Zalda birdan g‘ala-g‘ovur ko‘tarildi. Rais qo‘ng‘irog‘ining ovozi shovqin-suron ichida eshitilmasdi ham. Lyudersning rangi dokadek oqarib ketgan edi. U gandiraklab borib stolcha ustida turgan grafindan suv quydi. Qo‘li titraganidan stakan tishlariga urilib, suv ko‘kragiga to‘kildi.
Zauyer ham tamoman lol bo‘lib qolgan edi.
Xunobi oshib, qip-qizarib ketgan Rudolf Gotlib esa ikkala qo‘li bilan otasining yelkasidan ushlab silkitib, bir nimalar deb qichqirardi. Ammo Oskar parvoyifalak edi. Shundan so‘ng Rudolf sud stoli yoniga chopib keldi-da, mushtumini havoda o‘ynatib baqira boshladi: ", — Aqldan ozganini ko‘rmayapsizlarmi? Bu yerdagilarning hammasi yo jinni, yo jinoyatchi… Men buni shundoq qoldirmayman!
Sud majlisni yopdi. Rais zalni tozalashni buyurdi.
VII. G‘OYIB BO‘LGAN MEROSXO‘R
Da’vo rad etilib, vasiyatnoma tasdiqlandi. Elza Glyuk qonuniy merosxo‘r deb topildi.
Rudolf ham, katta gonorardan mahrum bo‘lgan Lyuders ham bunga toqat qilisholmasdi. Endi nima qilish kerak? Balki Oskar Gotlibni jinniga chiqarib, o‘g‘li Rudolfni unga homiy etib tayinlash va shu tariqa ishni qayta qo‘zg‘ash kerakdir?
Ammo hozirgacha buning iloji yo‘q edi, Oskar Gotlib suddan keyinoq dom-daraksiz g‘oyib bo‘lgan edi. Sirtdan uni «qonun oldida e’tiborsiz», deb e’lon qilish ham mumkin emasdi. Rudolf yo‘qolgan otasini qidirib topish uchun bor budini sarflab, qarzga botib ketdi, katta suyunchilar va’da qildi. Ammo otasining daragi chiqmadi. Buning ustiga, qayta shikoyat qilish muddati tugab borayotgandi.
Tang ahvolda qolgan Rudolf Elza Glyukning oldiga chopdi. U hali vasiyatnomaga binoan o‘z ixtiyoriga o‘tgan Karl Gotlibning uyiga ko‘chib kelmagan, ammo har kuni ishga shu yerga qatnardi. Shaxsiy sekretariat xonasida Shtirner unga bir nimalarni aytib turar, qiz esa bosh ko‘tarmay yozib borardi. Elzaning ilgarigiday o‘z ish joyida o‘tirishi g‘alati tuyulishi mumkin edi-yu, lekin o‘zi bilan o‘zi bo‘lib qolgan Rudolf bu narsaga e’tibor ham bermadi.
— Ha, yigitcha, ishlar qalay? — deb so‘radi Shtirner kulimsirab.
— Buning sizga aloqasi yo‘q, yigitcha, — javob berdi Rudolf jahl bilan. — Men Glyuk xonim bilan gaplashmoqchiman! — Shunday deb, Rudolf Shtirnerga, chiqib turing, deganday savol nazari bilan qaradi. Shtirner bir ko‘zini qisdi.
— Shunaqa deng! Bemalol!
Shtirner chiqib ketgach, Rudolf sochlarini hurpaytirib, kabinetda u yoqdan-bu yoqqa yugura boshladi.
— Xonim! Xonim! — dedi u va birdan qo‘li bilan yuzini to‘sib, ho‘ngrab yig‘lab yubordi.
— Nima bo‘ldi sizga? — deb so‘radi kutilmagan bu holatdan hangu mang bo‘lib qolgan Elza.
Rudolf uning yoniga chopib keldi-da, tiz cho‘kib yolvora boshladi:
— Rahm qiling, yolvoraman!.. Merosdan voz keching! Nima keragi bor sizga! U haddan tashqari ko‘p, kim boylikdan yuz o‘girardi? Lekin u sizniki emas, demoqchimanki, unga sizning daxlingiz yo‘q, tasodifan o‘tib qoldi qo‘lingizga. Eh, boshim aylanib ketyapti… Men-chi? Men faqat shuning umidida yashayotgan edim-ku. Otam qurumsoq, bir tiyinning ustida o‘ladi. Qarzga botib ketdim… Siz! Nega siz? Nima sababdan? G‘irt bema’nilik-ku, dahshat-ku, bu! Axir… nimalar deyayotganimni o‘zim ham bilmayman, lekin siz tushuning, rahm qiling… Merosdan voz keching, bo‘lmasa… o‘zimni o‘ldiraman.
— Men bunday qilolmayman, — xotirjam javob berdi Elza.
— Nega endi? Kim xalaqit beradi? Boshda voz kechgan edingiz-ku?
— Esimda yo‘q…
— Rahm qiling, shafqat qiling, yolvoraman! Bo‘lmasa… o‘zimni o‘ldiraman… ha, buni aytdim-ku, boya… — Rudolf o‘rnidan turdi-da, jingalak sariq sochlarini changallagancha, yana xona ichida yugura boshladi. U es-hushidan ayrilayozgandi. Birdan to‘xtab, chap qo‘li bilan iyagini ushlagancha bir nuqtaga tikilib qoldi. — La’nat! Sariq sochlarimga ham, sepkildor basharamga ham la’nat! — U sochlarini yulib, o‘zini-o‘zi shapatilay ketdi. — Chiroyliroq bo‘lganimda ham mayli edi… Mana, siz go‘zalsiz… Agar… agar… menga turmushga chiqishni taklif qilsam-chi?…
Elza jilmaydi. Sochlari hurpayib, yuzi lavlagi bo‘lib ketgan Rudolf shu topda chindan ham kulgili bir ahvolda edi.
— Minnatdorman. Mening qaylig‘im bor.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri, bema’ni gap. Esim kirdi-chiqdi bo‘p qoldi, shuning uchun gapirvordim. Ha, siz go‘zalsiz, lekin menga siz emas, boyligingiz kerak. Shunday go‘zal qiz bu qadar ichi qora va tamagir bo‘ladi, deb sira o‘ylamagan edim! — qo‘shib qo‘edi u bir oz sukutdan so‘ng.
Elza qovog‘ini uydi.
— Men tamagir emasman.
— Nega bo‘lmasa merosdan voz kechib, men bilan singillarimni baxtiyor qilishni xohlamayapsiz?
U qizning oldiga chopib keldi-da, bilaklariga yopishib, yana yolvora ketdi:
— Voz keching! Voz keching! Voz keching!
Elzaning yuzi tundlashdi. Qovoqlari battar uyildi, go‘yo uning qalbida ichki bir tug‘yon ko‘tarilgan edi.
Rudolf qattiq hayajonlanayotganiga qaramay, qizdagi bu o‘zgarishni sezdi va yanada zo‘rroq jazava bilan yolvora boshladi.
Ammo shu payt Elzaning chehrasini yana xotirjam ifoda egalladi, u sekin, ammo qat’iy qilib dedi:
— Qo‘yvoring, — shunday deb, u qo‘llarini bo‘shatdi-da, indamay eshik tomon yurdi.
— Qayoqqa? To‘xtang! — Rudolf Elzaning qo‘lidan ushlab qolmoqchi bo‘lib orqasidan yugurdi. Ammo shu payt eshik ochilib, bahaybat bir quchuk chopib kirdi-da, Elza bilan Rudolfning o‘rtasiga turib olib, irillay boshladi. Sal o‘tmay, Shtirner paydo bo‘ldi.
— Yaxshi emas! — dedi u. — Kim birovning qaylig‘ining qo‘lidan ushlaydi.
Rudolf bezgak tutganday qaltirar, Shtirnerga boshdan-oyoq adovat bilan tikilib turardi. Shtirner unga xotirjam va andak istehzo bilan ko‘z tashladi.
Rudolf yer tepinib shartta qayrildi-da, xonadan chopib chiqib ketdi.
U sakrab avtomobilga chiqdi-yu, xuddi alahsiraganday g‘o‘ldiray boshladi:
— Hammasi barbod bo‘ldi! Hammasi barbod bo‘ldi!
— Qayoqqa yuramiz? — so‘radi shofyor.
— Hammasi barbod bo‘ldi! Hammasi barbod bo‘ldi. Lyudersning oldiga…
Lyudersning kabinetiga ham u shu so‘zlarni takrorlab, «Hammasi bardob bo‘ldi!» — deb kirib bordi, hatto advokatning huzurida o‘tirgan mijoziga ham e’tibor bermadi.
— Lyuders! Hammasi barbod bo‘ldi… U rozi bo‘lmadi. Birorta taklifni ham qabul qilmadi, o‘zimam shuni kutgan edim… Ertaga shikoyat qilish muddati tugaydi. Dadam g‘oyib bo‘ldi… Loaqal o‘ldi, degan daragi chiqsa ham mayli edi… Yo‘q, baribir kechikdik!.. Bir necha soat ichida homiylikni ta’sis etish mumkin;shas… Hammasi barbod bo‘ldi! Faqat bittagina yo‘li bor: ishni qayta qo‘zg‘ash kerak. Dadamning sizga bergan vakolati o‘z kuchida turibdi…
— Oskar Gotlibning suddagi oxirgi gapidan keyin vakolatping ham qimmati qolmadi.
— Baribir, ariza beravering!.. Balki ish qayta ko‘rilguncha dadam topilib qolar.
Lyuders yelkasini qisdi-yu, biroq bu gapda ham jon borga o‘xshaydi, deb o‘ylanib qoldi. Eng muhimi — vaqtni boy bermaslik kerak, u yog‘iga vaziyat butunlay o‘zgarib ketishy mumkin.
Ishni qayta ko‘rish haqida ariza berildi. Ammo Oskar Gotlibning na o‘lganidan, na tirikligidan xabar bo‘ldi. Hamma imkoniyatlar ishga solib bo‘lindi, Gotliblarning da’vosi rad etildi.
Elza Glyuk qonuniy merosxo‘r deb tan olindi.
VIII. SHISHADAN YASALGAN IMORAT
Marhum bankirning ixtirochilikka bo‘lgan ishtiyoqi uning Amerika binokorlik texnikasining so‘nggi yutuqlari asosida qurilgan o‘z uyi arxitekturasida ham ifodasini topgan edi. Bu yangi arxitekturada go‘zallik bilan qulaylik nihoyatda uygunlashib ketgan edi. Uzunasiga tushgan uch qavatli ulkan bino butkul temir, oyna va betondan qurilgan bo‘lib, sirtdan qaraganda juda oddiy ko‘rinardi. Ko‘zni oladigan birorta jimjima, birorta bezak yo‘q edi. Yerdan shiftgacha butun devorni egallagan yaxlit oynalar binoga ulkan bir akvarium tusini bergandi. Bu shisha devor Gotlib bankidagi millionlab mablagni asrash uchun juda mo‘rtlik qiladiganday tuyulardi. Ammo gap shundaki, bu akvariumning «tilla baliqlari» uning eng tubida — yer osti qavatida saqlanardi. Bu xazinaning po‘lat va betonlari faqat yer emas, balki havo qaroqchilarining hujumini ham qaytarishga qodir edi. Yuzlab avtomat qo‘ng‘iroq va yorug‘lik signallari, birinchi qavatdagi qorovullarga ostki qavatni kuzatib turish imkonini beruvchi maxsus periskoplar, o‘zi yopilib qoladigan eshiklar, elektr tokiga ulangan sim to‘siqlar, kinoapparatlar — bularning barchasi bu yerga kirish niyatida zo‘rlik yoki mug‘ambirlik bilan bo‘ladigan har qanday urinishni daf etardi. O‘z vaqtida Gotlib mazkur himoya vositalarining mo‘’jizaviy qudratini tasvirlagan reportyorlar orqali o‘z bankining mustahkamligini butun dunyoga oshkor etish va shu tariqa yengil pul topishga urinuvchilarni shashtidan qaytarish uchun ancha-muncha mablag‘ sarflagandi. Darhaqiqat, o‘n yil mobaynida bankka faqat bir martagina hujum bo‘ldi, u ham muvaffaqiyatsiz tugadi; ustasi farang ikki qulfbuzar ichkariga kirishi bilan eshik avtomatik tarzda bekilib qolib, ikkala o‘g‘ri ham qopqonga tushgan bo‘riday tipirchilab qoldi.