Выбрать главу

Shaharlar qad ko‘targanda esa, qabristonlar paydo bo‘ldi. Ularga ham nomlar qo‘yildi: Yashil Burchak, Oq To‘slar, Tinch, Adr, Biroz Dam Ol — dastlabki marhumlar o‘z qabrlariga kelib yotdilar…

Hamma narsa ipga tizilgandek orasta bo‘lgach, hamma narsa risoladagidek o‘z joyiga tushgach, shaharlar mustahkam o‘rnashib oldi va xilvat joyni topishning endi iloji bo‘lmay qoldi — shundagina Yerdan tajribali va bilag‘on odamlar kela boshladilar. Ular mehmonga va ta’tilga kelar edilar, sovg‘alar sotib olgani va rasmga tushgani kelar edilar — “Mars havosidan nafas olgani”, — ular tadqiqot ishlari olib borgani va ijtimoiy qonunlarni hayotga tatbiq etgani kelar edilar; ular o‘zlari bilan yulduzlarini, unvonlarini, qoida va nizomlarini olib kelar edilar, Yerni chirindi axlatdek qoplab olgan to‘rachilik urug‘larini olib kelishni ham unutmagan edilar va ularni Marsda unishi mumkin bo‘lgan har qanday joyga eka boshladilar. Ular turmush va axloq qonunchilari bo‘ldilar; pand-nasihat va o‘gitlardan qulog‘i tinchishi uchun Marsga ko‘chib kelgan odamlarni iymon yo‘liga boshqarishga, undashga va turtishga tirishdilar. Shunisi qiziqki, bu narsa ushbu odamlardan birontasiga zarracha malol kelmayotgandi.

Aprel 2005

ESHER II

“Bugungi xira, qorong‘i, sas-sadosiz kuz kunida men otda tanho o‘zim g‘alati cho‘l joyda ketar edim, osmonda bulutlar qo‘rg‘oshinday og‘ir osilib turar edi va nihoyat yerga oqshom qorong‘iligi cho‘kib kela boshlaganda Esherning mungli qo‘rg‘oni oldida paydo bo‘ldim…”

Mister Uilyam Stendal kitob o‘qishdan to‘xtadi, ana uning qarshisida, uncha baland bo‘lmagan qora qir ustida — Qo‘rg‘on va uchli toshga 2005 yil deb o‘yib yozilgan.

Me’mor mister Bigelou dedi:

— Uy tayyor. Kalitni qabul qiling, mister Stendal.

Jim-jit kuzgi quyosh ostida yonma-yon turgancha ular sukut saqlar edilar.

Qarg‘a qanotidek qop-qora maysa uzra ularning oyoqlari ostida chizmalar shitirlar edi.

— Esherlar uyi, — mamnun holda dedi mister Stendal. — Loyihalashtirilgan, qurilgan, sotib olingan, puli to‘langan. Menimcha, mister Po rosa quvongan bo‘lar edi.

Mister Bigelou qoshini chimirdi.

— Hamma narsa ko‘nglingizdagidekmi, ser?

— Ha!

— Naqshi o‘zidagidekmi? Ko‘rinishi zerikarli va dahshatlimi?

— Haddan tashqari dahshatli, haddan tashqari zerikarli!

— Devorlari tundmi?

— Ajoyib!

— Hovuz yetarli darajada “Qora va ma’yus”mi?

— Aql bovar qilmas darajada qora va ma’yus.

— Terak-chi? U o‘zingiz bilgandek, qurib-qaqshagan va barglari to‘kilgan qilib bo‘yalganmi?

— Nafrat qilar darajada!

Mister Bigelou me’moriy loyiha bilan solishtirib ko‘rdi. U navbatdagi topshiriqni birma-bir aytib chiqdi:

— Butun ansambl “yurakning muzlatuvchi, lo‘qillatuvchi, simillatuvchi og‘rig‘ini, fikrlardagi noxush bo‘shliqni” bera oladimi? Uy, hovuz, qo‘rg‘on?..

— Mehnatingizga gap yo‘q, mister Bigelou, qasam ichamanki, qoyil qilgansiz.

— Minnatdorman. Mendan nima talab etilishini mutlaqo bilmas edim. Xudoga shukurki, sizning o‘z raketalaringiz bor, aks holda zarur jihozlarni bu yerga eltib kelishga hech qachon yo‘l qo‘ymas edilar.

E’tibor qiling-a, bu yerda har doim nimqorong‘ulik, bu puchmoqda har doim oktyabr, qachon qaramang dashtu biyobon, hayotdan nom-nishon yo‘q, o‘lik. Bu bizdan ozmuncha mehnat talab qilmadi. DDT dan o‘n ming tonna ketdi. Biz hamma narsani o‘ldirdik, na bir ilon, na bir baqa, na bir Mars pashshasi qoldi! Abadiy nimqorong‘ulik, mister Stendal, bu mening g‘ururimdir. Pinhoniy mashinalar quyosh nurini yutadi. Bu yerda har doim “noxushlik”.

Stendal ana shunday san’at bilan yaratilgan noxushlik, qo‘rg‘oshin og‘irligi, nafas bo‘g‘uvchi bug‘lanishlar, butun “muhit”dan bahra ola boshladi. Uyning o‘zini aytmaysizmi? Sharti ketib, parti qolgan maskan, dahshatli hovuz, mog‘or, qiyomat-qoyim alomatlari! Sintetik ashyolarmi, yoki shunga o‘xshagan yana allambalolarmi-ey. Bu yog‘ini o‘zingiz topib olaverasiz.

U kuz osmoniga qarab qo‘ydi. Allaqaerda baland-balandlarda, olis-olislarda quyosh turibdi.

Allaqaerda sayyorada Mars apreli, oltin aprel hukmron, ko‘m-ko‘k osmon. Allaqaerda yuksakliklarda hayotsiz ajoyib sayyoraga tamaddun keltirishi kerak bo‘lgan raketalar o‘zlariga yo‘l ochadilar. Ularning shiddatli parvozlaridan paydo bo‘lgan chiyillash va gurillash bu tussiz ovoz o‘tmas olamda, mudroq kuz olamida quloqni teshib yuborgudek edi.

— Endi, topshiriq bajarilgach, — iymanibgina gap qotdi mister Bigelou, — sizdan bir narsani so‘ramoqchiman, bularning hammasini siz nima qilmoqchisiz?

— Esher qo‘rg‘oninimi? Bilmadingizmi?

— Yo‘q.

— “Esher” nomidan hech narsani anglamadingizmi?

— Anglaganim yo‘q.

— Mana bu ism: Edgar Allan Podan-chi?

Mister Bigelou yo‘q degandek boshini chayqadi.

— Darvoqe, — Stendal xafa va nafratini ifoda qilgancha bosiqlik bilan “hm” deb qo‘ydi. — Mister Poning muborak xotirasini siz qayoqdan ham bilardingiz? U ancha ilgari, Linkolndan ham oldin o‘lib ketgan. Uning barcha kitoblari Buyuk Gulxanda yoqib yuborilgan edi. O’ttiz yil muqaddam, 1975 yilda.

— E-e, — bir narsani tushungandek bosh irg‘adi. — Shulardan biri deng!

— Xuddi shunday, Bigelou shulardan bittasi. Uning va Lau Kraftning, Xotorn va Ambroz Birskning kitoblarini yoqishdi, hammasi dahshat va qo‘rquvlar haqidagi qissalar edi. Barcha fantaziyalarni, xullas, kelajak haqidagi barcha qissalarni yoqib yuborishdi. Ayovsiz yoqishdi, qonun chiqarishdi.

Hammasi arzimagan narsadan, zarradagi narsadan, elliginchi va oltmishinchi yillardan boshlandi.

Avvaliga karikaturali kitobchalar chiqarishni cheklab qo‘yishdi, so‘ng detektiv romanlar, filmlarni ham taqiqlashdi. Goh u tomonga, goh bu tomonga irg‘itishdi, turli guruhlar, turli laqablar, siyosiy e’tiqodlar, diniy xurofotlar avj olgandan-olib ketdi. Har doim ozchilik tomon qo‘rqib qolaverdi va ko‘pchilik tomon tushunib bo‘lmaydigan narsadan, kelajakdan, o‘tmishdan, hozirdan qo‘rqar edi, o‘zidan va o‘z soyasidan qo‘rqar edi.

— Tushunarli.

— “Siyosat” so‘zidan (oxir-oqibatda eng teskarichi doiralarda “kommunizm” so‘zining sinonimi bo‘lib qolgan, ha, ha, bu so‘zni tilga olishingiz bilanoq, kallangiz ketishi hech gap emas edi!) siyosat so‘zidan qo‘rqadigan, har tomondan turtki yeydigan — bir joyda gaykani burasalar, yana bir joyda boltni aylantiradilar, bir yoqdan tiqadilar, ikkinchi yoqdan sug‘urib oladilar, — san’at va adabiyot ko‘p o‘tmay shunday bir ulkan tortmachoqqa aylandiki, sho‘rlikni buradilar, chaqdilar, chaynadilar, tugun qilib tugdilar, to o‘zining qiyishqoqligi va har qanday ta’mini yo‘qotmaguncha u yoqdan-bu yoqqa koptokdek irg‘itaverdilar. So‘ng esa kinokameralar tinib qoldi, teatr zulmatiga g‘arq bo‘ldi va bosma nashrlarning qudratli Niagarasi “Sof” maqolasining zaif bir jilg‘achasiga aylanib qoldi. Ishoning menga, “voqelikdan uzoqlashish” tushunchasi ham shubhali so‘zlar sirasiga kirib qoldi!

— Nahotki?

— Ha, ha! Har bir odam, der edi ular, haqqoniylikning yuziga tik qarashi shart. Faqat hozirnigina ko‘rib turishlari kerak. Bu toifaga kirmagan hamma narsa — bir pul. Ajoyib adabiy to‘qimalar, xayolot osmonida parvoz qilishlar — gullab-yashnayversin. Bir kuni yakshanba tongida, o‘ttiz yil muqaddam, 1975 yilda ularni kutubxona devoriga tikka qilishdi: Santa Klaus va Boshsiz chavandoz, Qorqiz va uy Devi, Onag‘oz — barchalari ho‘ngrab yig‘lar edilar! — va ularni otib tashlashdi, so‘ng qog‘oz qal’a va malika qurbaqalarni, keksa qirollar va “o‘sha zamondan buyon baxtli yashab kelayotgan” hammani yoqib yuborishdi (aslida u o‘sha zamondan buyon baxtli yashayapti, deb kim haqida aytish mumkin edi!). Bir vaqtlar Hech qachonga aylandi-qo‘ydi! Ular O’z mamlakati bosh suyaklari bilan birgalikda Sehrlangan Riksh xokini shamolda sovurdilar, Glinda mehribon va O’zmani chopib tashladilar, To‘pgulni spektroskopda bitta-bitta yulib yoyishdi, Jek Qovoqboshni esa Biologlar Ziyofatida dasturxonga tortib yuborishdi! No‘xot qobiqchasi to‘rachilik chakalakzorida qurib-qovjirab bo‘ldi!