— Xo‘sh, — psixiatr kemaga yaqin bordi-da, uning qorniga chertdi. Chertki ovozi mayin, guvullagan edi. — Ichkariga kirsak maylimi? — So‘radi u mug‘ambirona.
— Kiring.
— Mister Yyy kema ichiga kirdi-da, taxta bo‘lib qoldi.
— Osiy umrimda ko‘p narsalar bo‘lgan edi, ammo bunaqasi… — Kapitan sigarani chaynagancha kutardi. — Hammadan ham men uyga uchib, bu Mars deganini yelkamning chuquri ko‘rsin, deyishni juda-juda xohlab ketayapman. Shu ham sayyora bo‘ldi-yu!..
— Mening nazarimda, bu yerdagi har ikkitaning bittasi jinni. Odam degani ham shunchalik bema’ni bo‘ladimi?
— Nima bo‘lganda ham mening jinnimni chiqarib yuborishdi.
Yarim soatcha psixiatr nimalarnidir titkiladi, paypasladi, chertib ko‘rdi, quloq soldi, hidlab ko‘rdi, tilini tekkizib ko‘rdi, oxiri kema ichidan chiqib keldi.
— Xo‘sh, endi amin bo‘lgandirsiz? — Qichqirdi kapitan quloqlari hech narsani eshitmaganday.
Psixiatr ko‘zlarini yumdi-da, burnini qashidi.
— Bu ilgari men hech qachon uchratmagan oddiy alahsirash va xayolparastlikning yorqin namunasi ekan-ku! Men sizning “Raketa” degan narsangizni ko‘rib chiqdim. — U raketaga barmog‘i bilan chertib qo‘ydi. — Eshitib turibman. Sarobiy tovush. — U havoni burni bilan hidlab ko‘rdi. — Men uni hididan bilayapman. Tuyg‘ularning telepatik uzatishlaridan hosil bo‘lgan hidlash gallyutsinatsiyasi. — U raketa chokini o‘pib qo‘ydi. — Men uning ta’mini his qilayapman. Ta’m biluv illyuziyasi!
U kapitanning qo‘lini siqib qo‘ydi.
— Sizni tabriklashimga ruxsat bering! Siz ruhshunoslik dahosi ekansiz! Bu har qanday barkamollikdan oliydir! Sizning o‘z ruhiy xayolotingizni idrok etish kuchini to‘la saqlangani holda boshqa sub’ektlarni anglashga telepatik yo‘l bilan solishtirish qobiliyatingiz bag‘oyat ajoyib va tahsinga sazovordir. Bizning boshqa bemorlarimiz, odatda, ko‘ruv gallyutsinatsiyalariga mo‘ljallanadilar. Juda nari borganda, eshituv gallyutsinatsiyasi bilan qo‘shilib ketadilar. Siz bo‘lsangiz barchasi bilan bab-baravar muomala qilsangiz! Sizning jinniligingiz hayratomuz darajada mukammaldir!
— Mening jinniligim… — kapitanning rangi bo‘zdek oqardi.
— Ha, ha, ajoyib jinnilik! Ma’dan, rezina, graviatorlar, oziq-ovqat, kiyim-kechak, yonilg‘i, qurol-yaroq, zinalar, gaykalar, boltlar, qoshiqlar — men ko‘plab narsalarni tekshirib ko‘rdim. Umrimda bunaqa murakkab manzarani sira ko‘rmaganman. Hattoki karavotim tagidagi sharpalar ham qolmagan! Iroda degani ham shunchalik bo‘ladi-da! Bo‘ldi, men qanchalik tekshirmay, yana ularni istagancha paypaslab, hidlab, tinglab, til tekkizib ta’mini bilib olishingiz mumkin! Sizni quchishimga ruxsat bering!
Nihoyat, u kapitandan o‘zini chetga oldi.
— Men bu haqda risola yozaman. U ilmiy ishlarim ichidagi eng yaxshisi bo‘ladi! Kelasi oyda Mars Fanlar akademiyasida ma’ruza o‘qiyman! Birgina tashqi ko‘rinishingizni o‘zi nihoyatda qimmat turadi.
Siz hatto ko‘zingiz rangini almashtirmoqchi ham bo‘ldingiz — sariq o‘rniga ko‘kni, badaningiz qorachadan kelgan emas, bilki qizg‘ish! Mana bu kostyumingizni qarang, qo‘lingizda esa, oltita o‘rniga beshta barmoq bor! Nima ham derdik, ruhiyotdagi og‘ishlar ta’siri ostida mutlaqo biologik metamarfozadan boshqa hech narsa emas! Buning ustiga, anavi uchta oshnangizni aytmaysizmi…
U mo‘‘jazgina to‘pponchasini oldi.
— Sizni, albatta, davolab bo‘lmaydi. Baxtiqarosiz, g‘aroyib odamsiz! Sizni faqat o‘lim qutqaradi.
Bitta-yarimta aytadigan so‘nggi so‘zingiz bormi?
— Shoshmang, xudo haqqi, otmang!
— Sho‘rlik! Sizni bunday va mana bunaqa uchala odamni tasavvur etishga majbur etgan azoblardan qutqarmoqchiman. Sizni oldinda go‘zal kelajak kutib turibdi: men sizni o‘ldiraman-u, ko‘z ochib-yumguncha do‘stlaringiz ham, raketangiz ham gumdon bo‘ladi. Eh, bugungi kuzatishlarim bo‘yicha shunday bir maqola yozamanki — “Nerotik” saroblarining tarqalishi”!
— Men Yerdan kelganman! Mening ismim Jonatan Uilyams. Mana bular esa…
— Bilaman, bilaman, — quvnoq ohangda dedi mister Yyy va o‘q uzdi.
Kapitan yuragida o‘q bilan qulab tushdi. Uning do‘stlari qichqirib yuborishdi.
Mister Yyyning ko‘zlari kosasidan chiqib ketdi.
— Siz haliyam yashayapsizmi? Hecham bo‘lmagan gap! Zamon va makondagi persistensiyali gallyutsinatsiya! — u to‘pponchasini ularga o‘qtaldi. — Hechqisi yo‘q, men sizlarni g‘oyib bo‘lishga majbur etaman.
— Yo‘q, — qichqirishdi fazogirlar.
— Hattoki bemorning o‘limidan keyingi eshituv illyuziyasi, — ishchan bir ohangda dedi mister Yyy haligi uchalasini bittama-bitta o‘ldirar ekan.
Ular hech qancha o‘zgarmagan holda qum ustida qimir etmay yotar edilar.
U yotganlarni oyog‘i bilan turtdi, so‘ng raketa qorniga dukillatib urdi.
— Raketaga jin ham urmagan! Bular hali ham g‘oyib bo‘lgani yo‘q! — U yana va yana jonsiz jasadlarga qarata o‘q uzdi. Keyin bir qadam orqaga tisarildi. Tirjaygan qiyofadagi niqob uning oyog‘i ostiga qulab tushdi.
Psixiatrning yuz ifodasi asta-sekin o‘zgara boshladi. Pastki jag‘i osilib qoldi. Holsiz qo‘lidan to‘pponcha tushib ketdi. Nigohi bo‘m-bo‘sh, befarq boqardi. U qo‘llarini yuqoriga ko‘tarib siltadi va xuddi ko‘r odamdek joyida bir aylandi. U dam-badam so‘lagini yutgancha o‘lik jismlarni paypaslar edi.
— Gallyutsinatsiyalar, — jazava ichida g‘udranardi u. — Ta’m. Ko‘lankalar. Hid. Tovush. Sezgi.
U ko‘zlarining paxtasini chiqarib, qo‘llarini siltar edi. Lablarida ko‘pik paydo bo‘ldi.
— Chiringlar! — bo‘kirdi mister Yyy, o‘liklarga murojaat qilgancha. — Chiri! — Qichqirdi u raketaga.
U o‘zining titroq qo‘llariga qaradi.
— Menga yuqdi, — shivirladi u g‘azab ichida. — Endi menga o‘tdi. Telepatiya, gipnoz. Endi men jinniman. Jinnilarning barcha alomatlari menda. — Bir soniya u tosh qotib qoldi, so‘ng karaxt barmoqlari bilan to‘pponchani qidira boshladi. — Birgina vosita qoldi. Ularni chirib, yo‘q bo‘lib ketishiga birgina usul kor qiladi, xolos.
O’q ovozi yangradi. Mister Yyy qulab tushdi.
Quyosh nurlari ostida to‘rtta jasad yotardi. Ularning yonginasida mister Yyy ham yotardi.
Quyosh nurlariga cho‘mgan tepalik ustida tumshug‘ini osmonga qadagancha hech qayoqqa g‘oyib bo‘lmay, raketa qaddini tik tutib turardi. Shaharliklar ufqdagi raketani uchratib, buning nima ekanligiga aqllari yetmay, rosa boshlari qotdi. Uning nima ekanligini hech kim bilolmadi. Raketani eskichiga sotib yuborishdi, u uni olib ketdi-da, maydalab pullab yubordi.
Tun bo‘yi yomg‘ir tinmadi. Ertasiga osmon charaqlagan va havo iliq edi.
Mart 2000
SOLIQ TO‘LOVCHI
U raketada Marsga uchib ketmoqchi edi. Erta bilan u kosmodromga keldi-da, tikonli sim devor ortida turib, “Men Marsga uchmoqchiman” deya mundirli odamlarga qarata qichqira boshladi. U soliqni bexato to‘lab keladi, familiyasi Prichard va u Marsga uchish uchun to‘la haqli. Axir u shu yerda, Ogayoda tug‘ilmaganmidi? Nahotki u yomon fuqaro bo‘lsa?! Unda o‘zi nima gap, nima uchun Marsga uchishi mumkin emas ekan? Mushtumlarini do‘laytirib, ularga qarab yerda ortiq qolishni istamayman, miyasi bor odam Yerdan qorasini o‘chirish orzusida yuradi, deya tinmay qichqirar edi. Ko‘pi bilan ikki yildan keyin yerda jahon atom urushi boshlanadi. Lekin u bu mudhish pallani kutib o‘tiradigan ahmoq emas. U va miyasi bor har qanday minglab odamlar Marsga uchib ketishni istayapti. Ishonmasalaring, ularning o‘zlaridan so‘ranglar! Urushlar va tsenzuradan, to‘rachilik va harbiy tobelikdan, hukumatdan nari bo‘lgan ming marta afzal, bular maxsus ruxsatnomasiz bir qadam ham qimirlagani qo‘ymaydi, bular fanni ham, san’atni ham oyoqlari ostida yanchib tashlashdi! Agar xohlasangiz yerda qolaverishingiz mumkin. U o‘ng qo‘lini, boshini, yuragini qurbon qilishga tayyor-u, faqat Marsga uchib ketsa bo‘lgani! Raketaga tushish uchun nima, qilish kerak, qaerga imzo chekish kerak, kim bilan tanish-bilish ortdirish kerak?