— Kun bo‘yi uyda bo‘lasanmi?
Ayol bo‘g‘iq ovozda javob berdi:
— Ha, kun bo‘yi.
Bir necha soat o‘tsa hamki, doktor Nlledan dom-darak yo‘q edi. Aftidan, Illaning eri bundan u qadar taajjubga tushmayotgandi. Kechga yaqin u g‘udrangancha shkaf oldiga bordi-da, undan mudhish qurolni — burma charmli va uchida tepkisi bo‘lgan uzun sarg‘ish naychani oldi. U bu tomonga yuzlandi — uning yuzida kumush ma’dandan yasalgan niqob ifodasi yo‘q edi. Holbuki u o‘z tuyg‘ularini yashirish uchun shu niqobni kiyib olardi. Bu niqob uning ozg‘in yuzi, iyagi, manglayidagi barcha o‘ydim-chuqurlarga judayam mos kelardi. Niqobni kiyib olib, u o‘zining dahshatli qurolini qo‘lida ushlagancha aylantirib tomosha qilardi. Qurol to‘xtovsiz g‘o‘ng‘illardi. Go‘yo u bir daf’ada butun bir oltin asalarilarni sochishga qodir edi. Bu asalarilar o‘zlarining dahshatli nishlari bilan chaqar, zaharlarini solib o‘ldirar, so‘ng go‘yo qum ustiga tushgan urug‘lardek chala o‘lik holda yerga qular edilar.
— Yo‘l bo‘lsin? — so‘radi xotin.
— Nima? — Illa charmlarga, dahshatli g‘o‘ng‘illashga quloq tutdi. — Doktor Nlle shunchalik xayallayaptiki, uni kutgani ortiq toqatim qolmadi. Ov ovlab kelaman. Darrov qaytaman. Sen esa shu yerda bo‘lgin, hech qaerga ketma. Xo‘pmi? — Kumushrang niqob charaqlab ketdi.
— Ha.
— Doktor Nllega aytib qo‘y, men darrov qaytaman. Bor-yo‘g‘i ov qilgim kelib qoldi.
Uchburchak eshik yopildi. Qiyalikdan uning uzoqlayotgan odimlari tovushi eshitilib turdi.
Eri quyosh tomon ketib borar ekan, to u ko‘zdan g‘oyib bo‘lguncha ayol uning ortidan qarab turdi.
So‘ng o‘z yumushlariga unnab ketdi: ohanrabo changlarini tozalash, billur devorlardan yangi mevalarni uzish kerak edi. U tirishqoqlik va shoshqaloqlik bilan ishlar, biroq vaqti-vaqti bilan uni qandaydir jazava chulg‘ar edi. Shunda u o‘zining mana bu g‘alati, sira shuurini tark etmayotgan qo‘shiqni kuylayotgan holda ko‘rar, ko‘zlari esa billur ustunlar ortidan turib osmonga razm solayotgan bo‘lardi.
Ayol nafasini ichiga yutgancha jim kutar edi.
— Ana, kelib qolishdi…
— Hozir boshlanadi.
Shunday kunlar bo‘ladiki, momaqaldiroq yaqinlashib kelayapti, chor atrofda esa chuqur sukunat hukmron. Shu tob bosim sezilar-sezilmas o‘zgaradi — bu sayyora uzra uchib borayotgan yomon ob-havoning nafasi, uning soyasi, shamoli, pardasi. Havo quloqlariga bosim beradi, sen esa yaqinlashib kelayotgan bo‘ronni kutgancha tordek tarang tortilasan. Vujudingni titroq qoplaydi. Osmon rangin, bulutlar quyuqlashadi, tog‘lar cho‘yan rangiga kiradi. Katak-katak gullar ogohlantirgan kuyi asta xo‘rsinadilar. Boshdagi sochlar xiyol qimirlaydi. Uyning allaqaeridagi soat tinimsiz bong uradi: “Vaqt, vaqt, vaqt, vaqt…” Soat ovozi shu qadar mayin eshitiladiki, go‘yo baxmal ustiga tushgan suv tomchisidek.
To‘satdan, momoqaldiroq! Elektr yalt-yult qiladi va osmon uzra qora to‘lqin va momoqaldiroqli bulutning hamma narsani yamlab yuboruvchi mavjlari ustma-ust yopirilib tusha boshlaydi.
Hozir ham shunday bo‘ldi. Garchi osmon ochiq bo‘lsa-da, bo‘ron yaqinlashib kelardi. Garchi bulut bo‘lmasa-da, chaqmoq chaqishi aniq edi.
Illa sukunat hukmron yozgi xonadon xonalari bo‘ylab kezinardi. Har daqiqa osmondan chaqmoq kelib tushishi, havoni gumburlagan ovoz bilan larzaga solishi, to‘p-to‘p bulutlar bosishi mumkin edi.
Jimjitlik, yo‘lakdagi odimlar, billur eshikning qoqilishi — barchasi uni ta’qib etardi va u o‘qday otilgancha ularga peshvoz chiqardi…
“Jinni Illa! — xayolan kinoyali jilmayib qo‘ydi ayol, — sening bu tentak xayolingga nimalar kelmaydi.
Shu tob o‘sha narsa yuz berdi. Jazirama issiq havo xuddi ulkan alanga singari yonidan uchib o‘tdi.
Shiddatli tovush quloqni teshdi. Osmon yorishib, ma’danlar chaqnadi.
Illa beixtiyor qichqirib yubordi.
U ustunlar orasidan yugurib o‘tdi-da, eshikni lang ochib yubordi. Ayol tog‘larga tikildi. Lekin u yerda hech narsa yo‘q edi…
Qiyalikdan pastga otilmoqchi bo‘ldi, biroq va’dasi esiga tushib qoldi. U shu yerda bo‘lishi, hech qayoqqa ketmasligi kerak. Doktor har daqiqada kelib qolishi kerak, agar u bu yerdan ketib qolsa, erining jahli chiqadi.
U tez-tez nafas olgancha va bir qo‘lini oldinga cho‘zgancha eshik oldida to‘xtab qoldi.
Yashil vodiy yastangan joyda nimanidir ko‘rishga harakat qildi, lekin hech narsani ko‘rmadi.
“Jinni! — u xonaga qaytib keldi — bular hammasi bo‘lmag‘ur xayollar, hech narsa bo‘lmagan. Faqat shunchaki qush varaq, shamol yoki anhordagi baliq. O’tirgin-da, o‘zingga kelib ol”.
Ayol o‘tirdi.
O’q tovushi yangradi.
Aniq, baland ayanchli ovoz.
Ayol titrab ketdi.
O’q ovozi uzoqdan kelgan edi. Bir martagina otildi. Tezuchar asalarilarning uzoqdan kelayotgan g‘o‘ng‘illashiga o‘xshash birgina o‘q ovozi. Undan keyin esa yanada aniqroq, sovuqroq, uzoqroqdan kelgan ikkinchi o‘q ovozi yangradi.
Ayol yana titrab ketdi va nimagadir qichqirgancha va bu qichqiriqni bo‘lmaslikka harakat qilgancha sakrab oyoqqa turdi. Xonama-xona o‘qday uchib, eshikka yaqinlashdi va uni yana lang ochib yubordi.
O’q ovozining aks sadosi tobora uzoqlashib borardi…
Oxiri tindi ham.
Ayol bir necha lahza bo‘zday oqargancha hovlida turib qoldi.
Nihoyat, bitta-bitta bosgancha boshini solintirib, u atrofini ustunlar o‘rab olgan xobgohlar aro yurib ketdi. Birma-bir o‘tib borar ekan, uning qo‘llari beixtiyor tarzda narsalarga tegar, lablari titrar edi.
Zulmat quyuqlashib borayotgan sharobxonada u bir o‘zi o‘tirgisi keldi. U kutar edi. Keyin yoqut qadahni oldi-da, uni sharfining uchi bilan ishqalay boshladi.
Bir vaqt uzoqdan qadamlar tovushi, oyoqlar ostida ezilgan mayda qamishlarning chirs-chirs singani qulog‘iga chalindi.
Ayol o‘rnidan turdi. Jimjit xonaning o‘rtasiga borib turib oldi. Qo‘lidagi qadah yerga tushib chil-chil bo‘ldi.
Qadamlar uy oldida jur’atsiz sekinlasha boshladi.
Gapirsinmi? “Kir, kira qolsang-chi”, desinmi?
Ayol oldinga qarab yurdi.
Odimlar endi dahlizdan eshitildi. Qo‘l lo‘kidonni surdi.
Ayol eshikka jilmaydi.
Eshik ochildi. Ayolning yuzidagi tabassum g‘oyib bo‘ldi.
Bu uning eri edi. Kumushrang niqob xira yaraqlardi.
Eri ichkariga kirdi-da, xotiniga birrovgina nazar tashlab qo‘ydi. Keskin harakat bilan g‘ilofni ochdi, ikkita o‘lik asalarini siltab tashladi. Ularning yerga to‘p-to‘p tushganini eshitib, oyog‘i bilan bosib ezg‘iladi va o‘qdan bo‘shagan qurolni xona burchagiga qo‘yib qo‘ydi, Illa engashgancha singan qadah parchalarini to‘plashga behuda urinardi.
— Nima qilding? — so‘radi ayol.
— Hech narsa, — javob berdi er unga orqa o‘girib turarkan. U yuzidan niqobni oldi.
— Miltiqni… qanday otganingni eshitdim. Ikki marta.
— Ov ovladim. Bo‘ldi, shu. Goh-goh xumor qilib turadi. Doktor Nlle kelmadimi?
— Yo‘q.
— Shoshma, shoshmay tur. — U nafrat bilan barmog‘ini qirsillatib qo‘ydi. — E-ha, endi esimga keldi, biz u bilan ertaga kelishib qo‘ygandik-ku. Sira esimda yo‘g‘-a.
Ular stolga o‘tirishdi. Ayol o‘z likopchasiga qarab turardi, biroq ovqatga qo‘l uray demasdi.
— Nima gap? — so‘radi u ko‘zini ko‘tarmasdan, go‘sht bo‘laklarini gurillagan olovga tashlarkan.
— Bilmadim. Ishtaham yo‘q, — javob berdi ayol.
— Nimaga?
— Bilmasam. Shunchaki ishtaham yo‘q.
Shamol bulutlarni hayday boshladi; quyosh botib bo‘lgandi. Xona birdaniga tor, muzdek bo‘lib qoldi.
— Men eslashga harakat qilayapman, — dedi ayol xonadagi jimlikni buzib va erining sovuq chehrasi, oltin ko‘zlariga qarab qo‘ydi.
— Nimani eslamoqchi bo‘lding? — u sharob xo‘plardi.