Выбрать главу

46

Suv ketdi tagiga umr vayronasining, To‘lmoq g‘ami bosdi umr paymonasining. Ey xoja, ko‘zingni och, zamon hammoli Raxtini qo‘pormoqda umr xonasining…

47

Ey, tortinadi g‘unchai mastur sendan, Hayronu xijil nargisi maxmur sendan. Gul teng kela olmas senga, ul mohtobdan — Gar yog‘du emar, oladi oy nur sendan.

48

Hech bir umidingni oqlamas charx — olchoq, Har aylanishidan titra misli yaproq. Deding: «Qoradan keyin bo‘lak rang bo‘lmas, Bo‘ldi nega unda qora sochim oppoq?!»

49

G‘amdan o‘zga mening madadkorim yo‘q, G‘amdan o‘zga ishq ichra ham yorim yo‘q. Bas, topmadim o‘zga hamdamu hamrozni, G‘amdan o‘zga do‘stu vafodorim yo‘q.

50

Maqsad yo‘lida umrni zoye’ qildim, Naf’ ko‘rmaganimni bu zamondan bildim. Har kimga degan esam seni do‘st tutdim, Bo‘ldi o‘sha dushmanim — bag‘rini tildim…

51

Ey yor yuzi ishqi, meni ko‘p zor etma, Dilxasta bu rind ahlini xummor etma. Rasmini yo‘lovchilarning, so‘fiy, bilasan, Rind ahli haqinda so‘zni bisyor etma.

52

Kelmaydi xayolimga o‘yingdan o‘zga, Yo‘l borini bilmadim ko‘yingdan o‘zga. Har diydaga uyqu yoqar, ammo mening Ko‘zimga ko‘rinmaydi bo‘yingdan o‘zga.

53

To hukmi ilohiy bunda mangu bo‘lgay, Hamrohing abad quvonchu kulgu bo‘lgay! Qo‘lingdan agar men bir qadah no‘sh etsam, Bas, mangu hayot sarmoyasi shu bo‘lgay!

54

May maydalab o‘ltirsa, na soz, suv bo‘yida, Dunyo g‘amu tashvinshni qo‘y — behuda. Gul umri kabi hayotimiz o‘n kundir, Bil har damini uning g‘animat juda.

55

Shodlik qushining navolari kelmoqda, Yo Bog‘i Eram havolari kelmoqda, Yo yor labidan sabo xabar keltirmish, Alqissa, ajib sadolari kelmoqda.

56

Avvalda vafo qildi tutib jomi visol, Mast etdi-yu, hajr aro so‘ng otdi u hilol, Har ikki ko‘zim yoshga, dil otashga to‘la, Tuproq kabi jonim yulida bo‘ldi uvol…

57

Oftobdek ul oy yuzi munavvar bo‘ldi, Xatti bo‘yida chashmai kavsar bo‘ldi. Dillarni u soldi chohiga kulgichining, Choh tegrasi butkul mushku anbar bo‘ldi.

58

Sepgan kabi yuz tilim jigar ustiga tuz, Hajring g‘ami tutdi xasta ko‘nglim sari yuz. Qo‘rqib yashagan edim mudom hijrondan, Hayhot, o‘sha ayriliq yetib keldi bu kez…

59

Ko‘yingda meningdek kishi yo‘q bexona, Nazdingda meningdek kishi yo‘q begona. Zulfing doriga osishgani bejiz emas — Ishqingda meningdek kishi yo‘q devona.

60

Ko‘nglim qushi to tushdi g‘aming domiga-yey, Bo‘ldi u yo‘liqqan kabi tig‘ komiga-yey, Dunyo qadahin sharbatidan bezorman, To‘ldi jigarim qoni g‘aming jomiga-yey.

61

Vaqt yetdi, xumorlar asta qo‘zg‘olgaylar, Yoru mayu soz yonidan joy olgaylar, O‘tkinchi hayotga qasdma-qasd ul damda Jom birla qadahga qora qon solgaylar.

62

Yer sochini tutdim: «Ey hayotim naqshi, O‘nglagil ishim, dilimning farahbaxshi». Dedi: «Qo‘y-u sochimni, labimni ista, Bir lahzalik aysh uzun umrdan yaxshi!»

63

Jonon, seni tark aylamak ermas oson, Zumrad xating qoshida to bermay jon. Jonimni g‘izosidir u yoqut lablar, Kelmaydi teng unga ikki yuz ming marjon.

64

Derlarki, behisht eshigiga yetgaymiz, May — qo‘lda, malak — quchoqda aysh etgaymiz. Bas, biz mayu ma’shuqni desak, ne bo‘pti? Ish oqibati shunday ekan, netgaymiz?!

65

Gul baxti juda kulgan ekan gulshanda, Yig‘laydi bulut, gul-chi, qiladi xanda. Maqtansa-da ozodligidan harchand sarv, Tik qaddi bilan bo‘libdi gulga banda.

66

Vaj topadi, kim bodani inkor qiladi: Shunday tirilar, har kishi qanday o‘ladi! Bizlar yashadik ma’shuqu may birla mudom, Bas, hissa: qiyomatda-da shunday bo‘ladi!

67

Sho‘r baxtim agar bo‘lmasa yor, men na qilay? Ko‘nglimni quvonch aylasa zor, men na qilay? Ko‘zimning u gavhari edi — tark etdi, Bu gavhari yo‘q ko‘z endi xor, men na qilay?

68

Qay dam nazaring bu dili g‘amnokka yetar, Go‘yoki quyosh shu’lasi xoshokka yetar. So‘z qotma, esam-da gar yo‘ling tuprog‘i, Ming hayfki, ovvozing agar xokka yetar…