Выбрать главу

— Mister Tis, mister Tis, endi tunlari nima ish qilasiz? Tunlari nima ish qilasiz?

Sukunat. Mashina uzoqlarda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Yo‘l huvillab qoldi.

— U nima demoqchi bo‘ldi, shaytondan tarqagan? — dedi hayron bo‘lib Tis. — Tunlari nima qilar ekanman?

U changning o‘tirishiga qarab turdi va birdan gap nimadaligini anglab qoldi.

U tunlari uyi yonida avtomashinalar kelib to‘xtaganini, ularda esa qop-qora qiyofalar bo‘lishini, tizzalar osilib turishini, undan yuqoriroqda miltiq millari ko‘rinib turishini go‘yo mudroq daraxtlarning qop-qora shoxlari ostida bir mashina to‘la turnalar turgandek bo‘lishini eslab qoldi. Yana darg‘azab ko‘zlar… Gudok, yana gudok, miltiqni qo‘lida siqib ushlagan, o‘zicha hiringlab kulgancha eshiklarni qarsillatib yopadi, yuragi boladek o‘ynab ketadi. Yoz tuni qo‘ynida yo‘ldagi ola-tasir poyga boshlanadi, mashina poli ustida yo‘g‘on arqon o‘rami ko‘rinadi, yangi patronlar qutichalaridan paltoning cho‘ntaklari qappayib turadi. O’tgan yillar ichida bunday kunlardan nechtasi o‘tgan ekan — qahrli ko‘zlar ustiga tushib turgan soch tutamlarini silab o‘ynayotgan qarshi shamol, yaxshi, baquvvat, mahkam daraxtni ko‘rgandagi tantanavor hayqiriqlar va kulba eshigini chertish!

— Shunga shama qilgan ekan-da, itdan tarqagan! — Tis qorong‘idan yo‘l ustiga sakrab chiqdi. —

Qayt, itvachcha! Tunlari nima qilar ekanman?! Obbo gazanda-ey, pastkash…

Sillining savoli ayni nishonga urgan edi. Tis o‘zini bemor, yuragini bo‘m-bo‘sh his etdi. “Darvoqe, tunlari biz nima qilamiz-a? — o‘yladi u. — Endi hamma ketib bo‘lganda-chi?” Uning yuragi g‘ash, miyasi karaxt bo‘lib qolgan edi.

U cho‘ntagidan to‘pponchani oldi-da, patronlarni qayta sanab chiqdi.

— Nima qilmoqchisan, Sem? — so‘radi kimdir.

— Bu padar la’natini otaman!

— Sal o‘zingni bossang-chi, — dedi bobo.

Ammo Semyuel Tis do‘kon ortida g‘oyib bo‘lgan edi. Bir zumdan so‘ng u o‘zining usti ochiq mashinasida paydo bo‘ldi.

— Kim boradi men bilan?

— Ha, bir aylanib kela qolay, — dedi bobo o‘rnidan turar ekan.

— Yana kim?

Jimlik.

Bobo mashinaga o‘tirdi-da, eshikni yopdi. Changni to‘zitgancha Semyuel Tis mashinani yo‘lga olib chiqdi va ular charaqlagan osmon ostida shamoldek yelib ketishdi. Ikkalasi ham jim edi. Bulutsiz osmon uzra quyosh o‘zining olovini ayamay purkaydi.

Yo‘l ikkiga ayrilgan joy. Ular to‘xtaydilar.

— Ular qaerga ketishdi, boboy?

Kvortermeyn bobo qoshini chimirdi.

— Menimcha, to‘g‘riga qarab ketishgan.

Ular yo‘lda davom etdilar. Daraxtlar ostida yolg‘iz motor ovozi gurillaydi. Yo‘lda zog‘ uchmas edi, biroq to‘satdan ular g‘alati bir narsani payqab qolishdi. Nihoyat Tis yurishni tezlatdi-da, sariq ko‘zlarini g‘azab bilan charaqlatgancha eshikdan gavdasini chiqarib egildi.

— Jin ursin, bobo! Bu itvachchalar nimani o‘ylab topishganini ko‘rdingizmi?

— Nimani? — so‘radi bobo tikilib qaragancha.

Yo‘l yoqalab tartib bilan terilgan eski rolikli konkilar, turli mayda-chuydalarga to‘la tugunchalar, yirtiq boshmoqlar, arava g‘ildiraklari, eski shim va paltolar, ilma-teshik shlyapalar, bir vaqtlar shamolda mayin jiringlagan billur idishchalar, qizil naqshli jez bankalar, mumdan yasalgan mevalar, konfederatsiya zamonidagi pullar solingan qutichalar, tog‘oralar, kir yuvish taxtachalari, kir dorlar, sovun, kimningdir uch oyoqli velosipedi, kimningdir tok qaychilari, qo‘g‘irchoq aravachasi, xunuk qo‘g‘irchoqli quticha, negrlar baptist cherkovining ola-bula oynasi, tormoz prokladkalari to‘plami, avtomobil kameralari, matraslar, kushetkalar, tebranma stullar, kremli bankachalar, ko‘zgular yotar edi. Ammo ular barchasi shoshma-shosharlikda apil-tapil tashlab ketilgan narsalar emas, balki avaylab, hafsala bilan, did bilan, go‘yo bu yerdan butun shahar ahli yurib o‘tgandek, changli yo‘l yoqasi bo‘ylab terib qo‘yilgan edi. To‘satdan ulug‘vor karnay ovozi yangradi, odamlar o‘z qo‘r-qutlarini shundoq tuproq ustiga qo‘ydilar-da, shartta moviy falak sari ko‘tarilib ketishdi.

— Nima bo‘lganda ham “Yoqishni istamaymiz” ekan-da! — Alam bilan qichqirdi Tis. — Men ularga yoqib yuboringlar degan edim, he yo‘q, be yo‘q shuncha masofadan ko‘tarib kelishibdi-da, shu yerga terib qo‘yishibdi — qaqir-ququrlarga oxirgi marta qarab to‘yib olishibdi, mana, mana ular, qarab tomosha qiling! Bu qorayaloqlar, xudo bilsin, o‘zlarini kim deb bilishadi.

U mashinani yeldirib ketdi. G’aramlarni ezib yanchgancha, quticha va oynalarni chil-chil qilgancha, stul-pstullarni majaqlagancha, qog‘ozlarni har tomonga to‘zitgancha kilometrma-kilometr olg‘a ketib borardi.

— Mana senga! Jin ursin… Yana! Mana senga!

Oldingi g‘ildiraklar ayanchli vishilladi, mashina qayrildi-da, yo‘l chetidagi ariqqa tushib ketdi. Tis peshonasini oynaga urib oldi.

— Obbo, itdan tarqaganlar-ey, — Semyuel Tis changlarini qoqa-qoqa g‘azabdan yig‘lab yuborgudek bo‘lib, mashinadan tushdi. U kimsasiz va unsiz yo‘lga qaradi.

— Endi biz ularni hech qachon quvib yetolmaymiz, hech qachon!

Ro‘parada yo‘l chekkasiga terib qo‘yilgan tugunlar va uyumlar qatorining oxiri ko‘rinmasdi, go‘yo, botib borayotgan quyoshning zarrin nurlari ostida, garmselda qolib ketgan qadimiy qadamjolardek.

Bir soatdan so‘ng holdan toygan Tis va bobo do‘konga qaytishdi. Erkaklar osmonga tikilgan va quloq solgancha hamon o‘sha yerda o‘tirishardi. Tis o‘tirib, oyog‘ini qisgan botinkalarini yecha boshlagan edi hamki, kimdir:

— Qaranglar! — deb yubordi.

— Padariga la’nat o‘shani! — bo‘kirdi Tis.

Ammo boshqalar o‘rinlaridan turib, o‘sha yoqqa qarashdi. Ular tubsiz osmon sari ko‘tarilib ketayotgan oltin urchiqlarni ko‘rishdi. Ortidan olov dumlar qoldirgancha urchiqlar ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.

Paxtazorlarda shamol oppoq chanoqlarini erinib silaydi. Bog‘chalarda oftobda isingancha targ‘il yo‘lbars bolasiga o‘xshagan tarvuzlar dumalab yotadi.

Ayvondagi erkaklar o‘tirishdi. Bir-biriga qarashdi. Tokchalarda tartib bilan terib qo‘yilgan sariq arqonlarga, qutilardagi yaltiroq patron-gilzalariga, kumushrang to‘pponchalarga va shift ostida soyada jimgina osilib turgan cho‘zinchoq miltiqlarga qaradilar. Kimdir og‘ziga maysa tiqdi. Kimdir changda odam suratini chizdi.

Semyuel Tis tantanavor botinkasini aylantirib ichiga qaradi-da, dedi:

— Payqadilaringmi? U oxirgi damgacha meni “xo‘jayin” dedi, xudo haqqi!

2004–2005

YANGI NOMLAR

Ular yetib keldilar-da, hayratomuz moviy yerlarni egalladilar va ularga o‘z nomlarini qo‘ydilar.

Xinkston-Krik daryosi va Lyustig-Korners dalasi, Blek-River daryosi va Driskoll-Forest o‘rmoni, Peregrin-Mauntin tog‘i va Uayldertaun shahri paydo bo‘ldi — hammasi odamlar sharafiga va odamlar sodir etgan voqealar sharafiga qo‘yilgan nomlar edi. Marsliklar dastlabki yerliklarni o‘ldirgan joyda Rettaun shahri paydo bo‘ldi — bu nom qon bilan bog‘liq. Mana bu yerda esa ikkinchi ekspeditsiya halok bo‘lgan — nomi ham shundan kelib chiqqan. Ikkinchi urinish; fazogirlar qo‘nayotganda olovli snaryadlari bilan yerni to‘zitgan hamma joyda bir g‘aram shag‘aldek otlar, nomlar qolgan; o‘z-o‘zidan ma’lumki, Spender-Xill tog‘i va uzun Nataniel-York shahri nomini tashlab o‘tishning iloji bo‘lmagan…

Ko‘hna Mars nomlari suv, havo, tog‘larning nomlari bo‘lgan. Janubda erigan qorlarning nomlari qurigan dengizga borib quyuluvchi kanallarning tosh o‘zanlariga qarab oqqan. Xoki dahmalarda yotgan ko‘zboyloqchilarning nomlari, minora va yodgorliklarning nomlari. Raketalar marmarlarni tariqday tirqiratgan, ko‘hna shaharlar nomlari yozilgan chinni idishlarni chil-chil qilgan ko‘yi xuddi bolg‘alarga o‘xshab mana shu nomlar ustiga yopirilib tushgan va singan buyumlar g‘arami uzra yangi nom ko‘rsatkich taxtachalari qad ko‘tardi: Ayron-Taun, Stiltaun, Alyuminium-Siti, Elektr-Rik-Villedj, Korntaun, Greyn-Villa, Detroyt II — Yerdan kelgan tanish mexanik, ma’dan nomlari.