— Qayta tikladingizmi?
— Unchalik emas. Lekin shu ham yetarli.
Kapitan sigaretasini aylantirib qaray boshladi.
— Nega shunday qildingiz?
Spender xotirjam to‘pponchani oyoqlari yoniga qo‘ydi.
— Chunki men Marsda ko‘rganlarimni faqat orzu qilish mumkin, xolos. Ular biz yuz yil avval to‘xtatishimiz kerak bo‘lgan joyda to‘xtaganlar. Men ularning shaharlarini aylanib chiqa boshladim, bu xalqni bilib oldim va ularni o‘z ajdodlarim deb atashdan baxtli bo‘lar edim.
— Ha, ularning shaharlariga gap yo‘q. — Kapitan shaharlardan biriga boshi bilan ishora qildi.
— Gap faqat shundagina emas, albatta, ularning shaharlari yaxshi. Marsliklar o‘zlarining turmushlarini san’atkorona ifodalab qo‘ya olishgan. Amerikaliklarda san’at har doim alohida modda hisoblanadi, uning joyi — yuqorida, hardamxayol o‘g‘lining xonasida. Boshqalar uni yakshanbalik ulushlari, ta’bir joiz bo‘lsa, kimdir din bilan qorishiqda deb biladi. Marsliklarda esa hammasi bor — san’at ham, din ham va boshqalar ham…
— Ular bir narsaning tagiga yeta olishdi, deb o‘ylaysizmi?
— Albatta.
— Shuning uchun ham siz odamlarni o‘ldira boshlagansiz?
— Kichkinaligimda ota-onam meni o‘zlari bilan Mexiko-sitiga olib ketishdi. Otam o‘zini u yerda baqiroq, dimog‘dor tutganini hech esimdan chiqarolmayman. Onamga kelsak, uni u yerdagi odamlar kam yuvinadi, badani qora deb unchalik yoqtirishmasdi. Opam esa ular bilan umuman gaplashmasdi.
Bitta mengina ularga yoqib qolgan edim. Otam bilan onamning Marsga kelib qolsa o‘zlarini xuddi o‘shanday tutishlarini men juda yaxshi tasavvur qilaman. O’rtacha amerikalik har qanday g‘ayrioddiy narsaga burnini jiyirib qaraydi. Chikago tamg‘asi yo‘qmi, demak, bu hech narsaga yaramaydi.
Ko‘rdingizmi qanaqa! Ey xudo, shunaqayam bo‘ladimi! Urush-chi! Parvozimizdan oldin Kongressda yangragan nutqlar esingizdadir! Mabodo sayohat muvaffaqiyatli chiqsa, Marsda uch atom laboratoriyasi va atom bomba omborlari joylashtirishar emish-a! Bundan chiqdi, Mars tamom; barcha mo‘‘jizalar yo‘q bo‘lib ketadi. Xo‘sh, o‘zingiz ayting-chi, agar marslik Oq uy pollarini ho‘l qilib qo‘ysa, siz o‘zingizni qanday his qilgan bo‘lardingiz?
Kapitan churq etmay quloq solib turardi.
Spender gapida davom etdi:
— Qolgan galvarslar-chi? Tog‘ sanoati bosslari, sayohat byurosi… Ispaniyadan Kortes o‘zining yuvosh kompaniyasi bilan kelganida Meksikaga nima bo‘lgani esingizdami? Bu yuho taqvodor — iblislar qanday madaniyatni yo‘q qilib tashlashdi! Tarix Kortesni kechirmaydi.
— Bugun biz bilan odobli muomala qilishdi deb aytib bo‘lmaydi, — dedi kapitan.
— Mening ilojim qancha edi! Siz bilan bahslashaymi? Axir men bir o‘zimman — u yerda, Yerdagi bu ablah, yebto‘ymas butun bir galaga qarshi bir o‘zim-a. Ular bu yerda darhol o‘zlarining maraz atom bombalarini irg‘ita boshlaydilar, yangi urushlar uchun bazalarga yer talashadilar. Bu ham yetmagandek, bir sayyora kamlik qilib, boshqa sayyoralarning rasvosini chiqaradilar. Kallasiz vaysaqilar. Bu yerga kelganimda men o‘zimni faqat madaniyat deb atalmish bu balodan emas, ularning bu axloq-odobi, bu rasm-rusumlaridan ham qutulgandek bo‘lgan edim. Bu yerda endi menga ularning qonun-qoidalari-yu, tuzumlari daxl qilmaydi deb ishongandim. Barchalaringizni asfalasofilinga jo‘natib, o‘zim xon, ko‘lankam maydon bo‘lib yashasam bo‘laverardi.
— Lekin teskari bo‘lib chiqdi.
— Ha. Raketa yonida beshalasini yer tishlatganimda butunlay yangilana olmaganimni, haqiqiy marslik bo‘lolmaganimni angladim. Yerda senga yopishgan balodan osonlikcha qutulib bo‘lmas ekan.
Lekin men endi ikkilanmay qo‘ydim. Men hammangizni bitta qo‘ymay o‘ldiraman. Bu navbatdagi ekspeditsiyani jo‘natishni kam deganda besh yilga surib yuboradi. Bizning raketamiz yagona, boshqa bunaqasidan yo‘q. Yerda bizdan bir yil, bo‘lmasa ikki yil yangiliklar kutishadi va biz haqimizda ular hech narsa bilolmagach, ularga yangi ekspeditsiyani tayyorlash juda qimmatga tushadi. Raketani ikki barobar katta qilib ishlaydilar, yangi omadsizliklardan saqlanish uchun yuzlab ortiqcha omilkor konstruktsiyalar qiladilar.
— Hisob-kitobingiz chakki emas.
— Bordi-yu, siz yaxshi xabarlar bilan qaytib borsangiz, bu Marsga ommaviy bostirib kelishni tezlashtiradi. Shunda, xudo xohlasa, oltmish yoshgacha yashayman-da, har bir yangi ekspeditsiyani qarshi olaveraman. Har gal bittadan ortiq raketa yuborishmaydi — u ham yilda bir marta va ekipaj yigirma kishidan ortiq bo‘lmaydi, men, albatta, ular bilan do‘stlashib olaman, raketamiz to‘satdan portlab ketdi deyman, — men buni sizlarni biryoqlik qilib olgach, shu hafta ichidayoq portlataman, keyin esa ularning o‘zlarini yo‘q qilib yuboraman. Shu bilan yarim asrcha Marsni omon saqlab qolaman; yerliklar, ehtimol, ortiq urinmay qo‘yishadi. Tinmay yonadigan va tushib turadigan tseppelpilar qurilishiga odamlar qanday sovuqqonlik bilan qaragani esingizdadir?
— Hammasini miridan-sirigacha o‘ylabsiz, — iqror bo‘ldi kapitan.
— Xuddi shunday.
— Bir narsadan tashqari: bizlar juda ko‘pmiz. Bir soatdan keyin halqa yopiladi. Bir soatdan keyin siz murdaga aylanasiz.
— Men yerosti yo‘llarini ko‘rdim va shunday mustahkam bombapanalarni ko‘rdimki, siz ularni ikki dunyoda ham topolmaysiz. O’sha yoqqa boraman, bir necha hafta o‘tiraman. Sizning sabr kosangiz to‘ladi. Shunda men chiqaman-da, sizlarni yana bittama-bitta narigi dunyoga jo‘nataveraman.
Kapitan bosh irg‘adi.
— Menga o‘zingizning bu yerdagi tamadduningiz haqida so‘zlab bering, — dedi u qo‘li bilan tog‘ qishloqlari tomonni ko‘rsatib.
— Ular tabiat bilan hamjihatlikda, dorilomon yashashgan. Odam bilan inson o‘rtasida chegara o‘rnatish uchun juda haddilaridan oshib ketmaganlar. Darvin paydo bo‘lganda biz shunday xatoga yo‘l qo‘yganmiz. Bizda keyin nima bo‘lgan edi: avvaliga suyundik, uni ham, Gekslini ham, Freydni ham quchog‘imizga mahkam bosib olmoqchi bo‘ldik. Keyin to‘satdan ma’lum bo‘ldiki, Darvin bizning dinimiz bilan hech ham chiqisholmas ekan. Nima bo‘lganda ham bizga shunaqa tuyulgandi. Lekin bu ahmoqlik-ku, axir! Darvin, Geksli, Freydning bir oz tanobini tortib qo‘ymoqchi bo‘ldik. Ular osonlikcha bo‘y berishmadi. Shunda biz dinning dabdalasini chiqarishga kirishdik. Bu ishni do‘ndirdik ham.
Iymondan ayrildik va hayot mazmuni ustida bosh qotira boshladik. Agar san’at — bor-yo‘g‘i qoniqmagan ehtiroslar ifodasi, agar din — o‘z-o‘zini aldashgina bo‘lsa, unda biz nega yashaymiz?
Iymon hamma narsaga javob topib bersin! Lekin Darvin va Freyd kelishi bilan u naychaga kirib ketdi.
Inson zoti shu adashganicha qolib ketdi.
— Marsliklar-chi, to‘g‘ri yo‘lni topib olishgandir, hoynahoy? — surishtirdi kapitan.
— Ha. Ular fan bilan dinni shunday uyg‘unlashtirib yubora oldilarki, ular bir-birini inkor etmadilar, balki bir-birlariga yordam berib, boyitdilar.
— Hech aql bovar qilmas hol!
— Xuddi shunday bo‘ldi ham. Buning amalda qanday bo‘lganini sizga juda-juda ko‘rsatgim kelayapti.
— Odamlarim meni kutib turishibdi.
— Yarim soatgina shoshmay turing. Ularga aytib qo‘ying, ser.
Kapitan taysalladi, so‘ng o‘rnidan turdi-da, joyidan qimirlamay turish uchun pastga yotib olgan dastasiga qarab qichqirdi.
Spender uni nuqsonsiz muzdek marmar bilan tiklangan mo‘‘jazgina mars qishlog‘iga olib bordi. Ular ulkan hayvonlar tasviri tushirilgan katta ravoqlarni ko‘rishdi. Tasvirlar ichida oq panjali mushuklar va quyosh ramzini bildiruvchi sariq doiralar bor edi, ho‘kizlarni esga soluvchi hayvon haykalchalari, erkaklar, ayollar va tumshug‘i ulkan bahaybat itlarning siymolari ko‘zga tashlanardi.
— Mana sizga javob, kapitan.