Выбрать главу

Ular qadimgi xilxonada turishardi.

— Vaqti-vaqti bilan Spenderni eslab tursangiz yomon bo‘lmasdi, — dedi kapitan.

Ular xilxonadan chiqishdi va marmar eshikni zichlab yopib qo‘yishdi.

Ertasiga Parkxill o‘lik shaharlarning birida nishonga qarab o‘q uzish poygasini o‘tkazishga qaror qildi — u billur derazalarni nishonga olar va nafis minoralarning uchini cho‘rt uchirar edi. Kapitan Parkxillni tutib oldi-da, tishini tutday to‘kdi.

Avgust 2001

O‘ZGA YURTLIKLAR

Yerliklar Marsga uchib kela boshladilar.

Uchib kelishlarining boisi, ular nimadandir qo‘rqar edilar va ayni zamonda hech nimadan qo‘rqmas edilar, chunki ular baxtli va baxtsiz edilar, o‘zlarini ziyoratchilar deb his qilar edilar va ziyoratchilar deb his qilmas edilar. Har birining o‘z sababi bor edi. Ular jonlariga tekkan xotinlarini yoki jonlariga tekkan ishlarini yoki jonlariga tekkan shaharlarini tashlab kelgan edilar; nimanidir topish yoki nimadandir qutulish yoki nimanidir qazib olish, nimanidir kavlab olish, yoki nimanidir yerning tagiga yashirib qo‘yish, yoki nimanidir abadiy unutish uchun uchib kelar edilar. Ular katta umidlar bilan, kichkina umidchalar bilan, butunlay umidsiz uchib kelar edilar. Biroq ko‘plab shaharlarda to‘rt rangli shiorlarda hukmdor barmoq amrona ko‘rsatib turar edi: sen uchun osmonda ish bor — Marsga bor! Shunday qilib, odamlar yo‘lga tushar edilar; to‘g‘ri, avvaliga ular oz-oz edilar, nari borsa, o‘ntadan — aksariyatlari raketa osmonga o‘qdek otilishidan burunroq o‘zlarini yomon his qila boshlagan edilar. Bu kasalning nomi yolg‘izlik edi, chunki u yerda, hov pastda jonajon shahring avval mushtumdek, keyin limon donasidek, keyin to‘g‘nag‘ich boshchasidek, nihoyat kichraya borib, oxiri reaktivning olov oqimi ostida butunlay ko‘rinmay ketganini tasavvur qilishing hamon senda shunday bir tuyg‘u paydo bo‘ladiki, go‘yo sen yorug‘ olamda hech qachon tug‘ilmagansan, hech qaerda hech qanaqa shahar bo‘lmagan, sen ham hech qaerda bo‘lmagansan, chor atrofing bo‘m-bo‘sh koinot, bironta ham tanish odam yo‘q, nuqul begona odamlar. Shtatingni — Illinoys yoki Ayovami, Missuri yoki Montanami, bulutlar qa’riga kirib ko‘zdan yo‘qolganda, butun Qo‘shma Shtatlarni-ku, qo‘yaver, butun yer sayyorasi zulmat qo‘ynida qisilib-qisilib, xuddi noma’lum yoqqa uchib ketayotgan iflos kulrang koptokka aylanadi, — ana shunda o‘zingni koinot kengliklarida mutlaqo yolg‘iz, yakrang, yaknasaq musofir bo‘lasan-qolasan va oldinda seni nelar kutayotganini tasavvuringga ham keltirolmaysan. Dastlabki kelganlar juda ozchilik bo‘lganiga ajablanmasa ham bo‘ladi. Ko‘chib kelganlarning holi Marsga ko‘chib o‘tgan yerliklar miqdoriga mutanosib tarzda o‘sib borardi: bir kishiga qo‘rqinchli, ko‘pchilik bo‘lsa — unchalik emas, ammo Yolg‘izlarga o‘zidan boshqa ishonadigan hech kim bo‘lmaydi.

Dekabr 2001

YASHIL TONG

Quyosh botganda u so‘qmoq yonida o‘tirdi-da, g‘aribgina ovqat tayyorladi; so‘ng paydar-pay og‘ziga luqmalardan solgancha va o‘ychan kavshagancha olovning charsillashiga quloq soldi. Boshqa o‘ttiz kunga o‘xshagan yana bir kun o‘tdi; erta tongdan ko‘plab shinam qazish, so‘ng ularga urug‘ qadash, tip-tiniq kanallardan suv tashib keltirish kerak. Hozir, charchoqdan o‘zini qo‘rg‘oshindek og‘ir his qilgancha u osmonga qarab yotardi, osmon esa rangini o‘zgartirib, kech bo‘lganidan darak bermoqda edi.

Uning ismi Benjamin Driskol edi, yoshi o‘ttiz birda. Uning niyati bitta — qanday qilib bo‘lmasin, Mars yam-yashil libosga burkansa, qalin bargli baland daraxtlarga qoplansa, iloji boricha ko‘proq havo paydo bo‘lsa, kerak bo‘lsa yilning to‘rt faslida ham gurkirab tursa, diqqinafas yozda shaharlarning havosini yangilasa, qishning izg‘irinli shamollarini to‘sib tursa. Daraxt nimalarga qodir emas… U tabiatga rang beradi, soya tashlaydi, yerni mevalari bilan ma’mur qiladi. Yoki bolalar o‘yinlarining saltanatiga aylanadi — sirpanish, o‘yinlar o‘ynash, qo‘lda osilib turish mumkin bo‘lgan butun bir osmoniy olam desangiz-chi… U rizq va sevinch eltuvchi bahaybat inshoot; mana daraxtning qudrati!

Ammo eng avvalo daraxt — bu o‘pka uchun hayotbaxsh muzdek havo va yoqimli shitirlash manbai, u tunda seni allalab, sehrli allalar aytadi, sen esa, qordek oppoq toza to‘shakda yotgancha miriqib tinglaysan.

U yotar va quyoshni, hali-hamon darak bo‘lmagan yomg‘irlarni kutgancha bazo‘r bir joyga to‘planayotgan qop-qora tuproqqa quloq solar edi… Qulog‘ini yerga qo‘yib u kelajak yillar guldurosini eshitar va bugun qadalgan urug‘lar yashil kurtak chiqarib, nish urganini, osmonga o‘rlab borayotganini, qator shoxlar yoyayotganini va butun Mars quyoshli o‘rmonga, chappor urgan boqqa aylanayotganini yaqqol ko‘rib turardi.

Erta tongda mo‘‘jazgina bo‘zargan quyosh qator qirlar ortidan endi-endi suzib chiqqanda u o‘rnidan turadi, bug‘i ko‘tarilib turgan nonushtani tez-tez tushiradi, o‘choqdagi qo‘rlarni tepib o‘chiradi, yuk xaltasini ortmoqlaydi va yana joy tanlash, kavlash, urug‘ yoki ko‘chat qadash, avaylabgina yerni bosib-bosib qo‘yish, sug‘orish va hushtak chalib ochiq osmonga qaragancha yana odimlab ketish uchun yo‘lga tushadi, osmon esa… tush paytiga kelib osmon butunlay yorishib, tobora yorishib va qizib boradi…

— Senga havo kerak, — dedi u gulxanga. Gulxan — barmog‘ini hazillashib tishlab oladigan yuzi qizil jonli o‘rtog‘ing, salqin tunlarda esa, do‘stona iliqlik bilan uyquli pushti ko‘zlarini qisib qaragancha yonginangda mudroq bosib yotadi… — hammamizga havo kerak. Bu yerda, Marsda havo tansiq. Sal narsaga charchaysan. Xuddi janubiy Amerikadagi And tog‘laridagidek. Havoni yutasan-u, hech nima sezmaysan, sira havoga to‘ymaysan.

U ko‘krak qafasini turtib qo‘ydi. O’ttiz kunda rosa kengayib ketibdi-ku! Ha, bu yerda ko‘proq havo yutish uchun o‘pkani chiniqtirish kerak. Yoki ko‘proq daraxt ekish kerak.

— Nima uchun bu yerdaligimni anglagandirsan? — dedi u. Olov tilini cho‘zib qo‘ydi. — Maktabda bizga Jonni Olma Urug‘i haqida hikoya qilib bergandi. U Amerika bo‘ylab yurib, olma daraxti ekar ekan. Mening ishim esa undan ko‘ra muhimroq. Men dublar, qayrag‘ochlar va klyonlar ekaman, yana terak, kashtan va kedrlar ham. Men faqat oshqozon uchun meva qilmayman, balki o‘pka uchun havo yasayman. O’zing o‘ylab ko‘r-a, bu daraxtlar oxiri o‘sib-o‘sib, ularda qancha qislorod ishlab chiqarilmaydi deysan!

Marsga uchib kelgan kun esiga tushdi. Minglab boshqalar qatori u o‘shanda tinch Mars tongiga mahliyo bo‘lgan va: “Bu yerni qanday o‘zlashtiraman? Nima qilaman? Menga yarasha ish topilarmikan?” — deb o‘ylagan edi.

So‘ng hushidan ketgan edi.

Kimdir nashatir spirtli pufakchani uning burni tagiga tiqqan, u yo‘talib o‘ziga kelgandi.

— Hechqisi yo‘q, tuzalib ketasiz, — dedi vrach.

— Menga nima bo‘lgan edi, o‘zi?

— Bu yerning havosi juda ham yomon. Ko‘plar bunga chiday olmayapti. Siz harholda yerga qaytmasangiz bo‘lmaydi.

— Yo‘q! — u o‘tirib oldi, biroq o‘sha zahoti ko‘z oldi qorong‘ilashib ketdi va nazarida, Mars kamida ikki marta aylangandek bo‘ldi. Burun kataklari kengaydi, u zo‘rlab havoni ichiga yutishga harakat qildi.

— Jinni bo‘lib qolaman. Men shu yerda qolaman.

Uni o‘z holiga qo‘yib qo‘yishdi; u xuddi qumdagi baliqdek yotar, og‘zini kappa-kappa ochib nafas olar va o‘ylardi: “Havo, havo. Ular bitta havo deb meni bu yerdan haydamoqchi bo‘layaptilar”.

Shunday deya u Mars qirlari va tekisliklarini ko‘rib olish uchun boshini burdi. Qarab turib u ko‘rgan birinchi narsa shu bo‘ldi: uzoqda ham, yaqinda ham hech bo‘lmasa bitta daraxt ko‘rinmaydi. Bu o‘lka bamisoli xudoning qarg‘ishini olgandek, chor atrofda qora chirindi yastangan, unda esa loaqal bir dona maysa ko‘zga tashlanmaydi. “Havo, — o‘ylardi u rangsiz nimanidir ichiga yutib pishillab nafas olgancha. — Havo, havo, havo…” Qirlarning uchlarida ham, soyador yonbag‘irliklarda ham, hattoki daryo yoqasida ham na bir daraxt, na bir maysa ko‘rinardi.