Выбрать главу

Marslik hushyor tortdi.

— Anovi tomonda deyapsizmi?

— Ha, raketalar turgan joyda! — Tomas uni tepalik chekkasiga olib keldi-da, pastga ishora qildi; — Ko‘rayapsizmi?

— Yo‘q.

— Hov ana-ku, hov ana, jin ursin! Uzun-uzun, kumush rang narsalar.

— Ko‘rmayapman.

Endi Tomas kulib yubordi.

— Ko‘zingiz qamashayapti!

— Mening ko‘zim zo‘r ko‘radi. Siz ko‘rmayapsiz.

— Bo‘pti, bo‘pti, yangi manzilgohni-chi, ko‘rayapsizmi? Yoki buni ham ko‘rmayapsizmi?

— Okeandan boshqa hech narsani ko‘rmayapman — buni ustiga, hozir ayni suv qaytishi payti.

— Hurmatli janob, bu okean qirq asr muqaddam bug‘lanib ketgan.

— E, juda oshirib yubordingiz.

— Lekin bu haqiqat, xudo haqqi!

Marslikning yuzi juda ham jiddiy tus oldi.

— Shoshmang. Siz rostdan ham shaharni ko‘rmayapsizmi? Men aytgan shaharni-ya? Oppoq ustunlar, silliq qayiqlar, bayram chiroqlari — men ularni aniq ko‘rib turibman-ku! Quloq soling-a! Men hatto u yerda qanaqa qo‘shiqlar aytishayotganini ham eshitayapman. Axir oradagi masofa uzoq emas-ku!

Tomas quloq soldi-da, boshini chayqadi.

— Yo‘q!

— Men esa, — davom etdi marslik, — siz tasvirlayotgan narsani ko‘rmayapman. Nega bundoq ekan-a?..

Ular yana sovqotgandek asta junjikib qo‘yishdi, xuddi ularning badanlariga muzdek ninalar kelib sanchilgandek bo‘ldi.

— Balki?…

— Nima?

— Siz “osmondan” dedingizmi?

— Yerdan.

— Yer — nom, quruq tovush… — dedi marslik. — Ammo… bir soat burun men dovondan o‘tib kelayotganimda… — U ensasiga qo‘lini tekkazdi. — Bir narsani sezdim.

— Sovuqnimi?

— Ha.

— Hozir hammi?

— Ha, yana sovuq. Chiroqqa, tog‘larga, yo‘lga bir narsa bo‘lgandek edi, qandaydir g‘alati narsa.

Chiroq ham, yo‘l ham go‘yo undek emasdek, shunda vujudimda bir lahza shunday tuyg‘u paydo bo‘ldiki, go‘yo men koinotdagi eng so‘nggi tirik jonman…

— Menda ham shunday bo‘lgan edi! — dedi Tomas hayajon ichida; u go‘yo yuragidagi sirni ishonib, qiyomatlik do‘sti bilan suhbatlashayotgandek edi.

Marslik ko‘zlarini yumdi va yana ochdi.

— Buni faqat bir narsa bilan izohlash mumkin. Hamma gap Vaqtda. Ha, ha. Siz O’tmishning xilqatisiz!

— Yo‘q, siz O’tmishning xilqatisiz, — dedi yerlik biroz o‘ylanib turib.

— Juda dangal gapirasiz-a! Hali kim O’tmishdan-u, kim Kelajakdan ekanligini isbotlab ham berarsiz? Hozir qaysi yil?

— Ikki ming ikkinchi yil!

— Buni qanday tushunsam bo‘ladi? — Tomas o‘ylanib turdi-da, yelka uchirib qo‘ydi.

— Hech qanday.

— Baribir, men sizga aytsam, bizning yilnomamizga ko‘ra hozir 4 462 853 yil. So‘zlar cho‘t emas, cho‘t emasga ham arzimaydigan darajada! Bizlar yulduzlar holatini aniqlaydigan soat qani?

— Xarobalarning o‘zi tayyor isbot-ku! Ular mening Kelajak ekanimni aytib turibdi. Men tirikman. Siz esa o‘liksiz!

— Mening butun borlig‘im bunday imkoniyatni rad etadi. Mening yuragim urib turibdi, oshqozonim ovqat ber deyapti, chanqoqdan tilim qaqrab ketayapti. Yo‘q, bizlardan hech birimiz na o‘likmiz, na tirik. Darvoqe, o‘likdan ko‘ra ko‘proq tirikmiz. Yana ham to‘g‘rirog‘i, biz o‘rtada qolgandekmiz. Mana: tunda yo‘lda bir-biriga duch kelib qolgan ikkita musofir, har biri o‘z yo‘lidan ketayotgan ikki notanish odam. Siz xarobalar dedingizmi?

— Ha. Qo‘rqib ketdingizmi? Mayli.

— Kelajakni kim ko‘rishni istaydi? Uni qachondir, kimdir ko‘radimi? Odam O’tmishni ko‘ra olishi mumkin, biroq agar… Siz ustunlar qulab tushdi dedingizmi? Dengiz qurib qolgan, kanallar bo‘m-bo‘sh, qizlar o‘lgan, gullar so‘lgan dedingizmi? — Marslik jim bo‘lib qoldi, biroq keyin yana shahar tomonga qaradi. — Lekin ana ular! Men ularni ko‘rayapman. Menga shuning o‘zi yetarli. Siz nima desangiz deng-u, ular meni kutishayapti.

Xuddi shundayin uzoqda Tomasni raketalar, manzilgohlar, Yerdan kelgan ayollar — barchalari kutar edilar.

— Biz ikkimizning hech qachon moshimiz ochilmaydi, — dedi u.

— Moshimiz ochilmasligiga kelishdik bo‘lmasa, — taklif qildi marslik. — O’tmish, Kelajak — baribir emasmi, faqat biz yashab qolsak bo‘ldi, bizdan keyin bo‘ladigan narsalar, baribir bo‘ladi. — Ertagami, yoki o‘n ming yil keyinmi. Mana bu ehromlar — yuz asrdan keyingi sizning tamadduningiz qoldiqlari emasligini siz qaerdan bilib o‘tiribsiz? Bilmaymiz. Shuning uchun surishtirmay qo‘ya qoling. Ammo tun qisqa. Ana, osmonda bayram mushaklari porladi, qushlar parvoz qildi.

Tomas qo‘lini cho‘zdi. Marslik ham shunday qildi.

Ularning qo‘llari bir-biriga to‘qnashmadi — qo‘llar bir-biriga singib ketdi.

— Biz hali uchrashamiz-a?

— Kim bilsin! Nasib qilsa uchrashib qolarmiz.

— Siz bilan bayramingizda birga bo‘lgim kelayapti.

— Men esa sizning manzilgohingizga borgim, siz aytgan kemani, odamlarni ko‘rgim, nimalar bo‘lganini bir boshdan eshitgim kelayapti.

— Xayr, — dedi Tomas.

— Xayrli tun.

Marslik o‘zining yashil temir ekipajida tog‘ tomon tovushsiz yelib ketdi, yerlik yuk mashinasini burdi-da, teskari tomonga indamay haydab ketdi.

— E xudo, bu qanaqa tush bo‘ldi, — uh tortdi Tomas qo‘lini rul ustiga qo‘ygancha, raketalar, ayollar, o‘tkir viski, Virjiniya raqslari, oldindagi xursandchilik haqida o‘ylarkan…

Tun zim-ziyo edi. Oylar botdi. Faqat bo‘m-bo‘sh tosh yo‘l uzra yulduzlar miltillar edi. Na tiq etgan tovush, na bir mashina, na bir tirik jon, hech nima yo‘q edi. Muzdek zim-ziyo tun bo‘yi shunday hol hukm surdi.

Oktabr 2002

SOHIL

Mars bamisoli okeanning uzoq qirg‘og‘i edi, odamlar to‘lqinlar kabi uning sathi bo‘ylab har tomonga yoyilib ketdi. Har bir to‘lqin undan oldingisiga o‘xshamas, biri ikkinchisidan kuchliroq edi. Birinchi to‘lqin kengliklarga, sovuqlarga, yolg‘izlikka o‘rgangan odamlarni, qurib qoqshol bo‘lgan chiranchoq cho‘ponlarni keltirdi, yillar va noqulay ob-havolar ularning yuzlarini quritib yuborgan, ko‘zlari xuddi mix qalpoqchasiga o‘xshar, eski qo‘lqopga o‘xshagan qavariqli toshdek qo‘llar to‘g‘ri kelgan narsani changallashga tayyor edi. Ular Marsni nazar-pisand qilmas, ular pasttekisliklarda va xuddi mana shu poyonsiz, Mars dalalaridek oxiri yo‘q dashtu biyobonlarda o‘sgan edilar. Ular kimsasiz joyni obod qilganlar, shu bois boshqalarga ancha oson bo‘lar edi. Ular oynasiz romlarga oyna solar, uylarda o‘tin qalab, o‘t yoqar edilar.

Ular Marsdagi dastlabki erkaklar edilar.

Birinchi ayollar qanaqa bo‘lishini hamma bilardi.

Ikkinchi to‘lqin bilan boshqa mamlakatlardan, o‘zlarining tili, o‘zlarining g‘oyalari bilan odamlarni olib kelish kerak bo‘lardi. Biroq, raketalar Amerikaniki bo‘lib, ularda faqat amerikaliklar uchib kelar edilar. Yevropa va Osiyo, Janubiy Amerika, Avstraliya va Okeaniyalar osmonga otilgan rim shamchalari qanday g‘oyib bo‘lishini tomosha qilar edilar, xolos. Dunyo urush yoki urush haqidagi fikrlar girdobida qolib ketgan edi.

Shunday qilib, ikkinchilari ham amerikaliklar bo‘ldi. Yerosti yo‘lidagi ko‘p qavatli vagonlar olamini tashlab kelib, ular jonu tanlari bilan sukunat qadrini biluvchi cho‘l shtatlardan kelgan to‘pori erkaklar so‘kishlariga to‘lib-toshgan xasislar jamiyatida dam olar edilar: bu sukunat Nyu-York kulbalaridagi, kapalaridagi, tunellaridagi uzoq yillar davom etgan urho-ur, surho-surlardan keyin ruhiy hordiq olishga yordam berar edi.

Ikkinchilar orasida ko‘zlariga qarab aytadigan bo‘lsak, bamisoli arshi a’loga noil bo‘lgan xudo yarlaqagan banda ekanliklari shundoq ko‘rinib turgan odamlar bor edi…