Выбрать главу

— Xuddi shunday! Agar York va Uilyamsni marslik qabilalar qasddan o‘ldirgan bo‘lsalar, demak, bizga ikkinchi yarim sharda qo‘nishga ataylab buyruq berilgan bo‘lib chiqadi. Halokat takrorlanmasligining oldini olishgan bo‘lishsa kerak. Demak, biz shunday bir puchmoqda turibmizki, uni, bizga ma’lum bo‘lishicha, na Uilyams, na York ko‘zlari bilan ko‘rishgan.

— Jin ursin, — dedi Xinkston, — baribir men sizni ruxsatingiz bilan bu shaharga boraman, kapitan.

Axir Quyosh tizimimizdagi barcha sayyoralarda tafakkur va tamaddun bir-biriga o‘xshash yo‘llar bilan taraqqiy etgan bo‘lishi mumkin-ku. Kim bilsin, ehtimol, biz davrimizning eng buyuk psixologik va falsafiy kashfiyoti bo‘sag‘asida turibmiz!

— Men bir oz kutib turishni ma’qul deb bilaman, — dedi kapitan Jon Blek.

— Komandir, balki ro‘parangizda xudoning borligini birinchi marta isbot qilgan hodisa turgandir!

— Bunday isbotlarsiz ham dindorlarni xudo urib yotibdi, mister Xinkston…

— Ha, men ham o‘shalarning sirasiga kiraman, kapitan. Ammo bir narsa kundek ravshan. — Bunday shahar ilohiy qudratning aralashuvisiz paydo bo‘lishi mumkin emas. Mana bu mayda-chuyda narsalar, qismlar… Vujudimda shunday qarama-qarshi tuyg‘ular kurashi ketayaptiki, kulishimni ham, yig‘lashimni ham bilmayman.

— Unda biz nimaga duch kelganimizni aniqlagunimizcha unisidan ham, bunisidan ham tiyilib turing.

— Nimaga duch kelibmiz? — gap qo‘shdi Lyustig. — Hech narsaga duch kelganimiz yo‘q-ku. Oddiy, jim-jit, ko‘rkam, yam-yashil shaharcha, xuddi men tug‘ilgan o‘sha daqqiyunusdan qolgan puchmoqning o‘zginasi. U menga ham yoqayapti.

— Qachon tug‘ilgansiz, Lyustig?

— 1950 da, ser.

— Siz-chi, Xinkston?

— 1955 da, kapitan. Grinnell, Ayova shtati. Bundoq qarasam, go‘yo o‘z jonajon vatanimga qaytib kelgandekman.

— Xinkston, Lyustig, men sizga ota bo‘lishim mumkin, men rosa saksondaman. 1920 yilda Illinoysda tug‘ilganman. Biroq, xudoning marhamati va so‘nggi ellik yilda ba’zi chollarni yigitga aylantirib qo‘ygan fan sharofati bilan Marsga uchib keldim. Sizdan kam charchagan emasman, ammo mana bu ishonmaslik dardi tushmagur sizlardan bir necha barobar ko‘pdir menda. Bu shunday tinch, shunday jozibador shaharcha ekanki, o‘xshashini ko‘rib, hatto qo‘rqib ketayapman. U Grin-Blaffga haddan tashqari qattiq o‘xshaydi. — Komandir radistga o‘girildi. — Meni Yer bilan ulang.

Qo‘nganimizni ayting. Ortiq hech nima demang. Qolgan barcha gaplarni ertaga yuboramiz, deb ayting.

— Xo‘p bo‘ladi, kapitan.

Kapitan Blek illyuminatorga qaradi. Uning basharasiga qarab hech kim sakson yashar demasdi.

Nari borsa, qirq yoshga kirgan, derdi.

— Endi quloq soling, Lyustig. Siz, men, Xinkston, boramiz-da, shaharni aylanib chiqamiz. Qolganlar raketada kutib o‘tirishadi. Bir nima bo‘lib qolgudek bo‘lsa, ular jon saqlab qola oladilar. Butun kema halokatga uchrashidan ko‘ra, uch kishini yo‘qotish durustroqdir. Musibat sodir bo‘lgudek bo‘lsa, ekipajimiz boshqa raketaga xabar berishga ulguradi. U raketani, yanglishmasam, dekabrning oxirida kapitan Uaylder boshqaradi. Agar Marsda qandaydir dushman kuchlari bo‘lsa, yangi ekspeditsiya yaxshilab qurollangan bo‘lishi kerak.

— Ammo biz ham qurollanganmiz. Tish-tirnog‘imiz bilan qurollanganmiz.

— Bo‘pti, odamlarga xabar qiling. Qurollarni shay holatga keltirib qo‘yishsin. Ketdik, Lyustig, ketdik, Xinkston.

Uchala fazogir kema bo‘lmasi orqali pastga tushishdi.

Ajoyib bahor kuni edi. Qiyg‘os gullagan olma shoxida chittak tinimsiz sayraydi. Shamol yam-yashil shoxlarni silkitganda oppoq gullar bulutdek yerga to‘kiladi. CHor atrofni gullarning muattar hidi tutgan. Shaharchada kimdir pianino chalar edi va musiqa tovushi bir ko‘tarilib, bir pasayib nafis, allalagandek havoda suzardi. “Ajoyib xayolparast” kuyini ijro etmoqda edilar. Boshqa tomonda esa grammofondan Garri Loder ijrosidagi “Shomdagi sayr” kuyi hirqiroq, bo‘g‘iq ohangda taralardi. Uchala fazogir raketa tagida turishardi. Ular siyrak havoni og‘izlari bilan yutoqib yutinar edilar. So‘ng kuchlarini avaylagancha asta yurib ketishdi.

Endi boshqa plastinka aylanardi.

Yoz oqshomi bo‘lsa bas menga, Oydin tunda yetishsam senga…

Lyustigning tizzalari qaltirab ketdi, Semyuel Xinkstonda ham xuddi shunday bo‘ldi.

Osmon tip-tiniq va tinch edi, allaqaerda, jarlik tubida, ko‘m-ko‘k shoxlarning salqin soyasida daryo jildirardi. Ot tuyoqlari dupirlar, arava g‘ildiraklari do‘qirlardi.

— Kapitan, — dedi Semyuel Xinkston. — Istaysizmi-istamaysizmi, ammo hech ham o‘xshamaydi, aks holda bunday bo‘lishi mumkin emas-ku, — Marsga parvozlar birinchi jahon urushigacha boshlangan bo‘lar edi.

— Yo‘q.

— Ammo mana bu uylarni, mana bu cho‘yan ohuni, pianino musiqasini qanday izohlaysiz? — Xinkston zo‘r berib kapitanning tirsagini qisdi, uning yuziga qaradi. — Faraz qilingki, deylik 1905 yilda urushni yomon ko‘rgan odamlar bor edi. Ular olimlar bilan zimdan til biriktirishgan-da, raketa yasaganlar va bu yerga, Marsga kelib olganlar…

— Bu mumkin emas, Xinkston.

— Nima uchunmi? 1905 yilda dunyo butunlay boshqacha edi. U paytlarda buni maxfiy saqlash ancha oson edi.

— Ammo mana bu raketaga o‘xshagan murakkab narsani emas-da! Yo‘q, yo‘q…

— Ular bu yerga butunlay ko‘chib kelishgan, tabiiyki, xuddi Yerdagidek uylar qurishgan, axir o‘zlari bilan yerdagi madaniyatni ham olib kelishgan-da.

— Shuncha yillar shu yerda yashagan deb o‘ylaysizmi? — deb so‘radi komandir.

— Xuddi shunday, tinch va ahil yashashgan. Ehtimol, ular yerga bir necha marta borib ham kelganlar. Keragicha odamlarni olib ham kelganlar, deylik mana bunaqa shaharchalarga joylashtirish uchun, keyin esa ularni bilib qolmasliklari uchun parvozlarni to‘xtatishgan. Shaharning eski uslubdaligining siri shunda. Shaxsan men hozircha 1972 yildan keyin yasalgan bironta buyumni hali ko‘rganim yo‘q. Xo‘sh, siz-chi, kapitan? Darvoqe, samoviy sayohatlar, umuman, biz o‘ylagandan ham oldinroq bo‘lishi mumkin. Yerning qaysidir uzoq burchagida, yuz yillar muqaddam. Odamlar Marsga allaqachonlar kelib olganlar-u, bu haqda hech kim bilmagan bo‘lsa, ne ajab? Ularning o‘zlari esa ahyon-ahyonda yerga borib-kelib turishgan.

— Shunday gapirayapsizki, xuddi haqiqatga o‘xshaydi.

— Haqiqat bo‘lganda qandoq!

— Isboti ko‘z oldimizda turibdi-ku. Endi odamlarni topsak bas, taxminimiz tasdig‘ini topadi-qo‘yadi.

Qalin ko‘m-ko‘k o‘tlar ularning qadam tovushlarini yutib yubormoqda edi. Yangi o‘rilgan pichan hidi dimoqqa urardi. Kapitan Jon Blek ularning irodasiga qarshi o‘laroq, vujudlarini sokin bir farog‘at chulg‘ab olganini his etdi. U mana bu mo‘‘jaz shaharchada so‘nggi marta bo‘lganiga ham oz emas, ko‘p emas, rosa o‘ttiz yil bo‘libdi; bahorgi asalarilarning g‘o‘ng‘illashlari uning ruhiga taskin berar va allalar edi, uyg‘onib kelayotgan tabiat tarovati qalbiga orom bag‘ishlar edi.

Ular to‘r tortilgan eshik tomon yo‘nalgancha ayvonga chiqdilar va polga urilgan odimlari bo‘g‘iq aks sado berar edi. To‘r orasidan ular yo‘lakni to‘sib turgan jimjimador pardani, billur qandilni va devordagi Marksfil Parrish qalamiga mansub suvratni ko‘rdilar. Uyda eski buyumlar, chortoq va yana nimaningdir hidi dimoqqa yoqimli urilar edi. Limonadli ko‘zaga muzning mayin urilib tushgan ovozi quloqqa chalindi. Uyning narigi burchagidagi oshxonada jazirama kun munosabati bilan kimdir yaxna tushlik tayyorlar edi. Baland ayol ovozi qaysidir kuyni bosiq va yoqimli xirgoyi qilardi.

Kapitan Jon Blek qo‘ng‘iroq dastachasini tortdi.

Yo‘lak bo‘ylab yengil qadamlar ship-ship qildi, to‘rning nariyog‘idan qirq yoshlardagi, xushro‘ygina ayol ko‘rindi, egnidagi kiyim ehtimol 1909 yildagi liboslardan edi.