Выбрать главу

— Odamlarimizga nima bo‘lganini endi tushungandirsiz, kapitan? Ularni hech narsada ayblab bo‘lmaydi.

— Ha, ha… — kapitan ko‘zlarini qisdi. — Hozir ko‘zlarimni ochaman-da, sen ham yo‘q bo‘lasan. — U kiprik qoqdi. — Sen shu yerdasan! Yopiray, Ed, ko‘rinishing shunaqangi zo‘rki!

— Ketdik, tushlik qilamiz. Men oyimga aytib qo‘ygan edim.

— Kapitan, — dedi Lyustig, — agar kerak bo‘lib qolsam men qariyalarimning huzurida bo‘laman.

— Nima? Ha, bo‘lmasam-chi, Lyustig. Bora qol.

Edvard akasining qo‘lidan tutdi-da, yetaklab ketdi.

— Mena, bizning uyimiz. Esingdami?

— Bo‘lmasam-chi! Ishonmasang, men eshikkacha birinchi bo‘lib yetib boraman!

Ular shu zahoti yugurib ketishdi. Kapitan Blekning boshi uzra daraxtlar shovullar, oyoqlari ostidagi yer guvullar edi. Bu g‘aroyib tushida u Edvard Blekning uni quvib o‘tayotganini, qadrdon uyi shiddat bilan unga yaqinlashayotganini va eshikni lang ochayotganini ko‘rib turardi.

— Men birinchi bo‘lib keldim! — qichqirdi Edvard.

— Bo‘lmasam-chi, — hansirab dedi kapitan, — men cholman, sen bo‘lsang navqiron yigitsan. Sen o‘zi har doim tutqich bermas eding! Yo meni esidan chiqargan deb o‘ylayapsanmi?

Ostonada to‘ladan kelgan, yuzlari qip-qizil, ko‘zlari chaqnagan onasi turardi. Uning ortida sochlariga oq oralagan, qo‘lida trubkasini tutgancha otasi turardi.

— Oyi, dada!

U bola singari zinalardan yuqoriga otildi.

Ajoyib va uzun yoz kuni. Tushlikdan keyin ular mehmonxona bo‘lmasiga o‘tishdi. U qariyalarga o‘zining raketasi haqida so‘zlab berdi, ular esa bosh irg‘ar va jilmayar edilar, onasi xuddi avval qanday bo‘lsa, shunday ko‘rinardi, otasi sigara uchini tishlagancha o‘ychan ichiga tortar edi — xuddi o‘sha vaqtlardagidek. Kechlikka quling o‘rgilsin kurka go‘shti pishirilgan edi, vaqt ham sezilmay o‘tib borardi. Likopchalar obdon tozalangan kurka suyaklari uyumiga to‘lgach, kapitan o‘zini stul suyanchig‘iga tashladi va chuqur qanoat hosil qilganini bildirib, pishillab nafasini chiqardi. Kech tushib, daraxt yaproqlari qilt etmay qoldi. Osmonni shafaq yog‘dusi chulg‘adi, shinam ko‘hna uydagi chiroqlar qizg‘ish nur taratib turardi. Ko‘chadagi boshqa barcha uylardan musiqa, pianino ovozlarining gurillab ochilib-yopilishlari eshitilib turardi.

Onasi plastinkani qo‘ydi-da, kapitan Jon Blek bilan gir aylanib raqs tusha ketdi. Undan o‘sha atirlar anqir edi, otasi va onasi poezd halokatida o‘lganlarida ham ulardan xuddi shunday atir anqib turardi.

Hozir bo‘lsa ular bir tekis raqs tushar, uning qo‘llari haqiqiy, jonli onasini quchib turardi…

— Odamga ikkinchi urinish har doim ham nasib etavermaydi, — dedi onasi.

— Ertaga ertalab uyg‘onaman, — dedi kapitan, — va mening o‘z raketamda, koinotda ekanligimdan nom-nishon ham qolmaydi.

— Bunaqa gaplar kimga kerak! — dedi onasi muloyimlik bilan. — O’zingni urintirma. Xudo o‘zi mehribon. Xudo o‘zi yarlaqaydi.

— Uzr, oyijon.

Qo‘shiq tugab, plastinka vishillagancha bir chiziqda aylanar edi.

— Charchading, bolam. — Otasi trubka uchi bilan ishora qildi. — Kirib yotishing mumkin.

Odatdagidek, eski jez zo‘ldirli karavoting senga muntazir.

— Lekin men odamlarimni to‘plashim kerak.

— Nega?

— Nega? Hm… bilmadim, darvoqe, nega to‘plar ekanman-a? Hech narsaga, albatta. Ular ovqatlanayotgan yoki uxlayotgan bo‘lsalar kerak. Mayli, uyquga to‘yib olsinlar, dam olish ularga zarar qilmaydi.

— Yaxshi yotib tur, o‘g‘lim. — Onasi uning yuzidan o‘pib qo‘ydi. — Qanday yaxshi. Sen yana uydasan.

— Ha, uyda bo‘lganingga nima yetsin.

Sigara tutuniga to‘lgan uyni, ruhlarni, kitoblarni, mayin nurni tark etib, u zinapoyadan yuqori ko‘tarildi va Edvard bilan to‘xtovsiz gaplashar edi. Edvard eshikni itardi va Jon Blek o‘zining sariq jez karavotini, kollejning tanish bayroqchalarini va rosa unniqqan olakuzan po‘stinsini ko‘rdi, po‘stinni u alohida mehr bilan silab qo‘ydi.

— Hammasini birdaniga ko‘tara olarmikinman? — dedi kapitan. — Charchoqdan jonim chiqqudek bo‘lib turibdi. Bir kunda shuncha voqea! Xuddi jala ostida soyabonsiz va yomg‘irpo‘shsiz ikki kecha-kunduz turgandek sillam qurigan. Taassurotlarim suyak-suyagimgacha singib ketgan…

Edvard qo‘llarini har tomonga keng yoygancha katta va oppoq choyshabni to‘shadi va urib shishirdi. So‘ng derazani ochdi. Xonaga yosumanning tungi xushbo‘y hidi oqib kirdi. Oy pirpirab turardi, uzoq-uzoqlardan raqs musiqalari va bosiq ovozlar quloqqa chalinardi.

— Mana, ko‘rdingmi, Mars qanaqa! — dedi kapitan yechinar ekan.

— Ha, shunaqa. — Edvard sekin yechindi, qo‘ylagini boshidan shoshmaygina tortib oldi, oftobda qizargan keng yelkalari, mushakdor bo‘yni ko‘rindi. Chiroq o‘chirildi. Ana, ular 30 yilmi, 40 yilmi oldingidek yana karavotda yonma-yon yotishibdi. Kapitan yosuman hidi tutgan havoni huzur qilib ichiga tortgancha, tirsagiga suyanib turib o‘tirdi. Daraxtlar orasidagi maysazorda kimdir patefon qo‘ydi. Undan “Har doim” degan kuy yangray boshladi.

Blek Merlinni esladi.

— Merlin ham shu yerdami?

Akasi derazadan tushib turgan to‘rtburchak oy nurida chalqancha tushib yotar edi. U hadeganda javob bermadi.

— Ha, — bir oz taraddudlanib qo‘shib qo‘ydi. — Hozir shaharda emas, u ertaga ertalab bo‘ladi.

Kapitan ko‘zlarini yumdi.

— Men Merlinni juda ham ko‘rgim kelayapti.

Jimjit xonada ularning nafaslarigina eshitilib turardi.

— Yaxshi yotib tur, Ed.

Jimlik.

— Yaxshi yotib tur, Jon.

Kapitan fikrlariga erk berib huzur qilib yastandi. Shundagina bugungi zo‘riqish uning vujudidan sitilib chiqib ketdi va u nihoyat odamlardek mushohada qilish imkoniga ega bo‘ldi. Qayoqqa qaramasin, asabiylashgan odamlar. Quloqni qomatga keltirgan orkestr ovozi. Qarindosh-urug‘larning tanish basharalari… Ammo endi…

“Qanday qilib? — ajablanardi u. — Bularning bari qanday qilib bo‘ldi ekan? Nima uchun? Kim uchun? Bu nima? — ilohiy ro‘yoning so‘z bilan ifodalab bo‘lmas farog‘atimi? Nahotki xudo rostdan ham o‘z bandalari deb shunchalar kuyib-pishsa? Qanday qilib, nima uchun, kim uchun?”

Xinkston va Lyustig kunduzi, dastlabki taassurotlar ta’siri ostida unga taklif qilgan nazariyalarni tarozuga solib ko‘rdi. So‘ng erinchoqlik bilan turli yangi taxminlarni o‘zining teran farosati qa’riga toshchalar kabi bir-bir tashlagancha, obdon fikr elagidan o‘tkazdi, shunda uning shuurida allaqanday yorqin tushunchalar miltillab ko‘zga chalina boshladi. Oyisi. Otasi. Edvard. Mars. Yer. Mars. Marsliklar.

Qiziq, ming yil oldin Marsda kim yashagan ekan? Marsliklarmi yoki har doim bugungidek bo‘lganmi?

Marsliklar. U past ovozda o‘zicha shu so‘zni bir necha bor takrorladi.

To‘satdan u qah-qah urib kulib yuborayozdi. Kutilmaganda miyasiga o‘taketgan bema’ni fikr kelib qoldi. Badanidan sovuq ter chiqib ketdi. He-yo‘q, bu bo‘lmag‘ur narsa, albatta. Hech ham bo‘lishi mumkin emas. Puch gap. Miyangdan chiqarib tashla bu gaplarni, g‘irt kulgili.

Baribir ham… Agar taxmin qilsang! Ha, Marsda faqat marsliklar yashashini taxmin qilsagina.

Ularning kemamiz yaqinlashib kelayotganini, uning ichida bizning o‘tirganimizni ko‘rishganini tasavvur qilsa… Yana deylik — shunchaki qiziq uchun — chaqirilgan mehmonlarni bosqinchilar sifatida yo‘q qilib yuborishga ahd qilishganini, buni ham juda ustamonlik bilan, chaqqonlik bilan, bizning xushyorligimizni bir pulga chiqarib, uddalashlarini tasavvur qilsa. Ko‘rdingizmi, atom quroli bilan qurollangan yerliklarga qarshi marsliklar qanaqa vositalarni ishga solishmaydi.