Avtomatik ravishda harakatga kelgan kinoapparat bu voqeani suratga oldi, so‘ng kartina jazolangan illat namunasi sifatida mamlakatning barcha kinoteatrlarida namoyish qilindi. To‘g‘ri, ba’zi bir odamlar, bu o‘g‘irlikni Gotlibning o‘zi uyushtirgan, u jinoyat olamining mashhur «artist» larini katta pul evaziga taklif etib, shov-shuv bosilgandan keyin ularni ozodlikka chiqarishga va’da bergan, degan mishmishlar tarqatishdi, shunga qaramay kartinaning ta’siri chakki bo‘lmadi. Bankir va uning omonatchilari bexavotir uxlaydigan bo‘lishdi.
Yer ustidagi birinchi qavatda bank va uning barcha bo‘limlari joylashgandi. Shu qavatda, garchi zarurati bo‘lmasa ham qurollangan soqchilar turishardi. Bankir ularni shunchaki xo‘jako‘rsinga ishga olgandi.
Gotlibning kvartirasi ikkinchi qavatda edi, qavatning o‘rtasida mehmonxona, qabulxona, shaxsiy sekretariat va ish kabineti joylashgandi. Binoning o‘ng tomoni ikki xonaga bo‘linib, ular kabinetga tutashtirilgandi, xonalarning biri Gotlibning, ikkinchisi esa Shtirnerning yotoqxonasi edi. Bu xonalarni Shtirner hamisha qulflab yurardi, u yerga xizmatchilarni hatto supurib-sidirishga ham kiritmasdi. Binoning chap tomonida Shtirnerning hayvonlari: uning aqlli kuchuklari, bo‘rilari, cho‘chqalari, mushuk va ayiqlari istiqomat qilardi. Ular nihoyatda totuv yashashardi. Shtirner olimlikni tark etganidan so‘ng, o‘z so‘zi bilan aytganda «havaskor» sifatida, hayvonlar psixologiyasini o‘rganishga kirishgandi.
Ustki, uchinchi qavatning qariyb uchdan ikki qismini suratlar galereyasi egallagandi. Bu joy Gotlibning faxri, shinavandalar uchun esa har turli hazil-mutoyibalarga turtki beradigan bir maskan edi. Bu yerda xuddi Shtirnerning hayvonlari kabi, haqiqiy Andrea del Sarto bilan o‘ta soxta Korredjio, noma’lum bir havaskorning aji-buji rasmi bilan Leonardo da Vinchining qalamda chizgan surati yonma-yon turardi. Barcha suratlar shisha devorga ko‘ndalang qilib qator terilgan stendlarga joylashtirilgandi: Gotlib buni «yoritish bo‘yicha ixtiro», deb atardi. Supachada turgan royalni demasa, zalning o‘rtasi bo‘m-bo‘sh edi. Tantanali ziyofatlar paytida ombordan Gotlib tomonidan ixtiro qilingan allaqanday buklama stollar olib chiqilardi, ular buklog‘liq holida ko‘p joy egallamasdi-yu, ammo yig‘ishtirish amrimahol edi: xizmatkorlar ming turli maydachuyda qismlarni to‘plaguncha xunob bo‘lib ketishardi. Stollarning ayrim bo‘laklari o‘rniga tushmay qiynardi. Xizmatkorlar jig‘ibiyron bo‘lishar, Gotlibning esa jahli chiqardi.
— Nahotki shuniyam eplolmasalaring? Oddiy narsa-ku, bu! — Shunday deb, uning o‘zi yelib-yugurib ishga kirishib ketar, ko‘pincha stol qismlarini joy-joyiga qo‘yolmay, boshqalardan ko‘ra battarroq asabiylashardi.
Mana, hammasi tugadi. Stollar endi ikkiga bo‘lingan, tolei sora o‘z eg‘alari kabi omborda sochilib yotardi. Zal bo‘m-bo‘sh edi. Binobarin, bu yerdan tutash qishki boqqa o‘tysh kishiga huzur baxsh etardi. Xurmo daraxtining yashil yaproqlari ulan akvariumni shundoq qoplab olgandi. Chirmovuq gullar orasi sun’iy!orni eslatardi. Shaffof arxideyalar ming tusda tovlanib, ko‘zni qamashtirardi.
Dafna daraxti va gullab yotgan oleandra orasiga qo‘yilgan shinam divanchalar miriqib xordiq chiqarish va erkin qanot qoqib yurgan qushlar nag‘masini huzur qilib eshitish imkonini berardi.
Zalning boshqa tomoniga kutubxona tutashib ketgandi, u Gotlibning birinchi va ikkinchi qavatdagi ikkita kabineti ustiga joylashgandi. Har uchala xonani ichiga kreslo o‘rnatilgan lift birlashtirib turardi. Muqovasiga zarhal bilan yozilgan qimmatbaho kitoblar jamlangan o‘z kutubxonasiga Gotlib ishdan keyin ana shu kresloda ko‘tarilib, u yerda sigara tutatib o‘tirishni xush ko‘rardi. Ammo u kitob o‘qimasdi. Ba’zan ro‘para kelgan birorta kitobni varaqlab, rasmlarini tomosha qilardi.
— Alvasti maymun. Shunaqayam tasqara maxluq bo‘ladimi! Ko‘zoynagi nimasi! Fu, kechasi tushida qo‘rqadi odam! — Shundan so‘ng u kitobni shartta yopardi-da, huzur qilib sigara tortardi.
Oxirgi ikkita xona bo‘sh edi. Ularning biri marhum Gotlib yotoqxonasining tepasida, ikkinchisi esa Shtirner xonasining ustida edi.
Binoni ko‘zdan kechirib bo‘lganlaridan so‘ng Shtirner Elzani ana shu so‘nggi xonaga boshlab kirdi.
— Mana, uy-joyingizni ham aylanib chiqdik. Bu yer sizga ma’qul bo‘ladi, deb o‘ylayman. Xona yorug‘, havosi toza, darvoqe, boshqa xonalar ham bundan qolishmaydi. Marhum xo‘jayinning rangi hamisha tiniq, iqki yuzi qip-qizil bo‘lib yurishi bejiz emas edi.
Xo‘jayinning nomini eshitib, Elza seskanib ketdi, bir zumda yuziga ko‘lanka cho‘kdi.
Shtirner qovog‘ini soldi.
— Elza, — dedi u jiddiy, — nahotki shuncha narsaga ega bo‘lib ham. sevinmasangiz? Axir siz dunyodagi eng badavlat ayollardan birisiz. Ko‘nglingizga kelgan ishni qila olasiz. Agar bu uy ma’qul bo‘lmasa, shahardagi endi sizga tegishli bo‘lgan yigirma oltita uydan istaganingizda istiqomat qilishingiz mumkin, Nitssa, Mentona, Ospidaletti, Mayorka, Jazoyir va boshqa joylardagi villalaringizda yashashingiz mumkin… — Shtirner bir oz o‘ylanib turgach, davom etdy. — Lekin sizga mana shu yer ma’qul bo‘lishi kerak.
— Ha, menga shu yer ma’qul bo‘lishi kerak, — Elzaning javobi xuddi aks sadoday eshitildi.
— Qo‘shni xonaga xizmatkoringiz joylashadi. Bu xonada ham, boshqalarida ham elektrqo‘ng‘iroqlar devordagi mixlardan ko‘p, telefonlar esa qo‘ng‘iroqlardan ham ko‘proq… Kreslodan tushmasdan istagan narsangizni talab qilib olishingiz mumkin. Kofe ichmoqchi bo‘lsangiz transportyorda to‘ppa-to‘g‘ri oldingizga kelaveradi… Ko‘rishguncha xayr!
Shtirner chiqib ketgach, Elza o‘zini kresloga tashladi-da, boshini xam qilib, qo‘llari bilan yuzini berkitdi. Qayerdadir soat zang urdi. Uning jarangdor sadosi kimsasiz zal bo‘ylab taraldi.
Elza shu alfozda uzoq vaqt o‘tirdi.
U o‘zining bolaligi, kechgan umri haqida o‘ylab ketdi. Qiz qashshoq oilada tug‘ildi, ota-onasi barvaqt olamdan o‘tib, nihoyatda muhtojlik va qiyinchilikda o‘sdi. U yoshligidayoq juda ko‘hlik edi. Bu husn unga hayotda ko‘pdan-ko‘p quvonch va tashvishlar keltirdi. Frau Bekker ismli badavlat beva bir kampir yetimxonada chiroyli qizchani ko‘rib qolib o‘z uyiga olib ketdi. Bu vaqtda Elza o‘n ikki yoshd edi. Un yetti yoshigacha u frau Bekkernikida yashadi. O‘tgan besh yil chinakam farog‘at yillari bo‘ldi. Kampir qizni jonidan ortiq sevardi, uni yuvib-taradi, o‘qitdi, Elza ham kampirga o‘z onasiday suyanib qolgandi. Ammo kampir vasiyat qilishga ham ulgurmay, qo‘qqisdan qazo qildi. Uning qarindosh-urug‘lari Elzaga arzimagan narsani shunday og‘rinib, minnat bilan ajratib berishdiki, qiz ularning‘ bu marhamatidan voz kechib, ishga kirib ketdi. Ikki yil mobaynida u hayotning hamma achchiq-chuchugini tatib ko‘rdi. Shu husni bilan u istagan do‘koniga ishga kira olardi, shunday bo‘ldi ham, ammo do‘kondorlarni o‘ta mahliyo bo‘laverishi joniga tegib, kasbini o‘zgartirishga qaror qildi. Kechqurunlari stenografiyani o‘rganishga kirishdi, keyin esa Gotlibning qo‘lida ishlash baxtiga muyassar bo‘ldi. Shu yerda u Zauyer bilan tanishib, unga ko‘ngil qo‘edi, chunki yigit qizga hamisha hurmat bilan qarar, odob va nazokat bilan muomala qilardi.