Выбрать главу
Kechdi Hofizga seni yod etish ila tun-kun, Sen-chi, bu qul g‘amidan bo‘yla tamoman ozod.
* * *
Dedim: G‘aming chekarman. Dedi: O‘tar bu g‘am ham Dedimki: Menga bo‘l oy. Dedi: Chiqar biror dam.
Dedim: Vafolilardan o‘rgan vafo yo‘lini. Dedi: Go‘zal sanamda mehru vafo bo‘lur kam.
Dedim: Soching isi-la yo‘ldan butun adashdim. Dediki: Bandalik et — bo‘lgay nigor hotam.
Dedimki: Toza ko‘ngling bo‘lgay qachon muloyim? Dedi: Jafoga sabr et, shoyad yetar o‘shal dam.
Dedim: Xayoling ila termuldi ko‘z yo‘lingga. Dediki: Tun yurarning so‘qmog‘i boshqa olam.
Dedim: Ajab havo bu — jainatdan esdi go‘yo. Dedi: Bu yor saridan esgan shabada — ko‘klam.
Dedim: Labing mayining orzusi birla o‘ldim. Dediki: Sabr qilsang, bo‘lg‘usi dardga marham.
Dedimki: Ayshu suhbat, ko‘rdingki, qanday o‘tdi?
Dedi: Jim o‘lki, Hofiz, kechgay bu qayg‘u — motam.
* * *
Har nechakim yuzlaring oy, kunga nisbat qildilar, Surating ko‘rmay turib, taxmin-la tuhmat qildilar.
Ishqimizning sho‘rishidan zarra miqdorindadir Har nakim Farhodu Shirindan hikoyat qildilar.
Jon bag‘ishlar yuzi gullarning oyoq gardi isi, Onglilar undan dimog‘in chog‘u rohat qildilar.
Qarg‘a, quzg‘un ov uchun bog‘lab boqishga arzimas, Lochinu qirg‘iyni ammo shunday izzat qildilar.
Boqmangiz rindlarni tahqirlab, safol deb kosasi, Bu hariflar jomi Jam bazmida xizmat qildilar.
Qilmadi mujgon o‘qi ham jodutar afsunlari, Javrlarkim, zulfu mushkin xoling odat qildilar.
Bizga bir bo‘sa yetardi — qilmadi ruxsat labing: Bu shirin lablar mudom shunday ishorat qildilar.
Soqiyo, may ber — azal taqdirining tadbiri yo‘q, Hech bir o‘zgarmasligin ta’kidu hujjat qildilar.
O‘tli, pardozli yuzi birla go‘zallar dam-badam
So‘fiylarning dil bilan diniii g‘orat qildilar.
Maqtadi ehsonlaring she’rida Hofiz har qachon, Tinglaganlar she’rini tahsin-u rahmat qildilar.
* * *
Oftob kabi har ko‘zga yuzing jilvagar o‘lsin! Xo‘bliqda yuzing xo‘blig‘i har on digar o‘lsin!
Davlat qushi — lochin pari yanglig‘ qaro zulfing Dunyodagi shohlar boshida toji sar o‘lsin!
Har dilki, sening zulfinga band o‘lmas ekan, u Bo‘lsin jigari qon, o‘zi undan batar o‘lsin!
G‘amzang o‘qi yog‘sa, sanamo, boshima har dam, Ul o‘q qoshida g‘amzada ko‘nglim sipar o‘lsin!
Bir bo‘sa menga ushbu shakar labdan et ehson, Jon komi uning lazzati birla shakar o‘lsin!
Har lahza menga yangilanur shavq ila ishqing, Har damda sening ravnaqi husning digar o‘lsin!
Hofiz dilu joni ila diydoringga mushtoq, Bir boq unga — ehsoning ila bahravar o‘lsin!
* * *
Yuzingdek yorqin oy osmonda ham yo‘q, Qadingdek sarv hech bo‘stonda ham yo‘q.
Labingdek la’l yo‘q — dil etguchi shod, Tishingdek toza bir dur konda ham yo‘q.
Labing jonbaxsh rayhon orasida — Bu xislat chashmai hayvonda ham yo‘q.
Senga bir tan teng o‘lmas bu jahonda: Tan ermas, ushbu tenglik jonda ham yo‘q.
Erur Hofizni she’ri shirin, ammo, Shirinlik yor labidek onda ham yo‘q.
* * *
Ko‘ngilda labingni shavqi, jono, La’lingdan unga nedir tamanno.
Shavqing mayi, sevgining itrobi Dil shishasida bori huvaydo.
Zulfingni asirlariga doim Dard ila baloni domi ma’vo.
Dildorim oti nedir, so‘rardim, Menga sira uchramas u barno.
Andisha qiluvchi yurtu eldan Yori ila o‘ltirolmas aslo.
Shod ul kishining dili hamisha, Dildor ila ayshi bo‘lsa barpo.
Bir noz ila ov qilishga dilni, Gul uzra binafsha bo‘ldi oro.
Hofiz, shu ko‘ngilli dam g‘animat Asbobi tarab bori muhayyo.
* * *
Saharda bulbul arz etdi saboga, Gul ishqi netdi, deb biz benavoga.
Erurman nozanin ehsoniga qul, Qilur u yaxshi ish ketmay riyoga.
Xayrli bo‘lsin unga tong shamoli, Davo qildi tun uyg‘oq bedavoga.
Sira begonalardan nolimasman, Na bo‘lsa — yetdi do‘stdan oshnoga.
U sunbul zulfi guldan parda ochdi, Tugundan g‘uncha chiqdi sof havoga.
Yuzu rangin ko‘rib, qon bo‘ldi ko‘nglim, Duchor o‘ldim tikan otlig‘ baloga.
Qilur har joyda bulbul ohu afg‘on, Maza bu o‘rtada bodi saboga.
Kutib sultondan ehson yanglishibmai, Jafo ko‘rdim yalingach bevafoga.
Borib may sotquchiga xush xabar ber Ki, Hofiz yurmagay endi riyoga.
* * *
Bilsangki, changu ud nelarni qilur bayon, Ta’zir etilmayin desang, ich bodani nihon.
Eltarlar ishq nomusin, oshiqning ravnaqin: Yoshlarni aybu cholni qilib ta’naga nishon.
Derlar: bu sevgi sirin eshitmang-u, so‘zlamang, Mushkul hikoyadurki, qilurlar uni bayon.
Biz tashqarida aldanamiz makru hiylaga, Parda aro ular nima tadbirda bu zamon.
Piri mug‘onni vaqtin olib, tashvish orttirar, Ko‘rgil, murid pirga na qilmoqchidir bu on.
Yuz dilni bir boqish ila mumkin sotib olish, Xo‘blar tag‘oful ayladi bu haqda har qachon.
Bir qanchalar urinsa tilab yor vaslini, Taqdir ishi, degay, uni bir qanchalar hamon.
Bo‘l ehtist, inonma, bu olamda yo‘q sabot, Har damda o‘zgaruvchi bir ishxona bu jahon.