Fevral 2003
INTERMEDIYA
Ular o‘zlari bilan O’ninchi shahar qurilishi uchun o‘n besh ming futlik Oregon qarag‘ayidan va yetmish to‘qqiz ming futlik kaliforniya sakvoyasidan keltirdilar va tosh kanallar yonidan top-tozagina, shinamgina shaharcha barpo etdilar. Yakshanba oqshomlari cherkovning qizg‘ish-yashil-ko‘k-xira oynalari nur berib charaqlar va raqamlangan cherkov oyatlarini kuylayotgan tovushlar eshitilar edi.
“Endi esa 79 ni kuylaymiz. Endi 94 ni kuylaymiz”. Ba’zi uylarda yozuv mashinkalari tinimsiz chiqillaydi — yozuvchilar ish ustida; yoki perolar qitirlaydi — u yerda shoirlar she’r ijod qilmoqdalar; yoki sukunat hukm surardi — u yerda sobiq daydilar yashar edilar. Ular barchasi va yana ko‘plab boshqalari go‘yo kuchli zilzila poydevorini va provintsial amerika shaharchasi tagxonalarini har tomonga qattiq chayqatib yuborgandek, so‘ngra ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan dovul butun shaharni zumda Marsga keltirib tashlagandek, uni shu yerga, hatto biron joyiga shikast yetkazmasdan avaylab qo‘yib ketgandek tuyular edi…
Aprel 2003
MASHSHOQLAR
Bolakaylar Marsning qaysi puchmoqlariga yetib kelishmagan edi, deysiz. Ular uydan o‘zlari bilan xushbo‘y hidli paketchalarni olib olgan edilar va yo‘lda dam-badam unga burunlarini tiqar edilar — cho‘chqa go‘shtining va mayonezli pishiriqlarning yoqimli hididan to‘yib-to‘yib hidlar, iliq shishalardagi po‘rtahol sharbatining yoqimli qulqullashlariga quloq solar edilar. Yam-yashil barra piyozli, xushbo‘y hidli jigar solingan qizil ketchup va oq noni bor sumkalarini har tomonga silkitgancha ular bir-birilarini turtib-surtib, qattiqqo‘l onalarining ta’qibidan uzoqroq qochishga harakat qilar edilar. Ular kimo‘zarga chopib borishar ekan, qichqirishardi:
— Kim birinchi yetib borsa, boshqalarga bir chertkidan chertib chiqadi!
Ular yozda, kuzda, qishda uzoq-uzoq sayllarga chiqishardi. Kuzda — hammadan zo‘ri bo‘lardi: shunday tasavvur qilasanki, go‘yo Yerda to‘kilgan barglar ustidan chopib ketayotgandeksan.
Bolakaylar bir bog‘ quruq qamishdek shovullab marmar qirg‘oqli kanal bo‘yiga yopirilib tushishdi — ularning yuzlari cho‘g‘dek qizargan, ko‘zlari munchoq donalaridek yiltillar va hansiragancha bir-birlariga qichqirar edilar, kirish taqiqlangan o‘lik shahar devorlari yonida endi hech kim: “Oxirgisi qizaloq bo‘ladi!” yoki “Birinchisi mashshoq bo‘ladi!” deb chuvvos solmas edi. Mana u, hayotsiz shahar, ammo barcha eshiklar ochiq… Go‘yo uylarda bamisoli kuzgi yaproqlar kabi nimadir shitirlayotgandek edi. Ular hammalari bir bo‘lib yelkama-elka huv to‘rga yashirinib olishadi, qo‘llarida esa tayoq tutamlab olishgan, miyalarida ota-onalarining qattiq tayinlagan so‘zlari aylangani-aylangan; “U yoqqa izingni bosma! Eski shaharlarga qadam izini qilma! Agar gapga kirmasang, otang shunaqangi adabingni beradiki, umr bo‘yi esingdan chiqmaydi!.. Bizlar botinkalaringdan bilamiz!” Nihoyat ular, bir gala bolakaylar, o‘lik shaharda, yo‘lga olgan oziqlarining yarmini allaqachon tushirib bo‘lishgan va ular bir-birlariga hushtakli shivirlash bilan qutqu soladi:
— Qani, bo‘l!
To‘satdan bittasi joyidan irg‘ib turadi, eng yaqindagi uyga yugurib boradi, oshxona orqali yotoqxonaga uchib kiradi. Orqasiga qaramay, o‘ynab sakraydi va havoga yupqa, nozik, xuddi yarim tungi osmon jismidek tim-qora yaproqlar havoda charx urib ucha boshlaydi. Birinchisidan keyin yana ikkitasi, uchtasi, barcha oltovloni yugurib ketadi. Mashshoq birinchi bo‘ladi, faqat ugina qora mato tortilgan suyak ksilofonini chaladi. Kattakon kalla suyagi yumaloqlangan qordek otiladi, bolakaylar chuvvos solib qichqirishadi! Qobirg‘alari o‘rgimchak oyog‘idek ingichka arfaning ting‘irlovchi torlari, qora yaproqlari jazavaga tushib charx uradi, bolakaylar esa yangi tomosha boshlaydilar, ular sakrar, bir-birini turtar, mana shu yaproqlar uzra gursillab yiqilar edilar. Yiqilganda hozirgina yutib olgan po‘rtahol sharbati ovoz berib qulqillar edi.
Bu yerdan navbatdagi uyga o‘tishadi va keyin yana o‘n yettita uyga kirib chiqishadi; shoshmasa bo‘lmasdi — zero, shahardan-shaharga barcha dahshatlarni kuydirib kul qilgancha O’t o‘chiruvchilar, belkurak va savat ko‘targan dezinfektorlar keladilar, ular qo‘rqinchli narsani odatdagi narsalardan obdon ajratgancha qattiq daraxt po‘stloqlari va shoxlarini qirib-qirtishlab, yulib-yulqab bir joyga to‘playdilar… O’ynanglar, bolakaylar, parvo qilmanglar, hali zamon O’t o‘chiruvchilar kelib qolishadi!
Mana, nihoyat reza-reza terga botgancha ular so‘nggi buterbrodni og‘izlariga soladilar. So‘ng ketar jafosiga yana bitta tepki, yana bitta shapaloq tortishadi-da, kuz yaproqlari orasiga sho‘ng‘ishadi — ana endi uyga yo‘l olsa ham bo‘laveradi.
Onalar qora dog‘lar bor-yo‘qligini bilish uchun botinkalarini ko‘zdan kechiradilar. Bitta-yarimta dog’ topilsa bormi, undan keyin ko‘ring: otasining kamari ishga tushib, boshidan vannaning qaynoq suvi quyiladi.
Yilning oxiriga kelib, O’t o‘chiruvchilar kuzgi yaproqlarni va oq ksilofonlarni bitta qo‘ymay terib olishadi va shu bilan ermak ham tugaydi.
Iyun 2003
… OSMONI FALAK SARI
Daryo tinchgina qoq tush oftobi ostida oqib borardi.
— Xo‘sh, Sem! — miyig‘ida kuldi Kvortermeyn bobo, — endi qora ishni o‘zing qilishingga to‘g‘ri keladiganga o‘xshaydi.
— Oqi ham o‘zimdan ortmaydi. — Tis bobosiga qaramasdan dedi.
Bobosi o‘girildi-da, jim bo‘ldi.
— Hoy, menga qara, shoshma! — Semyuel Tis ayvondan sakrab tushdi-da, oldinga intilib barvasta negr o‘tirgan otning yuganidan tutdi. — Bo‘ldi, Belter, tush, yetib keldik!
— Yetib keldik, ha, ser, — Belter sirg‘alib yerga tushdi.
Tis uni nigohi bilan kuzatdi.
— Xo‘sh, bu nima deb ataladi?
— Bilasizmi, mister Tis…
— Yo‘lga otlandingmi-a? Haligi qo‘shiq bor-ku… Hozir eslayman… “Osmoni falak sari” — shunaqaroqmidi-ey?
— Ha, ser.
Keyin nima bo‘lishini kutib negr sukut saqladi.
— Mendan ellik dollar qarz ekanliging esingdan chiqmadimi?
— Yo‘q, ser.
— To‘lamay quyonni surib qolmoqchimiding? Yelka-pelkang qichimayaptimi, mabodo?
— Ser, bu yerda shunday to‘s-to‘polonki, miyam ham achib ketdi.
— Miyasi achiganmish… — Tis ayvondagi o‘z tomoshabinlariga g‘azab bilan im qoqib qo‘ydi. — Jin ursin, mister, nima qilishingni o‘zing bilasanmi?
— Yo‘q, ser.
— Sen shu yerda qolasan-da, menga o‘sha elliktalik ko‘kni ishlab berasan, bo‘lmasa Semyuel degan otimni boshqa qo‘yaman.
U orqasiga qayrildi-da, bostirma tagidagi erkaklarga tantanavor jilmayib qo‘ydi.
Belter ko‘chani limmo-lim to‘ldirgan oqimga, do‘konlar oralig‘ida tinimsiz oqayotgan qora oqimga, aravalarda, otlarda, changli boshmoqlarda ketayotgan qora oqimga, uni to‘satdan sug‘urib olgan qora oqimga qarab turardi. U titrab ketdi.
— Meni qo‘yib yuboring, mister Tis. Men u yoqdan pulingizni yuboraman, chin vijdon so‘zim.
— Menga qara, Belter. — Tis negrning shim tasmalaridan ushlab oldi, arfa torlari kabi goh unisini, goh bunisini tortar ekan, osmonga qaradi va ijirg‘anib pishqirdi-da, qoq suyak barmog‘i bilan falakdagi xudoga ishora qildi. — U yoqda seni nima kutayotganini bilasanmi, Belter?
— Menga nimalar aytishgan bo‘lsa, shuni bilaman.
— Unga aytishganmish! Iso Masih haqida! Yo‘q, eshitdilaringmi, unga aytishganmish! — U xuddi qo‘g‘irchoq o‘ynagandek Belterning shim tasmasidan tutgancha naridan-beri chayqar va barmog‘ini uning yuziga nuqir edi. — Gaplarim esingda bo‘lsin, Belter. To‘rtinchi iyuldagi masxarabozlikka o‘xshab tepaga chiqdilaringmi — tamom! Sizlardan bir hovuch kul qoladi. U ham butun koinotga sochilib ketadi. Bu mahmadona olimlar baloni ham bilishmaydi, ular hammangizni asfalasofilinga jo‘natadi.