Выбрать главу
Dil xotiri tariqat yo‘lida yo‘q — ketir may, Ko‘rgan kudurating ham safo ketsa — ketibdir!
Sevgi sabot so‘raydir, ko‘ngilginam, sabr et, Malol kelsa — kelibdir, xato ketsa — ketibdir!
Dildor g‘amzasidin dil xor o‘lsa — o‘libdir, Jononu jon aro mojaro ketsa — ketibdir!
So‘z ahlidin malomat ayon kelibdir, ammo, Davradoshlar aro tek nizo ketsa — ketibdir!
Hofiz aybini, voiz, ayt, nega xonaqohda Bog‘labsan erk oyog‘in, qo‘y-o, ketsa — ketibdir!
* * *
Saloh bizdin ne istarsenki, mastlarga salo debmiz, Ajib mast nargising davri salomingga duo debmiz.
Menga mayxonaning ochg‘il eshikin — xonaqoh berkdir, Ishong‘il, gar ishonmassen, shudir so‘z, biz ado debmiz.
Sening ko‘zingdan, ey soqiy, xarob bo‘ldim, xarob bo‘ldim, Vale do‘stdan balo kelsa, yana ming marhabo debmiz!
Muruvvat etmasang bizga, pushaymonlig‘ bo‘lur oxir, Unutma hech bu ma’noniki, xizmatdin sango debmiz.
Dedim: qadding erur shamshodu yondirdi xijolatlar, Nechun aytib bu nisbatni, bu bo‘htonni raso debmiz!
Jigar nofam kabi qondir — qarodir, chin jazodir bu — Qaro zulfingga so‘z aytibmiz-u, chindan xato debmiz.
O‘zing otashsan-u, Hofiz valekin yor yonmaydir, Demak, guldin shikoyatni saboga noravo debmiz.
* * *
Dedim: Labing qachon-o bir komron aylayur? Dedi: Naki deyursan — ko‘zga, shu on aylayur!
Dedim: Misr xirojin aylayur talab labing. Dediki: Bu talabda bir oz ziyon aylayur.
Dedim: Kim ul — dahoning nuktasiga topdi yo‘l? Dediki: Bu qissani ul nuktadon aylayur!
Dedim: Samad-la o‘ltir, sanamparast bo‘lma! Dediki: Ishq unga ham, bunga ravon aylayur!
Dedim: Mayxona zavqi g‘amni olur dildin. Dedi: Yaxshidur ulkim, dil shodmon aylayur!
Dedim: Sharobu xirqa mazhabga odat ermas. Dedi: Qabul mazhabi piri mug‘on aylayur!
Dedim: La’li labingdin men keksaga ne suddir? Dediki: Bo‘sa boldur, ul navqiron aylayur!
Dedim: Qachon xoja hajla tomon borgay? Dedi: Qachonki oy-u Zuhro qiron aylayur!
Dedim: Duoyi joning etmak Hofizga shondir! Dedi: Yetti osmon duoyi jon aylayur!

— Ergash Ochilov tarjimalari —

* * *
Bir dilbari jononimiz oldi-ku dilu jonimiz, Oldi-ku dilu jonimiz bir dilbari jononimiz.
Bersa o‘pich jononimiz qayta tirilgay jonimiz,
Qayta tirilgay jonimiz, bersa o‘pich jononimiz.
Chin ravzai rizvonimiz yor eshigin tuprog‘idir, Yor eshigin tuprog‘idir chin ravzai rizvonimiz.
Bizning dili hayronimiz oshuftayu shaydosidir, Oshuftayu shaydosidir bizning dili hayronimiz.
Ul Yusufi Kan’onimiz husn iqlimining shohidir, Husn iqlimining shohidir ul Yusufi Kan’onimiz.
Sarvi bog‘u bo‘stonimiz zebo, kelishgan qomati, Zebo, kelishgan qomati sarvi bog‘u bo‘stonimiz.
Shu Hofizi xushxonimiz fazlu kamol timsolidir, Fazlu kamol timsolidir shu Hofizi xushxonimiz.
* * *
Qaytadi Kan’onga ul Yusufi sarson, g‘am yema! Bir kuni g‘am kulbasi bo‘lgay guliston, g‘am yema!
Bo‘lma badbin —g‘amzada ko‘ngling ishi o‘nglangusi, Toabad savdoli bosh qolmas parishon, g‘am yema!
Boshga tortarsan yana gul pardasin bo‘ston aro Kelsa umring ko‘klami, bulbuli xushxon, g‘am yema!
Bu falak biz istagandek bir nafas aylanmadi, Lek mudom bir xilda qolmas charxi gardon, g‘am yema!
Noumid bo‘lma, ilohiy sirga aqling yetmasa, Ko‘p o‘yinlar, bilsang, ul pardada pinhon, g‘am yema!
Gar fano seli hayotingning asosini yiqar, Nuh panohing bo‘lsa, kelsin, mayli, to‘fon, g‘am yema!
Ka’ba shavqida bisbonlarni qat’ esang agar, Shox-tikan tilsa oyoqni, aylasa qon, g‘am yema!
Bizga yor hajri, raqib ozori, bas, qismat emish, Holimizdan boxabar aslida Yazdon, g‘am yema!
Kimki sargardon bo‘lib, olamda g‘amxo‘r topmadi, Oqibat bir mehribon topgay ul inson, g‘am yema!
Garchi manzil ko‘p xatarlik, garchi maqsad noayon, Yo‘q biror yo‘lki, unga bo‘lmasa poyon, g‘am yema!
Bu faqirlik go‘shasi, tun xilvatida, Hofizo, To ishing zikru duo, tahsili Qur’on, g‘am yema!
* * *
Do‘stlar bazmu visolin yodda tut! O‘tgan ul kunlar xayolin yodda tut!
Bir vafoli do‘st topolmaysan bu kun, Ul vafo ahli kamolin yodda tut!
Qildi g‘am achchig‘i og‘zimni zahar, Jom jarangi, may zulolin yodda tut!
Men-ku g‘amga chora topmay yonaman, Chorasiz holi maholin yodda tut!
Garchi do‘stlar men faqirni eslamas, Har nafas do‘stlarni holin yodda tut!
Men balo domiga bo‘ldim mubtalo, Haqparastlar sa’y-jidolin yodda tut!
Qoldi Hofizning siri aytilmayin, Sirdosh ulfatlar jamolin yodda tut!
* * *
Jahonda bo‘ldi odat bevafolik, Birovda yo‘q nishoni oshnolik.
Hunar ahli faqirlik hasratidan Xasislar qoshida qilgay gadolik.
Bu kun har kimki donishmand jaqonda, Unga qismat alamga mubtalolik.
Kishi johilu nodon bo‘lsa qancha, Bu bozorda uning moli baholik.
O‘qib shoir chiroyli she’rlarini Ko‘ngillarga ulashsa ro‘shnolik.
Tariqcha xayru eqson aylamaslar, Sanoiydek agar she’ri safolik!
Kecha aqlim qulog‘imga shivirlar: Chida, ketmas boshingdan benavolik!
Kel, ey Hofiz, bu pandni tingla jondan, Ado qilgunicha she’rga fidolik.