— Sizlar shunday ajoyib ko‘rinasizlarki!
U qariyalarni o‘zidan nari surib, aylantirib, razm solar, o‘par, quchoqlar, yig‘lar va yana razm solardi, ko‘zlaridan oqayotgan yoshni sidirib tashlardi. Osmonda quyosh charaqlab turardi, shamol esib o‘tlarni tebratar, eshik esa lang ochiq edi.
— Qani, ichkariga kir, bolaginam. Senga yaxnagina choy muntazir turibdi. Ichib bir huzur qil!
— Mening do‘stlarim bor. — Lyustig orqasiga o‘girildi-da, kulgancha shosha-pisha kapitan va Xinkstonni qo‘li bilan imlab chaqirdi. — Kapitan, bu yoqqa kelinglar.
— Assalomu alaykum, — qarshi oldi ularni qariyalar. — Marhamat, marhamat, ichkariga marhamat. — Devidning do‘stlari bizning do‘stimiz. Tortinmanglar!
Ko‘hna uyning mehmonxonasi muzdek edi; bir burchakda tillarang, baland, almisoqdan qolgan soat bir maromda chiq-chiq qilardi. Keng kushetkalarda parqu yostiqlar, devor bo‘ylab kitoblar terilgan, shapaloq gulli gilam yerga to‘shalgan, qariyalar qo‘llarida muzdan terlagan yaxna choyli stakanlarni tutib turishar, bunday choyning bir qultimiyoq odamga jon kiritib yuborishi aniq edi.
— Iching, joningiz kiradi. — Buvining stakani uning chinni tishlariga tegib, yoqimli jingirlab ketdi.
— Bu yerda anchadan beri turibsizmi, buvi? — so‘radi Lyustig.
— O’lganimizdan beri, — kinoya bilan javob berdi ayol.
— Qachondan… beri? — Kapitan Blek stakanini stolga qo‘ydi.
— Ha-da, — bosh irg‘adi Lyustig. — Ularning o‘lganiga o‘ttiz yil bo‘ldi, axir.
— Sizlar esa, hech narsa bo‘lmagandek, beg‘am o‘tiribsizlar! — dedi kapitan.
— Bo‘ldi, taqsir! — kampir mug‘ambirona ko‘z qisib qo‘ydi. — Bunaqa ishlarning mag‘zini chaqishga siz kim bo‘libsiz? Bizlar esa shu yerning odamimiz. Bu ahvolda dunyoga kelding nima-yu, kelmading nima? Mana bu “Nima uchun” va “Nega?” degan savollar kimga kerak? Biz yana tirikmiz, tamom. Biz faqat shuni bilamiz, ortiqcha savol kimga kerak? Men sizga aytsam, — bu ikkinchi urinish. — Kampir sudrala-sudrala kapitanning oldiga bordi-da, o‘zining ingichka qoqshol qo‘lini cho‘zdi. — Ushlab ko‘ring.
Kapitan asta turtib ko‘rdi.
— Xo‘sh, haqiqiy qo‘lmikan?
Kapitan bosh irg‘adi.
— Sizga tag‘in nima kerak? — tantanavor so‘radi kampir. — Ortiqcha savolga ne hojat?
— Bilasizmi, — javob berdi kapitan, — biz Marsda shunaqa narsaga duch kelib qolamiz deb o‘ylamagan edik.
— Demak, duch kelibsiz. Men sizga aytsam, har bir sayyorada tangrining tazarru yo‘llari nechog‘li ko‘p ekanligi xayolingizga ham kelmaydi.
— Ie, unda bu Yer arshi a’lomi? — so‘radi Xinkston.
— Bo‘lmag‘ur gap, bu yerda ham o‘sha dunyo, faqat bizga ikkinchi urinish nasib etgan. Nima uchun? Bu haqda bizga bir og‘iz gap aytmagan. Axir Yerda ham bu yerda nima uchun paydo bo‘lib qolishimizni hech kim tushuntirib bermagandi-ku! Ho‘v, o‘sha Yerda. Biz uchib kelgan Yerda. Ungacha yana bitta Yer borligini biz tush ko‘rib o‘tiribmizmi?
— Yaxshi savol, — dedi kapitan.
Lyustigning chehrasida hamon shodiyona tabassum jilva qilib turardi.
— Jin ursin, sizlarni ko‘rib shunchalik suyunib ketayapmanki, asti qo‘yavering!
Kapitan stuldan turdi-da, beixtiyor soniga shapatiladi.
— Xo‘sh, endi boraylik. Mehmondorchilik uchun rahmat.
— Sizlar yana kelasizlar-ku? — taraddudlanishdi qariyalar. — Biz sizlarni kechki ovqatga kutayapmiz.
— Katta rahmat, kelishga harakat qilamiz. Ishimiz juda ham ko‘p. Odamlarim meni raketada kutib turishibdi… — va u ochiq eshikka sarosimali qaragancha jim bo‘lib qoldi.
Uzoq-uzoqlardan quyosh nurlari borliqni to‘ldirib turgan kenglikdan turli ovozlar, qichqiriqlar, do‘stona xitoblar quloqqa chalinardi.
— Bu nima? — so‘radi Xinkston.
— Hozir bilamiz-da. — Shunday deya kapitan Jon Blek eshik ortiga shamolday uchib o‘tdi-da, yam-yashil maysazordan Mars shaharchasi ko‘chasi tomonga yugurib ketdi.
U raketaga qaragancha taqqa to‘xtab qoldi. Barcha lyuklar ochiq va qo‘llarini quvnoq silkitgancha shosha-pisha ekipaj yerga tushmoqda edi. Atrofda tumanot odam yig‘ilgan, fazogirlar ular orasiga qo‘shilib, suhbatlashgan, kulgan, qo‘l qisishgancha ular orasini yorib borar edilar. Olomon sevinchdan raqsga tushar, Yerliklar atrofida tobora zichlashib borar edilar. Raketa hammaning esidan chiqqancha bir chetda mung‘ayib turar edi.
Charog‘on quyosh nurlari ostida orkestr yangradi, havoni cholg‘ularning yurakni larzaga soluvchi tantanavor sadosi tutdi. Nog‘oralar gumburlar, naylar yurakni teshgudek chiyillar edi. Zarkokil qizaloqlar sevinchdan sakrar edilar. Bolakaylar “Ura-a!” deb qichqirar edilar. Qorindor kishilar tanish va notanish mehmonlarni o‘n tsentlik sigara bilan siylar edilar. Shahar meri nutq so‘zladi. So‘ngra ekipajning barcha a’zolarini birin-ketin qo‘ltiqlaridan tutishdi-da, bir tomondan — onasi, boshqa tomondan — otasi yoki singlisi — ko‘chadan mo‘‘jazgina kottejlarga va dang‘illama uylarga yetaklab ketishdi.
— To‘xta! — qichqirdi kapitan Blek.
Birin-ketin eshiklar gup-gup etib yopildi.
Quyoshning jazirama harorati bahor osmoni bo‘ylab yuqoriga o‘rlar edi, shaharcha uzra sukunat cho‘kdi. Karnay va nog‘oralar burchak ortida g‘oyib bo‘ldi. Tashlandiq raketa bitta o‘zi charaqlab turar, quyosh nurlari bilan o‘ynashmachoq o‘ynayotgandek edi.
— Qochoqlar! — baqirdi komandir. — Ular kemani shundoq qoldirib ketishibdi! Hali mendan ko‘radi ular! Ularga buyruq berilgan edi!..
— Kapitan, — dedi Lyustig, — bunchalik qattiq ketmang. Qarindosh-urug‘laringiz bilan ko‘rishgancha…
— Bu bahona bo‘lolmaydi!
— Axir kema oldida tanish chehralarni ko‘rganlarida ular o‘zlarini qanday his qilishlarini ko‘z oldingizga keltirsangiz-chi!
— Ularga buyruq berilgan edi, jin ursin!
— Siz nima qilgan bo‘lardingiz, kapitan?
— Men buyruqni bajargan bo‘lardim… — Shunday deya u og‘zini ochgancha qotib qoldi.
Trotuardan Mars quyoshi nurlari ostida 26 yoshlardagi, ko‘zlari haddan tashqari moviy, novcha bir yigit jilmaygancha ular tomon yaqinlashib kelardi.
— Jon! — qichqirdi u va ular tomon otildi.
— Nima? — dedi kapitan Blek shoshib.
— Jon, keksa kazzob!
Yugurib kelib, haligi erkak kapitanning qo‘lini qisdi-da, yelkasidan qoqib qo‘ydi.
— Senmisan?.. — dovdirab qoldi Blek.
— Bo‘lmasam-chi, mendan boshqa kim bo‘lardi!
— Edvard! — kapitan Lyustig va Xinkston tomonga o‘girildi, — notanish kishining qo‘lini hamon qo‘yib yubormayotgan edi. — Bu mening akam Edvard. Ed, mening do‘stlarim bilan tanish: Lyustig, Xinkston! Mening akam!
Ular bir-birlarining qo‘llarini siqishdi-da, so‘ng quchoqlashishdi.
— Ed!
— Jon, dangasa!
— Ko‘rinishing chakki emas, Ed! Shoshma-shoshma, bu qanaqasi? Shuncha yillar o‘tib sira o‘zgarmabsan-ku? Axir o‘lganingda… o‘lganingda sen ham 26 yoshda, men esa 19 da edim. Ey, xudoyim-ey, shuncha yillar o‘tib, shuncha suvlar oqibdiki, to‘satdan bu yerda ko‘rishib qolganimizni-ey! Buni qanday tushunsa bo‘ladi?
— Oyim kutib turibdilar, — dedi Edvard Blek jilmaygancha.
— Oyim?!
— Otam ham.
— Otam?!
Kapitan qattiq zarba yegandek bir chayqalib tushdi va itoatsiz oyoqlari bilan bir-ikki qadam olg‘a tashladi. — Otang va onang tiriklarmi? Qaerda ular?
— Eski uyimizda, Dub ko‘chasida.
— Eski uyimizda… — Kapitanning ko‘zlari hayajon va hayratdan chaqnab ketdi. — Eshitdingizmi, Lyustig, Xinkston?
Biroq Xinkston ularning yonida yo‘q edi. Ko‘chaning narigi uchida o‘zining uyiga ko‘zi tushib, o‘sha tomonga ketib qolgan edi. Lyustig kulib yubordi.