Turgil o‘rningdan, beraylik dilni ul maxga agar,
Mo‘liyonning bo‘yi kelsa lablaridan bebo‘nak.
Hofizo, ko‘z yoshidan ne sud bu ishq g‘avg‘osida,
Ummoningdan yetti daryo tomchidir yoki pufak.
* * *
Jon bejamoli jonon mayli jahoni yo‘qdir,
Mayli jahoni yo‘qdir, demakki, joni yo‘qdir.
Hech kimda dilbarimning topolmadim nishonin,
men xabarsiz omiy, yo hech nishoni yo‘qdir!
Har shabnami bu yo‘lning otashli bahri ummon,
Har dardi bir muammo — sharhu bayoni yo‘qdir.
Qo‘ldan chiqora ko‘rma farog‘atin damin hech,
Ey sorbon, jilov tort — yo‘lning poyoni yo‘qdir.
Chang qomati egilgan — ishrat aro chalurlar,
Chol so‘ziga quloq sol — aslo ziyoni yo‘qdir.
Dil, rindlik tariqin sen muhtasibdan o‘rgan,
Ichib yurar-u, elning undan gumoni yo‘qdir.
Qorun yig‘ibdi boylik, zamon etibdi barbod,
Zar yig‘magil, deya ayt, vafo hayoni yo‘qdir.
Agar raqibi sham’dir — undan siringni berkit,
Bilgilki, sho‘x dilafro‘z, bandi zaboni yo‘qdir.
Har kimsaning jahonda Hofiz kabi quli yo‘q,
Hech kimsaning seningdek shohi zamoni yo‘qdir!
— Erkin Vohidov tarjimalari —
* * *
Yorim qo‘liga qadahki olgay,
Bozori sanam kasodga qolgay.
Har kimki, ko‘zini ko‘rsa deydi:
Bu — mast, qani muhtasib, tutolgay?
Ashk bahri aro baliq bo‘libman,
Qarmog‘ini yor chu suvga solgay.
Zor ila ayog‘iga yiqildim,
Ummid etamen: qo‘limdan olgay.
Hofiz kabi xurram ul kishikim,
Jomi azali(y)ni no‘sh etolgay.
Kecha doston bo‘ldi oshiq davrada gisularing,
To yarim tun bahsga bois bo‘ldi anbar mo‘laring.
Kipriging novaklaridan qonga aylandi ko‘ngil,
Vah, yana qo‘msar, ajabkim, ul kamon abro‘laring.
Avfilillohkim, sabo keltirmasa sendan xabar,
Hech nasib bo‘lmasdi ko‘rmak bizga ko‘cha-ko‘laring.
Bexabar erdi jahon avvalda ishq oshubidin,
Qoldi g‘avg‘oga u ko‘rgach g‘amzai jodularing.
Men ham avvallar edim dardi junundin bexabar,
Qo‘ydi domin yo‘llarimga kokili hindularing.
Tugmalarni yechgil-u, dil mushkulin ayla kushod
Kim, yechilmog‘imga bois dilkusho kulgularing.
Kel vafo aylab, qadam qo‘y Hofizingning xokiga
Kim, bu olamdan olib ketmish meni orzularing.
— Jonibek Quvnoq tarjimalari —
* * *
Bir umr mayxona burchi xonaqohimdur mening!
Piri mayxo‘rlar hamisha qiblagohimdur mening!
Tong chog‘i may bo‘lmasa — hech bir xatarli joyi yo‘q,
Tongdagi qilgan fig‘onim uzrxohimdur mening.
Shukr eturman — yo‘q erur shohu gado birla ishim,
Do‘st dargohin gadosi podshohimdur mening!
Masjidu mayxonadan maqsad faqat diydor ko‘rish,
O‘zga yo‘q fikrim — Xudovandim guvohimdur mening!
Ostonaig boshga sstiq bo‘ldi-yu bir taxt kabi,
Oftobing toju taxti takyagohimdur mening!
Yetmaguncha to ajal tig‘i boshimga, shubhasiz,
Yuz o‘girmak eshigindan ishtibohimdur mening.
Nosavob ishlarga yo‘q, Hofiz, sening mayling vale
Xushodoblikdan deginkim: bu gunohimdur mening!
* * *
Lablaringning sharbatidan chiqmadi komim hanuz,
La’l joming orzusida bo‘sh turar jomim hanuz.
Kecha g‘orat bo‘ldi dinim ikki zulfing domida,
Ushbu savdoda ne tus olgay saranjomim hanuz.
Yanglishib tunda Xo‘tan mushki, dedim, zulfingni men,
Tig‘dayin botgay soching, qon sochgay andomim hanuz.
Yuzlaringni shulasin xilvatda ko‘rdi oftob,
Tig‘iga bo‘ldi nishona eshigu tomim hanuz.
Bir kuni nomimni tilga oldi jonon yanglishib,
Barcha oshiqqa misoli jon erur nomim hanuz!
Lablaringning soqi(y)si berdi azaldan qatra may,
Ketmagay mastlar tilidan nomu payg‘omim hanuz!
To bo‘lay oromi joning, o‘t, deding, jon baxtjdan,
G‘amlaringga jonni berdim — yo‘qdir oromim hanuz.
Yozdi Hofiz mex ila la’li labingning qissasin,
Chashmadur obi hayotga she’ru ilhomim hanuz.
— Olimjon Bo‘riyev tarjimalari —
* * *
Mudomim mast tutg‘aydir nasimi ja’di gisuying,
Xarob etgay meni har dam firibi chashmi joduying.
Necha sabru toqatdan so‘ng tuni, yo Rab, ko‘rolg‘aymen
Ko‘zim sham’ini yoqmog‘ini bir mehrobi abro‘ying.
Savodi lavhi ko‘rmoqni aning-chun men aziz tutgum:
Jonimg‘a nusxaye bo‘lg‘aymi naqshi xoli hinduying.
Agarda jovidon dunyoni yashnatmoqni istarsan,
Sabog‘a ayt, ko‘targaykim zamone burqa’i ro‘ying.
Va gar rasmi fano istarsan olamdan burib yuzni,
Ki silkib yer uza to‘ksin minglab jonni har mo‘ying.
Manu bodi sabo miskin — iki sarsoni behosil
Men afsun mast ko‘zingdin-u, u masti bo‘yi gisuying!
Yashab himmat-la Hofizingni dunyoyu oxiratdan,
Ko‘rinmas hech ko‘ziga juz ul xoki sari ko‘ying.
* * *
Dardimizga yo‘q darmon, alg‘iyos!
Hajrimizga yo‘q poyon, alg‘iyos!
Dinu dilni oldi-yu, jon olg‘usi,
Alg‘iyos, ey jabri jonon, alg‘iyos!
O‘ptirib bir — evaziga jon so‘rar,
Bag‘ritosh ul sho‘xi xubon, alg‘iyos!
Bevafolar qonimizni ichdi-ku,
Ey musulmonlar, ne darmon, alg‘iyos!
Misli Hofiz kecha-kunduz tinmayin
Yig‘ladigu yig‘ladik qon, alg‘iyos!
— Mirzo Kenjabek tarjimalari —
* * *
Yor zulfining yo‘lida xato ketsa — ketibdir!
Bizga qaro xolidan jafo ketsa — ketibdir!
Ul yor xirmanida ishq barqi kuysa — kuymish,
Shoh jabri biz gadoga ravo ketsa — ketibdir!