Выбрать главу

Sarbon orqasi bilan daraxtga suyanib o’tiribdi, uning nigohi ham mag’ribga qadalgan. Shu payt barxanlar ortidan Santyago ko’rindi.

— Bu yoqqa urush kelayapti, — dedi bo’zbola. — Mening ko’zimga ko’rindi.

— Sahro erkak kishining ko’ngliga har narsani soladi, — javob qildi sarbon.

Biroq bo’zbola qirg’iylarni, ularning parvozini kuzatganini va tuyqus Olam Qalbiga uyg’unlashganini gapirdi.

Sarbon ajablanmadi — bo’zbolaning nimani gapirayotganini u tushunib turardi. Yer yuzidagi har qanday unsur butun zamin tarixini bayon etishga qodirligini u bilardi. Kitobning xohlagan betini ochib qara, odamning kaftiga termil, bir dasta qartadan xohlagan birini tanlab ol, qirg’iyning osmondagi parvozini kuzat — albatta, ayni daqiqalarda kechayotgan hayotingga bog’liq unsurlar bilan aloqani ko’rasan. Bu yerda gap unsurlarning o’zida emas, balki odamlarning ularga qarab, ularni kuzatib o’zlari uchun Olam Qalbiga uyg’unlashish yo’lini ocha bilishlarida.

Sahroda ko’p odamlar Olam Qalbiga uyg’unlashib olish qobiliyati orqasidan tirikchilik qilishadi. Ayollar va qariyalar bundaylardan cho’chishadi, ularni sohibkaromat, deb atashadi. Jangchilar ularga kamdan-kam murojaat qilishadi, chunki o’lishingni oldindan bilib jangga borish qiyin. Jangchilar nima bo’lishini oldindan bilmay qo’ya qolishni va urushning o’zgacha shavqini tuyushni ma’qul ko’rishadi. Taqdir Tangrining qo’li bilan bitilgan, bitikda neki bor, bari Uning inshosi, Uning yozganlari esa doimo bandasining nafu manfaatini ko’zlaydi.

Jangchilar buguni bilan yashaydilar, zero, kundalik hayot tasodiflarga to’la, shu bois ming turli holatlarga diqqatini qaratishi kerak: dushman boshingga qaysi tarafdan turib qilich solmoqchi, uning ostidagi ot qanday sakraydi, joningni omon saqlash uchun zarbni qanday qaytarishing lozim.

Ammo tuyakash jangchi emas, shu boisdan ham u sohibkaromatlarga ko’p murojaat qildi: ba’zilari bexato aytib bersa, ba’zilaridan tayinli gap chiqmadi. Bir safar ularning eng keksasi (aynan undan qattiq qo’rqishardi)tuyakashdan ertangi kunini oldindan bilmoqdan maqsadi nimaligini so’radi.

— Nima qilishim kerakligini aniqlab olmoqchiman, — dedi u. — Bilib olsam, yuz beradigan falokatning oldini olishga urinib ko’raman.

— U holda bu sening ertangi kuning bo’lmay qoladi, — javob qildi Sohibkaromat.

— Ehtimol, men boshimga tushadigan ko’rgulikka tayyorlanarman.

— Agar xayrli voqea ro’y bersa, bu kutilmagan omad degani, agar xayrsiz, yomon hodisaga duch keladigan bo’lsang — uni ancha oldin ko’ngling sezadi.

— Boshimga nima tushishini oldindan bilishni istayman, chunki men odamman, — dedi tuyakash. — Odamlarning buguni ularning kelajagi qanday kechishiga bog’liq.

Sohibkaromat bir muddat sukut saqladi. U chiviqlar bilan fol ochardi — ularni yerga tashlab, qanday tushganiga qarardi. Shu kuni u fol ko’rmaslikka qaror qildi. Xivichlarni dastro’molga o’rab, cho’ntagiga bekitdi.

— Men odamlarga ularni nimalar kutayotganini aytib berib, rizqimni topaman, — dedi u nihoyat. — Xivichlarni qanday tashlashni bilaman, ularning ko’magida odamlarning taqdiri yozib qo’yilgan boshqa bir o’lchamdagi olamga kiraman. Kirib olgach, men o’tmishni o’qiyman, allaqachon unutilgan narsalarni ochaman va bugungi kunning belgilarini tanib olaman. Kelajakni men o’qimayman, taxminan aytaman, zotan, kelajak Xudovand inon-ixtiyorida, faqat favqulodda holatlardagina uni namoyon etadi. Buni men bugungi kun belgilariga qarab aniqlayman. Jamiki sir-asror aynan shu — hozirgi kunda jam bo’lgan. Unga lozim darajada e’tibor qaratsang — yaxshilay olasan. Ayni damdagi ahvolingni yaxshiladingmi, demak, ertangni ham o’nglay olasan. Kelajak uchun qayg’urmasang, buguning bilan yashayver, mayli, har bir kuning Qonunda buyurilganiday o’taversin. Biroq bilib qo’y, Xudovand o’z bandalari uchun hamisha qayg’uradi. Har bir kun mangulikning bir bo’lakchasi.

Shunda tuyakash Tangri kelajakni ko’rishga izn beradigan favqulodda holatlar nimani anglatishini bilgisi keldi.

— Faqat Uning O’zigina namoyon etadi. Xudovand kelajakni kamdan-kam hollarda ko’rsatadi. U bunga ixtiyor etganda, oldindan belgilab qo’yilgan taqdirni o’zgartirish lozimligi sabab bo’ladi.

“Bu bolaga Xudovand kelajakni namoyon etgan, — o’yladi shu damda Tuyakash. — Xudovand uni o’ziga vositachi etib tanlagan”.

— Qabila boshliqlari oldiga bor, — buyurdi u Santyagoga. — Ularga qo’shinning bizga yaqinlashib kelayotganini xabar qil.

— Ular ustimdan kulishadi.

— Yo’q, kulishmaydi. Ular sahro odamlari, demakki, ular belgilar va alomatlarni e’tiborsiz qoldirishmaydi.

— U holda hammasi ularning o’ziga ayon bo’lgandir.

— Ular bu haqda bosh qotirishmaydi, chunki agar Ollohning irodasi bilan nimanidir bilishlari lozim esa, kimdir kelib bu haqda aytadi, deb ishonishadi. Avvallari ham ko’p marta shunday bo’lgan. Endi bu xabar bilan sen e’tibor topasan.

Santyago Fotimani o’yladi va vohada joylashgan qabila boshlig’ining qoshiga borishga qaror qildi.

— Meni boshliqlar oldiga o’tkazib yubor, — dedi u kattakon oq chodir eshigi oldida turgan soqchiga. — Sahroda men alomatlarni ko’rdim.

Soqchi bir so’z demay chodirga kirib ketdi va ichkarida ancha ushlanib qoldi. Keyin oq zarbof yaktakli yosh arab bilan birga chiqib keldi. Santyago unga o’ziga ko’ringan manzarani gapirib berdi. U kutib turishini aytib, tag’in ichkariga kirib ketdi.

Oqshom tushdi. Chodirga arablar, chet ellik savdogarlar kirib-chiqib turishardi. Ko’p o’tmay gulxanlar ham o’chdi va vohaga asta-sekin jimjitlik cho’kdi. Faqat kattakon chodirda chiroq yonib turardi. Bu vaqt mobaynida Santyago Fotima haqida o’yladi, garchi qizning boyagina aytgan gaplarining mohiyatini hali ilg’ay olmagan bo’lsa-da.

Nihoyat uzoq kutishdan keyin uni chodirga qo’yishdi.

Chodirda ko’rganlari uni hayron qoldirdi. Sahroning qoq o’rtasida bunday joyni ko’raman, deb hech o’ylamagandi. Oyoqlari qalin gulli gilamlarga botdi, tepada sof oltindan ishlangan qandilda shamlar yonib turibdi. Qabilalar boshliqlari to’rda gul tikilgan ipak yostiqlarga yonboshlab o’tirishibdi. Xizmatkorlar kumush patnislarda shirinliklar va choy keltirishadi. Boshqalari chilimlarning olovidan xabardor bo’lib turishibdi, havodan tamaki tutunining yengil xushbo’y hidi taraladi.

Santyagoning ro’parasida sakkiz nafar kishi bor edi, biroq u boshliq — o’rtada o’tirgan zarbof yaktakli arab ekanini aniq payqadi. Uning yonida boya chodirdan chiqib u bilan gaplashgan yigit o’tiribdi.

— Alomatlar haqida gapirgan musofir kim? — so’radi qabila boshliqlaridan biri.

— Menman, — javob qildi Santyago va ko’rganlarini aytib berdi.

— Nega endi sahro bir muhojirga bu haqda belgi beribdi, axir, bu yerda bizning ajdodlarimiz yashab o’tgan bo’lsa? — so’radi boshqa bir qabila boshlig’i.

— Chunki mening ko’zlarim hali sahroga ko’nikmagan, bu yerliklar payqamagan narsalarni ko’radi, — dedi Santyago va ko’nglidan: “Boz ustiga menga Olam Qalbi ochilgan”, degan gap o’tdi.

Bu so’nggi gapni u ovoz chiqarib aytmadi — arablar bunday narsalarga ishonishmaydi.

— Men faqat ko’rganimni aytdim. Ishonmasangiz, bu sizning ixtiyoringiz.

Chodirga og’ir jimlik cho’kdi, keyin qabilalar boshliqlari qizishib, gapga kirishib ketishdi. Ular gapirayotgan lahjani Santyago tushunmasdi, biroq u eshikka tomon qadam tashlaganda soqchi qo’lidan tutdi. Bo’zbola qo’rqib ketdi. Belgilar xatarni daraklardi va u Tuyakashga ko’nglini ochganidan afsuslandi.

Biroq o’rtada o’tirgan qariya kulimsiradi va Santyago darhol xotirjam bo’ldi. Shu paytgacha u biror so’z qotmagan, tortishuvga qo’shilmay o’tirgan edi. Biroq Umum Tilidan xabardor bo’zbola qo’shinning yaqinlashib kelayotganidan chodir titrayotganini his etdi va bu yerga kelib to’g’ri qilganini tushundi.