Xush keldi menga tundagi bulbulning xonishi,
O‘z shoxlarini chirmadi gul barglar aro.
Shod o‘lgil, e ko‘ngilki, u nozu itobli yor
O‘z baxtidan itobda qolur bu shahar aro.
Dunyoda hech mashaqqat, azob tortmayin desang,
Ahdingda tur, so‘zingni botirma zahar aro.
Betinch qiluvchi hodisa cheksa falakka bosh,
Taqdirin ongli kimsalar otmas zarar aro.
Hofiz, agarda vasl abadiy bo‘lsa barqaror,
Qolmasdi Jamshid taxtidai ajrab, xatar aro.
* * *
Ajab Sherozkim, yo‘qdir misoli.
Xudoyo, bo‘lmasin hargiz zavoli!
Bu Ruknobod yeuvi tahsinga loyiq,
Berur Xizr umrini salqin zuloli.
Musallo, Ja’farobod orasida
Esar mushk ila anbardek shamoli.
Kelib Sherozga, ol fayzu sharaflar,
Juda ko‘pdir aziz sohibkamoli.
Kigaida Misr qandin yod etarga
Shirinlar oldida qolmas majoli.
Sabo, ul sho‘x go‘zal, mastlar haqida
Ne bilgaysan, nechuk onlarni holi?
Meni bu uyqudan uyg‘otmangiz hech,
Dilimni shod etar shirin xayoli.
* * *
Misoli tongsan-u, men sham’dek bo‘libman ado,
Kulib qarar, nechuk etgum bu jonni senga fido.
Shu zulfing o‘ldi sabab — tushdi dilga har neki dog‘,
Go‘rimdan ungusi o‘lsam binafsha birla hino.
Umid ostonida ko‘z eshigin ochgan edim,
Bir aylading nazar — olding ko‘zim qarosida jo.
Nechuk shukr qilay, ey g‘am seli, kechirsin Haq
Ki, mendan lmas eding kimsasiz chog‘imda judo.
Ko‘zim qarochig‘iga qulman — unga dil dardin
Degach hamisha u ming tomchisini qildi davo.
Nigorim ayladi jilva hama nazarga vale
Karashmasini ko‘rolmaydi kimsa mencha raso.
Shamoldek o‘tsa yorim qabrim ustidan Hofiz,
Kafanni shavq ila albatta yirtaman go‘raro.
* * *
Kel, endi gul sochib har yon, qadah qo‘lda o‘turgaymiz,
Buzib charx eski tomin, yangi bir tarh ila qurgaymiz!
Agarda tortsa g‘am lashkar to‘kishga ishq eli qonin,
Men-u soqiy bo‘lib birga, bu tashvishni bitirgaymiz.
Erur qo‘lda go‘zal cholg‘u — yoqimli kuyla, sozanda,
O‘qub she’r-u, oyoq raqsini avjiga keturgaymiz.
Sabo, elt jismimiz gardin u yuksak oston sori
Ki, shoyad xo‘blar shohi yuzin bir bora ko‘rgaymiz.
Biri aqlidan urgay lof, biri doim to‘qir yolg‘on,
Kel, arzu dodimizni endi hokimga gapurgaymiz.
Agar jannat tilarsan, biz bilan mayxonaga yurgil,
Seni xumning tagidan havzi Kavsarga yeturgaymiz!
Qadahni to‘ldirib lim-lim qizid gul singari maydan,
Sochib atr, ud tutatgaymiz, ulug‘ bir bazm qurgaymiz.
Kel, ey jonon, yuzing nuri bilan majlisni porlatgil,
Qoshingda sher o‘qub bu dam, oyog‘ingga bosh urgaymiz!
Bilimdonlik va xugixonlik emas Sherozda hech manzur,
Kel, ey Hofizki, biz yuzni bo‘lak yurtga o‘gurgaymiz.
* * *
G‘ariblik tunida hamdam ohu faryodim,
G‘ariblik g‘amu hasratlaridir ijodim.
Diyoru yor xayolida zor yig‘larman,
Safar otin yo‘qotish bo‘ldi fikr ila yodim.
Raqib yurtidan ermas, u yor elidan men,
Rafiqalarimga yetur — mehribon qil imdodim.
Xudo uchun menga, yo‘lboshchim, ayla endi ko‘mak
Ki, maykada aro shuhrat-la aylasin yodim.
Agarchi keksaman, ammo havas bunga boqmas,
Yana u yosh pari ishqiga bo‘ldi irshodim.
Meni sabo shamolidan bo‘lak kishi tanimas —
Havodan o‘zga na ulfat, na do‘stu hamrozim.
Hayot suvi kabidur yor manzilin shavqi,
Sabo, ketur menga Sheroz isin — qil imdodim.
Ko‘zim yoshi to‘kilib yuzga, sirrim ayladi fosh,
Hamisha men ila g‘ammoz xonabarbodim.
Der erdi chang cholib Zuhra yulduzi tongda:
Go‘zal tovushli, shirin so‘zli Hofiz ustodim.
* * *
Menga yetkurdi qisqaqo‘llik ozor,
Baland ostonaliklar tutdilar xor.
Magar tutgay qo‘lim bir zulfi zanjir,
Bosh urgum yo‘qsa shaydolikka nochor.
Falakning holini so‘r ko‘zlarimdan,
Kechar yulduz sanab tunlarda bedor.
O‘parman jom labini shu uchunkim,
Tiriklik sirridan qildi xabardor.
Qo‘lim kuchsizligidan shod erurman:
Yetishmas bir kishiga mendan ozor.
Duo qilsam agar may sotquchini,
Ne bo‘lg‘ay, marhamatga shukr darkor.
Meni yerdan ko‘tarmaysan, agarchi —
Yosh o‘rnida qilursam gavhar isor.
Bu dashtda qo‘yma yirtqich deb menga ayb,
Olur ta’limlarim ohuyi totor.
Boshim Hofiz kabi mastdir va lekin
U boshliq lutfidandirman umidvor.
* * *
Men emasdurman u rind — tarki mayu dildor etay,
Muxtasib bilgay, bu ishdan mumkin ermas or etay.
Lola jom ushlab, bo‘tako‘z mast, biza fosiq — ot,
Dardlarim ko‘n — qaysi hokimga uni izxor etay?
Maykada — daryo-yu, sevgi — gavxar-u, izlovchi — men,
Bunda bosh egdim, shu holda qaygacha isror etay?
Garchi tuproqqa qorildim, himmatim qo‘ymas meni:
Ko‘z bulog‘idan to‘kib suv, qancha oxu zor etay?
Hay’atim misli gado — u qo‘lda sulton xaznasi,
Charx ehsonidan o‘zni qanday ummidvor etay?
Bu falakning axd ila paymonida yo‘q e’tibor,
Ahdni jom ila tuzib, may shartini takror etay.
Tort jilovni, tur bir oz, qo‘zg‘atma, jono, jilvalar,
To yo‘lingga ko‘zni durru gavharin isor etay.
* * *
Men uchun hech loyiq ermas erdi rindlik shevasi,
Tushgach ushbu holga, nechun, o‘zgalardan or etay?
Tavba qilg‘onlarni doim ayblab yurgan esam,
Gul chog‘i, devonamanmi, bodadan inkor etay?!