— Buyursinlar, ne xizmat? — so‘radi u.
— Kechiring, — jur’atsizgina gap boshladi kapitan Blek, — bizlar bilasizmi… ya’ni, ehtimol, siz…
U duduqlanib qoldi. Ayol unga tim qora ko‘zlari bilan hayron qarab turardi.
— Biron narsa sotmoqchi bo‘lsalaringiz… — gap boshladi ayol.
— Yo‘q, yo‘q, shoshmang! — qichqirdi kapitan. — Bu qaysi shahar?
Ayol unga sinchkov nazar soldi.
— Nima demoqchisiz bu bilan: qaysi shahar deysizmi? Shaharning o‘zida bo‘la turib, uning nomini bilmaslik mumkinmi?
Kapitanning yuzidan uning tezroq biron olma daraxti tagiga borib o‘tirsa-yu, soyasida orom olsa — shuni anglash mumkin edi.
— Bizlar bu yerlik emasmiz. Qaysi shaharga kelib qolganimizni va qanday kelib qolganimizni bilishimiz kerak edi.
— Sizlar aholini ro‘yxatga olish byurosidanmisizlar?
— Yo‘q.
— Barchaga ma’lumki, — davom etdi ayol, — shahar 1868 yilda qurilgan. Shoshmang-shoshmang, tag‘in meni laqillatayotgan bo‘lmanglar.
— Yo‘g‘-e, nima deyapsiz! — shoshib dedi kapitan, — biz Yerdanmiz.
— Yerning tagidan demoqchimisiz? — hayron bo‘ldi ayol.
— He, yo‘q, biz Uchinchi sayyora — Yerdan uchib kelganmiz. Samoviy kemada. Biz bu yerga — To‘rtinchi sayyora — Marsga uchib kelganmiz…
— Bilasizmi, qaerdasizlar? — xuddi bolaga gapirgan ohangda tushuntira ketdi ayol, — Grinblavdasiz. Illinoys shtati, Amerika deb ataladigan ikkita okean, Atlantika va Tinch okeanlari yuvib turadigan qit’adasizlar, bu ham Yer deb ataladigan dunyodasizlar. Endi tuyog‘ingizni shiqillatib qoling, xayr.
Ayol yo‘l-yo‘lakay marjonli pardani sura-sura yo‘lakdan mayda odimlab ketdi.
Uchala o‘rtoq bir-biriga qaradi.
— Eshik qurib olamiz, — taklif qildi Lyustig.
— Mumkin emas. Xususiy mulkchilik. Ey xudoyim-a.
Ular zinadan pastga tushishdi-da, pastki pillapoyaga o‘tirib olishdi.
— Bizlar yo‘ldan adashib, yura-yura orqaga, Yerga adashib qaytib kelib qolmadikmikan, deb hech xayolingizga keldimi, Xinkston?
— Qanday qilib?
— Bilmadim, bilmadim. Yo tavba, iltimos, fikrlarimni to‘plab olay.
— Axir biz har bir millik yo‘lni nazorat qilib kelgan edik-ku, — davom etdi Xinkston. — Xronometrlarimiz qancha yo‘l bosib o‘tganimizni aniq hisolab berishdi. Biz oyning yonidan o‘tdik, Katta koinotga chiqdik va bu yerga uchib keldik. Marsda ekanimizga men zarracha shubha qilmayman.
Gapga Lyustig aralashdi.
— Balki makonga, zamonga bir nima bo‘lgandir? Bilasizlarmi, biz to‘rtinchi o‘lchamda adashib qolganmiz va yerga 30 yoki 40 yil oldin qaytib kelganmiz.
— Qo‘ysangiz-chi, Lyustig!
— Lyustig eshik yoniga keldi-da, qo‘ng‘iroqni tortdi va muzdek, qop-qorong‘i xonaga qarab qichqirdi:
— Hozir qaysi yil?
— 1926 yil, qaysi yil bo‘lardi, — javob berdi ayol arg‘imchoqda o‘tirgan va limonaddan simirgan ko‘yi.
— Ana, eshitdingizmi? — Lyustig shiddat bilan orqaga o‘girildi. — 1926 yil! Biz o‘tmishga uchib ketganmiz! Bu — Yer!
Lyustig o‘tirdi. Endi u hammaning xayolini band etgan hayratomuz va dahshatli xayollarga qarshilik ko‘rsatmasdi. Tizzalarida yotgan qo‘llari asabiy uchar edi.
— Men shuning uchun parvoz qilganmidim? — gap sotdi kapitan, — Men dahshatga tushib ketyapman, dahshatga! Nahotki shunday bo‘lishi mumkin? Eynshteynni chaqirish kerak bu yerga…
— Bu shaharda bizga kim ishonardi? — nido soldi Xinkston. — Uf, o‘t bilan o‘ynashayapmiz! — Axir bu vaqt, to‘rtinchi o‘lcham, yaxshisi, raketaga qaytib borib, uyga uchmaylikmi-a?
— Yo‘q, hech bo‘lmaganda yana bitta uyga qarab olaylik.
Ular uchta uyning yonidan o‘tishdi va qudratli daraxt tagida turgan mo‘‘jazgina oppoq kottej oldida to‘xtashdi.
— Men har doim har bir gapning tagiga yetib o‘rganganman, — dedi komandir. — Hozircha biz hali gapning mag‘zini yaxshilab chaqmagan ko‘rinamiz. Faraz qilaylik, Xinkston, samoviy sayohatimiz juda qadim paytda boshlangan degan taxminingiz to‘g‘ri. Ko‘p yillar oldin bu yerga uchib kelgan yerliklar Yerni sog‘ina boshlashgan. Avvaliga bu sog‘inch bir oz g‘ijinishdan nariga o‘tmagan, keyin chinakamiga asabiylashish boshlangan, jinni bo‘lish darajasigacha borib yetgan. Psixiatr sifatida siz shunday holda nimani tavsiya etgan bo‘lardingiz?
Xinkston o‘ylanib qoldi.
— Nima qilardim, ehtimol Mars tamaddunini har kuni Yerdagiga tobora o‘xshab borishi uchun oz-ozdan qayta tiklar edim. Agar Yerdagi o‘simliklarni, yo‘llarni, ko‘llarni, hattoki okeanni qayta tiklash usuli bo‘lsa, men, albatta, shunday qilgan bo‘lardim. Keyin ommaviy gipnoz vositalari bilan mana shunday shaharning barcha aholisiga, bu yer hech qanday Mars emas, bu yer chinakam Yer sayyorasidir, deya miyasiga quygan bo‘lardim.
— A’lo, Xinkston. Nazarimda, biz to‘g‘ri ketayapmiz, anovi uyda biz ko‘rgan ayol o‘zini Yerda yashayapman, deb o‘ylayapti, vassalom. Shu uning xayolini ushlab turibdi. Bu ayol va bu shaharchaning boshqa yashovchilari kelajakda sizlarga duch kelishi mumkin bo‘lgan eng buyuk ko‘chuv va avrash tajribalarining manbalari bo‘lib xizmat qiladi.
— Juda nishonga urdingiz, kapitan! — ovozini ko‘tarib dedi Lyustig.
— Aniq urdingiz! — qo‘shib qo‘ydi Xinkston.
— Yaxshi. — Kapitan xo‘rsinib qo‘ydi. — Ishlar sal jo‘nashgandek bo‘ldi, ko‘ngil ham xotirjamroq.
Qandaydir mantiq borga o‘xshayapti. Bo‘lmasa sayohatlar haqida zamondagi oldinga va orqaga qarab qilingan mana bu barcha safsatalardan miyam achib ketgandi. Agar mening taklifim to‘g‘ri bo‘lsa… — u jilmaydi. — Nima ham derdim, unda mahalliy aholi orasida ozmuncha shov-shuv kutilmayotibdi!
— Ishonchingiz komilmi? — dedi Lyustig. — Nima bo‘lganda ham bu odamlar o‘zlariga yarasha ziyoratchilardir. — Ular Yerni bilib turib tashlab kelishgan. Balki ular bizning kelganimizdan hech ham xursand emasdirlar. Balki ular bizni quvib yuborishga, hatto o‘ldirishga ham tayyordirlar.
— Bizning qurolimiz durustroq. Qani, keyingi uyga kiraylik-chi.
Ammo ular maysazordan o‘tishga ham ulgurmagan edilarki, Lyustig turgan joyida qotib qoldi. Ikki ko‘zi sokin, mudroq ko‘chaning narigi uchida edi.
— Kapitan, — dedi u.
— Nima gap, Lyustig?
— Kapitan… Yo‘q, siz anovi… Nimalarni ko‘rayapman-a!
Lyustigning yanoqlaridan yoshlar dumalay ketdi. Ko‘tarilgan qo‘llarining qabargan barmoqlari titrar, yuzida hayrat, quvonch, shubha aks etardi. Yana bir oz o‘tgach, sevinchdan o‘zini yo‘qotishi tayin edi.
O’sha nuqtaga qarab turar ekan, u to‘satdan chopib ketdi. Qoqilib tushdi-da, yerga yiqildi. Oyoqqa turib, yana chopib ketar ekan:
— Hoy, menga qaranglar! — deya qichqirdi.
— To‘xtating uni! — Kapitan uning orqasidan yugurdi.
Lyustig kuchining boricha chopar, qichqirar edi. Soyador ko‘chaning o‘rtasiga yetgach, u bir hovliga qarab burildi-da, bir sakrab tomida temir xo‘roz turgan katta yashil uyning ayvonchasida paydo bo‘ldi. Xinkston va kapitan Lyustigga yetib olganlarida, u qattiq qichqirgancha eshikni mushtlar edi. Uchalalari ham Marsning og‘ir havosidan sillalari qurib, og‘ir-og‘ir nafas olar, tomoqlari hushtak chalar edi.
— Buvi, bobo! — chaqirdi Lyustig.
Ostonada ikkita qariya paydo bo‘ldi.
— Devid! — qariyalar baravariga qichqirishdi. Ular o‘zlarini bir-birlarining bag‘rilariga otib, quchoqlasha ketdilar, yelkalarini silar edilar. — Devid, oh Devid, qancha yillar o‘tib ketdi-ya!.. Yosh bolagina eding. Devdek odam bo‘libsan. Devid, bolaginam, ahvollaring qalay?
— Buvi! Bobo! — piq-piq yig‘lar edi Devid.