Выбрать главу

— Menga yaqinroq turing, — shivirladi Tom. — Meni tutib olishlarini istamayman.

Enn uning gaplarini eshitib turardi.

— Nimalar deb valdirayapsan, ketdik!

Lafarj bolaning barmoqlari uning kaftiga yopishganini sezib, qattiq qisdi.

— Men sen bilanman, Tommi. — U yonlaridan suqulib kelayotgan olomonga qaradi-da, uning ham ko‘ngli g‘ash tortdi. — Biz bu yerda uzoq qolmaymiz.

— Bekorlarni aytibsiz, — gapga qo‘shildi Enn. — Biz butun oqshomni o‘tkazgani kelganmiz.

Ko‘chaning narigi tomoniga o‘tib, ular uch nafar mastga yo‘liqishdi. Ularni turtishdi, aylantirishdi, bir-biridan ajratishdi; atrofga alanglab, Lafarj tosh qotib qoldi.

Tom yo‘q edi.

— Qani u? — jahl bilan so‘radi Enn. — Bu qanaqa qiliq bo‘ldi — ko‘zingni shamg‘alat qiladi-da, ota-onasini tashlab qochadi! Tom!

Yo‘lovchilarni turtib-surtib mister Lafarj chor atrofga chopa boshladi. Biroq, Tomdan dom-darak yo‘q edi.

— Qaytib keladi, mana ko‘rasan, uyga ketayotganimizda qayiq oldida kutib turgan bo‘ladi, — ishonch bilan dedi Enn erini kinoteatr tomon yetaklagancha.

Birdan olomon orasida g‘ala-g‘ovur boshlandi va Lafarjning yonidan bir erkak va bir ayol chopib o‘tdi. U ularni tanidi: Jo Spolding xotini bilan. Lafarj og‘iz ochib, ularga gapirgunicha ham bo‘lmay, ikkovi ham ko‘zdan yo‘qoldi.

Xavotir bilan atrofga alanglagancha u chiptalar sotib oldi va xotiniga itoatkorona ergashgancha qop-qora kinozalning ichiga kirib ketdi.

Soat o‘n birda qayiq yonida Tom yo‘q edi.

— Hechqisi yo‘q, onasi, — dedi Lafarj, — faqat hayajonlanma. Men uni topaman. Shu yerda kutib tur.

— Tezroq qaytgin-da.

Ayolning ovozi suvning shaloplashi tagida qolib ketdi.

Chol qo‘llarini cho‘ntaklariga tiqqancha tungi ko‘chalardan yurib borardi. Chiroqlar birma-bir o‘cha boshladi. Allaqaerda derazalardan odamlarning gavdalari ko‘rinardi. Garchi osmonda yulduzlar orasida yomg‘irli bulut parchalari hamon suzib yursa-da, tun iliq edi. Lafarj o‘g‘lining qandaydir tuzoq haqida qayta-qayta gapirganini, uning olomon va shaharlardan qo‘rqishini esladi. “Bu qanday noshudlik, — horg‘in o‘yladi chol. — Balki, bola butunlay qochib ketgandir. Balki, u umuman bo‘lmagandir…” Lafarj uylarning raqamlariga bir-bir ko‘z solgancha muyulishdan burildi.

— Senmisan, Lafarj?

Ostonada trubka chekib, bir erkak o‘tirardi.

— Salom, Mayk.

— Ha, xotining bilan g‘ijillashib qoldingmi? Asabni tinchitgani, shamollagani chiqdingmi?

— He-yo‘q, shunchaki aylanib yuribman.

— Turqingdan nimanidir qidirayotgandaysan. Ha, darvoqe, topildiqlar haqida. Bugun kechqurun kimdir torpilibdi. Jo Spoldingni bilasanmi? Qizi Laviniya esingdami?

— Esimda, — Lafarj muzdek bo‘ldi. Bu go‘yo ikkinchi marta ko‘rayotgan tushga o‘xshardi. Bundan keyin nima deyilishi kerakligini ham u aniq bilib turardi.

— Laviniya bugun kechqurun uyga qaytdi, — dedi Mayk tutunni puflab. — Uning bir oy burun O’lik dengiz tagida adashib qolgani esingdami? Keyin uning jasadini topishdi, harholda uniki bo‘lsa kerak, juda dabdala qilib tashlashgan ekan-da… Shundan beri Spoldinglar o‘zlariga kelganlaricha yo‘q. Jo qaerga borsa, yo‘q, qizim tirik, bu uning jasadi emas, deydi. Mana, u haq bo‘lib chiqdi. Bugun Laviniya paydo bo‘ldi.

— Qaerda? — Lafarj og‘ir-og‘ir nafas olar, yuragi duk-duk qilardi.

— Katta ko‘chada. Spoldinglar kinoga chipta olib turishgan ekan. Birdan olomon ichida Laviniyani ko‘rib qolishibdi. Qanaqa tomosha bo‘lganini o‘zing bilaver. Avvaliga qiz ularni tanimabdi. Uch mahallacha orqasidan yurib borishibdi, ular gapiraverishibdi-gapiraverishibdi, oxiri qiz eslabdi.

— Qizni o‘zing ko‘rdingmi?

— Yo‘q, ammo uning ovozini eshitdim. Esingdami, u “Lomond ko‘lining ajoyib sohili” qo‘shig‘ini aytishni yaxshi ko‘rardi? Shunday qilib desang, yaqinginada men uning shu qo‘shiqni otasiga aytib turganini eshitdim, hov, ana ularning uyi. Shunaqayam kuylaydiki, qoyil qolasan! Xudo bergan qiz.

Uning o‘lganini eshitganimdan beri bu qanday ko‘rgulik deb o‘zimga kelolmayman. Mana, qaytib kelib, biram yengil tortdimki. Ie, tobing yo‘qqa o‘xshayapti, bu yoqqa kel-chi, bir qultum viskidan otib ol!

— Rahmat, Mayk. Boshqa safar. — Chol u yerdan ketdi.

Orqadan Maykning xayrli tun tilab qolganini eshitsa-da, javob bermadi, balki nigohini baland billur tomiga Mars gullarining cho‘g‘dek qatlami yastlangan ikki qavatli uyga qadab olgan edi. Bog‘ uzra jingalak panjarali balkon osilib turar, ikkinchi qavat derazalarida chiroq yonib turardi. Vaqt allamahal bo‘lsa-da, baribir u ko‘nglidan o‘tkazdi: “Agar Tomni olib bormasam, Enning ahvoli nima kechadi?

Yangi zarba — yana o‘lim. Bunga bardosh bera olarmikan? Birinchi o‘limini eslarmikan?.. Mana bu o‘ngida bo‘layotgan bu tushni ham eslarmikan? Mana bu to‘satdan sodir bo‘lgan ayriliqni-chi? Ey xudo, Enn uchun Tomni topmasam bo‘lmaydi! Sho‘rlik Enn, u qayiq yonida kutib o‘tiribdi-ya…”

Chol boshini ko‘tardi. Allaqaerda balandlikda ovozlar quvnoq ohangda bir-biriga xayrli tun tilar, eshiklar yopilar, chiroqlar o‘char va past ovozda aytilayotgan qo‘shiq tinimsiz quloqqa chalinar edi. Bir lahza o‘tib, balkonga 18 yoshlardagi yoqimtoygina qizcha chiqdi.

Lafarj kuchli shamolga bas kelgancha, qizni chaqirdi.

Qiz burilib pastga qaradi.

— Kimsiz? — qichqirdi qiz.

— Bu men, — dedi chol unga. G’alati, o‘ylamay javob berganini anglab, u tutilib qoldi, faqat lablari unsiz pirpirardi.

“Tom o‘g‘lim, men otangman” deb qichqirsamikan? Qizga nima desa ekan? Tag‘in u biron telba-pelba deb o‘ylab ota-onasini chaqirib yurmasin.

Qiz muzdek g‘ira-shira yorug‘likda gavdasini panjara osha chiqarib egildi.

— Men sizni bilaman, — yumshoqqina javob berdi qiz. — Iltimos, keting. Siz bu yerda hech nima qilolmaysiz.

— Sen qaytishing kerak! — Lafarj shuncha urinsa ham o‘zini tutib turolmay, beixtiyor qichqirdi.

Oydindagi odam qiyofasi yuqorida qorong‘ilik ichiga chekindi-da, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, faqat tovushi quloqqa chalinardi.

— Men endi sizning o‘g‘lingiz emasman, — dedi tovush. — Nima uchun shaharga ketdik biz?

— Oying seni sohilda kutib turibdi!

— Meni kechiring, — javob berdi ohista tovush. — Ammo nima ham qila olardim? Bu yerda men baxtliman, xuddi sizlardek meni sevishadi. Men o‘z holimcha menman, berganlarini olaman. Endi kech: ular meni asir olishdi.

— Ammo Enn haqida o‘ylasang-chi, bu unga qanday zarba bo‘lishini bilasanmi?..

— Bu uydagi fikrlar haddan tashqari kuchli, men xuddi qamoqda yotgandekman. Men o‘zim o‘zimcha o‘zgarolmayman.

— Ammo sen Tomsan-ku, hozir qiz bola bo‘lsang ham oldin Tom eding-ku, to‘g‘rimi?! Yoki sen cholni masxara qilayotibsanmi? — balki haqiqatan ham sen Laviniya Spoldingdirsan?

— Men unisi ham, bunisi ham emasman, men faqat menman. Ammo qaerga bormay, men yana qandaydir boshqacha hamman va hozir siz mana shu boshqachani o‘zgartirishga qodir emassiz.

— Sening shaharda qolishing xatarli. O’zimizning kanalda yaxshi, u yerda seni hech kim xafa qilmaydi, — yolvorardi chol.

— To‘g‘ri… — ovoz ikkilanib javob berdi. — Ammo men bu yerdagi odamlar bilan hisoblashishga majburman. Ertalab mening g‘oyib bo‘lganimni ko‘rishsa ularning holi nima kechishini bilasizmi?

Tag‘in hamishalikka-ya. To‘g‘ri, oyim mening kimligimni biladilar, — sizga o‘xshab aqllari yetadi.

Menga ular hamma narsani bilib olganga o‘xshab ko‘rinadilar, faqat so‘rashni istashmayapti. Arvohga savol bermaydilar. Agar bor narsaga ega bo‘lish qiyin ekan, bunda orzuning nima yomon joyi bor?

Men ular yo‘qotgan men bo‘lmay qo‘ya qolay, ular uchun men hatto ularning orzulari yaratgan eng go‘zal orzudan ham yaxshiroqdir. Oldimda ikki yo‘l turibdi: yo ularning dilini og‘ritishim kerak, yoki sizning xotiningizning dilini og‘ritishim kerak.