Выбрать главу

Spender unga bir qarab qo‘ydi-da, orqasiga burilib, u yerdan ketdi. U bir o‘zi oy yoritib turgan shahar ko‘chalari bo‘ylab yurib borar va do‘stlariga qayrilib qaramaslik uchun hech joyda to‘xtamayotgan edi.

Ular tonggi soat to‘rtdagina uxlagani yotishdi. Adyolga cho‘zilishdi-da, ko‘zlarini yumishdi va bir maromda nafas ola boshlashdi. Kapitan Uaylder gulxan yonida o‘tirib, unga shox-shabbalar tashlar edi.

Ikki soat o‘tgach, Mak-Klyur ko‘zlarini ochdi.

— Uxlamayapsizmi, komandir?

— Spenderni kutayapman. — Kapitan zaifgina jilmaydi.

Mak-Klyur o‘ylab qoldi.

— Bilasizmi, komandir, nazarimda u kelmaydigandek. Nimagaligini o‘zim bilmayman-u, ammo ko‘nglim shuni sezib turibdi. U kelmaydi.

Mak-Klyur boshqa yonboshiga ag‘darildi. Olov chirsillab uchqun sachratdi-da, o‘chib qoldi.

Oradan bir hafta o‘tdi, Spenderdan esa dom-darak yo‘q edi. Kapitan uni qidirgani bir qancha dastalar yubordi, lekin ular qaytib kelishdi-da, qayoqqa g‘oyib bo‘lganiga aqlimiz yetmay qoldi, deb aytishdi. Hechqisi yo‘q, sayoqlanib yurib-yurib o‘z oyog‘i bilan qaytib keladi. O’zi sayoq va betayin bir odam edi. Ketsa ketib o‘lmaydimi.

Kapitan indamadi, biroq hammasini kema jurnaliga yozib qo‘ydi…

Bir kuni erta bilan — bu dushanba ham yoki seshanba ham, yoki Marsning boshqa har qanday kuni bo‘lishi mumkin edi — Biggs yuzini oftobga tutgancha va oyoqlarini muzdek suvda o‘ynatgancha kanal qirg‘og‘ida o‘tirardi.

Kanal bo‘yidan bir odam kelardi. Uning soyasi Biggsga tushdi. Biggs ko‘zlarini ochdi.

— O’, alhazar! — deb yubordi Biggs.

— Men seni o‘ldiraman.

— Qo‘ysang-chi bu ahmoqona hazilingni, Spender.

— O’rningdan tur, erkaklardek o‘l!

— Xudo haqqi, to‘pponchangni ol.

Spender to‘pponcha tepkisini faqat bir marta bosdi. Bir lahza burun kanal qirg‘og‘ida o‘tirgan Biggs asta oldinga egildi-da, suvga qulab tushdi. O’q ovozi xuddi yaproq shitiridek, zaif g‘o‘ng‘illashdek juda past edi. Jasad asta, tanho, tinch oqayotgan kanal suviga tushdi-da, bosiq «bilq» etgan tovush chiqarib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Spender to‘pponchani g‘ilofga soldi-da, tovushsiz odimlab nari ketdi. Mars uzra quyosh charaqlab turardi, uning nurlari Spenderning qo‘llarini kuydirar, qo‘rg‘oshinday yaltiroq yuzini jizillatar edi. U chopmayotgandi, go‘yo o‘tgan galdan buyon hech narsa o‘zgarmagandek, agar hozir kunduz ekanini hisobga olmaganda, bemalol ketib borar edi. U raketa yoniga bordi; bir necha odam bostirma tagida kema oshpazi qo‘yib ketgan nonushtaning changini chiqarmoqda edi.

— Ana, O’lg‘iz Bo‘rimiz kelib qoldi, — dedi kimdir.

— Kel, Spender! Ko‘rishmaganimizga ham ancha bo‘ldi-ya!

Stolda o‘tirgan to‘rtovlon ularga indamay qarab turgan kishiga tikilishdi.

— Senga bu la’nati xarobalarni xudo berib qoldi-da, — kinoyali jilmayib dedi oshpaz, tovoqdagi qop-qora suyuqlikni aralashtirar ekan. — Qaranglar, suyaklari sanalib turgan och ko‘ppakdan farqi qolmabdi.

— Bo‘lsa bordir. Men bir narsani aniqlashim kerak edi. Agar shu atrofda marslikni ko‘rib qoldim, desam, nima degan bo‘lar edilaring?

To‘rttala fazogir sanchqilarini bir chetga qo‘yishdi.

— Marslik? Qaerda?

— Bu muhim emas. Sizlarga bitta savol bersam maylimi? Agar mamlakatingizga begona odamlar kirib kelib, hamma narsani ag‘dar-to‘ntar qila boshlasa, marslikning o‘rnida siz bo‘lganingizda o‘zingizni qanday his etar edingiz?

— Qanday his etishimni men yaxshi bilaman, — dedi Cheroki. — Tomirimda cheroklar qabilasi qoni oqadi. Bobom Oklaxoma tarixidan ko‘p narsalar gapirib bergan edi. Men sizlarga aytsam, agar bu yerda marsliklar qolgan bo‘lsa, men ularni tushunaman.

— Sizlar-chi? — ehtiyotkorlik bilan so‘radi boshqalardan.

Hech kim hech narsa deb javob bermadi. O’rtaga o‘zgacha bir sukunat cho‘kdi. Go‘yo topishmoq aytildi-yu, “topgan topaloqniki” qabilidagi bir holat edi. Topgan olib ketaveradi-yu, qolganlar qulog‘ini ushlab qolaveradi.

— Shunaqa gaplar, — dedi Spender. — Men marslikni uchratib qoldim.

Ular Spenderga ishonqiramay qarab turishardi.

— Hov anavi yerda, o‘lik qishloqlardan birida Uni uchrataman deb sira o‘ylamagandim ham. Aqalli qidirganim ham yo‘q. Bilmadim, u yerda u nima qilayotgan ekan. Shu haftada men bir kichikroq shaharchada yashadim, qadimgi yozuvlarni o‘rganishga harakat qildim, ularning qadimgi san’atlarini tadqiq qildim. Kelib-kelib bir kun bir marslikni ko‘rib qoldim. U bir lahzagina ko‘rinib turdi-da, o‘sha zahoti g‘oyib bo‘ldi. Shundan keyin ikki kungacha ko‘rinmay ketdi. Yanagi kelganida men yozuvlarni tadqiq qilib o‘tirardim. Bu bir necha bor takrorlandi, har gal u yaqinroqda paydo bo‘lar edi. Men mars tilini o‘rganib olgan kunda, — bu haddan tashqari oddiy edi, menga piktogrammalar yordam berar edi — marslik shundoq qarshimda paydo bo‘ldi-da: “Menga boshmoqlaringizni bering”, dedi. Men unga boshmoqlarimni berdim, u esa bunday dedi: “Endi egningizdagi hamma kiyimingizni bering”. Men hamma kiyimimni yechib berdim, u yana: “To‘pponchangizni bering” dedi. To‘pponchamni berdim.

Shunda u: “Endi men bilan yuring-da, nima bo‘lishini tomosha qiling”, dedi. Shunday qilib, marslik lagerga ketdi, xullas, u mana shu yerda.

— Men hech qanaqa marslikni ko‘rmayapman, — e’tiroz bildirdi Cheroki.

— Afsus.

Spender g‘ilofdan to‘pponchani oldi. Past g‘o‘ng‘illash eshitildi. Birinchi o‘q chapdan eng chekkadagi odamga borib tegdi. Ikkinchi va uchinchi o‘q esa o‘ngdan chetdagi va o‘rtada o‘tirgan kishilarga borib tegdi. Oshpaz qo‘rqib gulxandan o‘girildi va to‘rtinchi o‘q unga borib tegdi. U yuztuban olov ichiga qulab tushdi va qimirlamay yotib qoldi, kiyimlari esa gurillab yondi.

Quyosh nuriga cho‘mgancha raketa g‘oz turar edi. Stolda uch kishi o‘tirar, qo‘llari esa allaqachon sovib qolgan nonushtali likopchalar yonida turardi. Omon qolgan birgina Cheroki gap nimadaligini anglayolmay Spenderga qaradi.

— Men bilan yurishing mumkin, — dedi Spender.

Cheroki hech nima deb javob bermadi.

— Quloq sol, men seni o‘z davramga olaman. — Spender kuta boshladi.

Nihoyat Cheroki tilga kirdi.

— Sen ularni o‘ldirding, — dedi u va ro‘parasida o‘tirganlarga bazo‘r qarab qo‘ydi.

— Ular shunga munosib edilar.

— Esingni yebsan!

— Ehtimol. Lekin sen men bilan yurishing mumkin.

— Sen bilan — nimaga? — qichqirdi Cheroki yuzidan rangi qochgan, ko‘zlaridan yosh tirqiragancha.

— Yo‘qol ko‘zimdan!

Spenderning yuzi ko‘kardi.

— Hech bo‘lmaganda sen meni tushunarsan, deb o‘ylagandim.

— Yo‘qol! — Cherokining qo‘li to‘pponchaga cho‘zildi.

Spender oxirgi marta o‘q uzdi. Cheroki boshqa qimir etmay qoldi.

Lekin Spender harakatga keldi. U terlagan yuzini kafti bilan siladi. U raketaga qaradi va shu zahoti badani qalt-qalt titray ketdi. Titragani shunchalik ediki, sal bo‘lmasa qulab tusha yozdi. Uning yuzi gipnozdan keyingi yoki g‘alati tush ko‘rib uyg‘ongan odamning yuziga o‘xshab ketar edi. Titrog‘ini bosish uchun u o‘tirib oldi.

— Bas qil! Hoziroq! — buyurdi o‘z vujudiga.

Har bir hujayrasi qaqshab titrar edi.

— Bas qil dedim!

Eng so‘nggi titroqni ham siqib chiqarib tashlash uchun u a’zoyi-badanini iroda iskanjasi bilan qattiq qisdi. Endi qo‘llari itoatkor tizzalari uzra tinchgina yotar edi.