Men atrofimga qaradim — oranjereya jonlanib ketgan edi. Tor yo‘lkalarda savat ko‘targan yosh-yosh qizlar uchib yurishardi. Ularning rang-barang kostyumlari ko‘katlar fonida xuddi gullarday tovlanardi. Qizlar meva terishyapti. Qayerdandir yoqimli kuy quloqqa chalinib turibdi.
— Afsonaviy manzara, — deb xaxoladi Kramer. — Yulduz qizlari! Bugungi kundagi ertak! Yaqinda ularni avtomatlar bilan almashtirishadi… Qani, ketdik. Sizga hali laboratoriyani ko‘rsatganim yo‘q. U Kets Yulduzidan tashqarida. Laboratoriyada mutlaqo og‘irlik yo‘q. Fazoviy kostyumlar kiyishga va talaygina masofani uchib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Portativ raketa bilan muomala qilishni o‘rganishingiz kerak. Bilib qo‘ying: bu gal ham chetga uchib ketsangiz, orqangizdan quvib yurmayman!
Lekin bu gal yaxshi «otdim» va Kramerdan ortda qolmadim. Shunga qaramay bu uchish andak hayajonli bo‘ldi. Birdan o‘ng oyog‘im to‘ngib qoldi. Kostyum teshilib, ichkariga fazoviy sovuq kirmayaptimikan, deb qo‘rqib ketdim. Keyin qarasam, oyog‘im soyada qolgan ekan. Yeruqqa olishim bilan yana jon kirdi.
Mana, laboratoriyaga ham yetib keldim. U silindr shaklida. Silindrning ichi shisha to‘siqlar bilan ajratilgan. U bo‘lmadan-bu bo‘lmaga «izolyatsion» kameralar orqali o‘tiladi, chunki har bir bo‘lmadagi bosim va havoning tarkibi har xil. Silindrning bir tomoni boshd!an-oyoq oyna, ikkinchi tomoni o‘simlik. Ba’zi o‘simliklar, ildizi ko‘rinib tursin uchun, shisha tuvaklarga ekilgan. Bu meni ajablantirdi: ildizlar yorug‘likni yomon ko‘radi-ku. Ba’zi o‘simliklar pushtalarda, ba’zilari havoga qator qilib terib qo‘yilgan tuvaklarda. Ularning o‘sishi g‘alati: yaproq va shoxchalari nur shaklida tuvakdan oynaga tomon talpinib turibdi. Ba’zilarining ildizi yuqoriga, ayrimlariniki pastga qarab o‘sgan. Lekin ko‘pchilik ildizlar qorong‘i tomonda. Og‘irlik kuchining yo‘qligi go‘yo geotropizm kuchini yemirgan va, aftidan, bu yerda faqat geliotropizm — o‘simlikni nur manbaiga yo‘naltiruvchi kuch asosiy rolni o‘ynaydi.
Bo‘ldi! Jo‘na! Senga aytyapman, bo‘ldi! — ayol kishining ovozi va Kramerning xaxolagani eshitildi.
Laboratoriya to‘riga qarab, shisha to‘siq orasidan binafsharang kostyum kiygan yosh bir qizni ko‘rdim. U «shift» ostida tipirchilar, Kramer bo‘lsa qanotlarini silkitib, uning oldiga uchib borar va turtardi. Qiz nariga uchib ketib, «shift» ga uriladi, undan qarshi tomonga borib qoladi, xuddi shunday yelpig‘ich qanotlari bilan o‘zini to‘xtatmoqchi bo‘ladi. U, nazarimda, to‘q ko‘k butaga qarab turmoqchi. Lekin vaznsizlik olamida zarur holatda tura olish oson emas. Qiz qanotlarini qo‘yib, beliga boglangan metall gardishni oladi-da, uni xuddi taqsimcha ko‘targanday qirrasini o‘ziga qaratib ushlaydi. Keyin u gardishni aylantiradi, shunda gardish bir tomonga, qiz esa teskari tomona aylanadi. Tsk o‘q bo‘ylab harakat qilish uchun esa gardishni yonlatib, qirrasini tepaga qaratib tutish kerak bo‘ladi.
Men Kramer bilan qizning oldiga yaqinlashdim. Qizni qayerdadir ko‘rgandayman. Ha, esladim, Tonyaning xonasida turadigan qiz. Demak, men shu bilan ishlayman. Unga boshdanoyoq razm soldim, Kramer ikkovi mening beo‘xshov harakatlarimdan kulishardi. Men o‘zimni xuddi suvdan chiqarib tashlangan baliqday his qilardim. Lekin qiz ham gardish bilan qanotlardan tuzuk foydalana olmasdi. Faqat Kramergina suzardi, ha, xuddi suvdagi baliqday suzardi. U hamon qizning atrofida aylanib, uni goh to‘g‘ri, goh oyog‘ini osmondan qilib ko‘rdi. Qizning bir jahli chiqar, bir kulardi. Keyin Kramer menga o‘girilib, dedi:
— Tanishinglar, Zorina!
— Biz ko‘rishganmiz, — javob berdi Zorina va menga bosh irg‘ab qo‘ydi.
— Iye, tanishmisizlar? Juda soz, — dedi Kramer, negadir achchiq bilan. — Qani yuring, Artemyev. Vanna yonma-yon. Ishdan oldin ham, ishdan keyin ham biz vannaga tushamiz.
Tor yo‘laklardan o‘tib, yangi silindrga kirdik. Uning bo‘yi ham, eni ham to‘rt metrlar keladi. Shu yerda yechinib, dumaloq teshikdan «vannaxonaga» o‘tdik. Bu silindrning diametri ham haligicha, lekin sal uzunroq. Silliq alyumin devorlar, yon tomondan yorug‘ tushib turibdi, ammo bir tomchi ham suv ko‘rinmaydi. Men silindrning qoq o‘rtasida to‘xtab qoldim, gardish va qanotlarsiz devorgacha ham borolmayman. Havoda osilib turibman. Kramer eshik oldida uymalanyapti. Mana u dastani buradi, nimadir vishillab, silindrga tutashuvchi dumaloq yassi devordagi jo‘mrakda suv ko‘rindi. Kuchli bosim ostida oqim menga qelib urilib, atrofga tomchi va pufakchalar sachradi. Men nariga uchib ketdim. Atrofimda suv pufakchalari aylanar va bir-biri bilan to‘qnashib, tobora kattalashib borardi.
Xuddi shu payt silindr ko‘ndalang o‘q atrofida aylana boshladi. Uning tezligi borgan sari kuchayardi. Natijada markazdan qochirma kuch paydo bo‘ldi. Tomchi va pufakchalar devorlarga o‘tira boshladi. Ko‘p o‘tmay, silinr devorlari qalinligi bir metr keladigan suv bilan qoplandi. Hamma yoqda — o‘ngda ham, chapda ham, tepada ham suv. Faqat silindr markazi, katta o‘q atrofi bo‘sh qoldi. Meni yaqinimdagi devor o‘ziga torta boshlaganini payqadim. Bir necha minutdan keyin suvga garq bo‘ldim. Yana bir necha daqiqadan so‘ng esa uning «tubida» turardim. Kramer qarama-qarshi tomondagi devorda turardi, uning oyogi devorda-yu, boshi men tomonda edi. Lekin ikkovimiz ham o‘zimizni dadil boshqarardik: biz suv ostida yurdik, suzdik, sho‘ng‘idik. Bu galati vanna menga juda ma’qul bo‘ldi. Tananing og‘irligi sezilar-sezilmas, suvda turish esa g‘oyat qulay edi. Kramer teshikka suzib borib, mis dastani buradi. Suv mayda teshikchalarga tez oqib kirib, silindrning harakati sekinlashdi. U butunlay to‘xtaganda vannada bir tomchi ham suv qolmagan, tanalarimiz yana vaznsiz bo‘lib qolgan edi.
Yechinish xonasida ehtiyotsizlik bilan kostyumimni qo‘ldan chiqarib yuborib, ancha vaqt orqasidan quvib yurdim. Vaznsizlik dunyosida narsalar juda quv bo‘ladi. Sal turtib yuborsang, u devordan-bu devorga, u burchakdan-bu burchakka uchib yuraveradi — tutib bo‘psan! Kramerga esa bu o‘yin edi: biror narsani burchakka uloqtirib, devorga urilib qaytayotganida uni ilib olar va ba’zan bu mashqni bir necha marta takrorlardi.
— Zorina qalay? Zo‘r-a? — deb so‘radi u kutilmaganda. Yuzi birdan tundlashib, qahrli tusga kirdi. — Menga qarang, tag‘in… — dedi po‘pisa qilib.
Mendan rashk qilyaptimikan? Voy tentag-ey!
— Endi sizni zoologiya laboratorkyasiga kuzatib qo‘yaman, — dedi Kramer menga shubha bilan ko‘z tashlab. — U yoqqa «tonnel» orqali o‘tamiz. Sizni oborib tashlab, qaytaman.
Chindan ham u laboratoriya eshigi oldida to‘xtadi, xayrlashe turib, ma’noli ohangda yana haligi gapini takrorladi:
— Menga qarang, tag‘in!..
— Nima tag‘in? — dedim jahlim chiqib.
Uning yuzi burishib ketdi.
— Men ko‘z-quloq bo‘lib turaman! — dedi u tishini gichirlatib va jo‘nab qoldi.
Qanaqa yovvoyi, bema’ni odam bu!
Endi eshik dastasiga qo‘l cho‘zgan paytimda Kramer yana qaytib keldi. U oyog‘ining uchini devordagi halqadan o‘tkazib, oldimda oltmish daraja burchak hosil qilib «turib», dedi:
— Ha, aytganday. Men sizga ishonmayman! Nega bu yerga uchib keldingiz? Shlikovning ishlari bilan tanishib, Yerga qaytgandan so‘ng o‘zingizniki qilib ko‘rsatish uchun emasmi? Shlikov — geniy! Bilib qo‘ying, men hech kimga…
— Menga qarang, Kramer! — dedim fig‘onim chiqib. — Siz yo kasalsiz, yoki o‘z harakatlaringiz uchun javob berishingiz kerak. Siz meni bekordan-bekorga haqorat qilyapsiz. Nima deyayotganingizni o‘ylayapsizmi! Birovning mehnatini o‘ziniki qilib olish kimning qo‘lidaan kelishi mumkin? Buning kimga keragi bor? Qanaqa zamonda va qayerda yashayotganimizni bilasizmi?
— Yedingizda bo‘lsin! — dedi u gapimni bo‘lib va bir sakrab tonnel ichiga kirib ketdi.
Men hayratda qoldim. Tavba, nimalar bo‘lyapti?! Beixtiyor eshikni ochib, laboratoriyaga kirdim.
XVII. ZOOLABORATORIYA