Kutilmaganda shuncha merosga ega bo‘lib qolishi uni tamom dovdiratib qo‘ygan edi.
Avvaliga merosdan voz kechib, keyin uni yana qabul qilishga nima uchun rozi bo‘lganiga sirayam aqli yetmasdi.
— Nega? Nega? — deb so‘rardi u o‘z-o‘zidan.
Birdan qizning chehrasi oydinlashdi. Ko‘zlari xiyol yumildi. Shu alfozda u bir necha minut o‘tirdi. Nihoyat, diqqinafas xonadan ochiq havoga chiqqan odamday ko‘kragini to‘ldirib chuqur nafas oldi. Boyagi ko‘ngilxiralikdan asar ham qolmaganini payqab, o‘zi ham taajjublandi. O‘rnidan turdi-da badanining karaxtligini yozmoqchi bo‘lganday shirin kerishdi, keyin xonani qiziqib ko‘zdan kechira boshladi.
— Rostdan ham ajoyib ekan. Gilamning chiroyliliginiya-ya! Yorug‘, havosi toza!
U yana entikib nafas oldi va allaqanday bir ichki hayajon bilan o‘zining yangi uy-joyini: kutubxona, suratlar galereyasi va ajoyib qishki bog‘ni aylanib chiqdi.
— Mana shularning hammasi meniki!
Shunda xayoliga birinchi marta: «Shtirner to‘g‘ri aytdi! Qanday baxtliman-a!» — degan fikr keldi.
IX. ELLIK FOIZ QO‘SHIMCHA HAQ
Shtirner Elzaning oldidan chiqib, shoshilib ikkinchi qavatga tushdi. Shaxsiy sekretariat xonasida Zauyer, Emma Fit va frau Shmitgof o‘tirishardi.
Zauyer unga adovat bilan tikildi, Fit bilan Emma esa hadiksirab ko‘z tashlab qo‘yishdi.
Elza Glyuk to‘la huquqli xo‘jayinga aylanganidan so‘ng bular o‘z qismatlari nima bo‘lishini bilmay, gangib qolishgan edi.
— Salom, janoblar! — dedi Shtyrner so‘zamollik bilan. — Yangi xo‘jayinning oldidan chiqyapman. Hech narsadan xavotir olmanglar: sizlar shu yerda qolasizlar, bu xususda Elza bilan… Elza xonim bilan gaplashdim… Ishimiz endi ko‘payadi… Go‘zal bekamiz bank ishlaridan bexabar, shuning uchun Elza Glyuk bankini boshqarishning butun ogirligi men bilan sizga tushadi, Zauyer.
— Iltimos, men uchun qaygurmang, menga ish ham taqsimlamang, — dedi Zauyer zarda bilan.
— Shunyqa deng… Lekin iloj qancha? Mayli, keyin gaplashamiz. Hozir zarur ishim bor.
Shtirner shoshib kabinetga kirdi, Gotlibning yozuv stoliga o‘tirib bir nimalarni yozdi-da, qog‘ozni stol g‘aladoniga qulflab, o‘z xonasiga o‘tdi. Sal o‘tmay qaytib chiqdi-yu, yana yozuv stoliga o‘tirdi.
Kabinetga Elza, uning ortidan Zauyer, Fit va Shmitgoflar kirib kelishdi.
Emma bilan ekonomka ishdan haydamagani uchun Elzaga minnatdorchilik bildirishdi.
— Ha-a! Glyuk xonim, tashrifingizdan g‘oyat minnatdorman! — dedi Shtirner. — Kayfiyatingiz qalay?
— Rahmat, yaxshi.
— Uy ma’qul bo‘ldimi?
— Judayam! — javob berdi u quvnoqlik bilan. — Yuqorigi qavat juda oftobro‘ya ekan. Xuddi nur dengizida cho‘milayotganday bo‘ladi odam. Qishki bog‘ni aytmaysizmi! Jannat. Shunday joy turganda Nitssaga borishning ham hojati yo‘q!
— Juda soz! Demak, hammasi joyida? — dedi jilmayib Shtirner.
Elzaning kutilmaganda o‘zini bu qadar baxtiyor va xushchaqchaq tutishi Zauyerni hayratga soldi. U hushyor tortib, qizga gumonsirab tikildi-da, labini tishlay boshladi.
— Endi ish tashvishini yelkangizdan soqit qilsangiz ham bo‘ladi, — dedi Shtirner. — Xohishingizni inobatga olib, o‘z nomimga to‘la ishonch qog‘ozi yozdim… Marhamat qilib, imzo cheksangiz.
Zauyer, Shmitgof va hatto soddadil Fit ham hayron bulib qolishdi. Hamma ishonch qog‘ozini Elzaning qaylig‘i Zauyer oladi yoki hech bo‘lmaganda boshqaruv ishlari Zauyer bilan Shtirner o‘rtasida taqsimlanadi deb o‘ylagandi.
— Xo‘p, xo‘p, — dedi Elza ikkilanmay va ruchkani qo‘liga oldi.
— Bir minutga! — Shtirner qo‘ng‘iroqni bosgan edi, xonaga keksa notarius ikkita guvohni boshlab kirib keldi.
_ Uzr, — dedi unga Shtirner, — uyga taklif etib, sizni bezbvta qildik…
Chol iltifot bilan bosh qimirlatib qo‘edi.
Elza ishonch qog‘oziga imzo chekdi. Hamma rasmiyatchilik uchto‘rt minut ichida tugadi.
— Hammasi tartyb-qoidali bo‘lgani yaxshi. Rahmat! Sizlar bo‘shsizlar, — dedi Shtirner.
Notarius, Fit va Shmitgof chiqib ketishdi.
— Zauyer, siz yuriskonsult bo‘lib qolasiz. Ammo yangi bankirimiz ilgarigisidan saxiyroq, shuning uchun maoshingiz ellik foiz oshadi. Shunday deb buyurgan edingiz shekilli, a?
— Ha, ha, — dedi Elza.
— Muruvvatingiz uchun rahmat, lekin menga qo‘shimcha haqingiz ham, ishingiz ham kerak emas… — titrab-qaqshab javob berdi Zauyer.
— Nega endi, Otto? Hazillashyapsanmi? — deb so‘radi Elza qaylig‘ining ko‘zlariga tikilib.
— Xo‘p, xo‘jayka bilan o‘zinglar kelishinglar, mening vaqtim yo‘q. Bankka tushishim kerak. Qariya Karl manavini xo‘p o‘ylab topgan ekan-da.
Shunday deb, Shtirner tugmachani bosdi-da, shig‘illab pastga tushib ketdi.
— Hazillashyapsanmi, Otto? — qayta so‘radi Elza Zauyer bilan yolg‘iz qolganlaridan so‘ng va erkalanib uning bilagidan ushladi.
Zauyer ijirg‘anib qo‘lini tortib oldi. Peshonasi tirishdi.
— Bilmadim, qaysi birimiz hazillashayotganikinmiz… Menimcha, siz, Glyuk xonim…
— Otto!
— Ammo hazillaringiz haqoratga o‘xshab ketadi… Insonning qadr-qimmati, muhabbati, ishonchi, do‘stligi ustidan haqorat bu.
Zauyerning ovozida qancha alam va ta’na bor edi.
— Elza! Senga nima bo‘ldi, Elza? Merosdan voz kechaman, deb aytgan eding-ku, yolg‘on gapirgan ekansan-da… Nega unday qilding?
— Otto, nahotki shunday qilish kerakligini bilmasang? Sudda mening nomimdan o‘zing gapirding-ku?
— To‘g‘ri, gapirdim… Nima uchun gapirganimni ham tushunolmayman… Shayton yo‘ldan ozdirdi… Darvoqe, o‘zing iltimos qilding, men gapirdim… So‘zingni yerda qoldirolmasligimni bilasan-ku… Ammo sen-chi? Sen meni aldading! Badavlat xotin bo‘lib olding, mening yuragimni yana ming turli gumonlar kemiryapti. Bu meros sha’ningga dog‘ tushiradi, muhabbatimizni oyoq osti qiladi. Bu ham mayli-ya, Shtirnerga ishonch qog‘ozi berib o‘tiribsan-a! Men nima deb o‘ylashim kerak? Sen u bilan yaqinsan. Sen u bilan… birga bo‘lgansan! Uning jinoyatiga sheriksan. Sen meni yosh boladay laqillatding.
— Otto!
— Jim bo‘l! Nahotki gap-so‘z bo‘lishingni, noming bulg‘anishini tushunmasang. G‘iybatlar shu yerga ham yetib keladi, bu tilla qasr seni gap-so‘zlardan asray olmaydi. Axir sen u bilan bir uyda yashaysan, sen…
— O‘zingni bos, Otto, iltimos qilaman!
— Yo‘q, gapiraman! Bu ham yetmaganday, sen meni yerga urib, maoshimni ellik foiz oshirmoqchisan. Xa-xa-xa!.. Muhabbat va qadr-qimmatning bahosi ellik foiz qo‘shimcha haq!
Zauyer allaqanday bir yovvoyi jazava bilan kula boshladi.
Lol bo‘lib qolgan Elza unga baqrayib tikilib turadi. Qizning qalbida ayovsiz ichki bir kurash borardi. Nihoyat uning asablari bardosh berolmadi, qiz ho‘ngrab yig‘lab yubordi.