— Ammo, Skvayrlar va nazoratchilar qurollanishgan-ku… — hayron bo‘ldi Terens.
Shunda unga Trantor, ya’ni keyingi yuz yilliklarda kengayib Galaktikadagi inson zoti yashaydigan sayyoralarning qariyb yarmisini o‘z ichiga olgan ulkan davlat haqvda so‘zlab berishdi. Trantor, deyishdi ular, florinaliklar yordamida Sarkni tor-mor keltiradi.
— Biroq, — dedi Terens avval o‘ziga, keyin boshqalarga. — Trantor shunchalik buyuk, florina esa kichkinagina, bu holda Trantor yanada kattaroq va zolimroq hukmdor bo‘lib qolmaydimi? Agarda bu qutulishning yagona yo‘li hisoblansa, undan ko‘ra Sark istibdodiga chidagan yaxshi-ku.
Lekin ular Terensning ustidan kulishdi va bu yerda eshitganlari haqida birovga g‘iring desa gumdon qilajaklarini aytib haydab yuborishdi.
Terens bir qancha vaqt Xavfsizlik Bo‘limida ham ishladi, — bunga uncha-buncha florinalik muyassar bo‘la olmasdi. Terens bu xizmatda yurib, butun siyosat turli fitnalardan iborat ekan. Florinadagi kishilar qandaydir yo‘llar bilan til topishib, qo‘zg‘olonga tayyorgarlik ko‘rishardi. Odatda, ularni mablag‘ bilan Trantor ta’minlardi. Ba’zan esa bo‘lajak isyonchilar Florina boshqa birovning yordamisiz ham g‘alaba qila oladi, deb o‘ylardilar.
Endi esa manavi, qachonlardir koinot tadqiqotchisi bo‘lgan, hozir esa har bir florinalik hayotiga tahdid qilayotgan qandaydir xavf haqida g‘o‘ldirayotgan ko‘rimsizgina odam unda umid uyg‘otdi…
Terens tungi yomg‘ir yog‘ib o‘tgan, bulutlar orasidan xiragina miltillab turgan yulduzlar yog‘dusi tushayotgan dala bo‘ylab yurardi. U Florinaning boyligi hamda boshiga tushgan balosi bo‘lgan kirt bo‘yini to‘yib hidlardi.
U xomxayollikdan yiroq edi. Ha, u endi Rezident emas. Hatto florinalik ozod dehqon ham emas. U — qochoq, berkinib yurishga majbur jinoyatchi. Biroq, oxirgi kunlarda uning qo‘lida Sarkka qarshi buyuk kuch mavjud edi. U yangilishayotgani yo‘q. U Rikning yodiga tushgan narsalar to‘g‘riligini, uning qachonlardir koinot tadqiqotchisi bo‘lganligini va u esini yo‘qotar darajada ruhiyat zondi ta’siriga uchraganligini bilardi.
Biroq, hozir Rik o‘zini florinalik vatanparvar qilib ko‘rsatgan, aslida esa Trantor josusi bo‘lgan — bunga avval boshdanoq shubhalanmagandi, kelbatli kimsaning qo‘lida. Axir, Pastki shaharning qaysi fuqarosi radarli qalbaki tandir qura oladi?
Nima bo‘lganda ham Rikni Trantor ixtiyoriga qoldirib bo‘lmaydi. U nima qilishini biladi. Faqat tong otishini kutish lozim.
Juns Klerk bilan suhbat qurgandan so‘ng o‘n soat o‘tgach, yana Lyudigan Ebl bilan uchrashdi,
Elchi Salim Junsni odatdshi mehmonnavozlik bilan kutib oldi, lekin o‘zini uning oldida aybdor his etardi. Ularning birinchi uchrashuvlarida (bunga ancha bo‘ldi, deyarli bir Namunaviy yil) Ebl uning koinot tadqiqotchisi haqidagi hikoyasiga e’tibor bermagandi. O‘sha vaqtda u faqat bir narsani o‘ylagandi: bundan Trantorga qanday naf bor?
Trantor! U elchining o‘y-fikrlari orasida hamisha birinchi o‘rinda turardi, lekin Ebl yulduzlar jannatini yoki trantor harbiy kuchlarining sariq nishonini quyosh va koinot kemalari bilan qo‘shib ilohiylashtiruvchi ahmoqlardan emasdi,
Ochig‘i, u tom ma’nodagi vatanparvar ham emasdi, uning uchun Trantor Trantor sifatida hech qanday ahamiyatga ega emas edi.
Biroq, u tinchlik tarafdori edi. Buning ustiga u keksayib borar va o‘zining qadahidagi mayni, beshovqin musiqali muhitni, tushki ovqatdan keyingi uyquni hamda shoshilmay qazoi-muallaqni kutishni xush ko‘rardi. U barcha odamlar shunday bo‘lishlari kerak deb hisoblardi, lekin odamlar urushga va vayronagarchiliklarga mukkadan ketishgandi. Ular fazo bo‘shliqlarida muzlab qolishar, atomlar portlashidan bug‘lanib ketishar, qamal qilingan, o‘qqa tutilayotgan sayyoralarda ochdan o‘lishardi.
Eblning xonasida Trantor xaritasi — Galaktika qolipining uch o‘lchamli billur qubbasi osig‘liq turardi. Yulduzlar oppoq olmosdek chaqnab turardilar, tu» manliklar yorqin yoki qoramtir xiralik edilar, ancha tublikda esa Trantor jumhuriyatini bildiruvchi bir qancha moviy rang uchqunlar miltirardilar.
Xarita tarixiy bo‘lib, uning tugmasi bor edi — ular yordamida har ellik yildan so‘ng Trantor atrofida ko‘plab moviy yulduzlar chaqnayotganini kuzatish mumkin edi.
O‘nta tugmaning oddiygina bosilishi natijasida bir yarim ming yil o‘tar va Trantor tasarrufiga Galaktikaning yarmi qo‘shilardi.
Trantor jumhuriyatning Trantor Ittifoqiga aylanish yo‘li tog‘-tog‘ halok bo‘lgan odamlar, kuli fazoga sovurilgan kemalar, yo‘q qilingan olamlar ustidan o‘tgandi. Bularning hammasi Trantorga kuch berardi.
Xozir esa Trantor yangi o‘zgarish bo‘sag‘asida, ya’ni uning ta’siri barcha yulduzlarga tarqatilib, Trantor Ittifoqining Galaktika Ittifoqiga aylanish va natijada umumjahon tinchligi vujudga kelishi oldida hayajondan titrardi. Ebl xuddi shunday tinchlikni istardi.
Xullas, ehtiyotkor Elchi doktor Juns bilan bir yil ilgari o‘tkazgan suhbatida «bundan Trantorga qanday naf bor?» degan fikrnigina ko‘nglidan o‘tkazgandi.
— Yo‘q, men orqamdan qo‘yilgan josuslaringizdan ranjimayapman, — dedi Juns. — Balki, siz ehtiyotkor odamdirsiz, hech kimga va hech narsaga ishonishingiz kerak emasdir. Ammo, har holda ayting-chi, nega men qidirayotgan kishining manzilgohi aniqlanganini xabar qilmadingiz? Yoki siz ham u bir yil Florinada yashaganini, uni Sarqdan qidirish befoyda ekanini bilmaganmidingiz? Biroq, hozir siz uni topibsiz va men u bilan suhbatlashishim zarur.
— Afsuski, buning iloji yo‘q.
— Nega?
— Yaxshi, men sizga ochig‘ini aytaman: Shuning uchunki, o‘n ikki soat avval Matt Xorovni — trantor josusini Florina nazoratchisi o‘ldirgan. U o‘z novvoyxonasida yashirib qo‘ygan ikki florinalik ayol va erkak, siz qidirayotgan kuzatuvchi bo‘lishi kerak, izsiz yo‘qolishgan. Aftidan, ularni Skvayrlar tutib olishgan bo‘lishsa kerak.
Juns oromkursidan turdi.
Ebl xotirjamlik bilan may to‘ldirilgan qadahni lablariga yaqinlashtirar ekan, so‘z qotdi:
— Rasmiy tomondan men hech narsa qilolmayman. O‘ldirilgan kishi florinalik edi, yo‘qolganlarning ham florinalik emasligini biz isbot etolmaymiz.
NAZORATCHI
Rik g‘ira-shira paytda uyg‘ondi. U uzoq yotib, o‘z ongi haqida o‘yladi. O‘tgan tun mobaynida qalbining qandaydir yarasi tuzalgandek, ko‘ngli to‘lgandek edi. Bu, ikki kun avval, o‘sha, «eslashga» tushgandan so‘ng ro‘y bera boshlagandi. Buqday jarayon kecha kun bo‘yi davom etdi. Yuqori Shaharga borgani, kutubxona va nazoratchiga qilingan hujum, undan keyingi kechishlar va Novvoy bilan bo‘lgan uchrashuv — bularning hammasi unga ferment[4]dek, malhamdek ta’sir ko‘rsatdi. Miyaning anchadan beri quruqshab yotgan hujayralari o‘zlarining zaif bo‘lsa-da, faoliyatini bopshadilar. Hozir, u uyquga to‘ygach, ularda qandaydir harakat sezilardi. Rik fazo va yudduzlar, yolg‘izona uzoq kezib yurishlar, buyuk jimjitlik haqida xayol surdi, Nihoyat, u boshini ko‘tarib qizni chaqirdi:
— Lona!
— U shu zahotiyoq uyg‘ondi, tirsagiga tiralib turdi-da, Rik tomonga boqsi.
— Lona, mening ahvolim juda yaxshi. Men yana u-bu narsalarni esladim. Men kemada bo‘lganman va aniq bilamanki…
Biroq qiz uni eshitmasdi. U Rikka teskari qarab, ko‘ylagini kiydi, oldidagi ilgak-chokni siladi-da, belbog‘ini asabiylik bilan tortib qo‘ydi. Keyin oyoq uchida yaqinlashdi.
— Jim, tovushingni baland chiqarma.
— Rezident qani?
— U yo‘q. U… u ketdi.
Xona yorishdi va Novvoyning kelbatli qomati ko‘rindi. Uning qalin lablari tabassumdan quloqyaariga yetay derdi.
— Vaqtli uyg‘onibsiz.
Ular indashmadi.
— Bugun siz jo‘naysiz.
Rezident ketgandan so‘ng, uning Rikka qanday ko‘z bilan qaragani, qizning yodida edi.
— Siz to‘g‘ringizda tegishli joyga xabar qilindi. Xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi.