Выбрать главу

Tikonli sim ortidan javob o‘rniga mundirli odamlar kulib qo‘ydilar, xolos. Uning Marsga hecham uchib ketgisi yo‘q, der edi ular. Axir u Birinchi va Ikkinchi ekspeditsiyalar yo‘q bo‘lib ketishganini, yo‘qlik qa’riga mahv bo‘lganlarini, ularning barcha ishtirokchilari, ochig‘ini aytganda, o‘lib ketganlarini nahotki u bilmasa?!

— Lekin buni isbotlash kerak, buni hali hech kim aniq bilmaydi-ku, — deb qichqirardi u tikonli simga yopishgancha. Balki u yerda sut daryosi oqib, sharbat dengizi mavj urib turgandir, balki kapitan York va Uilyams qaytib kelishni o‘zlari xohlashmagandir. Xullas, gap shu — darvozani ochinglar-da, yaxshilikcha meni Uchinchi ekspeditsiyaga — raketaga qo‘yib yuboringlar yoki men o‘zim kuch bilan kirib olaymi?

Naryoqdagilar unga og‘zini yopishni maslahat berdilar.

U fazogirlarning raketa tomon borayotganlarini ko‘rdi.

— Meni kutib turinglar! Meni bu dahshatli dunyoda qoldirmanglar, men bu yerdan uchib ketishni istayman, tez orada atom urushi boshlanadi! Meni yerda qoldirmanglar!

Ular kuch bilan devordan nariga sudrab ketishdi. Ular politsiya mashinasi eshigini qarsillatib yopdilar-da, mana shu tonggi soatda uni olib ketishdi, u bo‘lsa, orqa darchaga mahkam yopishib oldida, mashina vahimali chinqirgancha tepalikdan oshib o‘tishidan bir lahza oldin qip-qizil alangani ko‘rdi va qudratli guvullashni eshitdi, miyasiga qattiq zarba kelib tushgandek bo‘ldi — bu uni mana shu fayzsiz tongda hech narsa bilan maftun etolmaydigan yer sayyorasida qoldirib, osmonga ko‘tarilgan kumushrang raketaning to‘lqini edi.

Aprel 2000

UCHINCHI EKSPEDISIYA

Kema koinotdan keldi. Yulduzlar, aql bovar qilmas tezliklar, charaqlagan harakat va soqov samoviy tubsizlik ortda qoldi. Kema yap-yangi edi; uning vujudi o‘t bo‘lib yonardi, uning temir uyachalarida odamlar o‘tirardi; olov ufurgan, qaynoq nafas olgancha u mutlaqo ovozsiz parvoz qilardi. Uning bo‘lmalarida komandir bilan qo‘shib hisoblaganda o‘n yettita odam bor edi. Ogayo kosmodromidagi xaloyiq qichqirar, qo‘llarini siltar edi, raketa tagidan ulkan yaproqli qip-qizil olov gul kabi ochildi-yu, u fazoga otildi — Mars sari Uchinchi ekspeditsiya boshlandi!

Endi kema temir aniqligi bilan Mars havosining yuqori qatlamlarida harakatni sekinlashtirdi. U hamon go‘zallik va qudrat tajassumi edi. Koinotning tim qora qo‘ynini yorib, u bamisoli tiniq dengiz darrandasi singari suzib borar edi; u Oymomo yonida shitob bilan o‘tdi-da, birin-ketin bo‘shliqlar bag‘rini tilgancha olg‘a intildi. Uning qornidagi odamlar o‘zlarini har tomonga tashlar, o‘mbaloq oshar, dumalar edilar, biri olib, biri qo‘yib jag‘ urardilar. Ulardan biri o‘ldi, biroq qolgan o‘n oltitasi illyuminatorning qalin shishasiga yopishib olib, taglarida Mars sayyorasining qanchalik shiddat bilan aylanishini va kattalashib borayotganini ko‘zlari kosasidan chiqqudek bo‘lib qarab turar edilar.

— Mars! — qichqirdi shturman Lyustig.

— Chol bobo Mars! — dedi qadimshunos Semyul Xinkston.

— Zo‘r! — dedi kapitan Jon Blek.

Raketa yam-yashil dalaga kelib qo‘ndi. Sal naridagi xuddi shunday dalada cho‘yandan quyilgan ohu turardi. Undan ham narida oftobshuvoqda Viktorian uslubidagi, sanoqsiz va rang-barang shokilali oynalari moviy, pushti, sariq, yashil derazali baland bo‘yli uy qad ko‘tarib turardi. Ayvonda paxmoq yorongul o‘sib turar, ilmoqlarda yengil shabadadan eski arg‘imchoqlar goh u tomonga, goh bu tomonga chayqalar edi. Uyning uchli tomoni uzra rombsimon billur shishali minora charaqlab ko‘rinardi. Birinchi qavatdagi keng derazadan “Ajoyib Ogayo” sarlavhali notalar yozilgan musiqa kitobchasini ko‘rish mumkin edi.

Raketa atrofidan Mars bahoridan chiroy ochgan ko‘m-ko‘k va harakatsiz shaharcha har tomonga qarab yoyilib ketgan. Oq va qizil g‘ishtdan qurilgan uylar saf tortgan, baland dublar shamoldan egilib-egilib chayqalar, qudratli qayrag‘ochlar va kashtan daraxtlari ham tinimsiz shovullardi. Unsiz oltin qo‘ng‘iroqli qo‘ng‘iroqxonalar savlat to‘kib turardi.

Bularning barchasini fazogirlar illyuminatordan ko‘rib turar edilar. Keyin ular bir-birlariga qarashdi.

So‘ng yana illyuminatorga yuzlanishdi. Keyin go‘yo birdaniga nafas olish qiyinlashgandek har kim yonidagi qo‘shnisining tirsagiga yopishdi. Ularning yuzlari bo‘zdek oqarib ketdi.

— Jin ursin meni, — shivirladi Lyustig, yuzini uvishib qolgan barmoqlari bilan artarkan. — Meni nima jin urdi o‘zi!

— Hech ham bunaqa bo‘lishi mumkin emas, — dedi Semyul Xinkston.

— Yo alhazar! — dedi komandir Jon Blek.

Kimyogar o‘zining xonasidan turib axborot berdi:

— Kapitan, havo kam, lekin kislorod yetarli, hech qanday xatar yo‘q.

— Demak, chiqamiz, shundaymi? — so‘radi Lyustig.

— Shoshmanglar, — dedi kapitan Jon Blek. — Buning nima ekanini avval yaxshilab bilib olish kerak.

— Bumi? Kichkina shaharcha, kapitan, havo kam bo‘lsa-da, lekin nafas olsa bo‘ladi.

— Yerdagi shaharlarga o‘xshagan mo‘‘jazgina shaharcha, — qo‘shib qo‘ydi qadimshunos Xinkston.

— G’oyatda g‘aroyib. Hech ham bunday bo‘lishi mumkin emas, ammo nachora, ana u, oldimizda turibdi…

Kapitan Jon Blek pirishon holda unga qarab qo‘ydi.

— Xo‘sh, Xinkston, sizningcha, tamaddun ikki turli sayyorada bir xil sur’atda va bitta yo‘nalishda taraqqiy qilishi mumkinmi?

— Menimcha, unchalikmasdir-ov!

Kapitan Blek illyuminator yonida turardi.

— Hov anovi yorongullarga qarang-a. Mutlaqo yangi turi. U yerga bor-yo‘g‘i ellik yilgina avval olib chiqilgan edi. Endi-chi, o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, u yoki bu turdagi o‘simlik evolyutsiyasi uchun necha ming yillar talab etilmaydimi?! Kezi kelganda shuni ayting-chi, menga marsliklarda, birinchilardan, aynan shunday deraza romlari, ikkinchidan minorachalar, uchinchidan, ayvonchadagi arg‘imchoqlar, to‘rtinchidan pianinoga o‘xshagan cholg‘u asbobi, beshinchidan, teleskopga diqqat bilan qarang-a, mana shunday bo‘lishi mantiqqa to‘g‘ri kelarmikan? Marslik bastakor o‘z asarini kelib-kelib aynan “Ajoyib Ogayo” deb atashi ham mantiqqa to‘g‘ri kelarmikan? Axir bu bir narsanigina anglatishi mumkin: Marsda ham Ogayo daryosi bor ekan!

— Kapitan Uilyams bo‘lmasa-chi, — qichqirib yubordi Xinkston.

— Nima?

— Kapitan Uilyams va uning uch hamrohi! Yoki Nataniel York o‘z juftligi bilan bular hammasini aytib turibdi!

— Bu hech narsani aytib turgani yo‘q. Bizning aniqlashimizga qaraganda, Yorkning raketasi Marsga qo‘nar-qo‘nmas portlab ketgan va har ikkala fazogir halok bo‘lgan. Uilyams va uning uchala hamrohiga kelsak, ularning kemasi yetib kelgandan keyin ikkinchi kuni portlab ketgan. Nima bo‘lganda ham ayni shu vaqtda uzatgichlar ishdan to‘xtab qolgan. Ular tirik bo‘lganida biz bilan aloqa bog‘lashga uringan bo‘lar edilar. York ekspeditsiyasi vaqtidan buyon atigi bir yil o‘tganini, kapitan Uilyams ekipaji esa bu yerga avgustda uchib kelganini aytib o‘tirmasa ham bo‘ladi. Faraz qilaylik-chi, ular tirik hamdirlar — garchand eng mohir marsliklar yordamida shunday qisqa vaqt butun bir shaharni qurish va uning sharti ketib, parti qolgan bir holga kelishi aqlga sig‘adigan ishmi? Siz yaxshilab qarang, axir bu shahar kam deganda yetmish yil oldin qurilgan. Eshik oldidagi panjaralarni qarang, daraxtlarga qarang — yuz yoshli dublar-ku! Yo‘q, York ham, Uilyams ham bu yerda hech qanday ahamiyatga ega emas. Bu yerda butunlay boshqa gap bor. Menga unchalik yoqmayapti. Toki gap nimadaligini bilmagunimcha kema ichidan chiqmayman.

— Buning ustiga, — qo‘shimcha qildi Lyustig, — Uilyams va odamlari, York ham Marsning narigi tomoniga qo‘nganlar. Biz esa bu tomonni ataylab tanladik.