Buning javobi savolidan ham qiziq edi. Telepatiya, gipnoz, esdaliklar, tasavvurlar.
Faraz qilaylik, bu uylar hech ham haqiqiy emas, karavot ham haqiqiy emas, bular barchasi mening o‘z tasavvurlarim mahsullari, Mars telepatiyasi va gipnozi yordamida moddiylashtirilgan tasavvurlar, — xayol surishda davom etdi kapitan Jon Blek, — aslida uyda hamma narsa boshqacha, marsliklar didiga qarab tuzilgan, biroq mening orzularim va xohishlarimga qarab ish tutgan marsliklar shunday nayrang ishlatishganki, go‘yo men o‘z jonajon shahrimni, o‘z uyimni ko‘rib turgandekman. Agar odamning ko‘ngliga shubha urug‘ini sepib, uni tuzoqqa ilintirmoqchi bo‘lsang, uning o‘z otasi va onasidan ham yaxshiroq ilmoqni topib bo‘lar ekanmi?
Hali mening ekipajimdan birontasi ham dunyoga kelmagan 1926 yildagi eski ko‘hna bir shaharcha!
Men 6 yoshda ekanligimda, darhaqiqat Garri Loder qo‘shiqlari yozilgan plastinkalar urf bo‘lgan edi, uylarda Maksfil Parrish suratlari osilib turardi, munchoqli pardalar bo‘lardi, “Ajoyib Ogayo” qo‘shig‘i aytilardi va XX asr boshlari me’morchilik binolari qad ko‘tarib turardi. Bordi-yu, marsliklar shahar haqidagi barcha tasavvurlarni mening shuurimdan sug‘urib olgan bo‘lsalar-chi? Axir aytadilar-ku, bolalik tasavvurlar hech qachon eskirmaydi, deb. Mening tasavvurlarim bilan shahar qurib, ular bu shaharni raketa ekipajining barcha a’zolari xotirasida yashovchi qarindosh-urug‘lari va yaqinlari bilan to‘ldirib qo‘yishgan!
Faraz qilaylik, qo‘shni xonada uxlab yotgan ikki odam hech ham mening otam va onam emaslar, marsliklar esa shunchalik zehndor bo‘lishadiki, meni gipnoz ortida har doim tutib turishga ularning tob-toqatlari chidamaydi, axir…
Mana bu duxovoy orkestr-chi! Qanday g‘aroyib, hayratomuz reja! Avval Lyustigning, orqasidan Xinkstonning boshini qotirib, keyin xaloyiqni haydab kelish; fazogirlar o‘n, yigirma yil avval o‘lgan otalarini, onalarini, xolalarini, qayliqlarini ko‘rganlarida ularning dunyodagi hamma narsani unutib yuborishlari, buyruqni unutib yuborishlari, kemadan otilib chiqib, uni tashlab ketishlari ajablanarli emasmi? Bu yerda nima tabiiyroq bo‘lishi mumkin? Bu yerda qanday shubhalar bo‘lishi mumkin?
Barchasi juda oddiy: kimki kavlashtira boshlasa, qarshisida tirilgan onasini ko‘rib, savollar bera boshlasa, — axir baxtdan lol, karaxt bo‘lib qolishi hech gap emas-da. Mana sizga natijasi: hammamiz turli uylarga tarqab ketdik, karavotlarda yotibmiz, qurollarimiz yo‘q, hech narsa bilan o‘zimizni himoya qilolmaymiz, raketa ham oydinda tashlandiq holda turibdi. Agar bizlarni bir-birimizdan ajratib bitta qo‘ymay qirib tashlashni o‘ylagan bo‘lsalar, marsliklarning bu riyokorona rejalarini tasavvurga keltirishning o‘ziyoq odamni har narsa qilib qo‘ymasmikan? Balki qoq yarim tunda men bilan yonma-yon yotgan mana bu akam birdan o‘zgarib qolsa, qiyofasi butun borlig‘i boshqacha shaklga kirsa va adovatli, qo‘rqinchli yovvoyi bir maxluqqa aylanib qolsa, bu uning marslik bo‘lib qolganini bildiradimi, axir bundan battarroq narsa bo‘lishi mumkinmi? Yotgan joyida men tomon burilib, qoq yuragimga pichoq sanchish uning uchun gap bo‘libdimi? Qolgan boshqa barcha uylardagi o‘n-o‘n beshta aka-uka va otalar ham ana shunday o‘zgarib, qo‘llariga pichoq olib hech narsadan tap tortmay uxlab yotgan yerliklarni ana shunday so‘yib tashlashsa…
Jon Blekning qo‘llari adyol ostida titrab ketdi. Uning eti junjikdi. To‘satdan bu haqiqatga aylandi-yu, uning vujudini dahshatli qo‘rquv qamradi.
U turib o‘tirdi-da, quloq sola boshladi. Atrofda tiq etgan tovush yo‘q. musiqa tingan. Shamol tindi.
Yonida akasi dong qotib uxlab yotibdi.
U ohista adyolni ustidan oldi. Sirg‘alib pastga tushdi va tovush chiqarmaygina eshik tomon yurdi.
Shu payt akasining ovozi qulog‘iga chalindi:
— Qayoqqa?
— Nima?
Akasining ovozi badanni teshib o‘tgudek bo‘ldi.
— Biron uzoqroq yoqqa bormoqchimisan?
— Suvga.
— Suvsaganing yo‘q.
— Suvsadim, nega suvsamas ekanman.
— Yo‘q, suvsaganing yo‘q.
Katta Jon Blek shiddat bilan yugurib ketdi. U qichqirdi. U ikki marta qichqirdi.
U eshikkacha yetolmadi.
Kallai saharda orkestr mungli motam kuyini chalar edi. Ko‘chadagi har bir uydan mo‘‘jazgina tobutchalarni ko‘tarib, odamlar chiqar edilar; chiqib tosh yo‘l ustida o‘tirardilar-da, ko‘z yoshlarini artar edilar. Xotinlar, onalar, opa-singillar, aka-ukalar, amaki-tog‘alar, otalar. Ular yangi qabr kavlab qo‘yilgan va yangigina qabr toshlari kutib turgan qabristonga yo‘l oladilar. O’n oltita qabr, o‘n oltita qabr tosh.
Mer qisqagina motam nutqi so‘zladi. Uning yuzi o‘zgarib ketganidan bu mermi yo boshqa bir odammi, bilib bo‘lmas edi.
Jon Blekning otasi va onasi qabristonga keldi, akasi Edvard ham keldi. Ular yig‘lar, oh-voh qilar edilar, chehralari esa avvalgi tanish alomatlarini yo‘qotib, asta-sekin o‘zgarib borar edi.
Lyustigning bobosi va buvisi ham o‘sha yerda edi va ho‘ngrab yig‘lashar edi, ularning ham yuzlari mumday erib, cho‘zilib borar, xuddi jazirama kunga bardosh bermayotgandek tuyulmoqda edi.
Tobutlarni qabrga tushirishdi. Kimdir “Bir tunning o‘zida o‘n oltita odamni ajal to‘satdan va bevaqt olib ketgani” xususida o‘zicha g‘udranardi.
Kesaklar qabr qopqog‘i ustiga do‘pirlab tusha boshladi.
Orkestr “Okean durdonasi Kolumbiya” kuyini chalgancha gulduragan mis karnaylar ohangiga monand ravishda shahar tomon yo‘l oldi. Shu kuni hamma dam oldi.
Iyun 2001
OY AVVALGIDEK KUMUSH NURLARINI SOCHADI
Ular raketada tun qo‘ynida chiqib kelishganida havo shunchalar sovuq ediki, Spender darhol gulxan uchun Mars shox-shabbalarini terishga tutindi. Marsga uchib kelganlarini nishonlash borasida u churq etib og‘iz ochmadi, shox-shabbalarni terib keldi-da, olov yoqib yubordi va uning qanday yonishini tomosha qildi.
Keyin qurib qolgan Mars dengizi uzra qontalash tong havosiga yelkasi osha ularni — kapitan Uaylder, Cherok, Xeteuey, Sem Parkxill va uning o‘zini unsiz qop-qorong‘i yulduzli kengliklar orqali olib o‘tgan va hayotsiz beg‘am olamga olib kelib qo‘ygan raketaga qarab qo‘ydi.
Jeff Spender qiy-chuv boshlanishini kutib turardi. U do‘stlariga qarar ekan, hozir ularning sakrashlarini, qichqirishlarini kutardi… Faqat Marsda ular “birinchi” odamlar ekani haqidagi hayajonli fikrdan o‘zlariga kelib olishini kutish kerak. Hech kim bu haqda ovoz chiqarib bir narsa demasdi, lekin yuraklarida ko‘plab, aftidan, ularning o‘tmishdoshlari marragacha yetib kela olmaganiga va birinchilik bayrog‘i bularga, “To‘rtinchi” ekspeditsiyaga nasib etishiga umid qilar edilar. Yo‘q, ular hech kimga yomonlik tilamasdilar, shunchaki ular birinchi bo‘lishni xohlar edilar va o‘pkalari og‘ir havoga ko‘nikkuncha shon-shuhrat haqida orzu qilar edilar. Darhaqiqat, ozgina keskinroq harakat qilinsa, xuddi Mars odamidek boshlari aylanib ketar edi.
Gibbs gurillab yonayotgan gulxan oldiga keldi-da, so‘radi:
— Shox-shabba nega kerak, axir raketada kimyoviy yonilg‘i bor-ku?
— Hechqisi yo‘q, — javob berdi Spender boshini ko‘tarmay.
Birinchi tundayoq Marsda shovqin-suron ko‘tarish va raketa ichida bu yerga to‘g‘ri kelmaydigan qo‘pol buyumni — ko‘z olgudek charaqlovchi pechkani ko‘tarib tushish aqlga to‘g‘ri kelmaydigan, to‘g‘risi, noma’qul gap edi. Bu mahalliy sharoitga haqorat ham bo‘ladi-ku. Hali quyultirilgan sutli bankalarni mag‘rur Mars kanallariga uloqtirishga ulgurishadi, o‘shanday vaqt albatta keladi, Mars dengizlarining oppoq yaydoq tubida “Nyu-York Tayms”ning shaldiragan sahifalari erinibgina sirg‘aladigan, dumalaydigan paytlar, albatta, keladi, qadimgi Mars shaharlarining nafis shaklli xarobalari orasida banan po‘stloqlari va yog‘ yuqi qog‘ozlar to‘lib-toshgan payt ham uzoq emas.
Hammasi oldinda kutib turibdi, hammasi bo‘ladi. Bu fikrdan u hatto seskanib ketdi.