Выбрать главу

Uyqudagi Go‘zal ilmiy xodim bo‘sasidan uyg‘onib ketgan va u o‘zining tibbiy ninasini suqqanda joni hiq etib chiqib ketgan edi. Alisani ular shishadan shunday bir narsani ichishga majbur qilishdiki, natijada qizgina ortiq: “Oldinga borgan sari yana ham qiziqroq bo‘laveradi!” — deb qichqira olmaydigan darajada mitti bo‘lib qoldi. Sehrli ko‘zguni ular bolg‘a bilan bir urib, chil-chil qilishdi va barcha Qizil Qirollar va Ustritsalar gumdon bo‘ldi!

U mushtumini qisdi. Ey xudo, hammasi xuddi hozir sodir bo‘lgandek yaqin tuyuladi-ya! Uning yuzi qizarib bo‘g‘ildi. Azbaroyi qattiq junbushga kelganidan mister Bigelou hang-mang bo‘lib qoldi. U bir-ikki kiprik qoqdi-da, oxiri uyga kirib dedi:

— Kechirasiz. Nima deyayotganingizni tushunolmayapman. Bu ismlardan hech nima anglayolmadim. Siz aytgan gaplarga qaraganda Gulxan faqat foyda bergan.

— Yo‘qoling ko‘zimdan! — qichqirib yubordi Stendal. — Ishingiz tugadi, endi qorangizni o‘chiring, to‘nka!

Mister Bigelou duradgorlarni chaqirdi-da, ketdi.

Mister Stendal Uy oldida bitta o‘zi qoldi.

— Quloq solinglar, hoy! — Murojaat qildi u ko‘zga ko‘rinmas raketalarga. — Sizlardan jon saqlayman deb,Sof Jonlar Marsga borib qolgan edi, sizlar bo‘lsangiz xudoning bermish kuni bu yerda ko‘paygandan-ko‘payib ketayapsiz, xuddi axlatga intilgan pashshalardek uchib kelganingiz-uchib kelgan. Men sizlarga hozir bir narsa ko‘rsataman. Yerda mister Poga qilgan qiliqlaringiz uchun ta’ziringizni beraman. Shu ondan ehtiyot bo‘ling! Esherning uyi o‘z ishini boshlaydi.

U osmonga qarab mushtumini do‘laytirib qo‘ydi.

Raketa qo‘ndi. Undan devday bir odam chiqib keldi. U uyga qaradi va uning kulrang ko‘zlarida norozilik va hayrat ifodasi ko‘rindi. Narigi tomonda uni ozg‘ingina bir odam kutib turgan xandaqdan sakrab o‘tdi.

— Ismi sharifingiz Stendalmi?

— Ha.

— Garret, Axloq Iqlimi boshqarmasi inspektori.

— E-ha, baribir Marsgacha yetib kelibsiz-da, Axloq Iqlimining nozirlari? Men bo‘lsam sizlarni qachon kelar ekan, deb o‘zimcha tusmollab turgan edim…

— Biz o‘tgan haftada kelgan edik. Tezda bu yerda xuddi yerdagidek tartib o‘rnatiladi. — U asabiy ravishda guvohnomasini Uy tomonga siltab qo‘ydi. — Qani, ayting-chi menga, mana bu nima, Stendal?

— Bu arvohli qal’a, xo‘p desangiz.

— Xo‘p demayman, Stendal, hech ham xo‘p demayman. “Arvohli” — yaramaydi.

— Juda jo‘n. Bu yil, 2005 yilda Haq taolomizga men bir mexanik ziyoratgoh qurdim. Unda mis ko‘rshapalaklar elektron nurlar bo‘ylab uchadilar, quyma kalamushlar plastmassa tagxonalarda izg‘iydilar, avtomat skeletlar raqs tushadilar, bu yerda avtomat qonso‘rarlar, hazilkashlar, bo‘rilar va oq arvohlar istiqomat qiladilar, kimyo va kashfiyotchilik barq uradi.

— Men xuddi shu narsadan qo‘rqqan edim, — dedi Garret jilmayib. — Sizning uyingizni surib yuborishga to‘g‘ri kelmasa deb qo‘rqaman.

— Kelishingiz bilanoq yo‘qlashingizni bilardim.

— Men ilgariroq uchib kelgan bo‘lardim, lekin biz aralashishimizdan oldin sizning niyatlaringizni bilib olmoqchi edik. Buzuvchilar va o‘t ochuvchilar komandasi oqshomga yaqin yetib kelishlari mumkin.

Yarim tunga borib, hamma narsa tag-tugi bilan vayron qilinadi, mister Stendal. Mening aqli noqisimcha, ser, siz, aytishim mumkinki, aynib qolibsiz. Qattiq mehnat bilan ishlab topilgan pullarni shamolga sovurish, axir sizda naqd uch million bo‘lgan edi-ya…

— To‘rt million! Ammo shuni hisobga olingki, mister Garret, meros olganimda men yoshgina yigitcha edim — yigirma besh million. Istagancha shamolga sovurishim mumkin. Umuman olganda bu yaxshi ish emas: u yoqdan qurilish tugadi-yu, bu yoqdan siz o‘z Buzuvchilaringiz bilan yetib kelibsiz.

Balki, O’yinchog‘im bilan jinday ko‘ngil ochishimga izn berarsiz, aytaylik loaqal yigirma to‘rt soatga?!

— Siz qonunni bilasiz. Unda aytilgan: hech qanaqangi kitoblar, hech qanaqangi uylar, arvohlar bilan bog‘liq bo‘lgan hech qanaqangi qonso‘rarlar, farishtalar yoki xayolotning boshqa kashfiyotlari ketmaydi.

— Siz yaqinda mister Bebbitlarni yoqa boshlaysiz!

— Siz bizga ancha-muncha tashvish keltirdingiz, mister Stendal. Protokollar saqlanib qolgan. 20 yil avvalgi. Yerda. Siz va sizning kutubxonangiz.

— E-ha, men va mening kutubxonam. Menga o‘xshagan yana bir qanchalari. Albatta, Po o‘shanda allaqachon unutilib ketgandi. O’z va boshqa xilqatlar ham unut bo‘lib ketgandi, lekin men bir kichikkina yashirin joy qurib olgandim. O’zimizning kutubxonamiz bo‘lardi — menda va yana bir qancha xususiy shaxslarda, — siz mash’al va axlatyoqarlaringizni hali yubormagan paytingizda.

Mening 50 000 dona kitobimni parcha-burish qilib, yoqib yuborgandingiz. Siz barcha mo‘‘jizakorlarning ham onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rsatgan edingiz; siz yana kinoprodyuserlaringizga, agar biron nima qilmoqchi bo‘lsangiz, Ernest Xemingueyni qayta-qayta suratga oling, deb buyruq bergan edingiz. Yo parvardigor, axir men “Qo‘ng‘iroq kimni chaqiradi” filmini necha marta ko‘rmadim!

30 ta turli sahna asari. Hammasi bor voqelik. Oh, realizm! Oh, bu realizm! Ey, o‘shani!..

— Tilingizga erk berishdan tiyilsangiz yaxshi bo‘larmidi!

— Mister Garret, axir siz to‘la hisobot berishga majbur edingiz-ku?

— Ha.

— Unday holda qiziq uchun ham bir kirib ko‘rsangiz, kirib u yoq-bu yoqqa qarasangiz yaxshi bo‘lardi. Bor-yo‘g‘i bir daqiqaga.

— Yaxshi. Ko‘rsating. Hech qanday nayrang bo‘lmasin. Menda to‘pponcha bor.

Esherlar Uyining eshigi g‘iyillab ochildi. Rutubat hidi dimoqqa urdi. Xuddi tashlandiq mag‘oralarda ko‘zga ko‘rinmas jonivorlar nafas olayotgandek guvillagan oh-vohlar quloqqa chalindi. Tosh yerdan kalamush yugurib o‘tdi. Garret “heh” dedi-da, oyog‘i bilan tepib yubordi. Kalamush o‘mbaloq oshib tushdi va uning neylon terisi ichidan son-sanoqsiz temir burgalar to‘kildi.

— Qoyil! — Garret yaxshiroq ko‘rish uchun egildi.

Qizg‘ish-moviy xarita uzra mum qo‘llarini silkitgancha tokchada qari jodugar o‘tirardi. U boshini silkitdi-da, tishsiz og‘zi bilan Garretga vishillab qo‘ydi va moy yuqi xaritaga barmoqlari bilan chertdi.

— O’lim! — qichqirdi kampir.

— Men xuddi mana shunday narsalarni o‘ylagan edim… — dedi Garret. — Xuddi o‘ylaganimdek bo‘lib chiqdi-ya!

— Men shaxsan sizning yoqib yuborishingizga ruxsat beraman.

— Rostdanmi? — Garretning yuzi yorishdi. Biroq shu zahoti yana lunjini osiltirdi. — Siz buni juda oson aytdingiz-qo‘ydingiz.

— Men mana shularni yuzaga keltirsam bo‘lgani. Maqsadimga erishdim, deb ayta olsam, bas.

Hozirgi shubhalar olamida o‘rta asr muhitini qayta yaratdim.

— Mening o‘zim ham, ser, aytish mumkinki, sizning dahoingizdan beixtiyor hayratga tushdim.

Garret qarab turardi — uning yonidan havoda shitirlagan va shivirlagancha go‘zal shaffof ayol qiyofasiga kirgan yengil bulut parchasi suzib o‘ta boshladi. Rutubatli yo‘lakning narigi uchida qandaydir mashina guvillardi. Xuddi tsentrifugadan chiqqan paxtaqandga o‘xshab u yerdan jim-jit zal bo‘ylab bosiriqli zulmat o‘rmalab va yoyilib kelar edi.