Выбрать главу

— Tom! — chaqirdi Lafarj.

— Alisa! — yangradi yangi qichqiriq.

— Uilyam!

Ular yigitchani qo‘lidan ushlab oldilar, so‘nggi marta qichqirib, yerga yiqilmaguncha o‘zlari tomon tortaverdilar.

U toshlar ustida yotardi — erigan mum qotmoqda edi, uning basharasi barcha basharalar kabi edi, bir ko‘zi moviy, ikkinchi ko‘zi tillarang, sochi qip-qizil, malla, sarg‘ish, qora edi. Bir qoshi baroq, ikkinchisi ingichka, bir qo‘li katta, ikkinchisi kichkina edi.

Ular barmoqlarini lablariga qo‘ygancha uning boshi uzra turar edilar. Ular egildilar.

— U o‘ldi, — dedi kimdir oxiri.

Yomg‘ir yog‘a boshladi.

Tomchilar odamlarga tusha boshladi va odamlar osmonga qarashdi.

Ular orqaga burilishdi-da, avval sekin, keyin tez-tez odimlar bilan uzoqlashishdi, keyin esa har tomonga qarab chopib ketishdi. Faqat dahshat ichida qolgan mister va missis Lafarj bir-birining qo‘lidan tutgancha, joylarida turar va unga qarar edilar.

Yomg‘ir osmonga yuzlangan, hech qanday tanish belgisi qolmagan basharani yuvar edi.

Enn unsiz yig‘lay boshladi.

— Ketdik uyga, Enn, endi qo‘limizdan hech narsa kelmaydi, — dedi chol.

Ular qayiqqa tushishdi va zulmat ichida kanaldan suzib ketishdi. Ular o‘z uylariga kirishdi va kaminga o‘t qalashdi, qo‘llarini o‘tga toblab isinishdi. Ular uxlagani ketishdi va holdan toygan, qaltiragan ko‘yi yomg‘irning yana tomni nog‘ora qilib chalayotganiga quloq solib birga yotishdi.

— Tishsh, — to‘satdan dedi Lafarj yarim tunda. — Hech narsa eshitmayapsanmi?

— Yo‘q, eshitmayapman…

— Baribir chiqib qaray-chi.

U zim-ziyo xonani paypaslanib yurib o‘tdi-da, ochishdan oldin katta eshik oldida uzoq turdi.

Nihoyat eshikni lang ochdi-da, tashqariga ko‘z soldi.

Yomg‘ir bo‘m-bo‘sh hovliga osmondan suv quyib anhorni, ko‘m-ko‘k tog‘ yonbag‘irlarini yuvar edi.

U besh daqiqacha kutib turdi, so‘ng ho‘l qo‘llari bilan asta eshikni yopdi-da, lo‘kidonini surib qo‘ydi.

Noyabr 2005

“YO‘L TOVARLARI”

Modullashtirilgan yorug‘lik nuri Yerdan so‘nggi xabarlarni keltirganda, yo‘l mollari do‘konining sohibiga kechqurun radiodan eshitgan bu yangilik juda ham uzoq tuyulib ketdi. Hech narsani tushunib bo‘lmasdi.

Yerda urush yetilib kelardi.

U tashqariga chiqdi va osmonga qaradi.

Ana u, Yer, kechqurungi ko‘k gumbazida tog‘ ortiga dumalab ketayotgan quyoshni quvib bormoqda. Mana shu yashil yulduz radio gapirgan narsaning aynan o‘zi bo‘ladi.

— Hech ishongim kelmaydi, — dedi baqqol.

Bu sizning u yerda emasligingizdan, — dedi ota Peregrin, u salomlashgani unga yaqinlashdi.

— Buni qanday tushunish kerak, avliyo ota?

— Mening bolaligimda ham xuddi shunday bo‘lgan edi, — dedi ota Peregrin. — Biz Xitoydagi urush haqida eshitar edik. Lekin biz bunga ishonmasdik. Bu juda qadimgi gap. Juda ko‘p odamlar qirilib ketgan u yerda. Buni tasavvur ham qilib bo‘lmaydi. Hatto o‘sha yoqdan olib kelingan filmlarni ko‘rganimizda ham bizlar ishonmaganmiz, hozir ham shunday bo‘layapti. Yer — o‘sha Xitoy. Haddan tashqari uzoq, shuning uchun odam ishongisi kelmaydi. Urush bu yerda emas, bizda bo‘lmayapti.

Ushlab ko‘rish u yoqda tursin, hatto ko‘z bilan ko‘rib bo‘lmaydi. Bor-yo‘q ko‘rib turgan narsamiz yashil chiroq, xolos. Mana shu yashil chiroqda ikki milliard odam yashaydimi? Aql bovar qilmaydi! Urush?

Lekin qulog‘imizga portlashlar chalinmayapti-ku?!

— Chalinib qolar, — dedi boqqol. — Men nuqul shu hafta ichi bu yerga uchib kelishi kerak bo‘lgan odamlar to‘g‘risida o‘ylayman. Ular haqida qanday gaplarni aytishgan? Yaqin oylar ichida Marsga yuz mingga yaqin odam keladi, deyilgan. Menimcha, shunday. Agar urush boshlanib qolsa, ularga nima bo‘ladi?

— Izlariga qaytib ketishsa kerak-da.

— Ha, ha, — dedi boqqol. — Bo‘pti, borib jomadonlarimning changlarini artay, hali-zamon xaridorlar bostirib kelib qolishadi.

— Agar bu biz ko‘p yillardan beri kutayotgan o‘sha Katta urush bo‘lsa, hamma Yerga qaytishni xohlab qoladi deb o‘ylaysizmi?

— Aynan shunday, avliyo ota: qanchalik g‘alati tuyulmasin, biz hammamiz shuni xohlab qolamiz deb o‘ylayman. Bo‘lmasa-chi, biz siyosatdan, atom bombasidan, urushdan, amaldorlar to‘dalaridan, xurofotlardan, qonunlardan bezib bu yerga uchib kelganmiz. Bular barchasi menga kunday ravshan.

Ammo baribir vatan u yoqda-da. Mana ko‘rasiz, Amerikaga birinchi bomba tushishi bilan bu yerdagi odamlar o‘yga cho‘mib qolishadi. Ular bu yerda juda oz yashashgan. Nari borsa ikki yil. Qirq yil bo‘lganda, boshqa gap edi, endi esa axir Yerda ularning qarindosh-urug‘lari, tug‘ilib o‘sgan shaharlari bor. Men-ku, sirasini aytsam, Yerga hatto ishonmayman ham, men uchun u yo‘q hisobi. Ammo men cholman, mendan hech qanday foyda-ziyon yo‘q. Men shu yerda qolsam ham bo‘laveradi.

— Yana kim biladi.

— Bu gapingiz ham to‘g‘ri.

Ular yulduzlarga qaragancha ayvonda turishardi. So‘ng ota Peregrin cho‘ntagidan pul oldi va uni do‘kon sohibiga uzatdi.

— Darvoqe, menga bitta jomadon tanlab bering. Anovi eski jomadonim titig‘i chiqib ketgan…

Noyabr 2005

O‘LIK MAVSUM

Sem Parkxill moviy Mars qumini supurar ekan, supurgini chaqqon-chaqqon siltar edi.

— Mana bo‘ldi, — dedi u. — Marhamat, ser, tomosha qiling! — U qo‘li bilan ko‘rsatdi. — Yozuvga qarang, yozuvga. “SEMNING ISSIQ SOSISKALARI”! Go‘zal-a, to‘g‘rimi, Elma?

— To‘g‘ri, Sem, — tasdiqladi uning xotini.

— Ko‘rdingmi, men qayoqqa surib yuborganman! Endi meni TO‘RTINCHI EKSPEDISIYA yigitlari bir ko‘rib qo‘yishsa yomon bo‘lmasdi. Xudoga shukur, ishim jo‘nashib ketdi, ular bo‘lsa, haligacha askarcha choriqlarni sudrab yurishibdi. Bizlar esa pulni pul bilan o‘ynaymiz, Elma, pul bilan! — Xotini indamay unga qarab turardi.

— Kapitan Uaylder qaerga gumdon bo‘ldi? — so‘radi xotini oxiri. — Anovini o‘ldirgan boshlig‘ing bor edi-ku, anovi-chi, hamma yerliklarni bitta qo‘ymay qirib tashlamoqchi bo‘lgan — hah, oti qurg‘ur nima edi-ya?..

— Anovi jinnini aytayapsanmi? Spender. Uchchiga chiqqan mal’un. Ha, kapitan Uaylderga kelsak…

Aytishlaricha, Yupiterga uchib ketganmish. Katta odam bo‘lib ketganmish. Yanglishmasam Mars ham uning abjag‘ini chiqardi. Naq onasini uchqo‘rg‘ondan ko‘rdi, xudo haqi. Agar omadi chopsa, Yupiter va Plutondan yigirma yildan keyin qaytib keladi. U yerda lom-mim deyishga ham tili aylanmay qoladi.

Tilni tiyish nimaligini o‘shanda biladi. Ana shunaqa. U yerda u sovuqdan qotib o‘ladi, men-chi, bu yerda, ko‘rdingmi, nimalar qilib oldim! Kiroyi joy degani bundoq bo‘libdi-da!

Ikki tashlandiq tosh yo‘l shu yerda tutashib, zulmat ichiga g‘oyib bo‘lgancha shu yerda ayrilar edi.

Nah chorrahaning o‘zida Sem Parkxill shishgan quroq-quroq alyuminiydan yasalgan inshoot qad ko‘tarib turardi. U oppoq nurga chulg‘anib, avtomat-radiola o‘kirigidan titrardi.

Singan shishadan yasalgan Yo‘lak chekkasidagi shisha parchalaridan yasalgan bordyurni to‘g‘rilash uchun u egildi. Shishani u tog‘lardagi qadimgi Mars binolaridan ushatib kelgandi.

— Ikki sayyoradagi eng yaxshi qaynoq sosiskalar! Marsdagi birinchi sosiskafurushlar! Piyoz, qalampir, xantal — hammasi oliy sifatli! Qani endi meni birov noshud deb aytib ko‘rsin-chi! Ana sizga ikkita shoh ko‘cha, ana o‘lik shahar, hov anavi yerda esa, konlar. 101 Settlment yuk mashinalari sutkasiga 24 soat yonimizdan o‘tib turadi. Qani ayt-chi, yomon joy tanlabmanmi?

Xotini oyoqlariga qarar edi.