Zauyer kulgidan to‘xtadi, endi uning o‘pkasi to‘lib xo‘rsina boshladi.
— Qanday baxtiqaroman… Sho‘rpeshonaman!.. — dedi u kresloga o‘tirarkan, qo‘llari bilan boshini changallab.
Elza borib uning yelkasidan quchdi.
— Otto, nahotki meni shunchalik ahmoq deb o‘ylasang? Axir seni sevaman-ku! Bo‘ldi, azizim, o‘zingni bos… Nima desang hammasini qilishga tayyorman.
— Rostdanmi?
— Rost, — dedi Elza jiddiy. — Meni ayblama, nega shunaqa bo‘lib qolganini o‘zim ham bilmayman…
Zauyer o‘rnidan turdi. Ketidan Elza ham turdi.
— Menga boylik kerak emas, seni sevaman, faqat seni sevaman, — dedi Zauyer qizning qo‘llarini qisib. — Muhabbatim haqqi, talab qilaman: ertagayoq, eshityapsanmi, ertagayoq nikohdan o‘tamiz, ertadan qoldirmay la’nati Shtirnerni kuchuklari bilan uydan haydaysan!
— Xo‘p!
— Elza!
— Otto!
Lift shovqinsiz kelib to‘xtadi.
— O-ho! O‘pishishyapti-ku! — orqadan Shtirnerning masxaraomuz ovozi eshitildi, ular bir-birlaridan ajralib, o‘girylib qarashdi. — Qanday ajoyib manzara!
Shtirner yozuv stoli ortida sigara tortib o‘tirardi.
— Nima qilib o‘tiribsiz bu yerda? — deb o‘shqirdi Zauyer.
— Xizmatchilik, — dedi Shtirner kulimsirab. — Xo‘jayinimiz bildirgan ishonch tufayli…
— Xo‘jayinimiz qarorini o‘zgartirdi, endi qo‘lingizga pattangizni tutqazadi, — uning gapini bo‘ldi Zauyer, — nomingizga yozilgan ishonch qogozi bekor qilinadi. Xizmatlaringiz evaziga to‘la ikki oylik maoshni ellik foiz ustamasi bilan olasiz.
— Sayyor sirk ochishga to‘g‘ri keladi shekilli, — dedi Shtirner peshonasini ishqalab.
Ammo ular chiqib ketgach, o‘ylanib qoldi, stol tortmasidan allaqanday chizmalarni chiqarib, uzoq ko‘zdan kechirdi, keyin bir nimalar deb go‘ldirab, shosha-pisha o‘z xonasiga kirdi-da, eshikni ichkaridan qulflab oldi.
X. «KO‘ZA SINDIRGAN QIZ»
Oradan bir oy o‘tdi. Emma Fit o‘zining odatdagi ish joyida remingtonda yozib o‘tirardi.
Rangi so‘lg‘in, sochlari palapartish taralgan, soqoli o‘sib ketgan Zauyer Emmaga ko‘z qirini tashlab, kabinetda uzoq vaqt yaylanib yurdi. Keyin qizning tepasiga keldi-da, yuziga qattiq tikilgancha chayqalib turaverdi.
Emmaning chaqqon barmoqlari endi remington tugmachalari ustida chalkashib keta boshladi. Zauyerning bunday ta’qibli nigohidan Emma duv qizardi-yu, lekin ishini to‘xtatmasdan so‘radi:
— Namo‘ncha tikilib qoldingiz, janob Zauyer, xuddi birinchi marta ko‘rayotgandaysiz-a? Ishimga xalaqit beryapsiz…
— Emma xonim, yeiz judayam go‘zalsiz!
Emma battar qizardi, ammo o‘zini Zauyerning so‘zlarini eshitmaganlikka soldi.
— Qiziq! — davom etdi Zauyer. — Bu yerda ishlayotganingizga bir yildan oshdi, har kuni ko‘rishib turamizu faqat keyingi oyda ko‘zim ochilganday bo‘ldi: yuzingiz bejirim, sochlaringiz shunaqa mayinki, silab qo‘ygisi keladi kishining. Ko‘zlaringizchi! Bolalarnikiday beg‘ubor. Siz «Ko‘za sindirgan qiz» ning naq o‘zginasisiz.
— Men hech qanaqa ko‘zani sindirganim yo‘q.
— Bu Gryozning asari. Siz esa…
— Qo‘ying, Zauyer.
Zauyerning maqtovlari Emmaga moyday yoqayotgan edi-yu, lekin u Elzaning qahridan qo‘rqib, o‘z tuyg‘ularini oshkor etmasdi. Elza esa bunaqa suhbat ustidan ko‘p chiqib turardi. X,ar gal u sir boy bermay o‘tib ketar, Emma esa «beka» hamma narsani ko‘rib va sezib turganini his qilardi.
— Janob Zauyer, sizni tanimay qolyapman!
— O‘zim ham o‘zimni tanimayapman, qo‘zichog‘im. Faylasuflarning aytishicha, dunyodagi eng qiyin jumboq — insonning o‘zini-o‘zi tushunib yetishi ekan…
Zauyer chindan ham o‘zgarib ketgan edi.
Hamisha odobli va xushmuomala bo‘lgan Zauyer endi tamomila o‘ziga qaramaydigan, restoranma-restoran yuradigan, yomon odamlar davrasida vaqt o‘tkazadigan, ishiga g‘oyat beparvo bo‘lib qolgan edi.
— Menga qarang, qimmatli Fit xonim, manavi bema’ni asbobingizni chiqillatib o‘tirganingiz yetar. Bo‘ldi. Yuring, tepaga chiqamiz. Sizga qishki bog‘dagi akvariumni, undagi yangi tilla baliqchalarni ko‘rsataman. Ularni yaqinda Shtirner bekamizga sovg‘a qildi.
Emma ikkilanib qoldi.
Zauyer kulimsirab, kabinet eshigiga ma’noli qarab qo‘edi.
— Bekadan qo‘rqyapsizmi?
Emma shartta o‘rnidan turdi.
— Faqat bir minutga! Men uyga borishim kerak…
Ammo bu bir minut yarim soatdan ko‘pga cho‘zildi.
Zauyer tinmay gapirar, xushomad qilardi. Emma birov ko‘rib qolishidan qo‘rqib ichidan qirindi o‘tib o‘tirardi. U soatiga qaradi-da, birdan o‘rnidan turdi.
— Voy, kech qoldim!.. — u yo‘l-yo‘lakay sochlarini tuzatib, qishki bog‘dan bo‘m-bo‘sh zalga o‘tdi.
— Menga qarang, Emma, bugun teatrga boramiz, kechqurun «Kontinental» da ovqatlanib, djaz-band tinglaymiz.
Zauyerni hammavaqt ogir-bosiq qiyofada ko‘rib yurgan Emma kulgidan o‘zini tiyolmadi. Zauyer uni tirsagidan ushlab, tashqariga sudradi.
Bu manzarani surat qo‘yilgan stendlar orasida turgan Elza ko‘rib qoldi. U ko‘pincha galereyani aylanib yurardi.
Zauyer bilan Emma goyib bo‘lgach, rangi oqarib ketgan Elza qishki boqqa o‘tib, akvarium yonidagi skameykaga holsizlanib o‘tirib qoldi. Fontan otilib turar, ko‘kimtir shisha ortida tilla baliqchalar ohista suzib yurar, ular tepaga suv sathiga chiqqanida akvarium ichi pufakchalarga to‘lib ketardi. Hammayoq jimjit edi. Daraxt shoxchalaridagi qushlar xuddi yomg‘irda bo‘kib qolganday churq etishmasdi.
Elzaning ko‘zi beixtiyor yerda yotgan sariq portfelga tushdi. Uning bir chetiga kumush harflar bilan «O. Z.» deb yozib qo‘yilgandi.
Shu payt birovning qadam tovushlari eshitildi.
«Otto Zauyer unutib qoldirgan portfelini olish uchun kelyapti», — degan o‘y o‘tdi qizning xayolidan. U g‘orga yashirinmoqchi bo‘ldi-yu, keyin o‘ylab turib, bu fikridan qaytdi.
Bir kuyni xirgoyi qilgancha boqqa Zauyer kirib keldi. Elzaga ko‘zi tushdi-yu, avvaliga taajjublanib, so‘ng andak sarosimaga tushdi, biroq tezda o‘zini o‘nglab oldi.
— Ha! Bir sayr qilay debsiz-da! Qalay, tilla baliqchalar ma’qul bo‘ldimi? Yaxshi qayla bilan juda mazali bo‘lsa kerak-a!
Ammo bu hazil Elzaning ko‘ngliga o‘tirmadi.
— Menga qarang, Zauyer, nimalar bo‘lyapti o‘zi?
— Nimani nazarda tutyapsiz, malikam?
— Hozirgina bo‘lgan voqeani, umuman, keyingi oydagi xattiharakatlaringizni.
Zauyer qizarib ketdi.
— Glyuk xonim, men ham sizdan shuni so‘ramoqchi edim. O‘zingizning xatti-harakatlaringiz-chi? Va’dalaringizni bajardingizmi? Siz mening xotinim bo‘ldingizu Shtirner ishdan bo‘shatildimi? Meni tergashga nima haqqingiz bor?
— Haqqim yo‘q. Lekin bajarmagan bo‘lsam ham va’damda turibman.
— Nega bajarmayapsiz?
Elza mulzam bo‘ldi. Rostdan ham nega va’dasining ustidan chiqmayapti? Buni o‘zi ham bilmasdi. Yana xayoli joyida emasga uxshaydi. Shu zahoti u idroki xirilashayotganday o‘sha o‘ziga tanish, yoqimsiz holatni tuydi. Uning fikri, xuddi pashsha deraza oynasiga urilganday, allaqanday pinhoniy to‘siqqa qadalib qolardi. Elza boshini quyi solgancha miq etmay o‘tirardi.
Zauyer esa qizga boshdan-oyoq tikilib razm solar, taajjublanib o‘ylardi:
«Nimasini yaxshi ko‘rib yuribman? Hech havas qiladigan joyi yo‘q-ku! Bunaqa tirik manekenlar qiyim magazinlarining hammasida tiqilib yotibdi. Bo‘yni sal durust-u, lekin uzunroq. Tavba, nega ilgari sezmagan ekanman. Yelkalarining torligi-chi… Chap ko‘zining yonidagi xoli-chi, mutlaqo o‘rniga tushmagan. Qaytanga husnini buzib turibdi!..»