Uning vaqti ziq edi: o’n yil o’rganganlarini xotirasida tiklashi kerak; aytib bo’lmaydi, alkimyogar uning bilimini sinab ko’rishni xohlab qoladimi.
Bo’zbola bu orada o’tirib, kiftiga osgan to’rvasidan kitob olib ochdi. Angliyalik kitobning ispan tilida ekanini payqadi.
“Harqalay, yomonmas”, — o’yladi u, chunki ispanchada arabchaga qaraganda yaxshiroq gapirardi.
Agar bu bola ham El-Fayumga yo’l olsa, bekorchi vaqtda u bilan gurunglashsa bo’ladi.
“Qiziq, — o’ylardi Santyago, kitobning boshidagi dafn marosimi sahnasini yana qayta o’qib chiqarkan. — Shu kitobni qo’lga olganimga, mana, ikki yil bo’ldi, hanuz birinchi betidan nariga o’tganim yo’g’-a.”
Bu safar yonida podshoh Malkisidq yo’q xalal beradigan, biroq bo’zbola baribir diqqatini jamlay olmadi. Boz ustiga, o’zi shu qarorga to’g’ri keldimmi, degan fikr uni chalg’itardi. Lekin Santyago eng muhim narsani tushunardi: har qanday ishda qarorga kelish— ishning boshlanishi, xolos. Qachonki odam biror narsaga, tanlab turib qaror qilsa, u go’yo tezkor oqimga sho’ng’iganday bo’ladiki, oqim uni xayoliga keltirmagan joyga oqizib ketadi.
“Xazinani qidirib yo’lga chiqqanimda billur sotuvchining do’konida ishlayman, deb o’ylamagandim. Shundayin, bu karvon ham, ehtimol, mening tanlovimdir, mening azmu qarorimdir, biroq mening yo’lim o’z-o’zicha sirliligicha qoladi”.
Uning yonida yevropalik o’tiribdi va u ham kitob o’qiyotir. Santyagoga u yoqimsiz odamday ko’rindi: bo’zbola bostirmaga kirganda u yovqarash qildi. Bu, lekin, hech gapmas — ular baribir tanishib olishardi, agar u gapni uzib qo’ymaganida.
Bo’zbola kitobini yopdi — uning bu muhojirga o’xshashga hecham xohishi yo’q edi, keyin cho’ntagidan toshchalarni oldi va ular bilan o’ynay boshladi.
— Urim va Tummim! — hayratlandi yevropalik.
Santyago shoshilib ularni yashirdi.
— Sotilmaydi, — dedi u.
— Bilaman, ular qimmat turmaydi, — javob qildi yevropalik, — oddiy shaffof toshlar, hech qanday xislati yo’q. Dunyoda bunday toshlar millionlab topiladi, biroq sinchkov odamgina Urim va Tummimni darrov payqaydi. Ammo men ularning bu o’lkalarda ham uchrashiga shubhalanmagandim.
— Menga ularni podshoh sovg’a qildi, — javob berdi bo’zbola.
Muhojir, go’yo tildan qolganday, bo’shashgan qo’li bilan cho’ntagidan, xuddi Santyagonikiday, ikkita tosh oldi.
— Sen podshoh bilan gaplashdingmi? — deb yubordi u.
— Ha-da, podshohlarning cho’ponlar bilan gaplashishini sen tasavvur qilishing qiyin, — dedi Santyago. Endi uning gurungni davom ettirish xohishi yo’qolgandi.
— Yo’q, nega endi. Axir, birinchi bo’lib Podshohni cho’ponlar tan olishgan, bu payt Uni hali dunyoda hech kim bilmasdi. Ayni podshohlarning cho’ponlar bilan muloqotining o’zida hech bir ajablanarli hol yo’q, — dedi angliyalik va bo’zbola tushunmadi shekilli degan xavotirda qo’shib qo’ydi: — Bu haqda Injilda o’qisa bo’ladi, o’sha, men Urim va Tummim haqida o’qib bilgan kitobda. Tangri faqat mana shu toshlar bilan fol ochishga izn bergan. Kohinlar ularni oltin ko’krak siparida olib yurishgan.
Endi Santyago omborga kelganiga afsuslanmayotgan edi.
— Ehtimol, bu belgidir, — angliyalik ovoz chiqarib fikrlayotganday gapirdi.
— Kim senga belgilar haqida aytdi? — Santyagoning qiziqishi daqiqa sayin ortib borardi.
— Dunyodagi borki narsalar — belgilar, — dedi angliyalik, jurnalini chetga qo’yib. — Qadim-qadimda odamlar bir tilda gaplashishgan, keyin esa bu tilni unutishgan. Mana shu Umum Tilini men izlayapman. Shu bois bu yerdaman. Men shu Umum Tilini biladigan odamni topishim kerak. Alkimyogarni.
To’ladan kelgan arab — ombor egasining paydo bo’lishi bilan ularning suhbati bo’linib qoldi.
— Omadlaring bor ekan, — dedi arab. — Bugun tushdan so’ng karvon El-Fayumga yo’l oladi.
— Biroq men Misrga borishim kerak! — tashvishlanib xitob qildi Santyago.
— El-Fayum Misrda-da. Sen o’zing qaerliksan?
Santyago Ispaniyadanman, deb javob qildi. Angliyalik xursand bo’ldi: arabcha kiyingan bo’lsa-da, o’zi yevropalik ekan.
— U belgilarni omad, deb ataydi, — dedi u, xo’jayin chiqib ketgach. — Agar men “omad” va “tasodif” so’zlari haqida kitob yozishga kirishsam, qalingina qomus yuzaga kelardi. Umum Tili aynan shu so’zlardan tashkil topgan.
Shunday deb, u o’zining Santyago bilan uchrashgani, aytgancha, undayam Urim va Tummim bor ekan, bu shunchaki oddiy tasodif emasligini qo’shib qo’ydi. Keyin bo’zboladan mabodo Alkimyogarni qidirayotganing yo’qmi, deb surishtirdi.
— Men xazinani izlayapman, — javob qildi u va xato qilganini payqab, tilini tishladi.
Biroq angliyalik uning gapiga, aftidan, ahamiyat bermadi shekilli, faqat:
— Qaysidir ma’noda — men ham, — dedi.
— Men alkimyoning nimaligini, ochig’i, yaxshi bilmayman, — dedi Santyago, biroq shu payt ombor egasining ularni chaqirgan ovozi eshitildi.
— Karvonga men sarbonlik qilaman, — dedi ularga hovlida soqoli ko’ksiga tushgan, ko’zlari qop-qora kishi. — Men bilan yo’lga chiqadiganlarning hayot-mamoti mening qo’limda bo’ladi, chunki sahro — telbatabiat kimsaday gap, odamlarni tez-tez aqlidan ozdirib turadi.
Ikki yuz choqli odam yo’l tadorikini ko’rishgan, ulovdan — tuyalar, otlar, eshaklar bundan sal kam ikki baravar ko’p. Angliyalikning kitob tiqib joylangan bir necha jomadoni bor ekan. Hovlida ayollar, bolalar va belidagi kamarlariga qilich osgan, kiftlarida uzun qurollari bor erkaklar to’pirlashib turishardi. Shovqin-suronning kuchliligidan Sarbon gapini bir necha marta takrorlashiga to’g’ri keldi.
— Bu yerga turli xil odamlar yig’ilishgan va ular har turli tangrilarga sig’inishadi. O’zim yolg’iz Ollohga sajda qilaman va Uning nomi bilan qasam ichaman: sahroni boz zabt etish uchun ilkimdagi borki imkonimni ishga solaman. Endi har qaysingiz o’z tangringizga sajda qilib, har qanday vaziyatda ham menga bo’ysunishga so’z beringiz. Sahroda sarkashlik qilish — halokatdir.
Past ohangdagi tovushlarning g’ala-g’ovuri ko’tarildi — bu o’z tangrilariga iltijo etayotganlarning tovushi edi. Santyago Iso Masih nomiga qasamyod qildi. Angliyalik sukut saqladi. Bu jarayon qasam ichishga ketadigan vaqtdan biroz cho’zildi — odamlar samodan himoya va xayrixohlik tilashardi.
Shundan so’ng burg’uning cho’ziq tovushi eshitildi va odamlar egarga minishdi. Santyago bilan angliyalik ham o’zlari sotib olishgan tuyalarga bir amallab minib olishdi. Bo’zbola yonidagi yo’ldoshi tuyasiga kitob joylangan og’ir jomadonlarni rosa yuklaganini ko’rib, jonivorga ichi achidi.
— Ammo, aslida, hech qanaqa tasodifning o’zi yo’q, — go’yo allaqachongi gurungni davom ettirgan bo’lib dedi angliyalik. — Mening bu yerga kelishimning sababi, bir oshnam shunday arab haqida eshitgan ekan, u arab…
Biroq uning so’zlarini harakatga kelgan karvon shovqini yutib yubordi. Shunday esa-da Santyago angliyalikning muddaosini juda yaxshi bilardi: voqealarni bir-biriga bog’lab turadigan sirli zanjir bo’ladi. Ayni shu vosita uni qo’ychivonlikka boshladi, bir tushni ikki marta ko’rgani, Afrika qirg’oqlariga yaqin joyga borgani-yu bu shaharchada podshohni uchratgani, tovlamachiga duchor bo’lgani, billur sotadigan do’konga yollangani… hammasi shundan.
“O’z Yo’lingdan qancha uzoq ketsang, u hayotingni shu qadar izchil belgilaydi”, — o’yladi bo’zbola.
Karvon sharqqa yo’l tortdi. Sahar palla yo’lga chiqilar, quyosh chosh tepaga kelganda dam olish uchun to’xtalar, jazirama issiq biroz tushgach, yana yo’lda davom etilardi. Santyago angliyalik bilan kam gaplashdi — muhojir boshini kitobdan deyarli uzmasdi.
Bo’zbola churq etmay ko’p sonli yo’ldoshlarini kuzatib borardi. Endi ular safar arafasidagi safardoshlariga o’xshamasdi. O’shanda yugur-yugur avjiga mingan: baqiriq-chaqiriq, bola yig’isi va otlarning kishnashi, savdogaru tuyakashlarning hovliqqan, hayajonli ovozlariga qorishib ketgandi. Bu yerda, sahroda esa jimjitlikni doimiy shamolning hushtagi-yu ulovlar tuyog’i ostidagi qumning g’ijirlashigina buzardi. Hatto tuyakashlar ham sukut saqlashardi.