— Odamlardan so’rab-surishtirish kerakmidi u haqda, — dedi Santyago.
Biroq angliyalik ikkilandi — u o’zining shu yerdaligini oshkor etgisi kelmasdi. Oxir-oqibat u bunga rozi bo’ldi va arabchada yaxshi
gapiradigan Santyagodan Alkimyogarni daraklab chiqishni so’radi. Bo’zbola meshini suvga to’ldirib olish uchun quduqqa kelgan ayolga so’z qotdi.
— Yaxshimisiz, xonim. Aytolmaysizmi, Alkimyogarni qaerdan topsak bo’ladi? — so’radi u.
Ayol bu nomni hech qachon eshitmaganini aytib, ketishga shoshildi. Bungacha esa Santyagoni ogohlantirib, urf-odatlarni hurmat qilishini, qora libosdagi erli ayollarga gap qotmasligini uqtirdi.
Angliyalikning hafsalasi pir bo’ldi. Shuncha yo’l bosib kelsayu, hammasi yo’qqa chiqsa! Bo’zbolaning ham uni ko’rib ko’ngli sovidi — axir, yo’ldoshi O’z yo’lini izlayotir. Bunday paytda, Malkisidq aytishicha, Olam odamga ko’makka keladi, orzuyi ushalishi uchun lozim bo’lgan yordamni beradi. Nahotki, keksa podshoh adashgan bo’lsa?
— Men burun hech qachon alkimyogarlar haqida eshitmaganman, — dedi u. — Bilganimda senga yordam qilishga urinib ko’rardim.
Angliyalikning ko’zlari chaqnadi.
— Shunday demaysanmi! — qichqirdi u. — Bu yerda uning Alkimyogarligini hech kim bilmaydi! Har qanday kasallikni davolay oladigan odam bormi, deb so’rash kerak!
Shu payt qora libosda bir necha ayol quduqqa keldi, biroq Santyago, angliyalikning iltimosiga qaramay, ularga so’z qotmadi. Mana, nihoyat bir erkak kishi ko’rindi.
— Siz bilmaysizmi, bu yerda har qanday kasallikni davolay oladigan kishi bormi? — so’radi bo’zbola.
— Har qanday kasallikni faqat Olloh davolay oladi, — dedi u, kelgindilarga cho’chibroq alanglab qarab. — Jodugarlarni qidirayapsizlarmi?
U Qur’ondan bir necha oyatlarni pichirlab aytib, o’z yo’liga qaytib ketdi.
Biroz o’tgach, boshqa bir odam keldi; uning yoshi ulug’roq, qo’lida chelak bor edi. Santyago unga ham o’sha savol bilan murojaat qildi.
— Bunday odamlarning sizlarga nima keragi bor? — bilmoqchi bo’lib so’radi u.
— Mening oshnam uni ko’rish niyatida juda uzoq yo’l yurib keldi.
— Agar bizning vohada shunday odam bor bo’lsa, u nihoyatda qudratli kishi bo’lishi kerak, — dedi o’ylab turib qariya. — Hatto qabila boshliqlari ham xohlashgan paytda uning huzuriga yo’lay olmaydi. Ularni faqat o’zi istagan paytda qabul qiladi u. Urush tugaguncha kutinglar, keyin ketinglar bu yerdan. Bizning voha turmushiga aralashmaganlaring ma’qul.
Shunday deb u ketdi. Biroq angliyalik, Alkimyogarning izini topganini payqab, juda quvondi.
Quduqqa, nihoyat, qora libosdagi erli ayol emas, balki yelkasida ko’za bilan bir qiz bola keldi. Boshiga ro’mol o’ragan, yuzi ochiq edi. Santyago Alkimyogarni daraklamoqchi bo’lib, unga yaqinlashdi.
Va shunda — go’yo vaqt to’xtab qolganday bo’ldi, Olam Qalbi uning ko’z o’ngida o’zining butun kuch-qudrati bilan namoyon bo’ldi. Qizning qop-qora ko’zlariga, go’yo jilmayishni ham, jim turishni ham bilmayotganday himarilgan lablariga qarab, Santyago bir lahza ichida olam tillashadigan, jamiki odamlar so’zsiz, faqat yurak orqali muloqot qiladigan tilning eng qadrli, eng aqlli bo’lagini fahmlab yetdi. Uni Sevgi deb atashadi, u odam qavmidan-da qadimiy, sahrodan-da ko’hna. Er yigit va bo’y yetgan qiz ko’zlari to’qnashganda bu tuyg’u beixtiyor paydo bo’ladi — hozir, quduq oldida shu hodisa ro’y berdi.
Nihoyat, qizning lablari tabassumni ixtiyor etdi va bu belgi, ayni o’sha — Santyago o’zi bilmagan holda uzoq kutgan, qo’ylaridan, kitoblardan, billur va sahro sukunatidan qidirgan belgi edi.
Bu sof va tushunarli til edi, abadiyat sari yo’l solgan Koinot singari, tarjimaga, sharhu izohga ehtiyoj sezmaydigan so’zsiz zabon edi. Shu bir lahza ichida Santyagoning anglab yetgani shu bo’ldiki, u o’zining qallig’i qoshida turar va qiz ham buni so’zsiz anglab yetmog’i kerak edi. Bunga u zig’ircha shubha qilmas, bu ishonchi ota-onasining ra’yiga qarashdan, odatdagiday, sevganingdan keyin so’rab-surishtirib, sovchi qo’yib, qolaversa, to’yga oz-moz pul jamg’arib, shundan so’ng uylangan ma’qul, deydiganlarning nasihatidan ko’ra kuchli edi.
Biroq bunday maslahat beradigan kishi Umum Tilini bilmaydi, aksincha, bu tilga uyg’unlashganingda o’z-o’zidan ayon bo’ladi: sahroning qoq o’rtasidami yoki gavjum shahardami — doimo kimdir kimnidir kutadi, qidiradi. Ularning yo’llari tutashganda, ko’zlari ko’zlariga tushganda o’tmish ham, kelajak ham o’z mohiyatini tamom yo’qotadi, faqat mana shu bir lahza mavjud bo’ladi va bu yorug’ olamda kechadigan barcha kechmishlar faqat bitta qo’l tomonidan yozilganiga cheksiz ishonch barqaror bo’ladi. Bu qo’l qalbda muhabbat alangasini yoqadi va har bir inson uchun, mehnat qilayotgani, dam olayotgan yoki xazina qidirayotganidan qat’i nazar, unga xuddi o’zinikiday alangali qalbni muyassar etadi. Aksincha esa, odam qavmini iztiroblarga solguvchi orzu-niyatlarning zig’ircha ma’nisi qolmasdi.
“Maktub”, — o’yladi bo’zbola.
Angliyalik o’rnidan sakrab turdi va Santyagoni yelkasidan ushlab silkilay boshladi:
— So’rasang-chi, axir!
Santyago qizga yaqinlashdi. Qiz tabassum bilan u tomonga o’girildi va bo’zbola ham bunga javoban jilmaydi.
— Isming nima? — so’radi u.
— Fotima, — uyalinqirab javob qildi qiz.
— Men yashaydigan o’lkalarda ko’p ayollarning ismi shunday.
— Payg’ambarimizning qizining ismlari shunday ekan, — dedi Fotima. — O’sha uzoq o’lkalarga bu ismni bizning jangchilarimiz eltishgan.
Bu ma’suma va ko’rkam qizning so’zlari g’ururli jarangladi. Angliyalik betoqat bo’lib Santyagoni turtdi va bo’zbola qizdan har qanday kasallikni davolay oladigan odamni bilasanmi, deb so’radi.
— Bu odam dunyoning hamma siridan boxabar, — dedi qiz. — U sahro jinlari bilan muloqot qiladi.
Jin — bu iblis. Qiz bola janubga ishora qildi — ular qidirayotgan odam o’sha tarafda yashashini aytdi. Keyin ko’zasini suvga to’ldirib, ortiga qaytdi.
Angliyalik Alkimyogarni qidirib ketdi. Santyago esa quduq oldida uzoq xayol surib o’tirdi. Bir vaqtlar, o’zining yurtida yurgan paytlarda, sharqdan esgan shamol mana shu qizning muattar bo’yini unga olib kelar va u qizning mavjudligiga hecham shubha qilmay uni sevgan edi, bu sevgini, harqalay, yer yuzidagi borki xazinalardan ustun ko’rardi.
Ertasi kuni u tag’in quduqning boshiga keldi va qizni kutdi. Biroq bu yerda angliyalikni uchratib ajablandi, u birinchi bor sahroga sinchiklab nazar tashlayotgan edi.
— Men qorong’u tushguncha kutib o’tirdim, — dedi angliyalik. — Yulduzlar miltillab chiqa boshlaganda u paydo bo’ldi. Men unga nimani qidirayotganimni aytdim. U bo’lsa qo’rg’oshinni oltinga aylantirishni uddalay oldingmi, deb so’radi. Niyatim ham shuni o’rganish, deb javob qildim men. U tag’in urinib ko’rishimni maslahat berdi. Xuddi shunday dedi: “Borgin va urinib ko’rgin”.
Santyago jimib qoldi. Angliyalik shu bir og’iz, o’zi ham biladigan gapni eshitish uchun dunyoni kezib shuncha yo’l yurganmidi? Shunda o’zining qo’ylarini Malkisidqqa tekinga berganini esladi.
— Urinib ko’r-da! — dedi u.
— Urinmoqchiman. Hoziroq boshlayman.
Angliyalik ketdi, oradan hayal o’tmay ko’za ko’targan Fotima ko’rindi.
— Men senga faqat bitta gapni aytgani keldim, — dedi bo’zbola qizga murojaat qilib. — Mening qallig’im bo’lishingni xohlayman. Men seni sevaman.
Qiz qo’lidagi ko’zani tushirib yubordi, suv to’kildi.
— Men seni shu yerda kutaman. Men xazinani qidirib sahroni kezdim, xazina ehromlar turgan joyda. Biroq urush boshlanib qoldi. Avval men urushni la’natlagandim. Endi alqayapman, chunki urush sabab bo’lib men sening yoningga keldim.