— Menga baribir.
— Yana yaxshi! Chunki u yerda, sizning o‘sha Marsingizda, bilasanmi, sizlarni nima kutayapti?
Qonxo‘r darranda, ko‘zlari — mana bunaqa! Kosasidan chiqqan! Bir gal jurnallarda kelajak haqidagi bir suratni ko‘rib qoluvdim, tamaddixonamizda donasini o‘n tsentdan sotishardi, xuddi o‘shanga o‘xshab, shartta sizlarga tashlanadi-da, bor iligingizni so‘rib olishadi!
— Menga baribir, baribir, baribir. — Belter o‘rmalab borayotgan oqimdan ko‘z uzmagan holda dedi.
Qop-qora manglayda ter paydo bo‘ldi. U hozir hushdan ketadigandek ko‘rinardi.
— U yerdagi sovuqni aytmaysanmi? Havo ham yo‘q, gupp etib yiqilasan-da, baliqdek tipirchilaysan.
Og‘zingni kappa-kappa ochasan-da, jon berasan! G’ujanak bo‘lasan, bo‘g‘ilasan va o‘lasan! Qalay, shu senga yoqadimi?
— Menga yoqadimi, yoqmaydimi, baribir… Iltimos, ser, meni qo‘yib yuboring. Kechikayapman.
— Qachon xohlasam shunda qo‘yib yuboraman. To sen shu yerda ekansan, ikkalamiz miriqib gaplashib olamiz, buni o‘zing ham juda yaxshi bilasan. Shunday qilib, safarga ketayapman, de? Xo‘sh, gap bunday; mister “Osmoni falak sari”, uyga qaytgin-da, tinchgina anovi elliktalik ko‘kni to‘lashni o‘yla! Senga muddat — ikki oy.
— Axir, ser, qarz to‘lagani qolsam, raketaga kech qolaman-ku!
— Obbo, baloi azim-ey! — Tis o‘zini bechorahol qilib ko‘rsatishga harakat qildi.
— Mening otimni olaqoling, ser.
— Ot qonuniy to‘lov vositasi deb e’tirof etila olmaydi. Sendan pul undirmagunimcha hech qayoqqa ketmaysan.
Tis xursand edi. Kayfiyati a’lo darajada edi.
Do‘kon oldida bir to‘p qora tanli odamlar to‘planishgandi. Ular nimagadir quloq solib turardilar.
Belter boshini egib turar, butun vujudi dag‘-dag‘ titrardi. Bir vaqt xaloyiq ichidan bir chol chiqib keldi.
— Mister!
Tis unga qaradi.
— Xo‘sh?
— Bu odam sizdan qancha qarzdor?
— Burningni suqma, itvachcha!
Chol Belterga o‘girildi.
— Qancha, o‘g‘lim?
— Ellik dollar.
Chol uni qurshab turgan odamlarga qop-qora qo‘lini cho‘zdi.
— Bizlar 25 nafarmiz. Har birimiz ikki dollardan beraylik, tezroq bo‘linglar, hozir pachakilashib o‘tiradigan vaqt emas.
— Bu tag‘in nimasi? — qichqirdi Tis gavdasini g‘oz tutib. Hammaning qo‘lida pul paydo bo‘ldi. CHol pullarni shlyapasiga to‘pladi-da, uni Belterga topshirdi.
— O’g‘lim, — dedi u, — sen raketaga kechikmaysan.
Belter shlyapaga qaradi-da, jilmaydi.
— Kechikmayman, ser, endi kechikmayman!
Tis o‘kirdi:
— Hoziroq pullarni egalariga qaytar!
Belter tavoze bilan egildi-da, unga pulni uzatdi, biroq Tis pulni olmadi; shunda negr pullarni uning oyog‘i tagiga — qoq yerga qo‘ydi.
— Mana sizning pulingiz, ser, — dedi u, — katta rahmat.
Belter jilmaygancha egarga sakrab o‘tirdi-da, otga qamchi bosdi. U cholga tashakkur bildirdi: ular yonma-yon ketib borar edilar va ko‘p o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘lishdi.
— Itdan tarqagan! — dedi ko‘zlarini qisib quyoshga qaragancha shivirlab Tis, — itdan tarqagan…
— Pulni yerdan ol, Semyuel — dedi kimdir ayvondan.
Butun yo‘l bo‘ylab shu narsa sodir bo‘lmoqda edi. Oyoqyalang bolakaylar yugurib kelishardi-da quloqni qomatga keltirib qichqirar edilar:
— Bisotida borlar yo‘qlarga yordam beradilar! Hamma ozod bo‘ladi! Bir boyvachcha qarzidan qutulsin, deb bir kambag‘alga ikki yuztalik “ko‘k”idan berdi! Yana bittasi boshqa kambag‘alga o‘ntalik, beshtalik, o‘n oltitalik “ko‘k”idan berdi — hamma joyda shunday qilishayapti, hamma shunday qilayapti!
Oq tanlilar aftlarini bujmaytirib o‘tirishardi. Ular ko‘zlarini qisib olgan, xuddi o‘tdek kuydiruvchi shamol va chang yuzlariga savalayotgandek aftlarini burishtirib olishgandi.
Semyuel Tis g‘azabdan bo‘g‘ilardi. Ayvonga yugurib chiqdi-da, o‘tib ketayotgan olomonga yeb qo‘ygudek tikildi. U to‘pponchasini havoda o‘ynatardi. Azbaroyi nafratdan o‘zini qo‘ygani joy topolmas edi va hammaga, unga ko‘z tashlagan har bir negrga yuzlangancha ovozining boricha bo‘kira boshladi:
— Gum! Yana raketa uchdi! — Og‘zini to‘ldirib vahima bilan dedi. — Gum! Yopiray!
Qop-qora boshlar oldinga qaragan, hech kim o‘zini eshitayotgandek qilib ko‘rsatmayotgandi, faqat ko‘zlarining oqi birrov ko‘rinardi-da, suzilgancha g‘oyib bo‘lardi.
— Ta-ta-tax! Hamma raketalar tariqday sochilib ketdi! Qichqiriqlar, dahshat, o‘lim! Gumm! Ey xudovandi karim! Menga nima, men shu yerda qolaman, ona-Yerimda! Kampirsho uyaltirib qo‘ymaydi! Ha, ha!
Changni to‘zitgancha tuyoqlar taq-tuq qiladi. Siniq ressorli furgonlar titraydi.
— Gumm! — Tisning ovozi qo‘rquvni chang va charaqlagan osmon sari quvishga harakat qilib, issiq havoda tanho jaranglardi. — Qars! Qorayaloqlarni butun koinot bo‘ylab tirqiratib yuborishdi! Iloyo meteoritlar balosiga uchrab, raketalaring chil-chil bo‘lsin! Koinotda nima ko‘p, meteorit ko‘p! Sizlar bilmas edilaringmi? Shunday! Mo‘r-malaxday bosib yotibdi koinotni, hatto undan ham ko‘p!
Raketalaringiz esa yuzdagi xoldek, sopol naychaday har tomonga sochilib ketadi! Qora treska to‘ldirilgan zang bankadan nima farqi bor! Paqildoqdek paq-paq-paq yoriladi, tamom. O’n mingta nobud bo‘lgan, yana o‘ng mingta. Yer atrofida abadiy aylanib uchib yuraveradi, muzdekkina, qoqsholgina, baland-balandlarda, arshi a’lolarda! Eshitayapsizmi, hoy, odamlar! Eshitayapsizmi?!
Jimlik. Daryo keng o‘zan bilan tinimsiz oqadi. Barcha kulbalarni obdon yalab o‘tadi. Undagi bor bud-shudni yuvib ketadi, u soatlarni, kir yuvish taxtalarini, shoyi qiyqimlarini va parda karnizlarini olib ketadi, allaqaerlardagi uzoq qora dengizga oqizib ketadi.
Kunduz soat ikki. Toshqin sal o‘ziga keladi, oqim sayozlashadi. Keyin daryo butunlay qurib qoladi.
Shaharda sukunat hukmronlik qiladi. Uylarga, o‘tirib olgan erkaklarga, baland, issiqdan mung‘aygan daraxtlarga yengil gilamdek qo‘nadi.
Jimlik.
Ayvondagi erkaklar quloq soladilar.
Hechqisi yo‘q. Shunda ularning tasavvuri, ularning fikrlari oldinga, shahar chekkasidagi o‘tloqzorga uchadi. Kallai sahardan butun atrofni tovushlarning odatdagi uyg‘un sadosi qoplaydi. Joriy qilingan tartibga sodiqlar unda-bunda qo‘shiq xirgoyi qilishadi; butalar tagida oshiq-ma’shuqlar qiqirlashadi; allaqaerda daryoda suvni chapillatib cho‘milayotgan negr bolalarining kulgilari quloqqa chalinadi.
Dalalarda yelka va qo‘llar ko‘zga tashlanadi; ko‘m-ko‘k maysalardan to‘qilgan kulbalar ichidan hazil-mutoyibalar va quvnoq suhbatlar eshitiladi.
Hozir o‘lka uzra go‘yo bo‘ron bo‘lib o‘tgandek va hamma tovushlarni uchirib ketgandek edi, hechqisi yo‘q. Go‘riston sukunati. Charm ilmoqlarda beso‘naqay eshiklar osilib qolgan. Jimjit havoda eski pokrishkalardan qilingan tashlandiq arg‘imchoqlar qotib qolgan. Kirchilarning yaxshi ko‘rgan joyi — sohildagi yassi toshlar huvillab qolgan. Tashlandiq polizlarda yakkam-dukkam tarvuzlar qalin po‘stlog‘i tagida muzdek sharbatni yashirgancha dumalab yotibdi. O’rgimchaklar tashlandiq chaylalarda yangi inlarini to‘qiydilar; ilma-teshik tomdan quyoshning zarrin nurlari o‘rniga chang sizib kiradi. Allaqaerda shoshma-shosharlikda esdan chiqqan gulxan hali ham o‘chib ulgurmagan va birdan avj olgan alanga poxol chaylaning quruq sinchini yamlashga tushadi. Shunda ochofat olovning mamnun gurillashi sukunatni buzadi.
Tosh qotgan erkaklar do‘kon ayvonchasida o‘tirishibdi.
Sira aqlim yetmaydi, kelib-kelib ular to‘satdan nega hozir ketgilari kelib qoldi! Bir qarashda hammasi joyidagidek edi. Kunda-kunda yangi imtiyozlar olishardi. Ularga tag‘in nima kerak ekan-a?!