Выбрать главу

Aleksandr Belyayev

Jahongir

Ilmiy-fantastik roman

BIRINCHI QISM

I. NAPOLEONLIKKA NOMZOD

— Ko‘ylagimga suv sachratyapsiz, Shtirner! Eshkak eshishni bilmas ekansiz.

— Mana shu-da! Xotinlar qayiqda sayrga chiqishdan oldin oddiy suv ham dog‘ qoldiradigan matodan ko‘ylak kiyib olishadi.

— Bu gapni Jerom-Jeromdan, uning «Qayiqdagi uch kishi» hikoyasidan olgansiz, to‘g‘rimi?

— Juda bilagonsiz, xonim. Bu narsani Jerom mendan ko‘ra oldinroq payqagan bo‘lsa, ayb menda emas. Qayiqda to‘rt kishi emas, besh kishi o‘tirganda ham hech narsa o‘zgarmaydi.

— Biz faqat to‘rt kishimiz, — dedi skameykada o‘tirgan Emma Fit.

— Tilla sochli malikam, — javob berdi Shtirner, — Jeromning qayig‘idagi to‘rtinchi yo‘lovchi kuchuk edi. Bizning qayig‘imizdagi birinchi yo‘lovchi esa mening kuchugim Falk…

— Nega endi birinchi bo‘larkan?

— Chunki u benihoya zakovatli. Falk! Fit xonimning ro‘molchasini olib ber, ko‘rmayapsanmi, yerda yotibdi?

Falk, oppoq chiroyli iskovuch, sakrab turib ro‘molchani keltirib berdi.

Hammalari kulib yuborishdi.

— Ko‘rdingizmi! — dedi Shtirner mamnuniyat bilan. — Glyuk xonim, menga turmushga chiqing! Ikkovimiz kuchuklar o‘ynaydigan sayyor sirk ochamiz. Men masxarabozlarning sariq yasama sochini kiyib olib, kuchuklarni boplab o‘ynataman, siz esa kassada o‘tirasiz. Bir tasavvur qilib ko‘ring-a: odamlar yopirilib kelib turibdi, bu yoqda kuchuklar o‘ynab yotadi, kassada esa jaraq-jaraq pul… Tomosha tugaganidan keyin vafodor to‘rt oyoqli do‘stlarimiz bilan birga bazmi jamshid qilamiz. A? Zo‘r-a? Harholda Karl Gotlibning qo‘lida ishlab yurgandan ko‘ra yaxshi-da.

— Iltifotingiz uchun rahmat, lekin men bunaqa sayeq turmush kechirolmayman.

— Hm… Shuncha boyligingiz bilan men sizga bas kelolmayman-da, a?

— Qanaqa boylik? — hayron bo‘lib so‘radi Elza Glyuk.

— Nega ajablanyapsiz! Xuddi o‘z boyligingizni bilmaydiganday gapirasiz-a. Titsian chizgan Veneranikiga o‘xshash ajoyib sochlaringiz… Tabiiy rangi shunaqa-ku o‘zi, a? Jahlingiz chiqmasin, bilaman, rangi tabiiy. Titsian chizgan ayollar esa sochlarini maxsus moddaga bo‘yashar ekan. Hatto o‘sha moddaning retsepti ham saqlanib qolgan, deyishadi. Mana, ko‘rdingizmi, Titsianga ilhom bergan ne-ne go‘zallar ham ona tabiat sizga retseptsiz in’om etgan narsani sun’iy tarzda yaratishar ekan… Osmonday moviy ko‘zlaringiz-chi? Ularga ham bo‘yoq tegmaganiga yuz foiz ishonaman…

— Qo‘ying-e…

— Tishlaringiz esa naq durning o‘zi.

— Bu yog‘i ketavaradi — aqiq lablar deysiz, shunaqami? Go‘yo odamovi bankirning sekretari emasu tilla magazinda ishlaydigan zargarga o‘xshaysiz-a. Bo‘lmasa men ham mana shu zargarona xushomadingizga yarasha javob qilaman! Cho‘zinchoq yuzingiz, uzun burningiz, uzun sochlaringiz, uzun qo‘llaringiz, mabodo, sun’iy emasmi?

— Nima, siz dumaloq narsalarni yaxshi ko‘rasizmi? Otto Zauyernikiday dumaloq yuz, dumaloq ko‘zlar, ehtimol, o‘n yillardan keyin tarvuzday keladigan oltinlarga ega bo‘lsangiz, shundaymi?

— Judayam beor ekansiz, — dedi Elza Glyuk qizaribbo‘zarib.

— Qo‘ying, birovning cho‘ntagidagi aqchani sanamang, — so‘z qotdi Gotlibning yuriskonsulti Zauyer. Unga Shtirnerning Elzaga qilgan muomalasi yoqmagan, binobarin, botayotgan quyosh nurida qizg‘ish rangga bo‘yalgan daryoda, qayiqda o‘tirib indamay eshkak eshib borardi.

Shtirner qaltis hazil qilib qo‘yganini anglab, endi jiddiy ohangda gapira boshladi:

— Kechirasiz, hech kimni xafa qilish niyatim yo‘q. Shunchaki, sevgida ham hamma sohada bo‘lgani kabi yashash uchun kurash qonuni mavjud demoqchiman, xolos. Kim zo‘r bo‘lsa, o‘sha g‘alaba qozonadi. Erkak bug‘ular ham urgochisini deb o‘lgunicha bir-biri bilan olishadi. Zo‘r chiqqani urg‘ochisiga egalik qiladi. Jamiyatimizda-chi? Kim zo‘r? Boyligi bor odam zo‘r. Ayting-chi, xonim, — Shtirner Elzaga murojaat qildi, — men ham anavi Krez, yo‘q, undan ham badavlatroq, — hurmatli Karl Gotlibga o‘xshaganimda, — ayollarga mening yuzim ko‘pam cho‘zinchoq ko‘rinmagan bo‘larmidi?

— Battar bo‘lardi, — kulib javob berdi Elza.

— E! — dedi norozi ohangda Shtirner. — Siz shu husningiz bilan manman degan Gotliblarni chertib-chertib tanlab olishingiz mumkin. Shuning uchun shunaqa deyapsiz. Ammo bizga o‘xshagan oddiy sekretarlar, to‘kin dasturxonga tikilib so‘lagini oqizib o‘tiradigan, birovlarning maishatini kuzatib, o‘zi nonushoqqa zor bo‘lgan notavonlar nima qiladi?

— Qayoqdagi gaplarni gapirasiz-a, Shtirner! — dedi Fit.

— Uzr, bundan keyin ehtiyot bo‘lib gapiraman… Sofdillik, — davom etdi Shtirner, — tepamizda turganlar foydalanadigan bizning illatimizdir. Geyne: «Sofdillik — ajoyib narsa, agar atrofdagilarning hammasi sofdil bo‘lsa-yu, faqat bir o‘zim ularning orasida qallob bo‘lsam», — degan ekan. Modomiki, atrofdagilarning hammasi, — bu yerda o‘tirganlar bundan mustasno, — yoppasiga qallob ekan, baxtga erishmoq uchun, — shunday deb, u Elza Glyukka1 ma’nodor qarab qo‘edi, — shu darajada boshqa qalloblarning hammasi olijanob kishilar bo‘lib tuyulsin.

— Nima balo, Shtirner, bugun chap yoningiz bilan turganmisiz? — yana gapga aralashdi Otto Zauyer. — Hazillaringizning tagi zil bo‘lib ketyapti.

— Shunaqami? — dedi Shtirner beixtiyor va boshini xam qilib, indamay qoldi. Bir zumda yuziga keksalik ifodasi indi. Peshonasiga chuqur ajin tortildi. U go‘yo qandaydir qiyin muammoni hal qilayotganday og‘ir o‘yga botdi. Falk bir oyog‘ini uning tizzasiga qo‘yib, yuziga qattiq tikilib turardi.

Eshkaklar Shtirnerning qo‘lida harakatsiz qotgan, undan tomayotgan suv tomchilari shafaq yallig‘ida qonga o‘xshab ko‘rinardi.

Elza Glyuk Shtirnerning nogoh sulg‘inlashib qolgan chehrasini ko‘rib, bir seskanib ketdi va xuddi ko‘mak so‘raganday

Zauyerga qaradi.

Kutilmaganda Shtirner eshkaklarni qo‘yib yuborib, xaxolab kula boshladi.

— Menga qarang, Elza xonim, birdaniga yer yuzidagi eng qudratli odamga aylanib qolsam nima deysiz? Bir og‘iz so‘zimga, bittagina ishoramga hamma xuddi Falkday so‘zsiz itoat etsa, a?… Falk! Opke! — buyruq qildi Shtirner suvga xipchinni uloqtirib. Falk shu zahotiyoq qayiqdan o‘zini suvga otdi. — Mana shunaqa! Butun yer yuziga hukmdor bo‘lganimdami?

— Bilasizmi, Shtirner, — dedi Elza, — yuzingizdan yesh ko‘rinasizu, lekin yuz tuzilishingiz xuddi almisoqdan qolganday tuyuladi odamga. Bunaqa basharalar oila albomlaridagi suratlarda ko‘proq uchraydi. Ularni ko‘rsatib, odatda: «Mana bu bobomning yoshligi» deb qo‘yishadi. Siz ham o‘sha «bobomning yoshligioga o‘xshab ketasiz. Yo‘q, sizdan mutlaqo Napoleon chiqmaydi. Chiqsa ham birja doirasidagi mitti Napoleon chiqadi, xolos.

— Hali shunaqami? U holda men sizni toju taxtdan, saroidan, oltin faytonu gavhar marjonlardan, jamiki mahramu cho‘rilaringizdan mahrum etaman. Muruvvatimdan benasib bo‘lasiz. Shuni bilingki, men sizni mutlaqo sevmayman. Azbaroyi iltifotingizga muyassar bo‘lmoq uchun o‘rta asr ritsarlariga o‘xshab o‘zimni yuz baloga urmoqchi ham emasman. Mutlaqo! Siz men uchun faqat yutuqlarimning bir o‘lchoviginasiz. Gapning po‘skallasi shu!

— Nachora! Endi balki eshkaklarga zo‘r berarsiz? Uiga qaitish kerlk.

Shtirnsr qayiqqa shalabbo bo‘lib ketgan Falkni tortib oldi. Kuchuk bir silkingan edi, hammaga suv sachradi. Glyuk bilan Fit qichqirib yuborishdi.

— Ko‘ylaklaringiz rasvo bo‘ldi, — deb kesatdi Shtirner eshkaklarni qo‘liga olarkan.

Qayiq oqim bo‘ylab tez suzib ketdi. Oftob o‘rmon ortiga berkindi. Daryoning yuqori tomoni tilladay yarqirar, qayiq atroflariga esa ko‘kimtir ko‘lanka tushgan edi. Zax hidi dimoqqa urilardi. Emma yelkasiga jun ro‘molini tashlab oldi.