Soqiy, Jam jomidan tutgil shunday may,
Yo‘qlikda obodlik lofini urgay.
Menga berki, agar yorliq qilsa jom,
Jamdek bilay olam sirrin batamom!
Bu ko‘hna olamning sayridan gapir,
O‘tmishdagi shohlar umrida ne sir?
Bizga hamon manzil bu xarob jahon,
Afrosiyob taxti ketmishdir qayon?
Lashkarboshi Piron turmas oyoqda,
Turon qilichbozi Sheda qayoqda?
Piron qayga ketdi, lashkari qani?
Turonli Sheda-chi, xanjari qani?
Faqat taxtu qasri bo‘lmadi barbod,
Mozorin ham hech kim aylamaydi yod.
Hali ham bizlarga bekat biyobon,
Tur lashkari unda gum bo‘lgan oson.
Ne xush so‘z demishdi Jamshidi dono:
Arpa doncha turmas besh kunlik dunyo!
Soqiy, o‘shal tobnok otashni keltir,
Zardushtni chiqorsin tuproqdan axir!
Menga ber-chi, ichib bo‘lay rindu mast,
Nazdida bir otash yo dunyoparast.
Kel, soqiy, har kimda nihoniy iffat,
Xarobot ichinda o‘ltirar faqat.
May bergilki, badnom bo‘lmoq istayman,
Xarobi mayu jom bo‘lmoq istayman.
Andishaga olov solguvchi may ber,
O‘rmonga o‘t qo‘ysin uni ichsa sher.
Ichib, shergir falak boshiga boray,
Bu keksa bo‘riga tuzoq ham solay.
Shunday may ber, soqiy, jannatiy otash
Ila hur atrini qilib aralash.
Bu xushbo‘ylikni ham uray otashga,
Bir xushluq keltiray aqlu dil g‘ashga.
May bergil, ey soqiy, keltirsin shohlik
Pokligidan ko‘ngil bersin guvohlik.
May bergil gunohdan pok aylagan choq,
Go‘rdan bosh ko‘taray, ishratda quvnoq.
Ruhoniylar bog‘i bo‘lmish maskanim,
Nechun taxta uzra banddadir tanim?
Menga sharob ber-u, davlatim ko‘rgil!
Xarob aylab, ganji hikmatim ko‘rgil!
Men shunday qo‘limga qadah olgan on
Bo‘ladir ko‘zguda har sir namoyon.
Mastlikda podsholik damin urgayman!
Shohlikda gadolik damin urgayman!
Mastlikda sir durrin terayin chandon,
Behudlikda sirni kim tutar pinhon?
Agar Hofiz qo‘shiq aytsa mastona,
Zuhra rubob kuyi to‘lar osmona.
Mug‘anniy, qaydasan, yangratib rubob,
Shohona qo‘shiqni esga ol shu tob.
Bexudlik yo‘lini tanlabon biz ham,
Zikr sho‘x raqsiga tushaylik bul dam.
Taxtu toj iqboli farovon bu kun,
Daraxtida shohlik mevasi to‘kin.
Zamon podshohi, zamin sardori,
Davlat osmonining oyi, tojdori.
Ul shohlik taxtining ustuvorligi,
Baliqdan qushgacha tinchlik yorligi.
Iqbol egalarin ko‘z nur hikmati,
Sohibdil kishilar valine’mati.
Alo, ey humoyu humoyunnazar,
Farishtatabiat, muborakxabar,
Falak sadafida sendek gavhar yo‘q,
Faridun, Jamshidda sendek javhar yo‘q.
Iskandar taxtida davron sur ko‘p yil,
Donishmandlik ila kashf etib ko‘ngil.
Birovning diliga tig‘ ursa ro‘zgor,
Boshqa bittasini qilur mansabdor.
Mug‘anniy, chalib ber yangi bir navo,
Rubob chalib, ayla raqibga nido:
Bu kun yov ustidan topurmiz zafar,
Osmondan kelmoqda yaxshilik xabar.
Mug‘anniy, xursandlik kuy-la qo‘sh hissa,
G‘azal qavli birla boshlagil qissa.
G‘am yukidan yerga botmishdir oyoq,
Usuling zarbi-la qo‘zg‘atgil bu choq.
Ulug‘lar ko‘nglini kuy ila shod et,
Parvizu Borbadning nomini yod et!
Mug‘anniy, pardadan shunday naqsh ol,
Parda tagidagi gapni esga sol.
Musiqa sadosin yangrat shu zayl,
Nohid ham raqsga tushsin muttasil.
Shunday chalki, so‘fiy hushidan ketsin!
Mast bo‘lib, xayolan visolga yetsin!
Mug‘anniy, childirma, sozingni soz et,
Yaxshilik odati birla ovoz et!
Firibgar jahonning qissasi ravshan,
Homilador bu tun ne tug‘ar ekan?
Mug‘anniy, ozurda xotirim kuyla,
Yagona bo‘lsa ham bu sirim kuyla.
Davrondan g‘am-alam ko‘radi dilim,
Bilib bo‘lmas kimga intizor o‘lim.
Mug‘ rindi yoqmoqda yana olovin,
Kimning o‘chog‘ini buzar qalovi?
Qon to‘kuvchi bunday qiyomat kuni,
Kosayu ko‘zasi sinsaydi uni.
Mastlarga ashula payg‘om yubormish,
Ketgan do‘stlarga ham salom yubormish.
Kel, soqiy, o‘shal may otashga oshno,
Yubor, g‘amdan xalos bo‘lay mutlaqo!
Menga may ber — ko‘ngil sultoni edim,
Bu kun olis ketdim, dil joni edim.
Kel, soqiy, kelaqol, umr — bevafo,
May — vosita, unga gado bo‘l, gado!
Faqat may umrga qo‘shadir umr,
G‘oyibning eshigin har dam ochadir.
Kel, soqiy, sharob suz, majlis et barpo,
Dunyo bevafodir, dunyo bevafo!
Uning qilmishidan shuni oldim yod,
Kayqubod tojini ul etdi barbod.
Kel, soqiy, dil komin maydan et talab,
Dil oromin istab, ich kech, ertalab.
Agar dardu g‘amga sabr etsa dil,
Dildan qutqarmoqni maydan talab qil.
Kel, soqiy, kosani qil limmo-lim may,
So‘zlab beray nechuk o‘tdi Kisro, Kay.
Kel, soqiy, dunyodan g‘aflatda qolma,
Oxir qoning to‘kar — ichishdan tolma!
Kel, soqiy, kelaqol, sarkashlik qilma,
Sen ham tuproqdansan, o‘tdan deb bilma!
Qadaxga mayni quy, yoqimli otash,
Ayniqsa, sof bo‘lsa va ersa beg‘ash.
Kel, soqiy, esganda xush bo‘yli nasim,
Dunyoda qolmagay na oltin, na sim.
Keltir, soqiy, boda bo‘lsin la’lin, sof,
Qo‘lga tut, tugasin bu yolg‘onu lof.