Bizni kutishayotgan ekan, «qo‘nishimiz» bilan yarim shar devorlaridagi eshik ochildi. Hamrohim meni ichkariga itarib, orqamdan o‘zi ham kirib oldi. Eshik yopildi.
Yana lampochka yonib turgan havo kamerasi, devorda manometr, barometr, termometrlar. Hamrohim apparatlar yoniga borib, kuzata boshladi. Bosim bilan harorat yetarli bo‘lgach, yechinishga tushdi va meni ham shunga ishora qildi.
— Qalay, o‘mbaloq oshib to‘ydingizmi? — so‘radi u kulib. — Men atayin shunday uchdim.
— Bir oz ko‘ngilni yozmoqchi bo‘libsiz-da?
— Yo‘q. Haroratni boshqaradigan plash bilan muomala qilolmay, issiq va sovuqdan qiynalib qolasiz deb qo‘rqdim. Binobarin, oftobda bir tekis «pishishingiz» uchun sizni xuddi sixdagi kabobday aylantirib turdim, — dedi u fazoviy kostyumini yechib bo‘lib. — Endi tanishib qo‘yaylik. Kramer, Kets Yulduzining laborant-biologi. Siz-chi? Bu yerga ishlagani keldingizmi?
— Ha, men ham biologman. Artemyev Leonid Vasilyevich.
— Juda yaxshi! Birga ishlaymiz.
Men yechina boshladim. Shundagina fizikaning «ta’sir kuchi aks ta’sir kuchiga tengdir» degan qonuni bu yerda aynan yuz berishini his qildim.?u yerda hamma narsa, hatto odamning o‘zi ham «reaktiv asbob» larga aylanib qoladi. Men kostyumni, o‘zimizcha aytganda, «yer» ga tashladim, tashladim-u, ammo o‘zim tepaga uchib ketdim. Qiziq: men kostyumni otdimmi, yo kostyum meni otdimi, bilib bo‘lmaydi.
— Endi ikkovimiz ham tozalanishimiz — dezinfeksion kameraga kirishimiz kerak, — dedi Kramer.
— Siz nega kirasiz? — so‘radim ajablanib.
— Axir sizga qo‘l tekkizdim-ku.
«Voy-bo‘y! Xuddi men vaboning uyasidan kelgandayman-a», — deb o‘yladim.
Mana, yana «pardozxona» daman. Yana tanaga ko‘rinmas nurlar yuboruvchi apparatlar guvillab turgan kamera. Yana toza, sterilizatsiyalangan kiyim-bosh, yana «yulduz vrachi» ning kichkina, oppoq ambulatoriyasida so‘nggi tibbiy ko‘rik.
Bu havo ambulatoriyasida na stul, na stol bor. Faqat meditsina asboblari solingan va devorlarga omonatgina mixlab qo‘yilgan eshiklar turibdi.
Bizni jikkakkina, harakatchan ayol vrach Anna Ignatyevna Meller kutib oldi. Kumushrang yengiL ko‘ylak kiyib olgan bu juvon, qirq yoshni urib qo‘ygan bo‘lishiga qaramay, endigina balog‘atga yetgan qizchaga o‘xshardi. Men unga Kets shahridagi «yer vrachi» ning salom va iltimosini topshirdim.
Dezinfeksiyadan keyin u menga yer kiyimlarimdan yana anchamuncha mikrob topilganini aytdi.
— Tirnoqlarga e’tibor bermayotganliklari to‘g‘risida Kets shahri sog‘liqni saqlash bo‘limiga albatta yozaman. Sizning tirnoqlaringiz ostidan bakteriyalarning butun bir armiyasi chiqdi. Yulduzga jo‘natishdan oldin tirnoqlarni oldirib, o‘rnini yaxshilab tozalashlari kerak. Umuman, sog‘lig‘ingiz yaxshi, endi nisbatan ancha tozasiz. Hozir sizni o‘z xonangizga olib borishadi, keyin ovqatlantirishadi.
— Olib borishadi? Ovqatlantirishadi? — taajjublanib so‘radim men. — Yetib qolgan bemor ham, chaqaloq ham emasmanku. O‘zim borib, o‘zim ovqatlanarmai.
— Maqtanmang! Fazoda siz heli chaqaloqsiz.
Shunday deb, u yelkamga qoqib qo‘ydi. Men kameraning narigi burchagiga o‘qday uchib ketdim, devorga tegib xonaning o‘rtasiga qaytib keldim-u, oyoqlarimni pitillatgancha havoda «osilib» qoldim.
— Qalay, endi ishondingizmi? — dedi kulib Meller. — Tag‘inam bu yerda og‘irlik bor harholda. Hali go‘daksiz. Qani, yuribboqing-chi!
Qayoqda deysiz! Bir minutlardan keyingina oyog‘im polga tegdi. Qadam bosmoqchi bo‘luvdim, yana havoga ko‘tarilib ketdim. Boshim «shift» ga tegdi-yu, hech narsani sezmadim, nochor ahvolda qo‘llarimni o‘ynatib turaverdim.
Eshik ochilib, mening biolog tanishim Kramer kirdi. U meni ko‘rib, xaxolab kulib yubordi.
— Anovi chaqaloqni shatakka olib, oltinchi xonaga kuzatib qo‘ying, — deb murojaat qildi Kramerga Anna Ignatyevna. — U siyrak havoda qiynalyapti. Yarimta havo ulushini bering.
— Hozircha odatdagi bosimni berishning iloji yo‘qmi? — deb iltimos qildim men.
— Yarimtasi yetadi. Ko‘nikish kerak.
— Qo‘lingizni bering, — dedi Kramer.
U poldagi qayish halqalarga oyog‘ini suqqancha, tez va chaqqon yurib mening oldimga keldi, qo‘li bilan belimdan ushlab, keng yo‘lakka olib chiqdi. So‘ng xuddi koptokday qo‘lida aylantirib turib, yo‘lak bo‘ylab uloqtirib yubordi. Men dodlagancha uchib ketdim. O‘n metrcha qiyalab uchib borib, devorga yaqinlashdim.
— Qayishni ushlang, — deb qichqirdi Kramer.
Hamma yerda: devorlarda ham, polda ham, shiftda ham qayish halqalar bor edi. Men jonholatda bir halqaga yopishdym, o‘zimni to‘xtatolmay qolaman deb qo‘rqqan edim, yo‘q, haytovur, qo‘lim halqaga tegishi bilanoq to‘xtadim. Kramer allaqachon yonimda turardi. U bir eshikni ochdi-da, meni qo‘ltiqlab olib, silindr shaklidagi xonaga kirdi. Bu yerda karavot ham, stol ham, stul ham yo‘q edi. Faqat devorlarda halqalaru havorang parda tu gilgan kattakon deraza bor edi, xolos. Shuning o‘chun ham xonaga ko‘kimtir nur tushib turardi.
— Qani, o‘z uylaridagiday bemalol, yozilib o‘tirsinlar, — deb hazil qildi Kramer. — Hozir kislorodni ko‘paytiraman.
— Ayting-chi, Kramer nima uchun raketodrom Yulduzdan ajratilgan?
— Bu yangi ixtiro. Ilgari raketalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kets Yulduzining o‘ziga qo‘nar edi. Lekin hamma uchuvchilar ham bir xil emas. Hech qanday turtkisiz, ohistagina qo‘ndirish qiyin ish. Bir gal «Kets-yetti» raketasining kapitani qo‘nish vaqtida Kets Yulduziga qattiq urib oldi raketani. Katta oranjereyaga zarar yetdi: uning oynalari sinib, o‘simliklarning bir qismi nobud bo‘ldi. Uni tuzatish ishlari haligacha davom etadi. Ana shu baxtsiz hodisadan keyin injenerlarimiz raketodromni Yulduzdan ayrim qurishga qaror qilishdi. Oldin u kattakon yassi gardish shaklida edi. Lekin tajriba qo‘nish uchun yarim doira shaklida bo‘lishi qulayroq ekanini ko‘rsatdi. Oranjereyani tuzatib bo‘lgach, Kets Yulduzini oranjereya bilan birga ko‘ndalang o‘q atrofida aylanishga majbur qilamiz. Ana shunda markazdan qochirma kuch va og‘irlik hosil bo‘ladi.
— Uchish vaqtida ko‘rganimiz rang-barang nurlar nima edi? — so‘radim men.
— Ular signal chiroqlari. Bepoyon osmonda bunaqa kichkina yulduzchani topib olish qiyin-da. Shuning uchun ham «bengal chiroqlari» o‘rnatganmiz. O‘zingizni qanday sezyapsiz? Nafasingiz bo‘g‘ilmayaptimi? Ortiq bermayman, aks holda sof kisloroddan kayf qilib boshingiz aylanib ketadi. Issiq emasmi?
— Bir oz sovqotyapman, — javob berdim men.
Kramer bir sakrab oynaning oldiga bordi va pardani ochib yubordi. Xonaga ko‘zni qamashtiruvchi oftob nuri yog‘ildi. Harorat tez ko‘tarila boshladi. Kramer qarama-qarshi tomondagi devorga uchib borib, deraza qopqog‘ini ochdi.
— Mana bu manzarani tomosha qiling.
Men derazadan qarab, hangu mang bo‘lib qoldim. Yer osmon ufqining yarmisini ishg‘ol qilgan edi. Men unga ming kilometr balandlikdan qarab turardim. U men kutganday qabariq shar shaklida emas, bukikroq ko‘rindi. Uning notekis, tog‘ cho‘qqilari turtib chiqib turgan chetlari go‘yo tuman pardasi bilan qoplanganday edi. Noaniq, gadir-budur chiziqlar. Yer sirtidan narida uzun kulrang dog‘lar — atmosferaning qalin qatlami xira qilib turgan bulut karvonlary cho‘zilib ketgandi. Markazga yaqinroqda — yana dog‘ ko‘rindi, lekin oqishroq edi. Men Muz okeani, Sibir va Shimoliy Yevropa qiyofasini tanidim. Shimoliy qutb ko‘zni qamashtiradigan darajada yarqirab turardi. Quyosh aksi Barens dengizida kichkina uchqunday yiltirardi.