Выбрать главу

Olti oy ichida yaydoq sayyorada minglab chirsillovchi, zing‘illovchi neon naychalari va sariq elektr lampochkalari bo‘lgan o‘nlab shaharchalar qad ko‘targan edi. Marsga to‘qson mingdan ortiqroq odam kelib bo‘lgandi. Yerda esa boshqalar ham jomadonlarini hozirlay boshlashgan edi…

Avgust 2002

TUNGI UCHRASHUV

Moviy tog‘larga jo‘nash oldidan Tomas Gomes yolg‘iz benzokolonka yonida to‘xtadi.

— Yolg‘iz zerikmayapsizmi, dadajon? — so‘radi Tomas.

Chol latta bilan uncha katta bo‘lmagan yuk mashinasining oynasini artdi.

— Unchalik emas.

— Xo‘sh, Mars sizga yoqadimi, boboy?

— Zo‘r. Har doim bir yangi narsa bo‘lib turadi. Bultur bu yerga kelganimda dastavval senga aytgan edim: oldinga qarama, hech narsa talab qilma, hech narsaga hayron bo‘lma. Yerni unutish kerak, bo‘lgan hamma gaplarni unutish kerak. Endi ko‘zga qarab yurmasa, ko‘nikib bormasa va bu yerda hamma narsa unaqa emasligini, hamma narsa boshqacha ekanini tushunib bormasa bo‘lmaydi. Bu yerda ob-havo bir xil — bundan ortiq masxaravozlik bo‘ladimi, bu Mars iqlimi emish. Kunduzi do‘zaxi alim, tunda jahannam. Gullari ham g‘alati, yomg‘iri undan g‘alati — har qadamda ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan narsalar! Men bu yerga orom olgani kelgan edim, hamma narsa boshqacha bo‘lgan joyda qolgan umrimni o‘tkazaman, deb o‘ylagandim. Keksa odamga bu juda ham muhim — muhitni almashtirish. YOshlarga gapirishning hojati yo‘q, boshqa chollarni esa xudo urib qo‘ygan. Bitta men tavakkal qildim. Tomosha qilib to‘ymaydigan, chor atrofda o‘yin-kulgi avj olgan ko‘nglimdagidek shunday bir g‘alati joyni topishga jazm qildim. Mana, mana bu benzokolonkaga kelib joylashib oldim.

Agar g‘ala-g‘ovur jonimga tegsa, shartta qoramni o‘chiraman-da, bironta eski, tinchroq yo‘lga ko‘chib olaman; kundalik rizqimga pul topsam bo‘ldi-da, undan keyin u yerda hamma narsa Marsda nega bunchalik oyog‘i osmondan ekanini tushunib olishimga vaqtim bo‘ladi.

— Chakki o‘ylamagansiz, dadajon, — dedi Tomas; uning qoracha qo‘llari dam olgancha rul chambari ustida yotardi. Uning kayfiyati a’lo edi. Ketma-ket o‘n kun bir yangi qishloqda ishladi, endi ikki kun ta’til olib, bayramga ketmoqchi bo‘lib turibdi.

— Endi boshqa hech narsaga hayratlanmay ham qo‘yganman, — davom etdi chol, — tomosha qilaman, vassalom. Taassurot to‘playapman desam ham bo‘ladi. Agar senga mana shu Mars yoqmayotgan bo‘lsa, yaxshisi, Yerga qaytib keta qol. Bu yerda hammasi oyog‘i osmondan: tuproq, havo, kanallar, tub odamlar, (to‘g‘ri, men hali ulardan bittasini ham ko‘rganim yo‘q, lekin aytishlaricha, ular allaqaerlarda kezib yurar emishlar), soatlar; mening soatim ham firib bera boshlagan. Bu yerda hatto vaqt ham oyog‘i osmondan. Goho turib-turib bu la’nati sayyorada mendan boshqa bitta ham tirik jon yo‘q, bitta o‘zimman, deb o‘ylab qolaman. Bo‘m-bo‘sh. Gohida esa go‘yo men sakkiz yashar bolakayman. Chillashirman, atrofdagilar esa barchasi otday sog‘lom! Xudo haqqi, bu yer keksa odam uchun bopta joy ekan. Bu yerda mudrash yo‘q ekan, qandaydir baxtli bo‘lib qoldim. Bilasanmi, Mars nima degani? U menga yetmish yil oldin rojdestvoda sovg‘a qilishgan narsani bir chaqaga olmaydi. Bilmadim, bunday narsani sen qo‘lingga olib ko‘rganmikansan: ularning kaleydoskopi emish, ichida billur parchalari, laxtaklar, munchoqlar, har turli mayda-chuyda taqinchoqlar… Ularning orasidan quyoshga qarasang — og‘zing lang ochilib qoladi! Boshdan-oyoq kashta! Ana shunaqa! Mars degani shu bo‘ladi. Agar uni o‘zingdan begona qilishni istamasang, tomosha qilib lazzatlan-u, biron narsa so‘rama. Ey, xudo, bilasanmi, yo‘qmi, mana bu ko‘rib turganing katta yo‘lni marsliklar o‘n olti asr muqaddam yotqizishgan, lekin haligacha shunday turibdi! Bir dollar va ellik tsentni cho‘zib qo‘y-da, oq yo‘l, marhamat, ketaver!

Tomas so‘zsiz jilmaygancha mashinasini eski shossedan uchirib ketdi.

Tog‘lar oralab uzoq yurishdi, qorong‘iliklardan o‘tishdi, u rulni ushlab ketar ekan, ora-sira bir qo‘lini savatga suqib, u yerdan dirildoq olar edi. To‘xtovsiz bir soatdan ko‘proq yelib kelishayotgan bo‘lsa-da, ro‘paradan bitta ham mashina, bitta ham chiroq uchramadi, faqat tasmadek cho‘zilgan yo‘l, motorning tarillashi-yu, g‘uvillashi va atrofni qamrab olgan sokin, unsiz Mars ko‘zga tashlanadi, xolos.

Mars — har doim tinch, bu tun esa har doimgidan ham tinchroq edi. Tomasning ko‘z oldidan cho‘llar, qurib qolgan dengizlar, yulduzlar oralig‘idagi cho‘qqilar lip-lip o‘tar edi.

Bugungi tunda havoda Vaqt hidi anqirdi. Miyasiga kelgan bu fikrdan u xayolan jilmayib qo‘ydi.

Yomon fikr emas. Aslida-chi? Vaqtning hidi qanaqa bo‘ladi? Changmi, soatmi, odammi? Bundoq o‘ylab ko‘rganda bu vaqt degani o‘zi qanaqa bo‘ladi? Eshitsa bo‘ladimi? U bir qarasang zim-ziyo mag‘orada shildirab tushayotgan suv, bir qarasang chorlayotgan tovush, bir qarasang bo‘sh quti qopqog‘iga to‘kilayotgan tuproqning shuvullashi, bir qarasang yomg‘ir. Qani, yuraveraylik-chi, vaqtning qanday ko‘rinishini so‘rab olarmiz. U qop-qorong‘i quduqqa tovushsiz uchib tushayotgan qorning o‘zginasi yoki xuddi pastga, hech narsaning ichiga tushayotgan, yangi yil sharlariga o‘xshagan yuz milliardlab chehralar suvratga olingan qadimiy tovushsiz film. Vaqtning hidi ana shunaqa bo‘ladi va uning ko‘rinishi hamda quloqqa eshitilishi ham xuddi shunaqa bo‘ladi. Bugungi tunda — Tomas bir qo‘lini yon darchadan chiqardi, — bugungi tunda uni hatto qo‘l bilan paypaslab ko‘rsa ham bo‘ladigandek tuyulayapti.

U mashinani Vaqt tog‘lari ichidan haydab borardi. Nimadir bo‘yniga qadaldi va Tomas diqqat bilan oldinga qaragancha, gavdasini tikladi.

U bir mo‘‘jazgina o‘lik mars shaharchasiga kirib keldi, motorni o‘chirdi va uni qurshab turgan sukunat qo‘yniga ko‘zlarini tikdi. Nafasini ichiga yutgancha u kabina ichidan oy nuriga cho‘milgan, necha asrlarki, hech kim yashamayotgan oppoq binolarga razm soldi. Hashamatli, to‘kis binolar, vayron bo‘lgan esa-da, baribir muhtasham edi.

Motorni o‘t oldirib, Tomas yana bir-ikki mil yurdi, so‘ng yana to‘xtadi, mashinadan chiqdi, qo‘lida korzinkasi bilan chang bosgan shaharga nazar solish mumkin bo‘lgan tepalik ustiga ko‘tarildi.

Termosni ochdi va o‘ziga bir finjon qahva quydi. Shundoq yonginasidan tun qushi uchib o‘tdi. Uning yuragi hayratomuz darajada tinch, xotirjam edi.

Besh daqiqacha o‘tgach, Tomasning qulog‘iga qandaydir tovush chalindi. Qadimgi tosh yo‘l muyulishida ko‘zdan yo‘qolgan huv tepalikda u allaqanday harakatni payqadi, xiragina yog‘du ko‘rindi, so‘ng zaif tarillagan ovoz eshitildi. Tomas finjonni qo‘lida ushlagancha orqasiga o‘girildi. Tog‘dan g‘alati bir narsa tushib kelardi. Bu sarg‘ish-yashil hasharotga, xonqiziga o‘xshagan mashina edi, u sonsiz yashil billurdek jimirlagancha, yoqut ko‘zlarini chaqnatib muzdek havoda ravon yurib kelar edi.

Mashinaning oltita oyog‘i qadimgi tosh yo‘lda shivalayotgan yomg‘irdek mayin aylanardi. Mashina orqasidan esa Tomasga eritilgan oltin tusli ko‘zlari bilan bir marslik qarab turardi.

Tomas qo‘lini ko‘tardi va xayolan: “Salom!” deb qichqirdi, biroq lablari qimirlamadi. Chunki bu marslik edi. Biroq Tomas qirg‘oqlarida notanish odamlar yurgan moviy daryolarda, Yerda suzar, yot uylarda yot odamlar bilan ovqatlanar va har doim uning eng yaxshi ko‘rgan quroli tabassum bo‘lar edi. U yonida to‘pponcha olib yurmasdi. Hozir ham Tomas garchand yuragining bir chetida vahima yashirinib turgan bo‘lsa-da, bunga hojat sezmayotgan edi.