Выбрать главу

Marslikning ham qo‘lida hech narsa yo‘q edi. Muzdek havo orasidan ular bir-biriga bir soniyacha qarab turishdi.

Birinchi bo‘lib Tomas so‘z qotdi.

— Salom! — dedi u.

— Salom! — dedi marslik o‘zining tilida.

Ular bir-birini tushunishmadi.

— Siz “Salom” dedingizmi? — ikkalasi baravariga so‘radi.

— Nima dedingiz? — davom etishdi ular har qaysi o‘zining tilida.

Ikkalasi ham qovog‘ini uyib oldi.

— Siz kimsiz? — so‘radi Tomas inglizchalab.

— Siz bu yerda nima qilayapsiz? — anovining lablari marslikcha qimirlab dedi.

— Qayoqqa ketayapsiz? — so‘radi har ikkalasi jiddiy tarzda.

— Mening ismim Tomas Gomes.

— Mening ismim Myu Ka.

Ulardan birontasi ham narigisini tushungani yo‘q, biroq har biri barmog‘i bilan o‘zining ko‘ksiga nuqidi va ikkalasining ham gapi bir-biriga tushunarli bo‘ldi.

Birdan marslik kulib yubordi.

— Shoshmang!

Tomas, garchand unga hech kim tegmagan bo‘lsa-da, boshiga nimadir tekkandek bo‘ldi.

— Mana shunaqa! — dedi marslik inglizchalab. — Endi ishlar jo‘nashib ketadi.

— Siz mening tilimni shuncha tez o‘rganib oldingizmi?

— Sizni qarang-u!

Ikkalasi ham nima deyishini bilmay, Tomasning qo‘lidagi qaynoq qahvali finjonga qarashdi.

— Biron yangi gap bormi? — so‘radi marslik unga va finjonga qaragancha, aftidan, u uni ham, buni ham o‘zicha tasavvur qilib.

— Bir finjon qahva ichasizmi? — taklif qildi Tomas.

— Katta rahmat.

Marslik o‘z mashinasidan sirg‘alib chiqdi.

Ikkinchi finjonga to‘ldirib qaynoq qahva quyildi. Tomas uni marslikka uzatdi.

Ularning qo‘llari to‘qnashdi va xuddi tuman orasidan o‘tgandek birining qo‘li ikkinchisining ichiga kirdi.

— Yo Iso Masih! — deb yubordi Tomas va finjon qo‘lidan tushib ketdi.

— Osmon kuchlari! — dedi marslik o‘zining tilida.

— Nimalar bo‘lganini ko‘rgandirsiz? — shivirlab deyishdi ular.

Ikkalasining ham qo‘rquvdan badanidan muzdek ter chiqib ketdi.

Marslik finjonga egildi, biroq uni hech ololmasdi.

— Yo tavba! — oh tortib yubordi Tomas.

— Qani, qani! — marslik finjonni tutish uchun qayta-qayta urindi, biroq hech uddalay olmadi. U qaddini rostladi, birpas o‘ylab turdi, keyin kamaridan pichoqni sug‘urib oldi.

— Hoy! — qichqirdi Tomas.

— Siz tushunmadingiz, ushlab oling! — dedi marslik va pichog‘ini otdi.

Tomas bir-biriga juftlashgan kaftlarini tutib berdi. Pichoq qo‘llarining orasidan yerga tushdi. Tomas uni yerdan olmoqchi bo‘ldi, biroq uni tuta olmadi va titrab-qaqshagancha orqaga tisarildi.

U gavdasini osmonga tutib turgan marslikka qaradi.

— Yulduzlar! — dedi Tomas.

— Yulduzlar! — takrorladi marslik Tomasga qarab.

Marslikning gavdasi orqasidan yorqin, oppoq yulduzlar charaqlab turardi, uning vujudi bamisoli uchqunlar sachrab turgan qirovli nafis meduza qobig‘idek yulduzlar bilan bezatilgandi. Marslikning ko‘kragi va qorni ustida siyohrang ko‘zlardek yulduzlar jimirlar, bilaklarida javohirot yalt-yalt qilardi.

— Men sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rib turibman! — dedi Tomas.

— Men ham sizning gavdangizdan naryoqni ko‘rayapman! — javob berdi marslik bir qadam ortga chekinib.

Tomas o‘zini paypaslab ko‘rdi, o‘z tanasining haqiqiy issiqligini his qildi va ko‘ngli xotirjam bo‘ldi.

“Hammasi joyida, — o‘yladi u, — men yashayapman”.

Marslik qo‘li bilan o‘zining burni, labini turtib ko‘rdi.

— Men ham jismsiz emasman, — past ovozda dedi u. — Jonim bor!

Tomas unga ma’nodor qaradi.

— Ammo agar men yashayotgan bo‘lsam, demak siz — o‘liksiz.

— Yo‘q, siz o‘liksiz!

— Ro‘yo!

— Arvoh!

Ular barmoqlari bilan bir-birlarini ko‘rsatishar va yulduz nuri xuddi xanjar damidek, xuddi muz sumalakdek, xuddi tillaqo‘ng‘izdek ularning qo‘llari uchida chaqnar va to‘kilardi. Ular yana o‘z tuyg‘ularini tekshirib ko‘rishdi va har biri o‘zining to‘rt muchasi soppa-sog‘ligiga va hayajon, jo‘shqinlik, ehtiros, hayrat bilan chulg‘anganiga amin bo‘ldi, har biri narigisini olisdagi olamlar yog‘dusini tutib oluvchi va o‘zidan taratuvchi shaffof prizma, bor bo‘lmagan narsa deb bilar edi…

“Men mastman, — dedi o‘zicha Tomas. — Ertaga men bu haqda hech kimga churq etmayman!”

Ular qadimgi tosh yo‘l ustida turishardi va har ikkalasi ham joyidan jilmasdi.

— Qaerdan kelgansiz? — so‘radi nihoyat marslik.

— Yerdan.

— U nima degani?

— U yoqdan. — Tomas bosh irg‘ab osmonga ishora qildi.

— Qachondan beri?

— Biz bir yil avval uchib kelgan edik, nahotki esingizda bo‘lmasa?

— Yo‘q.

— Sizlar esa bu vaqtga kelib tugab-bitgandingiz. Qariyb bitta qolmay. Sizlardan juda kam qolgan — nahotki shuni ham bilmasangiz?

— Bu to‘g‘ri emas.

— Men sizga aytayapman-ku, tugab-bitgansizlar, deb. Jasadlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim.

Xonalarda, barcha uylarda qoraygan jasadlar yotibdi va hammasi o‘lik. Minglab jasad.

— Nimalar deyapsiz, bizlar tirikmiz!

— Mister, barchangizni yuqumli kasallik qirib yuborgan. Qiziq, nahotki bundan bexabarsiz? Siz bir balo qilib jon saqlab qolgansiz.

— Men jon saqlab qolganim yo‘q, qanday qilib ham jon saqlab qolar edim? Nimalar deyayotganingizni bilasizmi o‘zi? Men Enial tog‘lari yonidagi kanal yoqalab bayramga ketayotgan edim, o‘tgan kungi tunda o‘sha yerda bo‘lgan edim. Siz shaharni ko‘rmayapsizmi? — Marslik qo‘lini cho‘zib ko‘rsatdi.

Tomas o‘sha yoqqa qaradi va xarobalarni ko‘rdi.

— Axir bu shahar ko‘p ming yillardan buyon o‘lik-ku!

Marslik qah-qah urib kulib yubordi.

— O’lik? Men u yerda kecha tunadim-ku!

— Men esa o‘tgan hafta o‘sha yerdan o‘tdim, undan oldingi haftada ham, ko‘rgan narsam esa xarobalardan boshqa narsa emas! Vayron bo‘lgan ustunlarni ko‘rayapsizmi?

— Vayron bo‘lgan? Men ularni oy nurida yaqqol ko‘rib turibman. To‘g‘ri, tippa-tik ustunlar.

— Ko‘chalarda changdan boshqa hech narsa yo‘q, — dedi Tomas.

— Ko‘chalar top-toza!

— Kanallar allaqachon qurib qolgan, ular bo‘m-bo‘sh.

— Musallasga limmo-lim kanallar!

— Shahar o‘lik.

— Shahar tirik! — e’tiroz bildirdi marslik yana ham qattiqroq kulib. — Siz qattiq yanglishayapsiz. U yerda qancha karnaval chiroqlari borligini ko‘rayapsizmi? U yerda ayollardek nafis, chiroyli qayiqchalar, qayiqchalardek chiroyli, nafis ayollar, badani qum rangiga o‘xshagan ayollar, qo‘llarida yal-yal gullar tutgan ayollar bor. Men ularni hov anavi yerda ko‘chalar bo‘ylab, bu yerdan ipdek ingichka bo‘lib ko‘rinuvchi ko‘chalar bo‘ylab chopishayotganini ko‘rib turibman, ha, ko‘rib turibman.

Men xuddi o‘sha yerga borayapman, bayramga, biz tun bo‘yi kanalda suzamiz, qo‘shiq aytamiz, ichamiz, sevishamiz. Nahotki siz hech narsani ko‘rmayapsiz?

— Mister, bu oftobda qoqlangan kaltakesakka o‘xshash o‘lik shahar. Odamlarimizning istagan biridan so‘rab ko‘ring. Menga kelsak, Grin-Sitiga — Illinoys tosh yo‘lidagi manzilgohga ketayapman, biz uni yaqinginada barpo etdik. Siz nimadadir yanglishayapsiz. Biz bu yerga Origon o‘rmonlaridan eng a’lo sifatli taxtalardan million kvadrat fut, eng yaxshi po‘lat mixlardan bir necha o‘nlab tonna keltirdik va shunday ajoyib manzilgoh barpo etdikki, qarab to‘ymaysan, kishi. Ayni bugun shulardan birini yuvayapmiz. Yerdan xotinlarimiz va qayliqlarimizni olib, ikkita raketa uchib kelayapti. Xalq o‘yinlari o‘ynaladi, viskilar ichiladi…