— Ko‘rmayapman.
— Marsliklar hayvonlar hayotining sirini bilib olganlar. Hayvon yashashning ma’nosini bilolmaydi. U yashaydi. Yashash uchun yashaydi. Uning uchun javob hayotning o‘zidan iborat, sevinchi ham, lazzati ham shuning ichida. Mana bu haykalga bir qarang-a: hamma joyda ramziy hayvonlar tasviri.
— Majusiylikka ham o‘xshab ketadi.
— Aksincha, bu xudoning ramzi, hayotning ramzlari. Marsda ham Insonga insondan juda ham ko‘p narsa va hayvondan juda ham oz narsa yuqib qolgan paytlar ham bo‘lgan. Lekin Marsdagi odamlar bir narsani tushunganlar: tirik qolish uchun hayotning ma’nosi nima ekanini kavlashtirishni bas qilish kerak. Hayotning o‘zi tayyor javob. Hayotning maqsadi hayotni qayta tiklash va uni iloji boricha yaxshiroq tashkil etish. Marsliklar, nima uchun yashash kerak, degan savol ularda javob berish mumkin bo‘lmagan ayni qizg‘in urush va musibatlar paytida tug‘ilganini payqab qolganlar. Tamaddun muvozanat va barqarorlik kasb etdi. Urushlar tindi deguncha bu savol yana bema’ni bo‘lib qoldi, butunlay boshqacha bema’ni. Hayot yaxshi bo‘lganda, u haqda bahs ochishga na hojat!
— Gapingizga qaraganda, marsliklar ancha sodda bo‘lishgan ekan-da?
— Soddalik o‘zini oqlagan joyda, albatta. Ular hamma narsani dabdala qilish, hamma narsani ostin-ustin qilishga intilish kasalligidan forig‘ bo‘lganlar. Ular din, san’at va fanni bir-biri bilan uyg‘unlashtirib yuborganlar: axir fan oxir-oqibatda biz tushuntirib berishdan ojiz bo‘lgan mo‘‘jizani tadqiq etishi, san’at esa, mana shu mo‘‘jizani talqin etishi kerak bo‘lgan. Ular fanning go‘zallikni, nafosatni barbod etishiga yo‘l qo‘ymaganlar. Bular hammasi me’yor masalasidir. Yerliklar shunday mulohaza qiladilar: mana bu suratda rang yaxshi chiqmagan, fan esa rang — bu bor-yo‘g‘i modda zarralarining muayyan joylashuvi, aks etayotgan nurning alohida qiyofasi ekanini isbotlay oladi. Binobarin, rangi mening nigohimga tushgan predmetlarning haqiqiy vositalari hisoblanadi. Undan ko‘ra aqlliroq bo‘lgan marslik shunday degan bo‘lar edi: “Bu ajoyib surat. Uni ilhombaxsh inson qo‘li va miyasi bilan yaratgan.
Uning g‘oyasi va bo‘yoqlariga hayot bergan. A’lo narsa”.
Ular jim qolishdi. Kechki quyosh nurlariga ko‘milib o‘tirishar ekan, kapitan unsiz marmar shaharchani qiziqish bilan tomosha qila boshladi.
— Mana bu yerda jon-jon deb yashagan bo‘lardim, — dedi u.
— Xohlasangiz bo‘ldi.
— Siz menga taklif etayapsizmi?
— Odamlaringiz ichida bularning barchasini kim yaxshi tushuna oladi? Ular o‘zlariga yetguncha dimog‘dor, endi ularni to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Ular bilan Yerga qaytishingizga na hojat! Jons bilan pachakilashganimi? Xuddi Smitdagidek vertolyot sotib olganimi? Qalb bilan emas, hamyon bilan musiqa eshitish uchunmi? Bu yerda bir hovlida men bir mars musiqasi yozuvini topib oldim, u kam deganda ellik ming yil oldin yozilgan ekan. U hali ham binoyidek ovoz beradi. Bunaqa musiqani hayotda boshqa hech bir joyda eshitmaysiz. Qolsangiz, siz ham eshitar edingiz. Bu yerda kitoblar bor.
Men ularni bemalol o‘qiy olaman. Siz ham o‘qir edingiz.
— Bari bir-biridan maroqli narsalar.
— Shunday bo‘lsa ham qolmaysizmi?
— Yo‘q. Ammo taklifingiz uchun baribir rahmat aytaman.
— Demak, ma’lum bo‘lishicha, siz meni tinch qo‘yish niyatida emassiz. Men barchangizni o‘ldirishimga to‘g‘ri keladi.
— Siz nekbinsiz.
— Men nima uchun jang qilishni va nima uchun yashashni bilaman, shuning uchun o‘ldirishga kelganda men sizdan ko‘ra chaqqonroqman. Ko‘nglimda, ta’bir joiz bo‘lsa, o‘z dinim paydo bo‘ldi: men yana nafas olishni, oftobda yotishni, quyosh nurlarini o‘zimga singdirib toblanishni, kuy tinglashni va kitob o‘qishni o‘rganaman. Xo‘sh, sizning tamadduningiz menga nimani taklif qila oladi?
Kapitan og‘irligini bir oyog‘idan boshqa oyog‘iga soldi-da, boshini chayqadi.
— Shunday bo‘lishidan juda afsusdaman. Bularning barchasidan xafaman…
— Men ham. Endi esa hujumingizni boshlashingiz uchun sizni qaytarib olib borib qo‘yish vaqti keldi.
— Mayli.
— Kapitan, men sizni o‘ldirmayman. Hammasi tamom bo‘lganda siz tirik qolasiz.
— Nima?
— Men avval-boshdayoq sizni ayashga qaror qilgan edim.
— Obbo, siz-ey…
— Men sizni anovi boshqalardan qutqaraman. Ular o‘ldirilgandan keyin siz balki boshqatdan o‘ylab ko‘rarsiz.
— Yo‘q, — dedi kapitan. — Mening tomirimda ko‘proq Yer qoni oqadi. Men sizni ketgani qo‘yolmayman.
— Bu yerda qolish imkoniyatingiz bo‘lganida hammi?
— Ha. Shunisi qiziqki, o‘shanda ham. Negaligini bilmayman. Hech o‘zimga shunday savol berib ko‘rmagan ekanman. Mana, yetib ham keldik.
Ular avvalgi joylariga qaytib kelishdi.
— Men bilan o‘zingiz xohlab boraverasizmi, Spender? Oxirgi marta aytayapman.
— Tashakkur. Bormayman. — Spender bir qo‘lini oldinga cho‘zdi. — Yana bir narsa, ketar jafosiga.
Agar siz yengib chiqsangiz, menga bir ish qilib berasiz. Agar kuchingiz yetsa, bu sayyoraning iztirobini hech bo‘lmaganda ellik yilga surib berishga harakat qilib ko‘ring, qadimshunoslar avval bir yaxshilab ter to‘kishsin-da! Rozimisiz?
— Roziman.
— Yana bir gap, agar bundan kimdir yengil tortsa, meni yoz kunida bir aqli suyulgancha qaytib o‘ziga kelmagan ojiz bir jinni deb hisoblayvering. Balki siz yengil tortarsiz…
— O’ylab ko‘raman. Xayr, Spender, yaxshi qoling.
— Siz g‘alati odamsiz, — dedi Spender, kapitan garmselga qarshi yo‘lakdan pastga tomon odimlab ketganda.
Nihoyat kapitan uni sabr-toqat bilan kutib turgan, changga botgan o‘z odamlari oldiga qaytib keldi.
U quyoshdan ko‘zlarini chimirib olgan va og‘ir-og‘ir nafas olardi.
— Ichishga kimda suv bor? — deb so‘radi kapitan.
U qo‘liga muzdek flyagani tutqazganlarini his qildi.
— Rahmat.
U bir ho‘plam ichdi. Og‘zini artdi.
— Xo‘sh, — dedi kapitan. — Hushyor bo‘linglar. Shoshadigan joyimiz yo‘q, vaqtimiz bemalol. Biz tomondan ko‘p qurbon bo‘lmasligi kerak. Siz uni o‘ldirishingizga to‘g‘ri keladi. U men bilan borishga unamadi. Uni bir o‘q bilan yer tishlatishga harakat qiling. G’alvir qilib tashlamang. O’ldiring, vassalom.
— Men uning la’nati kallasini qovoqdek yorib tashlayman, — to‘ng‘illadi Sem Parkxill.
— Yo‘q, faqat yuragiga, — dedi kapitan. U Spenderning shafqatsiz qat’iy chehrasini aniq-tiniq ko‘rib turardi.
— Uning la’nati kallasini, — takrorladi Parkxill.
Kapitan flyagani unga uzatdi.
— Buyrug‘imni eshitdingizmi? Faqat yuragiga.
Parkxill o‘zicha nimadir deb to‘ng‘illab qo‘ydi.
— Ketdik, — dedi kapitan.
Ular yana har tomonga sochilib ketishdi, odimlashdan yugurishga o‘tishdi, keyin yana odimlab ketishdi, ular goh jazirama yonbag‘irdan yuqoriga o‘rlar, goh muzdek, to‘s hidi anqib turgan mag‘oralarga sho‘ng‘ib ketishar, goh obdon qizigan tosh hovuriga to‘liq charog‘on ochiq maydonda paydo bo‘lib qolar edilar.
“Yuragingdan o‘zingni epchil his qilib, unday bo‘lishni istamaganingdan keyin, — o‘yladi kapitan, — bu epchillik va jonsaraklik ham ko‘zingga balodek ko‘rinib ketar ekan. Bildirmay kirib borish, har xil nayranglarni o‘ylab topish va o‘zingning makkorliging bilan faxrlanish, yuragimdan o‘zimning haq ekanligimga ishonmaganimdan keyin unday haqgo‘ylik tuyg‘usini boshimga uramanmi! Xo‘sh, bunday olib qaraganda, biz kimmiz? Ko‘pchiligimiz?… Ko‘pchilik har doim aybsiz bo‘lib kelganligi shunga javob emasmi? Har doim ko‘pchilik hatto tariqcha adashishi mumkin emas, shunday emasmi? Hatto o‘n million yilda ham bir marta adashmaydi…”
U xayol surishda davom etdi: “Bu ko‘pchilik degani o‘zi nima-yu, unga kimlar kiradi? Ular nima haqda o‘ylaydilar, ular nima uchun aynan shunday bo‘lib qolganlar, nahotki hech qachon o‘zgarmaydilar? Qolaversa, men bu la’nati ko‘pchilik ichiga qanday jin urib kirib qoldim? Hech o‘zimga kelolmayman. Bunga sabab nima: klosstrofobiya, olomondan qo‘rqishmi yoki shunchaki sog‘lom fikrmi? Butun dunyo o‘zining haqligiga amin bo‘lib turganida bitta odam haq bo‘lib chiqishi mumkinmi? Keling, bu haqda o‘ylamaylik. Qornimizda o‘rmalaylik, biqinib olaylik, tepkini bosaylik!