— Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan bo’lsa, unga hech qanday insu jins daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan bo’lsa, qaytgan chog’ingda ham hech nimaga ega chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni ko’rgan bo’lasan. Demak, bu boshdan kechirishga arzirli hol.
U alkimyo haqida gapirayotganga o’xshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib gapirayotganday tuyuldi.
Ortda qolganlar haqida o’ylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang ko’rinishi eslashga, orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning ko’z o’ngidan xurmozor, quduqlar va suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan uchratdi, Tuyakashni — o’zining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni uchratdi. “Balki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir”, — o’yladi u.
Alkimyogar sal oldda yo’rtib borayotir, uning kiftida qirg’iy o’tiribdi — qush sahro tilidan to’la voqif — ular to’xtashgan chog’da o’lja izlab havoga ko’tariladi. Birinchi kuni u changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun — bir juft qush bilan.
Tunda ular ko’rpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi bilan qorong’ulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi haftasida yo’ldoshlar, gurunglashgan bo’lishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni chetlab o’tish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi — ba’zan shamol qonning achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq bo’lmagan joyda jang borardi va shamol bo’zbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til ko’z ko’ra olmaydigan narsalardan xabar berishga tayyor ekanini eslatdi.
Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan ko’ra barvaqtroq, dam olish uchun qo’nishga qaror qildi. Qirg’iy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni Santyagoga uzatdi.
— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen O’z Yo’lingdan chetga chiqmading.
— Sen esa yo’l bo’yi churq etmading. Men bo’lsam, bilganlaringni o’rgatarsan, deb o’ylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib o’tgandim. Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.
— Anglashning faqat bitta yo’li bor, — javob qildi Alkimyogar. — Harakat qilmoq. Sayohat seni zarur bo’lgan narsalarning barisiga o’rgatdi. Faqat bir narsa qoldi bilishing kerak bo’lgan.
Santyago uning nima ekanini so’radi, biroq Alkimyogar osmon gumbazidan ko’zini uzmasdi — u o’zining qirg’iyini kuzatardi.
— Nega seni Alkimyogar deyishadi?
— Chunki men Alkimyogarman-da.
— Boshqa alkimyogarlarning — oltinni qidirib topisholmaganlarning xatosi nimada?
— Xatosi shundaki, ular faqat oltinni qidirishgan. Ular yo’lda bekitilgan xazinalarni izlash bilan ovora bo’lib, yo’ldan chetga chiqib ketishgan.
— Xo’sh, mening kamchiligim nimada? — savolini takrorladi bo’zbola.
Alkimyogar hanuz osmonga qarab turardi. Tez orada qirg’iy o’lja bilan qaytdi. Ular qumloqda o’choq qazib, chetdan qaraganda ko’zga chalinmaydigan gulxan yoqishdi.
— Men Alkimyogarman, chunki alkimyogarlik qilaman, — dedi u. — Bu ilmning sirlari bobomdan o’tgan, unga — uning bobosidan va olam paydo bo’lgandan beri shunday. O’sha qadim zamonlarda olam deganlari zumradning qirrasiga jo bo’lgan. Biroq odamlar oddiy narsalarga e’tiborsiz, shu bois qadimda falsafiy asarlar yoza boshlashgan. Qayoqqa qarab yurish lozimligini o’shalar bilishadi, boshqalar gapi asossiz, deb o’ylashgan. Biroq Zumrad Lavha bugun ham bor.
— Unda nima yozilgan? — qiziqib so’radi bo’zbola.
Alkimyogar besh daqiqa qumga nimalarnidir chizdi, bu payt Santyago bozor maydonida keksa podshohni qanday uchratganini esladi, o’shandan beri juda ko’p yillar o’tganday tuyuldi unga.
— Qara, qumga nima yozilganiga, — dedi Alkimyogar, shaklni chizib bo’lib.
Santyago yaqin kelib, o’qidi.
— Axir, bu shifr-ku! — norozi bo’lib xitob qildi u. — Bu angliyalikning kitobidagiday.
— Yo’q. Bu ayni qirg’iylarning osmondagi parvoziday: buni aql bilan tushunib bo’lmaydi. Zumrad Lavhasi — bu Olam Qalbining nomasi. Donishmandlar bizning yashayotgan dunyo jannatga qiyosan, unga o’xshatib yaratilganini allaqachon tushunib yetishgan. Bu dunyoning mavjudligi o’zi — boshqa, bundan-da mukammal dunyo borligining kafolatidir. Qodir egam uni odamlar qalb ko’zi bilan ko’rib ruhlari kamol topsin va o’z aqllarining mo’’jizalaridan hayratga tushsin, deb bino qilgan. Va ayni shuni men Harakat deb atayman.
— Men ham Zumrad Lavhasini o’qishim kerakmi?
— Agar sen hozir alkimyogarning laboratoriyasida bo’lganingda, uni anglashning eng yaxshi usulini o’rganarding. Biroq sen sahrodasan — demak, sahroga uyg’unlash. Sahro jamiki tiriklik kabi senga olamni tushunishda ko’maklashadi. Sahrodagi hamma narsani bilishning hojati yo’q, Buyuk ijod mo’’jizalarini ko’rish uchun bir qum zarrasi kifoya.
— Men qanday qilib sahroga uyg’unlashaman?
— Yuragingga quloq tut. Unga olamdagi hamma narsa ayon, zotan, yurak Olam Qalbi bilan tug’ishgan va vaqti kelib unga qaytadi.
Ular churq etishmay yana ikki kun yo’l yurishdi. Alkimyogar tashvishli ko’rindi: ular shafqatsiz jang borayotgan joyga yaqin kelib qolishgan edi. Bo’zbola esa hanuz yuragining ovozini eshitishga urinardi.
Uning yuragi esa o’jar edi: avvallari mudom qayoqlargadir talpinardi, endi qanday bo’lmasin ortga qaytishga undaydi. Gohida yuragi unga soatlab nurga yo’g’rilgan voqealarni hikoya qilsa, ba’zan ko’tarilib kelayotgan quyoshdan chunonam hapqirib shod bo’lib ketadiki, Santyago pana joyga o’tib yig’lab oladi. Xazinalardan gap ochilganda yuragi tez urib ketar, bo’zbolaning ko’zlari bepoyon sahro ufqlariga termilganda esa tinchib qolardi.
— Nega biz yurakka quloq tutishimiz kerak? — so’radi u, dam olish uchun qo’nishganda.
— Yurak qaerda bo’lsa, xazina ham o’sha joyda.
— Mening yuragim limmo-lim, — dedi Santyago. — U orzu qiladi, hayajonlanadi, sahroda ayollarga talpinadi. Doim nimagadir intiq, Fotima haqida o’yladim deguncha tamom — tun bo’yi uyqu bermaydi.
— Shunisi yaxshi-da. Demak, u tirik. Eshitaver.
Keyingi uch kunda ular jangchilarni uchratishdi, boshqalari uzoqdan ko’rinish berdi.
Santyagoning yuragi qo’rquvdan ogoh etdi. Xazina izlab yo’lga chiqqan, biroq uni topa olmagan odamlar haqida gapirdi. Gohida u bo’zbolani xazinani topa olmasligi, ehtimol, sahroda o’lib ketishi xayoli bilan qo’rqitardi. Ba’zan boriga shukr qilishni uqtirardi: uning sevgan qizi va bir talay oltin tangasi bo’lsa, yana nimasi kam.
— Yuragim xiyonat qilayapti, — dedi u Alkimyogarga, ular otlarning oyog’ini sovutish uchun to’xtashgandi. — Mening yo’lni davom ettirishimni xohlamayapti.
— Bu yaxshilik alomati, — takrorladi u. — Demak, yuraging bir bo’lak go’shtga aylanib qolmagan. Tabiiyki, erishilgan tajribalarni orzu-xayollar shamoliga sovurishdan yuraging tashvishlanayapti.
— Unday bo’lsa, quloq solib nima qilaman?
— Baribir uni tinchlantirish qo’lingdan kelmaydi. Hatto o’zingni unga quloq tutmayotganday qilib ko’rsatsang-da, u sening ko’ksingda urib turaveradi va hayot haqida, dunyo haqida o’ylaganlarini aytaveradi.
— Va menga xiyonat qilaveradimi?
— Xiyonat — kutilmaganda berilgan zarba. Agar yuragingni anglay bilsang, u senga xiyonat qila olmaydi. Shunda sen uning orzularini, jamiki istaklarini bilasan va uni boshqara olasan. Yuragi aytganlaridan hali hech kim qochib qutilmagan. Yaxshisi, uni tinglamoq kerak. Shunda kutilmagan zarba ostida qolmaysan.
Ular sahro bo’ylab yo’l yurishni davom ettirishdi va Santyago yuragi ovoziga quloq tutdi. Tez orada u yuragining injiqliklarini, hiyla-nayranglarini bilib oldi — uni boricha tushunib qabul qila boshladi. Bo’zbola qo’rquvga tushishdan qutuldi va ortga qaytish istagidan xalos bo’ldi — endi vaqt o’tgan, yuragi ham xotirjam edi.