Выбрать главу

Bo‘lmasam-chi! Javob uning miyasida emas, tomog‘ida, o‘pkasida tug‘ildi va bu sof kislorod qultumidek fikr birdan unga dalda bag‘ishladi. Daraxtlar va maysalar. U qo‘llariga qaradi va kaftining orqasini o‘girdi, u maysa va daraxt ekadi. Mana unga ish: uning bu yerda qolishiga xalaqit berayotgan narsaga qarshi kurashish. U Marsga qarshi urush e’lon qiladi — alohida, agrobiologik urush. Qadimiy Mars tuprog‘i… Uning o‘z ko‘katlari shuncha millionlab yillar o‘sib, nihoyat yoshini yashab, tugab-bitgan. Bordi-yu, yangi turlar ekilsa-chi? Qishki daraxtlar — shoxdor mimozalar, majnuntollar, magnoliyalar, ulug‘vor evkaliptlar. Unda-chi? Bu yerning tuproqlarida qanaqangi o‘g‘it boyliklari yashirinib yotganini tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Bularga odam qo‘li tegmasin, chunki qadimgi paporotniklar, gullar, butoqlar, daraxtlar suvsizlikdan qurib bitgan.

— Men turishim kerak! — qichqirdi u. — Men Koordinatorni ko‘rishim kerak!

Yarim kun u va Koordinator yashil libosdagi qanday o‘simliklar o‘sishi haqida gaplashishdi.

Bir tekisda ko‘chat ekishni boshlab yuborishdan oldin, yillar bo‘lmasa ham, oylar o‘tar. Ungacha oziq-ovqatni yerdan muzlatilgan holda uchar sumalaklarda yetkazib turishadi; faqat bir necha havaskorlargina gidropon usulida bog‘ barpo etishgan.

— Shunday qilib, hozircha, — dedi Koordinator, — o‘zingiz harakat qiling. Urug‘ni bir amallab toparmiz, asbob-uskunalarni ham, hozir raketada joy oz. Dastlabki ko‘chib keluvchilar kon bilan bog‘liq bo‘lgani uchun sizning yashil boylik o‘tqazish loyihangiz muvaffaqiyat qozonolmaydi, deb qo‘rqaman.

— Ammo siz menga ruxsat berasizmi?

Unga ruxsat berishdi. Mototsikl ajratishdi, u yukxonani urug‘ va ko‘chatlar bilan to‘ldirdi, cho‘l vohaga qarab yo‘l oldi, mashinani qoldirdi-da, ishlagan ko‘yi yayov olg‘a yurib ketdi.

Bu o‘ttiz kun oldin boshlangan edi, o‘sha paytdan buyon biron marta ham orqasiga o‘girilib qaramadi. O’girilib qaradimi, — demakki, hafsalasi pir bo‘libdi: havo haddan tashqari quruq edi.

Loaqal bitta urug‘ning unib chiqishiga-da kishi ko‘zi yetmasdi. Balki, jangda boy bergandirman? To‘rt haftalik mehnat havoga uchib ketdimi? U oldinga, faqat oldinga qarardi. Ikki ko‘zi quyoshli vodiyda, Birinchi Shahardan ham narida edi va yomg‘ir, faqat yomg‘ir yog‘ishini kutar edi.

… U adyolni yelkasiga tortdi; qovjiragan qirlar uzra bulut to‘dalari paydo bo‘ldi. Xuddi vaqt kabi Mars ham beqaror. Oftobda kuygan qirlar tungi qirovlarni tutib qolgan edi, u esa boy qora tuproq haqida — shunday qora va yaltiroqki, hovuchingga olsang, yog‘dek oqadi, qudratli, bahaybat loviya poyalari unib chiqadigan va yerni titroqqa soluvchi aql bovar qilmas ulkan donalar poyalarni yergacha egadigan tuproq haqida o‘ylardi.

Mudroq gulxan birdan to‘zgandek bo‘ldi. Havo titrab ketdi: uzoqdan arava yelib kelardi.

Momaqaldiroq. Kutilmagan nam hidi. “Bugun tunda, — o‘yladi u va yomg‘ir yog‘ayotganligini tekshirib ko‘rish uchun qo‘lini cho‘zdi. — Bugun tunda”.

Uning qoshiga nimadir tegib o‘tdi va u uyg‘onib ketdi. Burnidan labiga tomchi dumalab tushardi.

Ikkinchi tomchi ko‘ziga kelib tushdi va bir lahza ko‘zini tuman qopladi. Uchinchisi yuziga kelib urildi.

Yomg‘ir.

Muzdek, yoqimli, mayin yomg‘ir baland osmonda shivalab yog‘ardi — muattar jozibalar, yulduzlar, havo bilan to‘liq sehrli suyuqlik; u o‘zi bilan garmdoridek qop-qora changni keltirar, tilda uzoq saqlangan eski sharob ta’mi qoldirar edi.

Yomg‘ir.

U o‘tirdi. Adyol yelkasidan tushib ketdi va moviy ko‘ylagida qop-qora dog‘lar paydo bo‘la boshladi; tomchilar tobora yiriklashib bormoqda edi. Gulxan xuddi ustidan olovni toptab, ko‘rinmas ayvon o‘ynayotganga o‘xshab ko‘rinar edi; nihoyat jahldor tutungina qoldi. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Ulkan qora osmon gumbazi to‘satdan olti moviy bo‘lakka bo‘linib ketdi-da, pastga quladi. U o‘n milliardlab yomg‘ir tomchilarini ko‘rdi, tomchilar elektr fotograf chirq etib suratga olgulik vaqt davomida shu tushib kelishida qotib turdilar. So‘ng yana zulmat va suv, suv…

Uning a’zoi badani jiqqa ho‘l bo‘ldi, biroq o‘tirgan ko‘yi yuzini ko‘tarib kular va tomchilar qovoqlariga kelib urilar edi. U chapak chaldi-da, irg‘ib oyoqqa turdi va o‘zining mo‘‘jazgina qarorgohini bir aylanib chiqdi; tungi soat bir edi.

Yomg‘ir to‘xtovsiz ikki soat quydi, so‘ng tindi. Yomg‘irda yuvilgan yulduzlar shunday charaqlab nur socha boshladiki, hali hech qachon bunaqasi bo‘lmagan edi.

Benjamen Driskoll plastik sumkasidan quruq kiyimini oldi-da, kiyimlarini almashtirdi, o‘rniga cho‘zilib mamnun holda tinch uyquga ketdi.

Quyosh qirlar o‘rtasidan asta ko‘tarila boshladi. Uning nurlari devorlar osha yerdan ohista suzib ketdi va Driskollni uyg‘otib yubordi.

U o‘rnidan turishdan oldin xiyol taraddudlandi. Bir oy, uzoq davom etgan jazirama bir oy ishladi, ishladi va kutdi… Ammo bugun o‘rnidan turib, u birinchi marta kelgan tomoniga burilib qaradi.

Tong yam-yashil edi.

Daraxtlar ko‘z ilg‘amas darajada osmonga bo‘y cho‘zib turardi. Bitta emas, ikkita emas, o‘nta emas, u qancha urug‘ va ko‘chatlar qadalgan bo‘lsa, o‘shancha — minglab daraxtlar qad rostlab turardi.

Buning ustiga, allaqanday butoq-mutoqlar emas, yo‘q, nozik daraxtchalar ham emas, balki baquvvat tanali, balandligi uydek keladigan shovullagan daraxtlar, barglari ko‘m-ko‘k, barchasining ulkan tanalari quyoshning zarrin nurlariga ko‘milib, shamolda qattiq shitirlar, qir yonbag‘irlarida uzun-uzun saflanib ko‘rinar edi, bular limon daraxtlari va lipalar, sakvoya va mimozalar, dublar va qayrag‘ochlar, teraklar, olchalar, klyonlar, olma daraxtlari, po‘rtahol daraxtlari, evkaliptlar — barcha-barchasi chelaklab quygan yomg‘irdan va begona sehrli tuproqdan birdaniga avj olib ketgan edi. Uning ko‘z o‘ngida yangi shoxlar tarvaqaylab o‘sib chiqmoqda, yangi kurtaklar nish urmoqda edi.

— Nahotki! — deb yubordi Benjamen Driskoll.

Ammo voha va tong yam-yashil edi.

Havo-chi!

Hamma tomondan xuddi jonli oqimdek, xuddi tog‘ daryosidek toza havo, kislorod oqib kelmoqda va daraxtlar yashil libosga burkanmoqda edi. Qarab turib uning osmonda billur mavjlar ila quyilib kelayotganidan dod deb yuborging keladi. Kislorod — yap-yangi, top-toza, yam-yashil, muzdek kislorod vohani daryo o‘zaniga aylantirgan edi. Yana bir lahzadan keyin shaharda eshiklar lang ochiladi, odamlar mo‘‘jizani qarshi olgani tashqariga yugurib chiqadilar, uni yuta boshlaydilar, ko‘kraklarini to‘ldirib ichlariga tortadilar, yonoqlari qip-qizil bo‘ladi, burunlari muzlaydi, o‘pkalari yangidan jonlanadi, yuraklari gurs-gurs tepa boshlaydi va charchoq tanalari raqsdan u yoqdan-bu yoqqa borib-kelib parvoz qila boshlaydi.

Benjamen Driskoll nam yashil havoni chuqur-chuqur ichiga tortdi va hushidan ketdi.

U o‘ziga kelguncha qarshisida sariq quyosh nurlari ostida yana besh ming daraxt unib chiqqan edi.

Fevral 2002

MO’R-MALAX

Raketalar quruq o‘tloqzorni kuydirar, toshni olovga, daraxtni ko‘mirga, suvni bug‘ga aylantirardi, qum va kvartsdan yashil shisha quyardi; go‘yo o‘zida raketa hujumini aks ettiruvchi oyna bo‘laklaridek, u hamma joyda yotar edi. Raketalar, raketalar, xuddi tunda chertilgan nog‘oradek.

Raketalar chigirtkadek chirillab, pushti tutun po‘rtanasiga kelib qo‘nar edilar. Raketalardan bolg‘a tutgan odamlar to‘kilib tushar edilar: o‘zga olamni o‘zlari xohlagandek shaklga keltirib, ko‘zlariga g‘alati ko‘ringan hamma narsani yo‘qotardilar, po‘lat tishli yirtqichday og‘izlariga tishlab olgan mixlarni bitta-bitta qo‘llariga olib, uylarning sinchiga qoqar, tom yopar edilar. Nima qilib bo‘lsa ham tezroq begona vahimali yulduzlardan yashirinish kerak-ku; tunda boshpana bo‘lish uchun yashil pardalarni osar edilar. Keyin duradgorlar navbatdagi ishga shoshilardilar va gulli tuvaklar, guldor chit ko‘ylakli, kastryul ko‘targan ayollar paydo bo‘lar edilar va eshiklar ortiga, parda tutilgan derazalar oralig‘iga yashiringan Mars sukunatini buzib, ayollar oshxonani boshlariga ko‘tarar edilar.