Rey Bredberi
Marsga hujum
“Hayratga tushish qobiliyati buyuk ishdir,
— dedi faylasuf. — Kosmik parvozlar
bizlarni yana bolalarga aylantirib qo‘ydi”.
Yanvar 1999
RAKETA YOZI
Hozirgina Ogayo qishi hukmron edi: eshik va derazalar taqa-taq yopilgan, oynalarni qalin qirov bosgan; tomlarning qirralaridan nayzasimon sumalaklar osilib turar, bolalar tepaliklardan chang‘ilarda o‘qdek uchar, qora ayiq mo‘ynasidan tikilgan po‘stinli ayollar sirpanchiq ko‘chalarda kezinar edilar.
To‘satdan issiq havo to‘lqini shahar bo‘ylab yoyildi, xuddi tasodifan ochiq qolgan novvoyxona eshigidan chiqqan hovur singari hammayoqni issiq havo qopladi. Uylardan shovullab suvlar oqdi.
Butalar va bolalarning egnilari ho‘l bo‘ldi. Tomlardan sumalaklar uzilib tushar, yerga tushib mayda-mayda bo‘lar va erib ketar edi. Eshiklar lang ochildi. Osmonda bulutning choki so‘kildi. Bolalar egnilaridan sviterlarini yechib otdilar. Onajonlar ham ayiq mo‘yna po‘stinlarini yelkalaridan tashladilar.
Qor erib, o‘tloqzorda bulturgi maysalar mung‘ayib ko‘rindi.
Raketa yozi. Og‘izdan-og‘izga, uydan-uyga shu ikki so‘z ko‘chib yurar edi: Raketa yozi. Xuddi cho‘l nafasidek qaynoq havo derazalardagi muz naqshlarni eritib yubordi, ular o‘rnida nafis kashtalar suzilib ko‘rindi. Chang‘i va konkilar birdan kerak bo‘lmay qoldi. Ayozli osmondan tepalik ustiga qo‘nayotgan qor yergacha kelmay, havodayoq qaynoq yomg‘irga aylanmoqda edi.
Raketa yozi. Odamlar yomg‘ir tomchilari pitraday to‘kilayotgan ayvondan boshlarini chiqarib, qizara boshlagan osmonga qarar edilar.
Pushtirang olov va cho‘g‘dek hovur ufurib turgan kosmodromda raketa qaddini g‘oz tutib turar edi.
Ayozli qish tongida raketa o‘zining qudratli otash nafasi bilan atrofni yoz qilib yuborayotgandi. Raketa ob-havo yaratmoqda va bir necha lahzadan buyon chor atrofda yoz hukm surmoqda edi…
Fevral 1999
ILLA
Ular Mars sayyorasida, billur ustunli uyda qurib qolgan dengiz sohilida yashar edilar va har kuni erta bilan missis K.ning billur devorlardan yetilib chiqqan oltin mevalarni yeyayotganini yoki qaynoq shamol axlatlar bilan birgalikda uchirib kelgan ohanrabo changini hovuchlab sochgancha o‘sha yerlarni tozalayotganini ko‘rish mumkin edi. Kechga yaqin qadimiy dengiz harakatsiz va qaynoq holga kelgan bir paytda hovlidagi anjir daraxtlari qilt etmay qolar edi va ko‘hna Mars shaharchasi yop-yolg‘iz so‘ppayib turar edi, hech kim ko‘chaga chiqmas, mister K.ni esa o‘z xonasida bo‘rtiq ierogliflarni arfa torlari kabi barmoqlari bilan chertgancha ma’dan kitobni o‘qiyotganini ko‘rish mumkin edi. Uning qo‘l ostida kitob qo‘shiq kuylardi, kuylovchi qadimiy tovush dengiz o‘zining qirmizi tumani bilan sohillarni qoplab olgan va qadimiy odamlar ma’dan nayza va elektr to‘rlari bilan qurollanib, jangga ketayotgan odamlar haqida rivoyat qilardi.
Mister va missis K. yigirma yil o‘lik dengiz sohilida yashashdi va ularning otalari va bobolari ham, mana, o‘n asrdirki, gulga o‘xshab quyosh tomonga yuz burib aylanib turgan mana shu uyda istiqomat qilib kelgan edilar.
Mister va missis K. hali unchalik keksa emas edilar. Ularning yuzlari chinakam marsliklardek toza, qorachadan kelgan edi. Ko‘zlari oltin tangalardek sap-sariq, ovozlari mayin va yoqimli. Ilgari ular kimyoviy olov bilan suratlar chizishni yaxshi ko‘rar edilar, sharob daraxtlari limmo-lim to‘lib oqqan anhorlarda suzishni yoqtirishardi, keyin esa tonggacha xilvatgina xonada moviy nur taratib turgan portretlar tagida suhbat qurar edilar.
Endi ular unchalik baxtli emas edilar.
O’sha kuni ertalab missis K. xuddi sariq mumdan chaplab yasalgandek, hosilsiz qumlarning uzoq-uzoqlarga taralayotgan jazirama hovuriga quloq tutgancha ustunlar o‘rtasida tik turar edi.
Nimadir sodir bo‘lishi kerak edi.
Ayol kutar edi.
U ana-mana qum ustiga chaqnovchi mo‘‘jizani keltirib bosmoqchi, siqmoqchi va ezib yanchmoqchi bo‘lgan moviy Mars osmonidan ko‘z uzmay qarab turardi.
Ammo hamma narsa o‘sha-o‘sha edi.
Kutaverish joniga tekkach, ayol tumanli ustunlar oralig‘ida u yoqdan-bu yoqqa yura boshladi.
Bo‘g‘otdagi tarnovlardan yomg‘ir jilg‘alanib oqardi, bundan tandirdek qizigan havo biroz salqin tortgandek, uning badanini silagandek bo‘lardi. Jazirama kunlarda bu daryoga tushib cho‘milish bilan baravar edi. Salqin jilg‘alar yerni ho‘l qildi. Erining kitobni tinmay chalayotgani qulog‘iga chalinib turardi; qadimgi ohanglar uning barmoqlariga zarracha ta’sir qilmayotgandek edi.
Ayol xayajonsiz o‘ylardi: qachonlardir xuddi anavi o‘zining kishi aqli yetmas kitoblariga mo‘‘jaz arfaga yopishgandek mahkam yopishib olgan, xuddi ilgari bo‘lganidek, vaqt-soati kelib eri uni ham bag‘riga bosishiga, yuz-ko‘zlarini silab erkalashga vaqt topa olishiga imoni komil edi.
Afsus! Ayol boshini chayqadi, hafsalasi pir bo‘lgandek bilinar-bilinmas yelkalarini uchirib qo‘ydi, oltinrang kiprikli ko‘zlarini asta berkitdi. Nikoh hattoki ilgaridan tanish bo‘lgan yosh yigit-qizlarni ham keksa qilib qo‘yadi…
Ayol o‘rindiqqa cho‘kdi, o‘rindiq bamisoli uning butun vujudini bag‘riga oldi. U asabiy qoshlarini chimirdi va ko‘zlarini yumdi. Ayol tush ko‘ra boshladi. Qoracha barmoqlari titrab ketdi, beixtiyor havoda o‘ynay boshladi. Lahza o‘tib, ayol o‘rindiqda cho‘chib qaddini rostladi va og‘ir-og‘ir nafas ola boshladi.
U xuddi birovni ko‘rmoqchi bo‘lgandek shosha-pisha xonaga razm solib chiqdi. Taajjub: ustunlar oralig‘i bo‘m-bo‘sh edi.
Uchburchak eshikda eri ko‘rindi.
— Sen meni chaqirdingmi? — g‘ijinib so‘radi eri.
— Yo‘q! — deyarli qichqirib javob berdi ayol.
— Menga xuddi qichqirgandek bo‘lib tuyulding.
— Rostdanmi? Men mizg‘ib tush ko‘rayotgan edim.
— Kunduziya? Senda ilgari hech bunaqa bo‘lmasdi-ku.
Ayolning ko‘zlaridan uning o‘zi ham tush ko‘rganidan taajjublangani shundoq ko‘rinib turardi.
— Qiziq, judayam qiziq, — g‘udrandi ayol. — Bu tush…
— Xo‘sh? — eri kitobga qaytib borishga toqatsizlanayotgan edi.
— Tushimga bir erkak kiribdiki…
— Erkak?
— Baland bir erkak. Bo‘yi olti fut bir dyuym1 keladi.
— Bu qanaqasi: butun boshli bir dev, alvasti-ku!
— Nimagadir, — ayol dona-dona qilib so‘zlay boshladi, — u alvastiga o‘xshamasdi. To‘g‘ri, bo‘yi juda baland edi. Uning — eh, bilaman, bu gaplar senga alahsirashga o‘xshaydi — uning ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi!
— Ko‘zlari ko‘m-ko‘k edi, — takrorladi mister K. — Ey xudoyim, keyingi gal qanaqa tush ko‘rar ekansan-a?! Hali qop-qora sochli odam ham ko‘rdim dersan.
— Buni qanday bilding? — dedi ayol.
— Shunchaki to‘g‘ri kelgan rangni aytdim-qo‘ydim-da, — quruqqina javob berdi er.
— Ha, sochlari qop-qora! — qichqirib dedi ayol. — Badani esa oppoq. Judayam g‘alati odam!
Egnidagi kiyimlari ham g‘alati, u osmondan inib tushdi-da, men bilan muloyim gaplasha ketdi.
Ayol jilmaydi.
— Osmondan emish. Shu ham gap bo‘ldi-yu.
— U quyoshda charaqlab turgan ma’dan mashinada uchib keldi, — eslay boshladi missis K. U ko‘rganlarini ko‘z oldiga keltirish uchun ko‘zlarini yumdi. — Tushimga osmon kirdi. Shunda bir narsa yalt etdi. Xuddi havoga otilgan tangadek. Keyin u kattalasha boshladi. Kattalashib-kattalashib yerga ravon tushib keldi, — bu uzun kumushrang dumaloq kema, begona kema edi. So‘ng biqindagi eshik ochildi-da, undan baland bo‘yli bir erkak chiqib keldi.
— Ko‘proq ishlaganingda bunday ahmoqona tushlar ko‘rmas eding.