Выбрать главу
Sap-sariq zardek yuzim, mehringni kimyosi bilan — Himmating tuproqni oltin aylagay, e baxtiyor.
Yorima ohista-ohista so‘zimni arz qil, Ehtiyot bo‘l, bexabar qolsin sabo, e joni zor.
Nogahon g‘am kelsa senga, o‘zni tut — bo‘lma tajang, Shukr qilg‘il, toki battarrog‘iga bo‘lma duchor.
Sen ishongil, g‘am yema, sabr ayla, ey dil, oqibat Shomdan tong, kechadan kunduz kelur, qishdan bahor.
Men ajab hayratdadurman ul raqibning kibridan, Topmasin, yo Rab, bu xil nomard hargiz e’tibor.
Hurmati albatta kun-kundan oshar xalq oldida, Husnidan boshqa fazilat ham agar insonda bor.
Dilda mehring, boshda ishqing sut bilan kirgan erur, Tanda jonim boricha qolgay tanimda barqaror.
Bosh chiqargay qabridan Hofiz oyoq o‘pmoq uchun, Qabrin ustiga qadam qo‘ysangiz — unga iftixor.
* * *
Shirin hosil berur — do‘stlik daraxtin o‘tqaz, ey inson, U dushmanlik niholin yulki, bergay g‘am, alam, armon.
Bo‘lib mayxona mehmoni, may ich mastonalar birlan, Xumori bo‘lma hargizkim, boshing og‘riydi, ey jonon!
Bu suhbat tunlarin bilgil g‘animat, shodu xandon bo‘l,
Qorong‘ulik, yorug‘liklar kelur, ko‘r o‘zgarur davron.
Yo‘lin Majnunga bursin — Laylining sorbonini yo‘lla, Uning hukmidadir, s Rab, quyosh birlan mahi tobon.
Hayotingni bahorin topki, yo‘qsa bu chaman har yil Ochar yuz g‘uncha nayerindek, ko‘rar bulbulcha ming xushxon.
Mening majruh dilim zulfingga bog‘lanmish, Xudo haqqi, Buyur, jonimga orom bersin ul la’li labing shul on.
Madoring ketmish, ey dil, g‘am yuki ostida qolmishsan, Borib bir kosa may ich, balki bo‘lgay dardingga darmon.
Qarilik chog‘ida Hofiz tilar bu bog‘da Tangridan: Ariq bo‘yida topsa sarvqomatlik go‘zal jonon!
* * *
Gul jamoli dilga yoqmas benigor, Zavqi yo‘qdir bodasiz bo‘lsa bahor.
Bahrasi yo‘q bog‘u bo‘ston sayrini, Bo‘lmasa bir lola yuzli gul’uzor.
Qilmasa bulbul tarannum bog‘aro, Sarvu gul raqsida bo‘lmas e’tibor.
Nozu ne’mat, bog‘u gul yaxshi vale Lazzati yo‘q bo‘lmasa suhbatda yor.
Yor yuzidan o‘zgasi manzur emas, Hushni band etguchi har suratki bor.
Gulbadan, la’li shakar dildor bilan Bo‘sasiz bo‘lsa visol — ne zavqi bor?
Qadri yo‘q Hofizdagi jon naqdini, Arzimas qilmoq uchun yorga nisor.
* * *
Baxtim nedurki, yor labidan bermagay nishon? Sirri nadur, xabar demagay toleim hamon?
Jonim nisor etay labining bo‘sasi uchun, Yo bo‘sa bermadi-yu va yo olmadi u jon.
Yo parda ichra yo‘l yo‘q-u, men intizorman, Yo bor-u, parda tutguchi qilmas sirin ayon.
Sabr aylagan kishi yetar oxir murodiga, Ammo zamona fitnasi bermas menga omon.
Zulfin sabo uchirdi — u nokas falakka boq: Bermas majol kokilidan uzsam ushlabon.
Pargor singari yuraman chetda aylanib, Bir nuqtadek bu o‘rtaga yo‘l bermadi zamon.
Dermanki, uxlasam ko‘raman yor jamolini, Uxlatmagay meni sira Hofizdagi fig‘on.
* * *
Bulbul o‘ylarkim, hamisha unga gul go‘yoki yor, Gul xayoli: nozi bulbulning diliga qilsa kor.
Dilrabolik birgina ishq ahlin o‘ldirmoq emas, Gar yesa qullar g‘amin — shuldir ulug‘lik, e nigor!
La’lning qalbida qon mavj urmog‘i qimmatlidir, Boda narxin pastlatur, afsus, safolda bodaxor.
Bulbul o‘rgandi shirin so‘zlashni gulning fayzidan, Yo‘q edi unda bu xil nazmu tarannum, yor-yor.
Ketdi dildor — qancha dillar birga yo‘ldoshi erur, Qayda bo‘lsa saqlag‘il doim salomat, Birubor!
Sen agar nafsing tiyib, bexuda yo‘lga yurmasang, Shubhasiz vasliga yetgaysan, lursan baxtiyor.
Ey yo‘lovchi, dilbarimning ko‘chasidandur yo‘ling, Bosh yorar devori, xushyor bos qadam, oqista bor.
Garchi suxbat, ishrating xo‘b yaxshidur, ammo, ko‘ngul, Bermagil ishqni qo‘lingdan — u azizu e’tibor.
So‘fiy ichgan bo‘lmasa, nega kulohi qiyshayur? Ikki jom ichsa yana, salla chuvalgay, e nigor.
O‘rganib qolmish jamolishta bu Hofizning dili, Parvarish qilmish visoling, bermagil ozor, yor!
* * *
Bo‘ldim ishqingda kuyib, mashhuri jahon sham’dek, Tunda oshiqlar yo‘lida men nigahbon sham’dek.
Yumshadi mumdek g‘aming ilgida sabrim tog‘lari, O‘tu suv ichra erur, chunki tanu jon sham’dek.
Ey quyosh yuzli, bo‘libdur kecha sensiz kunduzim, Menda ishqing zo‘rligidan to‘ldi nuqson sham’dek.
Qirqilur sabrim pilik yanglig‘ g‘aming qaychisidan, O‘rtanur hajring-la tan har vaqt so‘zon sham’dek.
Ko‘zlarimdan balki tez-tez oqmaganda qonli yosh, Fosh bo‘lmas lrdi sirrim buncha har yon sham’dek.
G‘amga o‘rgangan ko‘zimga uyqu kelmas tunu kun, Chunki hijron dardidan ko‘z bo‘ldi giryon sham’dek.
O‘tu suv ichra sening ishqingda o‘rtandi ko‘ngul, Yoshi yomg‘irdek oqar har lahza, har on sham’dek.
Menga hijron kechasi yo‘lla visol parvonasin, Yo‘qsa, ohim aylagay olamni vayron sham’dek.
Ko‘kka yetkizgil boshimni bir kecha vasling bilan, Kel, yorit qalbimni husning birla, jonon, sham’dek.
Qoldi umrim bir nafas sensiz, nigorim, tong kabi — Shul zamon ko‘rsat yuzingni — topshiray jon sham’dek!
Qanday o‘chgay dil o‘ti — ko‘z yosh bilan mehring o‘tin Boshiga Hofiz ko‘gardi, bo‘ldi so‘zon sham’dek.
* * *
Dilimga g‘amzadan o‘q urma, jonon, Suzuk ko‘zingga boqib, chiqmasin jon.
Chiroying davlati yetdi nisobga, Zakotin menga ber — men haqli inson!