Voha ahli sahro suvorilarini qurshab olishdi, yarim soatdan so’ng qumda to’rt yuz to’qson otliqning jasadi qoldi. Bolalarni xurmozorga eltishdi, ular chodirlarda erlarining duo-yu jonini qilib o’tirishgan ayollar qatori hech nimani ko’rishmadi. Halok bo’lganlarning chalqayib yotgan jasadlarini aytmaganda, vohada har doimgi holat hukm surardi.
El-Fayumga bostirib kirgan otliqlardan yolg’iz ularning sardori omon qoldi. Uni qabilalar boshliqlari oldiga keltirishdi va boshliqlar undan ne bois Urf-odatni buzishga botinding, deya so’rashdi. U bir necha kunga cho’zilgan janglarda ochlik va suvsizlikdan jangchilarning madori qurigani, vohani egallashsa, o’zlariga kelib, keyin yana urushni boshlamoqchi bo’lishganini aytdi.
Jangchilarga qanchalik achinmaylik, biroq Urf-odatni buzishga hech kimning haqqi yo’q, dedi qabila oqsoqoli. Sahroda faqat shamolning ta’siridan qum barxanlarining shakli o’zgaradi, qolgan barchasi aslicha qoladi.
Harbiy sardorni sharmandali o’limga hukm etishdi: o’qni ham, qilich zarbini ham unga ravo ko’rishmadi, qurigan xurmo daraxtiga osishdi va sahrodan esgan shamol uning jasadini ancha vaqt tebratib turdi.
Qabila oqsoqoli muhojirni chaqirib, unga ellikta tilla tanga taqdim etdi. Keyin u yana Yusufning tarixidan so’zlab berdi va bo’zboladan o’ziga Bosh Maslahatchi bo’lishini so’radi.
Kun botib, osmonda yulduzlar endi xira yorisha boshlaganda (chunki oy to’lishgan palla edi) Santyago janubga qarab yurdi. U yoqda faqat bitta chodir bor edi, yo’lida duch kelganlar bu joy jinlarning qarorgohi ekanini aytdi. Biroq u chodirning oldiga o’tirib olib, kuta boshladi.
Alkimyogar ha deganda qorasini ko’rsatmadi — oy esa allaqachon tepaga ko’tarilib ketgandi. Nihoyat Alkimyogar ko’rindi, uning yelkasida bir juft o’lgan qirg’iy osilib turardi.
— Men shu yerdaman, — dedi Santyago.
— Bekor kelibsan. Nahot Taqdiring seni mening oldimga yo’llagan bo’lsa?
— Urush bo’layapti. Men sahrodan o’tolmayman.
Alkimyogar shoshildi, imo bilan Santyagoni ichkariga taklif etdi. Qabila boshliqlarining shinam bezalgan ertaknamo chodirini aytmaganda, Alkimyogarning makoni voha ahlining chodirlaridan farq qilmasdi. Santyago ichkariga ko’z yugurtirib metall eritadigan qozon va ko’rani, alkimyoviy shisha idishlarni qidirdi, biroq chodirda bir necha to’zigan kitobdan boshqa narsa ko’zga chalinmadi. Yerga sirli naqshlar solib to’qilgan gilam tashlangan edi.
— O’tir, men hozir choy damlayman, — dedi Alkimyogar. — Qirg’iylarni pishirib ovqatlanamiz.
Bo’zbola bular o’sha — u yaqindan uchib yurganini ko’rgan qushlar bo’lsa kerak, deb o’yladi, biroq bu haqda gapirmadi. Alkimyogar o’choqni yoqdi va hayal o’tmay chodirga parranda go’shtining xushbo’y hidi taraldi. Bu tamaki hididan ko’ra yoqimliroq edi.
— Qanday meni istab kelding?
— Hammasiga belgilar sabab, shamol menga sening kelishingni va senga mening yordamim zarurligini aytdi.
— Yo’q, bu men emas, balki boshqa yo’lovchi — angliyalik. Seni izlagan o’sha.
— Meni topgunicha u ko’p kishilar bilan uchrashishi lozim. Biroq u to’g’ri yo’ldan borayapti. U faqat kitoblarga qarayotgani yo’q.
— Men-chi?
— Agar sen biror narsani istasang, butun Olam istaging ro’yobga chiqishiga xayrixohlik qiladi, — Alkimyogar keksa Malkisidqning so’zlarini takror aytdi va bo’zbola O’z Taqdiri yo’lidan borishga ko’maklashadigan yana bir odamni uchratganini angladi.
— Sen menga ta’lim berasanmi? — so’radi u.
— Yo’q. Sen zarur narsalarni bilasan. Men faqat seni xazinang tomon yo’llayman, xolos.
— Biroq sahroda jang ketayapti, — takrorladi Santyago.
— Sahro menga tanish.
— Men xazinamni topganman. Menda tuya va pul bor, ularni billur savdosi bilan shug’ullanib, ishlab topganman, yana elliktacha tilla tangam bor. Endi yurtimda men boy hisoblanaman.
— Biroq bular seni ehromlarga bir odim ham yaqinlashtira olmaydi, — eslatdi Alkimyogar.
— Mening Fotimam bor. Bu xazina qolgan hamma boylikdan ustun.
— Undan ehromgacha bo’lgan yo’l ham uzoq.
Ular jim qolishdi va ovqat yeyishga kirishishdi. Alkimyogar shisha idishning tiqinini ochib, Santyagoning stakaniga allaqanday qizil suyuqlik quydi. Bu vino ekan, bo’zbola umrida hali bunaqasini tatib ko’rmagandi. Biroq Qonun vino ichishni ta’qiqlaydi.
— Odamning og’zidan kirgani emas, balki og’zidan chiqqani yomon, — dedi Alkimyogar.
Vino ichib Santyago yayradi. Biroq Alkimyogar hanuz uni sergaklantiradigan gaplarni aytardi. Ular chodirning eshigi oldida yonma-yon o’tirishib, to’lin oy yog’dusida yulduzlarning xira tortib borayotganini kuzatishardi.
— Ich yana — bu seni chalg’itadi, — dedi Alkimyogar, vinoning bo’zbolaga ta’sir qilganini payqab. — Kuchingni yig’, jang oldidagi jangchiday. Biroq unutma, sening yuraging u yoqda, xazina yotgan joyda. Uni topish kerak, bu yo’lda nimaniki tushunib yetsang, his etsang, barchasi mazmun-mohiyat kasb etadi. Ertaga tuyangni pulla va ot sotib ol. Tuyalarning fe’li bemaza: charchoq nimaligini bilmay lo’killagani-lo’killagan. Keyin tuyqusdan tappa yotib o’lib qoladi. Ot esa sekin-asta toliqadi. Yo’rg’alashiga qarab yana qancha yurishini va qachon yiqilishini bilsa bo’ladi.
Oradan bir kun o’tib, kech kirganda Santyago, otni yuganidan yetaklab, Alkimyogarning chodiriga keldi. Shu orada Alkimyogar ham chiqib keldi, otiga mindi, qirg’iy esa uning chap kiftidan joyini egalladi.
— Menga sahroda tiriklik alomatini ko’rsat, — dedi u. — Bu yerda tiriklik alomatini topa olgan kishigina xazinani qo’lga kiritadi.
Ular oydinda qum tepalar oralab yo’lga tushishdi. “Buni uddalashim qiyin, — o’yladi Santyago. — Men sahroni bilmasam, undagi tiriklik alomatini topolmayman”.
U Alkimyogarga qarab bu haqda gapirmoqchi bo’ldi, biroq cho’chidi. Ular bo’zbola qirg’iylar parvozini kuzatgan toshlar yoniga kelishdi.
— Uddalay olmayman deb qo’rqaman, — dedi Santyago baribir ichidagini yashirib o’tirmay. — Sahroda tiriklik alomati borligiga ishonchim komil, biroq uni men topa olmayman.
— Tiriklik yashashga chorlaydi, — dedi unga javoban Alkimyogar.
Bo’zbola uni tushundi, yuganni bo’shatdi va ot qum, tosh oralab o’ziga yo’l topib yura boshladi. Alkimyogar otning izidan yurib kelardi. Shu zayl yarim soat o’tdi. Xurmozorlar ortda qoldi, ulkan qoya toshlardan boshqa hammasi barkashday oy yorug’ida ko’zdan g’oyib bo’ldi. Nihoyat, Santyagoning oti to’xtadi — bu yerga bo’zbola burun kelmagan edi.
— Bu yerda tiriklik alomati bor, — dedi u Alkimyogarga. — Menga sahroning tili tushunarsiz, biroq otim tiriklik tilini tushunadi.
Ular shoshilishdi. Alkimyogar sukut saqlardi. Toshlarga nazar tashlab, u vazmin qadam tashlardi. Keyin birdan to’xtadi va ehtiyot bo’lib egildi. Toshlar orasida yer yorig’i qorayib ko’rinardi. Yoriqqa u barmog’ini tiqdi, keyin esa qo’lini yelkasigacha yoriqqa joyladi. Ichkarida nimadir shitirladi, Santyago Alkimyogarning ko’zlarida (uning faqat ko’zlarini ko’rib turardi) jiddiy e’tiborni uqdi: go’yo u birov bilan olishayotganday serdiqqat edi. Keyin u qo’lini yoriqdan ilkis tortib oldi, kutilmagan bu harakatdan Santyago bir seskandi va Alkimyogar irg’ib o’rnidan turdi. U ilonni dumidan ushlab ko’tarib turardi.
Santyago ham chaqqon turib, ortga tislandi. Ilon tipirchilab sahroning o’lik sukunatini buzib, Alkimyogarning barmoqlariga o’zini urardi. Bu bir chaqishdayoq o’ldiradigan kobra iloni edi.