— U bilan birga ketibsanmi, deb o‘ylabman.
— Kim bilan, janob?
— Rezident bilan-da. Uning ketganini bilasan-ku. Mug‘ombirlik qilma.
— U qaytib keladi, janob.
— Qaytib kelaman, dedimi? U adashibdi, nazoratchilar tutib olishadi. Sening Rezidenting uncha ayyor emas ekan, aks holda eshikni atay ochiq qoldirganimni bilgan bo‘lardi. Sen ham ketmoqchimisan?
— Men Rezidentni kutaman.
— Ixtiyoring. Uzoq kutishga to‘g‘ri keladi. Istagan paytingda ketishing mumkin.
Yana yorug‘lik nuri paydo bo‘ldi. Valona yerni paypaslab, Rikning ozg‘in va rangpar yuzini topdi. Rikning ko‘zlari yorug‘likda yana-da qattiqroq qisildi, Biroq uyg‘onmadi.
— Bu kishini esa qoldirgan ma’qul. Sen ketmoqchi bo‘lsang, marhamat, lekin eshik uning uchun yopiq.
— U bir bechora, kasal yigit… — dedi cho‘chinqirab Valona.
— Shunaqami? Men kasal, bechora yigitlarni to‘playapman, Xullas, gap bitta: u shu yerda qoladi. Yodingdan chiqmasin!
Yorug‘lik nuri Rikning yuziga yopishib qolgandek edi.
OLIM
Doktor salim Junsning bir yildan beri toqati toq bo‘ldi. Betoqatlik vaqt o‘tishi bilan kamaymaydi. Aksincha kuchayadi, Biroq o‘tgan vaqt uni Sark Razvedkasi shoshirmaslik kerakligiga o‘rgatdi. Chunki xizmatchilarning ko‘pchiligi ko‘chib kelgan florinliklardan iborat edi va ular o‘z obro‘lariga putur yetkazishni istashmasdi.
Bir kuni u Sarqda juda uzoq yashaganidan hatto boshmoqlari ham shu yerda ildiz otib ketgan qariya Ebl trantorlik vakil bilan suhbat qurdi,
— Nega sarkliklar davlat idoralarida o‘zlari chin dildan nafratlanadigan kimsalarning xizmat qilishiga yo‘l qo‘yadilar, — deb so‘radi Juns.
Ebl yashil may to‘ldirilgan qadahni tutar ekan, ko‘zlarini qisdi.
— Siyosat, Juns, — dedi u. — Siyosat. Hamma gap sarkcha mantiq bilan olib borilayotgan amaliy genetikada. Sarkliklar aslini olganda pachoq va bir tiyinga qimmat xalq, faqat bitmas-tuganmas oltin koni — florinaga ega bo‘lganliklari uchun kekkayadilar. Shuning uchun ular har yili florinaning shahar va qishloqlaridagi yigitlarning eng sara gullarini olib Sarkka o‘qishga jo‘natadilar. Bundayroqlarini turli qog‘ozlarni to‘ldirishga, arizalarga qo‘l qo‘yib turishga o‘tkazadilar, aql va iste’dod egalarini esa orqaga, florinaga yuboradilar, ular shaharlarda mahalliy hukmdor — rezidentlikka tayinlanadilar. Florinaning eng aqlli zotlari sarklarga sodiq, chunki ular Sarkka xizmat qilar ekanlar, g‘amtashvish, yetishmovchilik nimaligini bilmaydilar, lekin bu ishdan bo‘yin tovlasalar, faqat oddiy florinalik kabi yashashgagina umid qilishlari mumkin. Bu esa, do‘stim, aslo havas qiladigan narsa emas.
Qari diplomat bir ko‘tarishda qadahni bo‘shatdi-da, davom etdi:
— Bu yog‘i… Rezidentlar ham, Sarqsagi idora xodimlari ham o‘z mavqelarini yo‘qotmay turib farzand ko‘rishga haqlari yo‘q. Hatto florinalik ayollardan ham. Sark ayollari bilan nikoh o‘qitish haqida esa gap bo‘lishi mumkinmas. Shunday qilib, florinaning eng yaxshi genlari betinim chiqitga chiqib ketaverdi va borabora florinada faqat o‘tinchilar bilan suv tashuvchilargina qoldi.
— U holda sarkliklar xizmatchisiz qolmaydimi?
— Bu kelajak muammosi.
Shunday qilib, hozir koinot tadqiqotchisi — doktor Salim Juns florina ishlari Departamenti qabulxonalarining birida o‘tirar va byurokratik labirintlarda betinim yugurib yurgan florinalik kichik xizmatchilar uni qachon chaqirishlarini betoqatlik bilan kutardi. Nihoyat, uni dabdabali jihozlangan xonaga olib kirib, Kichik Kotib Klerk[3]stoli ro‘parasidagi oromkursiga ishora qilishdi. Hech bir florinalik qanchalik ko‘p ishga bosh qo‘shmasin, baribir Klerqdan yuqoriroq mansabni egallay olmasdi. Florina ishlari bo‘yicha Kichik va Katga Kotiblar, albatta, sarkliklardan iborat edi. Juns ularni yuqori qavatlarda uchratishi mumkin bo‘lsa ham, bu idorada hech qachon ro‘para kelmasligini yaxshi bilardi.
Klerk bir safga tizilgan qat-qat ma’lumotlar to‘pidagi har qog‘ozni, xuddi unda butun Koinot siri yashiringandek hijjalab tekshirardi. U yosh edi, balki maktabni yaqinda tugatgandir. Barcha florinaliklar kabi u ham oq tanli va sochlari malla rangda edi. Nihoyat, u qog‘ozlarni bir chekkaga qo‘ydi-da, so‘z qotdi:
— Ma’lumotlarga qaraganda, siz bu idorada ilgari ham ko‘p bo‘lgan ekansiz, shu to‘g‘rimi?
— Ha, bo‘lganman, janob, — dedi Doktor Juns keskinroq ohangda.
— Lekin, yaqin orada emas, a?
— Ha, yaqin orada emas.
— Siz hali ham o‘n bir oy muqaddam… — Klerk qog‘oz titkiladi, — yo‘qolgan koinot tadqiqotchisini izlayapsizmi?
— Xuddi shunday.
— Shu vaqt mobaynida, — davom etdi Klerk, — o‘sha odamning hech qanday izi topilmadi va uning sarkliklar hududiga biron marta kirgani ham aniqlanmadi.
— Undan olingan eng so‘nggi ma’lumot, — dedi olim, — Sark yaqinidagi fazodan yuborilgandi.
Klerk bir daqiqagina moviy ko‘zlarini unga qaratdi. Keyin yerga boqqancha dedi:
— Bo‘lishi mumkin, ammo uning Sarkka borgani isbotlanmadi.
Isbotlanmadi! Junsning lablari qimtildi. Xuddi shunday javobni, borgan sari keskinroq tus olayotgan bunday javobni u keyingi oylarda Yulduzlararo Koinot Tadqiqoti Byurosidan ham olayotgandi.
«Hech qanday dalil yo‘q, doktor Juns. Doktor Juns, siz o‘z vaqtingizni boshqa bir tuzukroq ishga sarflasangiz yaxshi bo‘lardi. Doktor Juns, Byuro qsdiruv davom etishini ta’minlaydi».
Bu so‘zlar: «Bo‘lar-bo‘lmas ishlarga pul sarflayvermang, doktor Juns», degan ma’noni anglatardi.
Voqea, Klerk to‘g‘ri tavsiflaganidek, Yulduzlararo kelishilgan vaqt birligi bo‘yicha bundan o‘n bir oy muqadsam boshlangandi. Usha hodisaga ikki kun qolganida, Juns Byuroning sarkdagi bo‘linmalarini odatdagi tekshiruvdan o‘tkazish niyatida sayyoraga tushdi. Uni YUKTB vakili — Sarkning kimyo sanoat chiqaradigan qandaydir elastik saqichni jag‘ tishlari ortiga o‘tkazdi-da, bir qog‘oz uzatdi:
— Doktor Juns, kuzatuvchilarning biri xabar yuboribdi.
Juns xabarni ovoz chiqarib o‘qidi:
— O‘ta muhim ahamiyatga molik ish yuzasidan batafsil xabar berish uchun YUKTB Bosh shtabining kodlashtirilgan aloqa vositasini bo‘sh saqlashni iltimos qilaman. Muhim xabar butun Galaktikaga tegishli. Eng kichik trayektoriya bo‘yicha qo‘naman.
Vakil jilmaydi.
— Buni qarang, janob! «Xabar butun Galaktikaga tegishli» emish. Bu hatto kuzatuvchi uchun juda zarur gap. Xabarni olishim bilan, darrov u bilan yulduzlararo aloqa yo‘li orqali bog‘lanib gap nimada ekanligini aniqroq bilmoqchi bo‘ldim. Biroq unga hech gap uqtirolmadim. U faqat bir narsani, ya’ni florinadagi har bir kishining hayoti xavf ostida ekanligini ta’kidlayverdi. Bilasizmi, u yerda yarim milliard odam bor. U esi past odamga o‘xshardi. Shuning uchun to‘g‘risini aytsam, sayyoramizga kelganida u bilan yakkama-yakka qolishni istamayman. Siz bunga nima deysiz?
— Suhbatingiz yozilganmi?
— Ha, janob, — u cho‘ntagini kavladi. — Mana.
Bu bir bo‘lak lenta edi. Juns uni asbobga qo‘ydi va qovog‘ini soldi.
— Ko‘chirma nusxa shekilli?
— Ha. Asl nusxani Sayyoralararo Transport Byurosiga jo‘natganman. Men uni «Tez yordam» xizmati bilan kutib olsak yaxshiroq bo‘ladi, deb o‘ylagandim. Balki uning ahvoli og‘irdir. Juns yigitning fikriga qo‘pshjisi keldi. Chunki, yolg‘iz hayot kechiruvchi koinot tadqiqotchilari aqldan ozganlarida, ularning xatti-harakatlarida kutilmagan jihatlar paydo bo‘lishi mumkin edi. Biroq, Juns o‘ylanib qoldi.
— To‘xtang-chi. U hali qo‘ngani yo‘qmi?
Vakil hayron bo‘ldi.
— Nazarimda u qo‘ngan, lekin hali hech kim menga bu haqsa xabar bermadi.
— Unday bo‘lsa, Transport bilan aloqa o‘rnating va tafsilotlarni surishtiring. U aqldan ozganmi yoki yo‘qmi, barcha ma’lumotlarni qayd etishingiz kerak.