Yerni tomosha qilarkanman, asta-sekin u kamayib borayotgan ulkan Oy shakliga kirdi. Mets Quyosh nuri yoritib turgan bu bahaybat yarim oydan ko‘zlarimni uzolmasdim.
— Kets Yulduzimiz, — deb tushuitirdi Kramer, — sharqqa tomon uchadi va yuz minutda Yer atrofini bir marta aylanib chiqadi. Bizda quyoshli kun atigi olmish yetti minut davom etadi, tun esa — o‘ttiz uch minutni tashkil qiladi. Qirq-ellik minutdan keyin biz Yerning soyasida qolamiz…
Oyning aks nuri xira yoritib turgan Yerning qorong‘i tomoni bazo‘r ko‘rinardi. Qorongi va yorug‘ mintaqalar chegarasini kattakatta qop-qora tishlar — tog‘ soyalari ajratib turibdi. Mana men Oyni, haqiqiy Oyni ham ko‘rdim. U juda yaqinday, lekin Yerdan ko‘ringaniga nisbatan ancha kichkinaday tuyuldi.
Nihoyat Quyosh Yer ortiga berkindi. Endi Yer yorqin halqa bilan o‘ralgan qora gardishga o‘xshab qoldi. G‘oyib bo‘lgan quyosh nurlari yer atmosferasini yoritib turgani uchun shunday ko‘rinardi. Xonamizga qizg‘ish shu’la yog‘ildi.
— Ko‘rib turibsizki, bu yerda qorong‘ilik bo‘lmaydi, — dedi Kramer. — Oy Yer orqasiga o‘tganda Yerdan tushadigan shu’la bemalol oy nurining o‘rnini bosadi.
— Nazarimda, raketaning ichi bir oz sovuganga o‘xshaydi, — dedim men.
— Ha, tun salqini, — javob berdi Kramer. — Lekin harorat aytarli pasaygani yo‘q. Stansiyamiz qobig‘ining o‘rta qatlami issiqlikni chiqarmaydi, buning ustiga Yer juda ko‘p miqdorda harorat yuborib turadi. Kets Yulduzida tun juda qisqa, shuning uchun ham sovqotish xavfi yo‘q. Biz biologlar uchun bu juda yaxshi. Lekin fiziklarimiz xunob: ular tajriba uchun absolyut nulga yaqin bo‘lgan haroratni ko‘p mashaqqat bilan olishadi. Yer hatto ming kilometr masofada ham xuddi ulkan pechday issiqlik purkab turadi. Oranjereyamizdagi o‘simliklar qisqa tun salqinidan zarar ko‘rmaydi. Biz hatto elektr pechlarni ham yoqib o‘tirmaymiz. Shu yerda ajoyib tog‘ iqlimi bor. Hademay rangsiz yuzlaringizga qon yugurib qoladi. Men ham shu yerga kelganimdan keyin et qo‘ydim, ishtaham ochilib ketdi.
— Rostini aytsam, mening ham qornim ochdi, — dedim men.
— Bo‘lmasa oshxonaga uchamiz, — deb taklif qildi Kramer, menga oftobda qoraygan qo‘lini uzatib.
U meni yo‘lakka olib chiqdi, biz sakrab-sakrab, qayish halqalardan ushlab oshxonaga yo‘l oldik.
Bu — «tong» ning ilk nuriga to‘lgan silindr shaklidagi kattakon xona edi. Qalin oynali panjarador derazani gurkirab turgai tiniq yashil tusdagi o‘simlik qoplab olgan. Bunday tiniq, ko‘katni Yerda sira uchratmagan edim.
— Ana u!
Tanish ovozni eshitib, atrofga alangladim va devorga qaldirg‘ochday yopishib turgan. Mellerni ko‘rdim. Uning yonida och binafsharang ko‘ylak kiygan Tonya. Dezinfeksiyadan keyin uning sochlari to‘zgib ketibdi. Unga qarab jilmayib qo‘ydim.
— Bu yoqqa, bu yoqqa marhamat, — chaqirdi Meller. — Xo‘sh, nixma bilan mehmon qilay?
Ro‘paramdagi tokchada havo kirmaydigan qilib zich yopilgan bankalar, ballonlar, kublar va sharlar turardi.
— Sizni so‘rg‘ich orqali suyuq ovqat, yorma bo‘tqa bilan boqamiz. Qattiq narsalarni eplay olmaysiz, qo‘lingizdan chis, ib uchib ketadi — keyin tutib bo‘psiz. Bizda ko‘proq sabzavotdan tayyorlangan ovqatlar bo‘ladi. Chunki mahsulot o‘zimizdan chiqadi. Mana bu olma suvi, — u berk bankalardan birini ko‘rsatdi, — mana bular guruchli qulupnay, o‘rik, shaftoli, banan, Kets sholg‘omi, bunaqasini Yerda tatimagansiz… Sholg‘om yeysizmi?
Shunday deb, Meller tokchadan biqinida naychasi bor bir silindrni oldi. Silindrning ostida ham yo‘g‘onroq naycha bor edi. Meller ana shu naychani kichkina nasosga ulab, dam bera boshladi. Ikkinchi naychaning uchida sarg‘ish ko‘pik ko‘rindi. Meller, silindrni Tbnyaga uzatdi.
— Mang, so‘ring. Agar so‘rish qiyin bo‘lsa, yana dam berish kerak. Naychaning og‘zi sterilizatsiyalangan. Nega aftingizni burishtirasiz? Idishlarimiz yunon chinnilariday chiroyli bo‘lmasa ham, bu yerning sharoitiga juda mos.
Tonya ikkilanibroq naychani og‘ziga olib bordi.
— Xo‘sh, qalay? — so‘radi Meller.
— Judayam shirin.
Kramer menga boshqa bir «so‘rg‘ich» ni tutqazdi. «Kets sholgomi» dan tayyorlangan suyuq sariq bo‘tqa rostdan ham juda shirin edi. Banan suvini aytmaysizmi! Men dam berishga ulgurolmasdim. Keyin o‘rik sharbati, qulupnay suvi.
Men maza qilib ovqatlandim. Ammo Tonya negadir o‘y surib, deyarli hech narsa yemadi.
Yo‘lakda unga yetib olib, yengidan tortdim.
— Nima bo‘ldi sizga, Tonya?
— Men hozir Kets Yulduzi direktorining oldiga kirdim. Yevgeniyni surishtirdim. U Yulduzda yo‘q. Uzoq sayyoralararo sayohatga jo‘nab ketibdi.
— Biz ham orqasidan uchamizmi? — deb so‘radim tashvishlanib.
— Afsus, — dedi u. — Biz ishlashimiz kerak. Lekin direktor, sayyoralararo sayohatga chiqishingiz ham mumkin, deb aytdi.
— Qayoqqa? — hadiksirab so‘radim men.
— Hali-hozir bilmayman. Oyga, Marsga, balki undan ham olisroqqa ucharmiz.
— Yevgenyev bilan radio orqali gaplashsa bo‘lmaydimi?
— Bo‘ladi. Ketsning radio aloqasi faqat Yer bilangina bog‘lanmagan: Xevisayd qatlami xalaqit beradi. U radionurlarni qaytarib yuboradi. Men qisqa nurlar bilan ana shu qatlamni yorib o‘tish va Yer bilan radio aloqani o‘rnatish ustida ish olib borishim kerak bo‘ladi. Hozircha yorug‘lik telegrafi orqali aloqa qilinadi. Million svechali projektor yoqilgan, agar havoda bulut bo‘lmasa, nur Yerga bemalol yetib boradi. Shunisi ham borki, Pomirda, Kets shahrida havo deyarli doimo ochiq bo‘ladi. Sayyoralararo bo‘shliqda uchib yurgan raketalar bilan esa Kets Yulduzi radio orqali gaplashadi… Hozir radiostansiyaga borib, Kets Yulduzi bilan Oy o‘rtasidagi bo‘shliqni tadqiq qilayotgan raketa bilan bog‘lanishga harakat qilaman… Darvoqe, direktor sizni yo‘qlagan edi. — Tonya bilaguzuk soatiga qarab, qo‘shib qo‘ydi: — Bugun endi kechikdingiz. Birga radiostansiyaga uchamiz. To‘qqizinchi xonaga.
Elektr nuri bjlan yoritilgan keng yo‘lak yerosti yo‘liday cho‘zilib ketgan edi. Bu yerda tovush odatdagidan pastroq eshitilardi, chunki havo siyrak edi, shuning uchun ham meni birov chaqirayotganini hadeganda eshitmabman.
Bu Kramer — ekan. U kichkinagina qanotlarini silkitib biz tomonga uchib kelardi. Uning ikki yoni va orqasidan qo‘shaloq yelpig‘ichga o‘xshagan narsalar chiqib turardi.
— Mana, sizlarga qanot olib keldim, — dedi u, — endi butunlay fazogirlarga o‘xshashlaring kerak. Ochilgan paytida salpal ko‘rshapalakning qanotini eslatadi. Bular qo‘l panjisiga o‘rnatiladi. Buklanishi va orqaga qaytarib qo‘yilishi mumkin, u holda qo‘l bo‘shaydi, istagan narsangizni ushlashingiz, ko‘tarishingiz mumkin.
Kramer chaqqonlik bilan kattaligi qariqiz o‘tining yaprog‘iday keladigan qanotchalarni qo‘limizga bog‘lab, uni qanday ishlatishni ko‘rsatdi-da, yana kelgan tomoniga uchib ketdi. Tonya ikkovimiz uchishga kirishdik. Bir necha marta boshimiz boshimizga to‘qnashib qoldi, devorga borib urildik, charxpalak bo‘lib ketdik. Lekin sira og‘riq sezilmasdi.
— Chindan ham ko‘rshapalakka o‘xshaymiz, — dedi Tonya kulib. — Qani, radiostansiyaga qaysi birimiz oldin borarkinmiz?
Biz ilgarilab ketdik.
— Nega yo‘lakda hech kim ko‘rinmaydi? — so‘radim men.
— Hamma ishda, — dedi Tonya. — Aytishlaricha, bu yer kechqurun gavjum bo‘larmish. Xuddi ochiq kundagi tilla qo‘ng‘izlarday to‘dalashib uchib yurisharmish.
Biz to‘qqizinchi xonaga uchib keldik. Tonya tugmachani bosgan edi, eshik shovqinsiz ochildi. Meni taajjublantirgan eng birinchi narsa — radist bo‘ldi. U quloqlariga naushnik taqib «shiftda o‘tirar» va radiotelefonogramma yozardi.