Выбрать главу
Tasbehu xirqadan bezorman mudom, May-la ikkovidan bo‘shat, vassalom!
Mayxona kunjidan kelaqol, soqiy, Undan uzoqlashma, unda umr boqiy.
Desa kim: mayxona yurursan nechun? Ne javob berursan? De: Xayrli tun!
Keltir, soqiy, menga arg‘uvon qadah, Undan dilga shodlik va jonga farah.
Menga tutgil, g‘amdan xaloslik berar, Bazmga ko‘rsatib yo‘l, xoslik berar.
Kel, soqiy, may tutki, bo‘lsin jonparvar, Xasta dilga jondek g‘amxo‘r dilovar.
May bergil, jahonga quray bir chodir, Sarpardam osmondan baland bo‘ladir!
Kel, soqiy, quyoshdek, oydek, tutgil jom, Taxtim oyog‘ida falak, vassalom!
Kel, soqiy, ko‘hna ul maixo‘rlik bo‘lsin! Mast bo‘lay, qadahing paydarpay to‘lsin!
Beg‘ash qadahingdan agar bo‘lsam mast, Xush kuylarni kuylay men — ishratparast.
Kel, soqiy, jannatdek bo‘ldi anjuman, Yuzingdan yashnadi misoli gulshan.
Maydan chetga, soqiy, tushmaydir yo‘lim, Bir qadah boqiy may ila tut qo‘lim.
Jonimni halqumga keltirdi davron, Mug‘lar dayri tomon yo‘l oldim ravon.
Bu jahon g‘amidan naf yo‘qdir, hech naf, Uni qilmoq mumkin boda ila daf.
Kel, soqiy, zavqbaxsh maydan suz bul kun, Ul maydan Raxshga minmoqlik mumkin.
Tahamtan misoli olaylik maydon, Dilimiz komi-la qilaylik javlon.
Kel, soqiy, uzatgil yoqutdek ichku, Shodlik eshigini dilga ochar u.
Kel, soqiy, may tutgil misli Salsabil, Jannat borligidan dilga u dalil.
May ber, sho‘x kuylasin childirmayu nay, Kay tojidan avlo menga unday may!
Kel, soqiy, podshoh xuzuriga bor, Jamshid tojli shoxga so‘zim et oshkor:
Benavo miskinlar dilini ovla, So‘ngra jahonnamo jomingni kovla…
Mug‘anniy, chalgil chang ila arg‘anun, Ko‘ngildan quv nokas bu dunyo fikrin.
Agarda bir zamon bo‘lsam xotirjam, Ko‘ngilda qolmagay na dardu na g‘am.
Mastlarga ashula va jom yuborgil, Ketgan sronlarga salom yuborgil.
Mug‘anniy, beri kel, men-la etma jang, Childirmaga qo‘l ur gar bo‘lmasa chang.
Eshitdimki, boshga tushsa g‘am, balo, Childirma ovozi ko‘ngilga davo.
Mug‘anniy, qaydasan, gul vaqtidir, gul, Chamanni chah-chaxga to‘ldirdi bulbul.
Qonim qaynat, dilni urushga keltir, Bir nafas changingni xurushga keltir!
Mug‘anniy, beri kel, uding bo‘lsin soz, Yangi-yangi navo aylasin ovoz!
Bir nag‘ma ila qil dardimga chora, Dilim misli xirqa ayla sadpora.
Mug‘anniy, ne bo‘lur qilsang lutfu qut, Naying birla dilga solsang otash, o‘t.
Meni fikru o‘ydan xalos et bir dam, Dardim kuyib ketsin, barbod o‘lsin g‘am!
Mug‘anniy, qaydasan, navo et niyat, Bizdek benavoga ber imkoniyat.
Oxir bo‘shar ekan bizdan bu dunyo, Bilib qo‘y, shoxlikdan gadolik a’lo!
Mug‘anniy, tinchima, kuyla chalib soz, Biz bechoralarga o‘zing chorasoz.
Iroq yo‘lin ko‘rsat o‘zing chalib rudh Ko‘zlarim suvini ayla Zindarud.
Mug‘anniy, kel, eshit mendan ushbu pand, Mening tilim bilan so‘zlar donishmand.
Agar g‘am boshlasa hujum — tuz lashkar: Childirma, rubob, nay, chang bo‘lsin askar.
Mug‘anniy, sirimga sen yolg‘iz mahram, Bir muddat nay chalib, hamdam bo‘l bir dam.
May birla uloqtir dilda bo‘lsa g‘am, Bir dam naying chalki, bir damlik olam.
Mug‘anniy, qaydasan, chalsang-chi, rubob, Kel, soqiy, kosaga solsang-chi sharob!
Kel, ishrat qilaylik o‘ltirib boham, Yengiltaklik qilib, kulaylik bir dam.
Mug‘anniy, she’rimdan o‘qib bir g‘azal, Barbat kuyi ila dardga top amal.
Kelaqol, dunyoga hirs qo‘yma zinhor, Kishi mol-dunyo-la topmagay qaror.

Shoislom Shomuhamedov tarjimasi

TARJE’BAND

Do‘stlikni nega sovurding, ey yor? Shul bo‘ldimu va’da, a vafodor?
Majruhu zaif dilimga tokay G‘am ilgida berguzarsan ozor?
Zulfingga asiru beqarorman, Aytginki, bo‘lak ne xislating bor?
Tokay bu g‘ariblaringni jonin Qiynab etasan jafo bilan xor?
Har qanchaki dilni kuydirursan, Men toqat etarman, e sitamkor!
Rahm ila, dedim, sitam qilishdan Qo‘l tortasan endi balki, dildor?
Yo‘q zarra umidki, san biror kun Oshiqqa bo‘lurmiding vafodor?
Eng yaxshisi shulki, sabr etarman, Maqsadga shu yo‘l bilan yetarman.
Soqiy, ichay endi qona-qona, Tun bodasidan sun oshiqona.
Boshimda agar hushim bo‘larkan, To‘xtatma qadahni — qil ravona!
Oshyonasidan chamanda qushlar Boshlabdi yoqimli sho‘x tarona.
Sozanda qo‘lingga sozing olgil Sen ham shu nafasda bebahona.
Yor vaslidin aylagil tarannum, Dildan chiqar ud kabi tarona.
Tokay bu zamon g‘amin yegaysan, Hofiz, may ich, ayla shodiyona!
Ko‘ksimda alanga oldi ko‘p vaqt, Ko‘nglim g‘amin o‘ti g‘olibona.
Gar bo‘lmasa hajr dengizining
Qirg‘oqlaridan biror nishona.
Eng yaxshisi shulki, sabr etarman, Maqsadga shu yo‘l bilan yetarman.
O‘lsam agar ishq azobidan man, Dilni uza olmagum g‘amingdan.
Oy birla quyosh dilini ezgay, Nolam meni ko‘k sari yetarkan.
Har lahzada qoshlarin kamoni O‘qlar otadi karashmasidan