* * *
Yoru do‘stlar suhbati-yu, zavqli bo‘ston yaxshidur!
Yaxshi gul fasli, may ichmoq vaqti obdon yaxshidur!
Tong nasimidan ko‘ngillar ochilur har lahzada,
Toza dil, toza nafaslar, chunki har on yaxshidur!
Gul ochilmasdan turib ketmoqqa qasd etdi yana,
Yig‘la, bulbul, ko‘ngli majruhlarga afg‘on yaxshidur!
Mujda bo‘lsin tunda kakku qushga ishqing yo‘lida,
Yor uchun har kimki bo‘lsa tunda nolon yaxshidur!
Garchi shodlikning jahonda ismi bor-u, jismi yo‘q,
Xush tabiat sho‘xlik rasmi-la jonon yaxshidur!
Bog‘da savsanning tilidan bu sadoni tingladim,
Der edi: dunyodan o‘tmoq tezu chaqqon yaxshidur!
Hofizo, tarki jahondan so‘zlamoq ko‘ngil ochar,
O‘ylamaysan: shohlarga davru davron yaxshidur!
* * *
Qaysi uyning sham’idir u, qaysi joyda xonasi?
O‘rtadi jonni so‘rang, kimning erur jononasi?
Bu zamon dinu dilimni xonavayron ayladi,
Bilmadim kimning erur u munisu hamxonasi?
Lablarining bodasi hargiz labimdan ketmasun,
Kimga so‘z bermish vafodan — may to‘la paymonasi?
Ul saodat sham’ining bazmi erur kimga nasib,
Siz, Xudo haqqi, so‘rang, kimdur uning parvonasi?
Har kishi afsun bilan tortmoqchi, ammo bilmadik,
Tortadur nozik dilin kimning shirin afsonasi?
Yo Rab, ul oy yuzli, yulduz chehrali oliy nishon,
Qaysi konning gavhari, kimning erur durdonasi?
Qildi ichmasdan labining bodasi dilni xarob,
Kimga ulfat, kim erur hamkosa, hampaymonasi?
«Ohkim, Hofiz dili devonadur sansiz», — dedim.
Sho‘x tabassum birla: «Bu kimning, — dedi, — devonasi?»
* * *
Shahraro oy yuzligim yo‘q — hafta bo‘ldi menga yil.
Bilmagaysan, ayriliq mushkildir-u, o‘rtandi dil.
Sevgi lutfi-la yuziga tushdi ko‘zim nuktasi,
Ko‘rdi yor husnida aksin — xol, dedi, mushkin asil.
Marhamat barmog‘ini cho‘zding shaharlarga qarab,
Balki parvong yo‘q g‘ariblar holiga senda, degil.
U shakardek lablaridan sut hidi kelgay hanuz,
G‘amza birlan garchi kipriklar olur jonni dadil.
Bitta gavhar ikki taqsim bo‘lmog‘i mumkin ekan,
Chunki la’ling, e go‘zal, bu so‘z uchun yaqqol dalil!
Biz tomon bir kelmog‘ingdan xush xabarlar berdilar,
Niyatingdan qaytma, qutlug‘ fol erur bu — yaxshi bil!
Qay yo‘sin hajring g‘amin tog‘in ko‘targay notavon.
Noladan-ku bo‘ldi Hofiznnng tani bir tola qil.
* * *
Mastman yoding bilan — menga pisand ermas sharob,
Xumga ayt, ketsin olib bosh, bo‘ldi xumxona xarob.
Gar bihishtning bodasi ham bo‘lsa, siz yerga to‘king,
Har shirin sharbatki ersa, yorsiz bergay azob.
Ming taassuf, dilbarim keldi-yu, ko‘zim yoshlanib,
Yor xatu xolin ko‘rishga tomchilar bo‘ldi hijob.
Uyg‘on, ey ko‘z, chunki beparvo yotish mumkin emas,
Uyqu joyidan kelur bu sel — damodam behisob.
Yor o‘tar senga jamolin oshkoro ko‘rsatib,
O‘zgalar ham ko‘rmasin, deb husniga tutgay niqob.
Gul sening alvon yuzingda ko‘rdi terning jilvasin,
Rashk o‘tida qoldi, shul dam gulni g‘arq etdi gulob.
Yondi yuz-yuz sham husningdan ko‘ngil bazmiaro,
Bu taajjubkim, yuzingda bor edi qat-qat hijob.
Dashtu sahro yashnadi, qo‘ldan bu fursat ketmasin,
May bilan serob bo‘lgil, bu jahon butkul sarob.
Endi zavqim xonasida yo‘q nasihatga o‘rin,
Nag‘maga to‘ldirdi bu uyni nayu changu rubob.
Sevgi yo‘li qanchalar kengdirki, ta’zimi uchun
Osmon bo‘lmshp bu dengiz ichra go‘yo bir hubob.
Ey ko‘ngilning nuri, diloro yuzingni ko‘rmagach,
Raqs etar go‘yoki o‘t ustidan dil jizg‘in kabob.
Tong emasdir bo‘lsa Hofiz oshiq shaydoyu rind,
Negakim, bu vaz’iyat yoshlik chog‘ida sozu bop.
* * *
Yuzing husning-la tuzdi ittifoq-u, oldi dunyoni,
Jahonni olsa bo‘lgan ittifoqlik birda har oni.
Muhabbat ahlining sirrini ochmoq bo‘lgan erdi sham’,
Xudoga shukrkim, kuydi tili-yu, ketdi darmoni.
Sening rangu hidingdan so‘zlamoqni xohlab erdi gul,
Sabo qizg‘andi yu, dam tortdi gulning bitdi imkoni.
G‘urur aylab, boshiga egri qo‘ydi do‘ppisin lola.
Qizil may ko‘ksini dog‘ etdi — ravshandir yurak qoni.
U kun bir kosa may ishqi butun kuydirdi borimni,
Go‘zal soqiy yuzining aksidan o‘t tushdi pinhoni.
Zamona ishlari bir nuqtadek jismim o‘rab oldi.
Yurardim aylanib pargor kabi — soldi bu g‘avg‘oni.
Yozibdurlar buni gul yaprog‘iga lola qonidan,
Kimiki puxtadur, olg‘ay qizil may qo‘lga har oni.
Qo‘limga jomi Jamshidiyda may ber tongda, mayno‘shlar
Quyoshdek nur sochar tig‘i bilan fath etdi dunyoni!
Ko‘z och, fursatga boq — olamaro ko‘p fitna qo‘zg‘algach,
May ichdi g‘am bilan, soz oldi qo‘lga yurtning eshoni.
Mening qalbimaro har damda yongan yoshirin o‘tdan
Quyosh bir shu’ladurkim, ko‘kka chiqdi — bo‘ldi nuroniy.
Latofat suvlari, Hofizki, nazmingdan tomib turgay,
Bo‘laklar qay yo‘sin fahmi olur bu xilda ma’noni.
* * *
Qo‘rqaman — g‘am pardasin yirtar oqib yoshim qator,
Dildagi pinhon sirim olamga bo‘lgay oshkor.
Bir maqomda sabr etib, tosh la’l bo‘lgay deydilar,
Bo‘lga-yu, ammo jigar qoni-la bo‘lgay e’tibor.
Arzu dod etmoqni xohlarman bu kun mayxonada,
Shoyad unda dil bo‘lur g‘amdan yirog‘-u beg‘ubor.
Kekkayish bordur go‘zal ul sarvi qadding boshida,
Qisqa bu qo‘llar qachon u belga yetgay, e nigor?
To‘lgan oysan bu ko‘ringan baxtu davlat qasrida,
Boshlar ostonasin tuprog‘i bo‘lgaylar qator.
Har tarafdan yo‘lladim senga duolar o‘qlarin,
Loaqal undan biri albatta qilgay senga kor.