Выбрать главу

69

Gar ko‘ylagini yechsa u oy yuzli pari — Motdir bu jahondagi go‘zallarning bari! Qalbi ko‘rinar ko‘ksida nozikligidan Sof suvda ko‘ringan kabi tosh zarralari.

70

Shoh taxtida o‘ltirsa-da to‘kib yoshini Gul zorlanadi: «Ko‘ring bu dunyo ishini: Gar shuncha kuyar men kabi shaffof xilqat, Voy, holiga ming voy gunohkor kishining!»

71

Tokaygacha bu elga jafo qilgaysan? Ozurda ko‘ngillarni yana tilgaysan? Dil ahli qo‘lida qonsiragan tig‘ bor, Qoning seni bo‘yningda erur bilgaysan?..

72

Tong yeli, o‘shal suluvga xushtorligim ayt, Bir ko‘rgali oy yuzini ming zorligim ayt, Tunlarni shirin uyquda o‘tkazguchi ul — Beg‘amga qachondan beri bedorligim ayt.

73

Dedimki: «Labing?» Dedi: «Labim — obi hayot». «Og‘zing-chi?» — dedim. Dedi: «Bu — bir dona nabot». Dedimki: «So‘zing?» Dediki: «Hofiz aytmish: «So‘z pirlarini duo bilan aylang yod!»

74

Mardlikni so‘ra fotihidan Xaybarning![12] Ximmat sirini xojasidan Qambarning![13] Haq fayzini, Hofiz, tilasang astoydil, So‘r manbaini soqiysidan Kavsarning!

75

Ey do‘st, g‘anim jafosiga qo‘l silta! Maydan o‘zga safosiga qo‘l silta! Haqni bil-u, o‘zingni — bu olam elining Har yaxshi-yomon bahosiga qo‘l silta!

Ergash Ochilov tarjimalari

вернуться

12

Xaybar fotihi — Hazrat Ali.

вернуться

13

Qambar — Hazrat Alining quli, xizmatkori.