ambar Muhammad buyurganlariga amal etib yashayotgan edi.
— Xo’sh, beshinchi shart-chi? — so’radi Santyago.
— O’tgan kuni sen menga, tushingizga biror marta uzoq begona yurtlar kirmagan ekan, deding. Bilib qo’y, har bir musulmonning zimmasidagi beshinchi farz — haj safarini amalga oshirmoqdir. Bizlarning har birimiz umrimizda bir bor bo’lsa-da muqaddas Makka shahrini ziyorat qilishimiz shart. Bu shahar ehromlardan ham uzoqda. Yoshligimda ozroq pul topib, mana shu do’konni olgan edim. O’ylardim: boyib ketsam, albatta, Makkaga boraman, deb. Keyin qo’lim pul ko’rdi, mol-dunyo orttirdim, biroq savdoni hech kimga ishonolmadim, chunki men sotadigan buyumlar juda nozik. Va har kuni haj safariga otlanganlarga ko’zim tushadi, ularning orasida badavlatlari bor — o’nlab xizmatkorlariyu butun bir tuya karvoni ularni kuzatib boradi, biroq yo’l olganlarning ko’pchiligi mendan ko’ra kambag’al bandalar. Men ularning nechog’li xushbaxt bo’lib qaytib kelishganini va uylarining eshigiga Makkaga hajga borishganidan darak beradigan belgi qo’yishganini ham ko’rganman. Ularning biri, eski poyafzallarni yamaydigan etikdo’z menga sahroda bir yil yo’l yurdik, biroq Tanjerda qo’shni mahallaga ko’n olgani borganimda charchab qolardim, haj safarida hecham toliqmadim, deb aytdi.
— Nega hoziroq to’g’ri Makkaga yo’l olmaysiz? — so’radi Santyago.
— Chunki men haj safari umidi bilan tirikman. Bo’lmasa, men ikki tomchi suvday mana shu yakrang, zerikarli kunlarga, buyumlarim terib qo’yilgan bu o’lik jovonlarga, har kuni qatnaydigan o’sha kir-chir yemakxonaga — shu turush-turmushga chiday olarmidim. Qo’rqaman, nasib etib umid-orzuim ro’yobga chiqquday bo’lsa, undan keyin hayotda tayanib yashaydigan boshqa ilinjim qolmaydi. Sen esa bosh-qachasan, menga o’xshamaysan, o’z orzu-niyatingga yetishishga ishtiyoqing zo’r. Mening faqat Makka xayoli bilan yashagim bor. Sahroni kezib o’tishim, muqaddas tosh turgan maydonga borishim, uning tevaragini yetti bor aylangach, tavof olishimni minglab marta ko’z oldimga keltirganman. Biroq qo’rqaman umidsiz bo’lib qolishdan, shuning uchun orzu-niyatimdan ayrilib qolmay deyman.
Shu kuni u Santyagoga do’kon tashqarisida yangi peshtaxta taxlashga ruxsat berdi. Hamma bir xilda orzu qilib, bir xil tush ko’rmaydi.
Oradan tag’in ikki oy o’tdi — tashqariga qo’yilgan peshtaxta juda qo’l keldi: do’kondan odam arimay qoldi. Santyago chamalab ko’rdi: ishlar shu zaylda ketsa yarim yildan so’ng u Ispaniyaga qaytadi, boz ustiga, oltmish emas, yuz yigirma bosh qo’y sotib oladi. Bir yil ichida suruviga suruv qo’shiladi va u arablar bilan savdoni boshlab yuboradi, chunki endi ularning tilida gapirishga baharnov o’rgandi. Bozordagi o’sha voqeadan beri u to’rvasidan Urim va Tumim toshchalarini qaytib olmagandi, boisiki, Misr uning uchun, xuddi xo’jayiniga Makka safari ushalmas orzuga aylanganiday, qo’l yetmas yulduz bo’lib qoldi. Yumushi uni qoniqtirar va doim xayolida kemadan Tarifga g’olib sifatida tushib kelishini tasavvur qilardi.
“Yodingda tut: hamma vaqt aynan nimani istashingni aniq bilgin”, degan edi Malkisidq.
Bo’zbola bilardi va ko’zlagan maqsadiga yetishish uchun ter to’kardi. Ehtimol, begona yurtga kelib qolish, bu joyda aldoqchiga yo’liqish, keyin esa bir pul sarflamay suruvini ikki baravar ko’paytirib olish — bularning bari uning peshonasiga bitilgandir?